17.05.2021
373

XAYRU SAXOVAT VA MURUVVAT AYYOMI


Bir oy mobaynida qalbimizga mehr-oqibat, xayru saxovat, sabr-qanoat urug‘ini ekkan Ramazon oyi ham yakunlanib, muborak Iyd ul-fitr — Ramazon hayiti yurtimizda keng nishonlandi.

Azal-azaldan Ramazon hayiti mehr-muruvvat, xursandchilik, chin insoniylik ayyomi sifatida yuksak qadrlangan. Bu kunda mo‘min-musulmonlar bir oy davomida sabr ila tutgan ro‘zalari tamomiga yetgani uchun bayram qiladi.

Aslida, musulmon ummati tarixida Ramazon oyi nafaqat ochlik va tashnalikka bardoshli bo‘lish, balki o‘zida eng ulug‘ insoniy fazilatlarni odat qildirish, tilni hamda dilni ezgulikka o‘rgatish mavsumi sifatida ham alohida e’tirof etilgan.

Shukrki, muborak oyda yurtdoshlarimizda bu jihatlar yaqqol bo‘y ko‘rsatdi, desak, xato emas. Pandemiya bilan bog‘liq murakkab sharoit bo‘lishiga qaramay, mamlakatimizda amalga oshirilgan yuksak darajadagi tashkiliy ishlar, qolaversa, xalqimizning qonunlarga itoat, azaliy qadriyatlarimizga sadoqat namoyon etishi natijasida bir ming besh yuzga yaqin masjidlarimizda xatmi Qur’onlar qilindi, ikki mingdan ziyodida esa taroveh namozlari o‘qildi. El-yurtimiz osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi, taraqqiyoti uchun duolar qilindi. Vaholanki, ko‘plab mamlakatlarda taroveh ibodatini masjidlarda jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati bo‘lmaganiga ko‘pchiligimiz guvoh bo‘ldik.

Ramazon hayiti kunlari tinchlik-xotirjamlik, hamjihatlikning ahamiyati yana bir bor namoyon bo‘ldi. Mamlakatimizning barcha hududida hayit namozlari ado etilgach, yurtdoshlarimiz erta tongdan xayrli amallarga kirishib ketishdi. Ramazon oyi davomida olib borilgan ezgu ishlarni davom ettirib, beva-bechoralarga yordam berildi, muhtojlarga muruvvat qilindi, sadaqai fitr, ya’ni hayit saxovati amalga oshirildi. Kasallar borib ko‘rildi, ota-ona, yaqinlar holidan xabar olindi.

Qayd etish kerakki, bu kabi ezgu ishlar mamlakatimizda inson qadrini tiklash, qaddini ko‘tarish borasida olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlarga g‘oyat hamohangdir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Ramazon hayiti munosabati bilan O‘zbekistan xalqiga yo‘llagan tabrigida ham ayni shu jihatga e’tibor qaratilib, bugungi kunda keng ko‘lamli islohot va tub o‘zgarishlar natijasida yangilanib borayotgan yurtimizda xalq bilan muloqot, inson huquq hamda manfaatlarini, jumladan, vijdon erkinligini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

Bu yilgi Ramazon hayiti butun dunyo ahli uchun oson bo‘lmagan sinovli bir davrda nishonlandi. Chunki bir yildan ziyod vaqtdan beri davom etayotgan pandemiya bilan bog‘liq murakkab vaziyat insonlarni millati, e’tiqodidan qat’i nazar, birdamlikka, o‘zaro ko‘mak, xayru saxovatga yanada ko‘proq undamoqda, desak, ayni haqiqatdir.

Tabrikda qayd etilganidek, dunyo miqyosida raqobat tobora keskin va shafqatsiz tus olayotgani, barqarorlikka nisbatan tahdidlar tobora kuchayib borayotgani bizni doimo hushyor hamda ogoh bo‘lib yashashga, farzandlarimizni jismoniy va ma’naviy barkamol etib tarbiyalashdek g‘oyat mas’uliyatli ishga har qachongidan ham ustuvor ahamiyat berishga da’vat etmoqda.

Buni barchamiz chuqur anglashimiz, ogohlik va navqiron avlod kamolotiga mas’ullikni faoliyatimizda asosiy tamoyilga aylantirishim shart.

Bugungi osuda hayotimizning qadriga yetish, jamiyatimizda hukm surayotgan turli millatlar va elatlar, diniy konfessiyalar o‘rtasidagi bag‘rikenglik, fuqarolar orasidagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shish barchamizning asosiy burchimizdir.

Davronbek MAQSUDOV,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori.
Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi
2021 yil 15 may, № 102 (7882)

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry