16.07.2022
446

“SIYAR” ILMINING RIVOJLANISHI VA O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI 

Ilk o‘rta asrlarda Madinada musulmon davlatchiligining tashkil topishi, keyinchalik ulkan hududlarga yoyilishi hamda ushbu jarayonda turli mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish zarurati musulmonlar tomonidan xalqaro munosabatlar fiqhiga doir qoidalarni tizimlashtirishni talab etdi. Xalqaro muno- sabatlarga taalluqli fiqhiy hukmlarga oid asarlarning vujudga kelishida xalifalikdagi siyosiy vaziyatlarning turlicha tus olishi hamda musulmonlar tomonidan olib borilgan fathlar alohida o‘rin tutgan. Faqihlar ushbu mavzuga bag‘ishlab alohida asarlar yozganlar, xalqaro huquq qoida va hukmlarini batafsil yoritishga harakat qilganlar. Xususan, siyrat ilmi bilan shug‘ullangan olimlar va muhaddislar o‘z uslublaridan kelib chiqqan holda, ushbu sohaga alohida e’tibor qaratganlar. Natijada musulmon olamida xalqaro munosabatlarga bag‘ishlangan asarlar yozila boshlangan. 

Siyrat ilmi bo‘yicha yozilgan asarlarda islom dinining insonparvarlik g‘oyalarini ochib berishga, uning falsafasi, ilmiy asoslarini tadqiq etishga, uning inson qalbida imon-e’tiqodni mustahkamlashdagi o‘rnini ko‘rsatib berishga, uning mohiyati, aqidasini to‘g‘ri talqin qilishga ham alohida e’tibor qaratganlar. Bu esa, bugungi kunda jamiyatda dinlararo hamjihatlikni va tinchlikni ta’minlashda dolzarb ahamiyat kasb etadi. 

Siyar ilmi rivojlanishining ilk bosqichi Abbosiylar davriga to‘g‘ri keladi. Bu davrda olimlar Rasululloh (s.a.v.) siyratlari va roshid xalifalarning hayotlarini atroflicha o‘rganib, ilk hijriy asrda amalda bo‘lgan qoida va hukmlardan xulosa qilishga hamda bu borada muayyan uslubni topishga harakat qilgan. Ayniqsa, olimlar musulmonlar tomonidan amalga oshirilgan fathlardan ko‘zlangan shar’iy asoslarni aniqlashga alohida urg‘u bergan. Ba’zi olimlar faqat tarixiy ma’lumotlarni o‘rganish bilan cheklangan bo‘lsa, ayrimlari islom dinida xalqaro munosabatlarga oid shar’iy asoslarni yoritgan [11: 245]. Bu esa, o‘z navbatida, musulmonlar kelajak avlodining boshqa xalqlar bilan o‘rnatadigan aloqalarini tizimlashtirishga zamin yaratdi. 

Ushbu tadqiqotlar natijasida islomning xalqaro munosabatlarga doir ilmi bo‘lgan – “siyar” faniga yangicha qarash shakllanib, bu boradagi me’yoriy usul-qoidalar tizimlashtirildi. 

Bugungi kunda siyar ilmiga xos bo‘lgan quyidagi jihatlarni nazarda tutish lozim: 

- islom xalqaro huquqi va xalqaro munosabatlar ilmi islom huquqining “siyar deb atalgan tarmog‘i sifatida namoyon bo‘ladi. Siyar nafaqat tarixiy-huquqiy tizim, balki bugungi kunda ham jahondagi mavjud musulmon mamlakatlarini huquqiy tizimining bir qismi;

- siyarning diniy manbalarga asoslanganligi. Siyar ilmi fiqhning bir qismi bo‘lib, vahiyga asoslangan va uning hukmlari axloq va aqida bilan bog‘lanib ketgan. Islom xalqaro huquqining ushbu xususiyati ijobiy jihatga ega. Jumladan, islomda xalqaro munosabatlar asoslari aqida bilan ham bog‘liq va shu sababli u yuksak ehtiromga ega; 

          - siyar tarmog‘i turli dinlarga e’tiqod qiluvchi aholi guruhlarining huquqiy holatini tartibga solgan hamda zamonaviy xalqaro huquqning aynan prototipi emas. Ular o‘rtasida ayrim o‘xshash jihatlargina mavjud. Shu jihatdan Londondagi Brunel universiteti professori Javoyid Rahmon islom xalqaro huquqi – siyar haqida to‘xtalib, uning g‘arbdagi xalqaro huquqdan mutlaqo farq qilishi va mustaqil fan bo‘lishga loyiqligini ta’kidlab o‘tgan [16]. 

Islom xalqaro huquqi VIII asrdan boshlab dastlab Umaviylar, keyinroq Abbosiylar xalifaligining xalqaro munosabatlarini tartibga solish ehtiyojining shakllanishi bilan islom huquqshunoslarining islom huquqi doktrinasiga asoslanib ishlab chiqqan normalaridan iborat bo‘lgan. Ta’kidlash kerakki, Yevropa klassik xalqaro huquqidan farqli o‘laroq islom xalqaro huquqi kitoblardagi g‘oyalarda emas, balki vujudga kelgan aniq xalqaro munosabatlarni huquqiy tartibga solinishi natijasida rivojlangan. Bu islom huquqidagi siyar tarmog‘i ko‘rinishini oldi. 

Doktor Afifiga ko‘ra, Payg‘ambar (s.a.v.) dan keyin ham xorijiy mamlakatlar bilan aloqalar olib borilgan va bu narsa xalqaro munosabatlar asosini tashkil qilgan tizimlarning vujudga kelishiga zamin yaratgan. Ularni faqihlar dastlab “al-mag‘ozi”, keyinchalik “as-siyar” nomlari bilan ataganlar [5: 21]. 

Siyar tarmog‘i haqida “Islom. Ensiklopediya” kitobida “musulmon ma’murlarining boshqa davlatlar bilan munosabatlarini, urush olib borish va harbiy o‘ljani taqsimlash tartibini, musulmon hukmdorning boshqa din vakillariga nisbatan o‘tkazadigan siyosatini tartibga solish uchun faqihlar belgilab bergan me’yorlardir” [12:251] deyiladi. Kitobda ta’kidlanishicha, siyarning musulmon bo‘lmaganlarning huquqiy holatini belgilovchi me’yorlarigina yuridik xususiyatga ega bo‘lgan. 

L. R. Syukiyaynen islom huquqi tarmoqlari haqida yozar ekan, “shartli ravishda islomda xalqaro munosabatlarni tartibga soluvchi “siyar” tarmog‘i” ni ajratib o‘tadi. Islom huquqining ushbu sohasi

- xalifalik bilan boshqa davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar; 

- tinchlik va urush masalalari; 

- musulmon jamiyatining boshqa din vakillari bilan munosabatlari; 

- islomga munosabati jihatdan turli darajadagi aholi guruhlarining huquqiy holatini [13: 85] tartibga solgan.

Ilk islom davrida yashab ijod qilgan faqihlar siyar mavzusini alohida shaklda emas, balki “Jihod” bobi, “Mag‘oziy va g‘animatlar” yoki “Murtadlik, omonlik ahdi va jizya” boblari tarkibida o‘rganganlar. Shubhasiz, bu mavzuda birinchilardan bo‘lib dars olib borgan va alohida kitob yozgan olim Abu Hanifa No‘‘mon ibn Sobit (v.150/767 y.) hisoblanadi. Lekin Imom Sha’biy, Avzo‘iy, Savriy va Fazoriy kabi faqihlar ham bu mavzuga birinchilardan bo‘lib e’tibor qaratganlarini ta’kidlab o‘tish lozim. 

Imom Sha’biy Omir ibn Sharohil (v. 103/722 y.) Kufadagi mashhur faqih va muhaddis olimlardan bo‘lib, xalqaro munosabatlar sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan. Jumladan, Imom Sha’biy Abdulmalik ibn Marvon va Rum podshohi o‘rtasida elchilik qilgan. Amaliy tajriba bois olim siyar mavzusida darslar ham o‘tgan. Hatto ulug‘ sahobiy Abdulloh ibn Umar (r.a.) Imom Sha’biyning xalqaro munosabatlar sohasidagi bilimini yuqori baholagan. Bu haqida Xatib Bag‘dodiy Imom Nofe’dan sanad bilan quyidagi rivoyatni keltirgan: “Ibn Umar (r.a.) Imom Sha’biyning g‘azotlar haqida hadis aytayotganini eshitdi va: “Bu yigit g‘azotlarda huddi biz bilan birga qatnashgandek hadis aytmoqda”, deb maqtagan. Tabaroniy rivoyatida esa, “Sha’biy g‘azotlar haqida hadis aytayotgan edi.Ibn Umar (r.a.) uning yonidan o‘tayotib, hadisini eshitib qoldi va: “Men Rasululloh (s.a.v.) bilan birga g‘azotlarda qatnashgan bo‘lsam ham, bu odam (Sha’biy) mag‘oziylarni mendan ko‘ra yaxshiroq yod olgan ekan”, deb keltiriladi [11: 246-247]. Albatta, bu rivoyatlar Imom Sha’biyning siyar mavzusiga alohida e’tibor qaratganini anglatadi. 

Siyar mavzusida ijod qilgan yana bir olim Shayxul-islom Ibrohim ibn Muhammad ibn Horis Fazoriy (v. 186/802 y.) hisoblandi. Uning “as-Siyar” nomli asari mavjud. Olim fiqh ilmini Imom Avzoiydan o‘rgangan bo‘lib, siyar mavzusiga oid ahkomlarning amaliy jarayonlarida bevosita ishtirok etgan. Imom Fazoriy “Shayx as-sug‘ur” (Chegaralar shayxi) degan nom bilan mashhur bo‘lgan. Chunki asosan chegara hududda faoliyat yuritgan va Massisa shahrini dushmanlardan himoya qilayotgan chog‘ida vafot etgan. 

Imom Fazoriyning “as-Siyar” asarida g‘azotlar, siyratlar, jihod, qo‘shinni jangga hozirlash, saflarni tartibga keltirish, o‘ljani taqsimlash, murtadlik hukmi kabi fiqhiy masalalar bilan bir qatorda musulmonlarning o‘zga din vakillari bilan bo‘ladigan aloqalari ham keng yoritilgan. Imom Shofe’iy bu asarni madh etib, shunday degan: “Hech kim siyar mavzusida Abu Ishoq Fazoriyning kitobiga o‘xshash asar yozmagan” [11: 246-249]. 

Avval ta’kidlanganidek, xalqaro islomiy qonunlar sohasidagi ilk asar Abu Hanifaning qalamiga mansub. Mazkur sohaga “siyar” nomini ham aynan Abu Hanifa bergan. Abul Vafo Afg‘oniy bu haqida quyidagilarni yozadi: “Siyar mavzusida yozilgan eng qadimiy asar – Abu Hanifa No‘‘mon ibn Sobit Kufiyning “Kitab as-siyar” asari. Abu Hanifa bu asarini shogirdlari Abu Yusuf, Zufar, Asad ibn Amr, Hasan ibn Ziyod Lu’luiy, Hafs ibn G’iyos Naxa’iy, Muhammad ibn Hasan Shayboniy, Ofiya ibn Yazid va o‘g‘li Hammod kabi ulug‘ imomlarga imlo qilgan. Mazkur olimlar “as-Siyar” asarini Abu Hanifadan rivoyat qilib, uni o‘z fikrlari va qarashlari bilan yanada boyitganlar. Natijada ularning o‘zlariga nisbat beriladigan bir qator asarlar dunyoga kelgan. Hasan ibn Ziyodning va Muhammad ibn Hasan Shayboniyning siyar bo‘yicha yozgan asarlari shular jumlasidan  [2: 142]. 

Doktor Muhammad Hamidulloh siyar atamasining muomalaga kiritilishi haqida quyidagilarni yozgan: “Siyar atamasining islomiy xalqaro munosabatlarga dalolat qiluvchi istiloh sifatida qo‘llanilishi II hijriy asrda ro‘y bergan bo‘lishi kerak. Zero, Abu Hanifa “siyrat” atamasini birinchi bo‘lib iste’molga kiritgan bo‘lib, urush va tinchlik holatidagi fiqhiy qoidalar haqida olib borgan darslari majmuasini shunday deb atagan. Keyinchalik bu atama Abu Hanifaning shogirdlari tarafidan keng miqyosda qo‘llanila boshlagan. Buning samarasi o‘laroq Shayboniyning “as-Siyar as-Sag‘ir” va “as-Siyar al-Kabir” nomli asarlari bizgacha yetib kelgan.

Shuningdek, Abu Hanifaga zamondosh bo‘lgan Imom Avzoiy ham bu borada e’tiborga molik ishlarni amalga oshirgan. Shayxul-islom Abu Amr Abdurahmon ibn Amr ibn Ahmad (v. 157/774 y.), ya’ni Imom Avzoiy mujtahid imomlardan bo‘lib, Shomda o‘z mazhabiga asos solgan. Shom va Andalus o‘lkalarida hijriy III asrga qadar Avzoiy mazhabiga amal qilib kelingan. Imom Avzoiy ko‘pchilik ulamolar tomonidan ishonchli, omonatdor, fozil va yaxshi inson sifatida e’tirof etilgan. U hadis va fiqh ilmi bilan shug‘ullangan. 

Shu bilan birga Imom Avzoiy siyar ilmiga ham alohida e’tibor qaratib, bu borada asar yozgan, talabalarga dars bergan, hatto siyarga oid hukmlarni amalda qo‘llash bo‘yicha hammaga o‘rnak bo‘lgan. Imom Avzoiy siyar mavzusida asar yozgan ilk olimlar sirasiga kiradi. U “Kitob as-siyar” nomli asar ta’lif etgan. Muallif bu asarini Abu Hanifaning siyar borasidagi fikrlariga raddiya sifatida yozgan. Keyinchalik Abu Yusuf bundan xabar topgach, Avzoiyning mazkur asariga “ar- Radd ‘ala Siyar al-Avza’iy” nomli raddiya yozgan. Shuningdek, Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy ham “as-Siyar al-kabir” asarida Avzoiyning mazkur asariga raddiya berib o‘tgan. 

Ammo Avzoiyning “as-Siyar” kitobi alohida kitob shaklida bizgacha yetib kelmagan. Uning bu nomdagi asari mavjudligiga ba’zi fiqhiy asarlarda ishora qilib o‘tilgan. Jumladan, Abu Yusuf “ar-Radd ala Siyar al-Avza’iy” asarida dastlab Abu Hanifaning siyar borasidagi fikrlarini keltirib, so‘ng Avzoiyning bu boradagi raddiyalarini yozadi. So‘ng Abu Yusuf ustozi Abu Hanifaning dalillari hamda o‘zining bu boradagi dalilini bayon qilib, Avzoiyga raddiya beradi. 

Shuningdek, Imom Shofe’iy “al-Umm” asarida ham aynan shu uslubda Avzoiyning siyar borasidagi fikrlarini keltirganini ko‘rish mumkin. “Al-Umm” asarida Avzoiyning so‘zlari, so‘ng Abu Yusufning fikrlari so‘zma-so‘z keltiriladi. Uning ortidan “Imom Shofe’iy aytdi”, deya muallif o‘z fikrini bayon qiladi. Shu jihatdan olib qaraganda “Al-Umm” asarini “ar-Radd ‘ala Siyar al-Avza’iy”ning ikkinchi nusxasiga o‘xshab ketadi go‘yo. 

Imom Avzoiy siyar mavzusida nafaqat ilmiy izlanishlar olib borgan, balki siyar va unga tegishli ahkomlarni amalga tatbiq qilishda ham faol ishtirok etgan. Avzoiy, xususan, chegara hududlarda xizmat qilgan va Shom o‘lkasida joylashgan Bayrut shahrini dushmanlardan himoya qilish asnosida vafot etgan. O‘sha davrda Shayxul-islom, hofiz Sufyon ibn Said ibn Masruq Savriy (v. 161/778 y.) ham siyar mavzusiga bag‘ishlangan “al-Jomi’” nomli asar yozgan. 

Shu o‘rinda siyar mavzusida yozilgan ilk asarlar xususida ba’zi mulohazalar mavjudligini ta’kidlab o‘tish lozim. Ayrim tadqiqotchilar Imom Zayd ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib (v. 122/740 y.) qalamiga mansub asarni siyar mavzusida yozilgan ilk manba sifatida e’tirof etganlar. Imom Zayd faqih va muhaddis olimlardan bo‘lib, fiqh va hadis ilmiga oid asarlar yozgan. Jumladan, “Majmu’ al-hadis” va “Majmu’ al-fiqh” nomli asarlar unga nisbat beriladi. Aslida mazkur asarlar Imom Zaydning shogirdi Abu Xolid Vositiy Hoshimiy tomonidan yozilgan bo‘lib, bu ikki asar jamlangan holda “al-Majmu’ al-kabir” nomini olgan. 

Imom Zaydning “Siyar” borasidagi yozgan kitobida g‘azot va siyar, jihod va shahidlik fazilati, o‘ljalarni taqsimlash, ahd va zimma, livo va roya (bayroq)lar, xums va o‘ljalar, murtadlik va g‘ulul, bog‘iylarga qarshi kurashish, imomga itoat qilish kabi mavzular yoritilgan [9: 608]. 

Abu Hanifaning shogirdlari Zufar ibn Huzayl va Ibrohim Fazoriylarning ham siyarga oid kitob yozganliklari ma’lum [15]. Shunday bo‘lsada, bu boradagi eng mufassal asar Muhammad ibn Hasan Shayboniy qalamiga mansubdir. Shayboniy avval “as-Siyar as-sag‘ir” nomli asar bitadi. Keyinroq umrining oxirlarida o‘zi va ustozlarining tajribasiga tayangan holda “as-Siyar as-kabir”ni yozadi [14]. 

Siyar ilmi bilan shug‘ullangan olimlarning ta’kidlashicha, xalqaro munosabatlarga doir islom qoidalari zamonaviy xalqaro huquqdan o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Islom xalqaro munosabatlariga doir asosiy qoidalari insoniyat tomonidan ishlab chiqilgan va vaziyatga qarab o‘zgartirish yoki bekor qilish mumkin bo‘lgan qonunlar sirasiga kirmaydi. Sababi islomda xalqaro munosabatlarga doir qoidalarning dastlabki manbasi sifatida, shubhasiz, Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflar e’tirof etiladi. Shuningdek, xalifalar tuzgan shartnomalar, qo‘shin amirlariga yuborilgan buyruqlar va tavsiyalar hamda faqihlarning ijmosi ham xalqaro munosabatlarga doir qoidalarni to‘ldirib turuvchi manbalardir. Shu jihatdan zamon va makondan kelib chiqib, Qur’on va hadisda ko‘rsatilmagan masalalarda muayyan o‘zgarishlarni qabul qiladi. 

Islom diniga xos bo‘lgan xalqaro munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalar zamonaviy xalqaro huquqda topilmaydigan ba’zi xususiyatlarga ega. Mutaxassislarning fikricha, hozirgi xalqaro normalar bir guruh mustaqil davlatlarning urush va tinchlik holatlaridagi o‘zaro aloqalarini tizimga soluvchi qoidalar majmuasi bo‘lib, hududiy xarakterga ega. Ya’ni davlat faqat o‘z hududi va undagi yer osti va usti boyliklariga egalik qila oladi, unda boshqa davlatlarning hududini tasarruf qilish huquqi yo‘q. Bu tushuncha islom shariatida o‘zgacha. Islomdagi xalqaro munosabat qoidalari hududiy jihatga emas, balki ko‘proq insoniy jihatga e’tibor qaratadi [10:382-385]. Ya’ni musulmonlar va o‘zga din vakillari istiqomat qiluvchi hududlar sifatida qoidalarni tatbiq etadi. 

Shularni mulohaza qilgan holda islom diniga xos bo‘lgan xalqaro munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalar hozirgi zamonaviy xalqaro normalardan quyidagi xususiyatlar bilan ajralib turadi: 

1. Islom xalqaro munosabatlarini tartibga soluvchi qoidalarga oid hukmlarning asosiy manbasi vahiy sanaladi. 

Bu eng muhim xususiyatlardan bo‘lib, boshqa jihatlari ham ushbu xususiyat asosida ishlab chiqiladi. “Siyar ilmi”, ya’ni islomdagi xalqaro munosabatlar fiqhning ajralmas bir qismi bo‘lib, uning asosi Qur’on va sunnatga tayanadi. Bu manbalardan bevosita olingan qoidalar, odatda, o‘zgarmas hisoblanadi. 

Shuningdek, ayrim tadqiqotchilar islom qonunchiligidagi qoidalarning o‘zgarishi yuzasidan turli fikrlarni ilgari surganlar. Jumladan, Doktor Abbdulhamid Mutavalliyning fikriga ko‘ra, islom qonunchiligi ikkiga xil bo‘ladi:

1) Ilohiy, ya’ni o‘zgarmas qonunlar.

2) Vaz’iy (inson tomonidan ishlab chiqilgan) qonunlar [1: 11]. 

Shayx Abdulvahhob Xallof, Doktor G’unaymiy va Doktor Ali Jarisha kabi bir qator olimlar esa, islomiy qonunchilikni quyidagicha tasniflaganlar:

1) Ibtidoiy. Ya’ni shariat qonunlarining asosi yolg‘iz Allohning haqi.

2) Ibtinoiy. Bunda ba’zi hukmlarda inson omili ham ishtirok etadi, ya’ni olimlar shariat belgilagan qoidalar asosida ijtihod qilish huquqiga ega hisoblanadilar. Lekin tashri’, ya’ni qonunni joriy qilish faqat Allohning huquqi sanaladi [11: 259]. 

Bu qoidalar islom huquqining boshqa sohalari kabi xalqaro munosabatlarga doir masalalarga ham tatbiq etiladi.

2. Xalqaro aloqalarga oid hukmlarning aqida va axloqqa bog‘liqligi.

Islom xalqaro munosabatlarining bu xususiyati ham bugungi kundagi zamonaviy qoidalardan farqlanadi. Bu jihatdan ham islomdagi xalqaro munosabatlar Qur’on va sunnatga chambarchas bog‘liq ekani namoyon bo‘ladi. Islomiy qonunchilik zamonaviy xalqaro normalarda mavjud bo‘lmagan bir jihatga, ya’ni tavhid aqidasiga ega. Islom dinining asosiy ta’limotlari ikki jihatga alohida e’tibor qaratadi: aqida va shariat. Aqida – Qur’oni karimda imon nomi ostida bayon qilingan g‘oya. Shariat esa Alloh joriy qilgan qoidalar bo‘lib, musulmon kishi dinga amal qilish orqali shariat qoidalariga amal qilib boradi. 

Islom xalqaro aloqalariga oid qoidalar axloqiy qadriyatlarga katta e’tibor qaratadi. Ma’lumki, islom tarixida dastlab “dinda faqih bo‘lish” g‘oyasi ilgari surilgan bo‘lib, hozirgi barcha diniy fanlar shu g‘oya asosida shakllangan. Vaqt o‘tishi bilan bu g‘oyadan turli ilm sohalari alohida bo‘lib ajralib chiqdi. Furu’ al-fiqh ilmi ham shular jumlasidan. Keyinchalik bu ilmdan “Xalqaro munosabatlar” sohasi mustaqil yo‘nalish sifatida alohida shakllandi. Shubhasiz, bu fanda ham axloqiy qadriyatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Islom ilmlarining hech biri bir- birdan ayri holdagi mustaqil ravishda yangi paydo bo‘lgan ilm sohasi hisoblanmaydi. Balki ularning barchasi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq holda paydo bo‘lgan va rivojlangan. Shar’iy ilmlarning barcha ta’limoti insonning dunyo va oxiratda baxtiyor bo‘lishiga qaratilgan. Jumladan, islom xalqaro munosabatlari sohasi ham insonlar orasida hamjihatlikni qaror toptirish, davlat va jamiyatlararo tinchlikni  mustahkamlashga qaratilgan. Bu g‘oyani hayotga tatbiq qilishning eng samarali yo‘llaridan biri huquqiy munosabatlarni axloqiy mezonlar asosida olib borish bilan bog‘liq.

Yuqorida ta’kidlanganidek, islom dinida nafaqat shaxsiy munosabatlar, balki xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yishda ham axloqiy qadriyatlarning muhimligi Qur’on oyatlarida o‘z isbotini topgan. Shuningdek, hadislar, roshid xalifalarning urush va tinchlik holatida olib borgan siyosatlari orqali ham xalqaro aloqalarning qonun-qoidalari amalda tatbiq etilgan. Keyinchalik faqihlar mazkur uchta asosga suyangan holda islom xalqaro aloqalariga oid ahkomlarni ishlab chiqqanlar. Jumladan, ahd (shartnoma)ga vafo qilish, o‘zaro aloqalarda yolg‘on va aldovlardan saqalanish, jang vaqtida musla (vahshiylik) qilmaslik, qurolsizlarni qatl qilmaslik, insoniyatga zararli bo‘lgan qurollardan foydalanmaslik kabi masalalar ko‘tarilgan. 

Xalqaro islomiy aloqalarning bu xususiyati ko‘plab olimlarning e’tiborini tortgan. Jumladan, doktor Majid Xuduriy bu haqida quyidagilarni yozadi: “Islom dini – hayot yo‘li. U faqat aqidaviy masalalar bilan cheklanib qolmasdan xalqaro aloqalardagi axloqiy asoslarga qattiq e’tibor qaratadi. Islomiy aqida – axloqning asosi. Aynan shu narsa musulmonlarning o‘zga din vakillariga bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishga, xususan, urush holatida ham insoniylik chegarasidan chiqmaslikka undaydi. Islom tarixini kuzatar ekanmiz, shunga amin bo‘lamizki, xalqaro munosabatlar axloqiy asoslarga ega bo‘lmasa, ijtimoiy tizim degan ibora ma’nosiz istilohga aylanib qoladi” [11: 265].

Mana shu xususiyat insonlar ongida islom qoidalariga nisbatan haybat va ehtirom tuyg‘ularini uyg‘otib turadi. Islom fiqhi shariat qoidalari bo‘lishi bilan birga axloqiy mezon hamdir. Qur’ondagi ta’limotlar inson vijdonidagi botiniy tuyg‘ular bilan qorishib, jamiyatning rivojiga hissa qo‘shadi. Natijada insonning qonunga bo‘ysunishini doimiy tarzda nazorat qilishga hojat qolmaydi [8: 219-220]. 

Shar’iy qoidalardagi huquqbuzarlik uchun dunyoviy jazolardan qutulib qolsa ham oxiratda javobgarlikning muqarrar ekanligi haqidagi tasavvur ham islom xalqaro munosabatlariga ham taalluqli. Bu esa xalqaro munosabatlarda insonni axloq chegarasida ushlab turadi. Jazo dunyoviy va uxroviy ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Hokim yoki davlatning umumiy boshqaruvi tomonidan beriladigan jazo dunyoviylik xususiyatiga ega bo‘lsa, qiyomatda Alloh tomonidan beriladigan jazo uxroviy deb ataladi. Shuningdek, tavba tushunchasi ham mavjud bo‘lib, jinoyatchining oxiratdagi, hatto ba’zi o‘rinlarda dunyodagi jazosini bekor qilish yoki yengillashtirish uchun qo‘llaniladi [6: 4295-4296]. 

Shayx Muhammad Abu Zahra bu haqida quyidagilarni yozadi: “Islomiy qonunni din bilan bog‘lash natijasida mazkur qonun axloqiy qoidalar va insoniy qadriyatlar bilan mustahkam bog‘lanadi. Natijada mazkur qonunning bandlari va qoidalari yaxshi xulq doirasidan tashqariga chiqmaydi. Darhaqiqat, islom xalqaro munosabatlari axloq bilan bog‘liq bo‘lgan ilk qoidalar majmuasidir. Islom fiqhida qonun va axloqning mustahkam aloqasini ko‘ramiz. Bu qadimda faylasuf va donishmandlarning orzusi bo‘lgan. Ular buni hayotga tatbiq qilishga urinishgan, lekin voqelikdagi hodisalar bunga yo‘l qo‘ymagan. 

Islom fiqhi asoslari dinga borib taqalgani bois uning rahbarlar va xalqning qalbiga chuqur kirib borishiga sabab bo‘lgan. Islom fiqhi qoidalarga barcha birdek amal qilishi lozimligini ta’kidlaydi. Bu esa xalqaro munosabatlarda adolat prinsialari ustuvorligiga erishishda muhim ahamiyat kasb etgan. Xususan, urush paytida ham askarlarni tinch aholiga nisbatan shafqatli bo‘lish, insonlar uylari, ibodatxonalar va bog‘u rog‘larni vayron qilmaslikka undab turgan” [3:70-74]. 

Shuningdek, xalqaro huquq sohasidagi mutaxassislar bugungi kundagi xalqaro huquq qoidalari bilan axloqiy qadriyatlar orasida tafovut borligini ta’kidlaydilar. Xalqaro huquq qoidalarini nazorat qilib turish talab etiladi. Ammo xalqaro munosabatlarda axloqiy qadriyatlarni nazorat qilishning imkoni yo‘q. Shu sababli ham xalqaro huquq qoidalarining buzganini aniqlash imkoni bo‘lmaganida javobgarlikka tortilmaydi [7: 33-37]. 

Shayx Abdulvahhob Xallof urush holatidagi islomiy qoidalar va xalqaro huquqqa oid normalarni taqqoslab, quyidagilarni yozadi: “Islomiy qoidalar aksariyat o‘rinlarda xalqaro huquq qoidalariga muvofiq bo‘lsa-da, lekin bir jihatdan farq qilib turadi. Islomiy hukmlar – din joriy qilgan qoidalardir. Ularni hayotga tatbiq qilishda musulmonlarning imoni va ishonchlarining quvvati asosiy vazifani bajaradi. Xalqaro huquq qoidalarini amalga tatbiq qilishda esa bunday xususiyat topilmaydi. Uning ortida himoya qiladigan va hukmlarini amalga joriy qiladigan quvvat yo‘q. Islomiy hukmlar esa, hatto urush holatida ham musulmonlarning imoni bilan o‘z-o‘zidan amalga tatbiq qilinadi” [4:85]. Bu holatlar belgilangan tartib-qoidalarga amal qilish hamda turli buzg‘unchiliklarni oldini olishda qo‘l keladi.

Siyar ilmining yuzaga kelishi va unga oid ko‘plab asarlarning bitilishi, albatta, tasodif emas. Bu islomdagi xalqaro munosabatlar ilmi fiqhning tarkibiy qismi bo‘lishi bilan birga o‘z davrining talabi ham edi. Bu davrda xalifalar ham fiqhning ushbu sohasining yuzaga kelishidan manfaatdor edilar. Masalan, Mashhur xalifa Horun Rashid Abu Hanifaning shogirdi Abu Yusufdan davlat amal qilishi uchun xalqaro moliyaviy munosabatlarga oid fihqiy qoidlarni ishlab chiqishni so‘raydi. Abu Yusuf xalifaning iltimosini inobatga olib o‘zining mashhur “Xiroj” kitobini bitadi. Muhammad ibn Hasan Shayboniy ham o‘zining “as- Siyar al-kabir” asarini bitishi bilan uni darhol xalifa huzuriga keltiradi va Horun Rashid bu kitobni yuqori baholab, hatto farzandlariga uni o‘rganishni buyuradi. Islom ulamolari tomonidan tasniflangan xalqaro munosabatlar qoidalari o‘zida axloq normalarini ham qamrab olgani bilan ajralib turadi. O‘z navbatida islomdagi mazkur qoidalar zamonaviy xalqaro munosabatlarga ham o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatgan.

 

Shukrullo JO‘RAYEV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi



 

ADABIYOTLAR RO‘YXATI

1. Abdulhamid Mutavalli. Al-Islam va mabadi’ nizam al-hukm. – Iskandariya: Mansha’t al-Ma’arif (nashr yili ko‘rsatimagan)

2. Abdulkarim Zaydon. Al-Madxalu lidirasati ash-shariyati al-islamiya. – Iskandariya: Dar Umar ibn Xattab. 2001

3. Abdulqodir Avda. At-Tashri’ al-jinaiy al-islamiy. J.1 Bayrut: Dar at-Turos al-arabiy, 1977

4. Abdulvahhob Hallof. As-siyasa ash-shar’iyya. –al-Qohira: Dar al-ansar, 1977.

5. Afifi Muhammad Sadik. Al-A’alaqat ad- duvaliyatu fil islam. Cairo: Maktabat al-Khanji. 1977

6. Ala’ al-Din al-Kasani. Bada’i’ al-Sana’i’ fi Tartib al-Shara’i’. J.9. – Cairo: Matba’a al-Imam. (nashr yili ko‘rsatilmagan)

7. Ja’far Abdusalom. Qavaid al-alaqat ad-duvaliya fi al-qanun ad-duvaliy va ash-shari’a al-islamiya. – Cairo: Maktaba as-salam al-alamiya, 1981

8. Mustafo Ahmad Zarqo. Al-Madxal al-fihqiy al-Om. J.1. – Damashq: Muassasa ar-risala, 1972. 

9. Sharafuddin Husayn ibn Ahmad Sayyog’iy. Ar-ravz an-nazir – Sharh Majmu’ al-fiqh al-akbar. J.4.– Toif: Maktaba al-muayyad, 1968.

10. Sulaymon Tamoviy. As-sultot as-salas fi ad- dasatir al-arabiya al-mu’asira fi al-fikr al-islamiy, (nashr yili ko‘rsatilmagan).

11. Usmon Juma Zamiriya. Usul al-aloqot ad-duvaliya fi fiqh al-Imam Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniy. – Ammon: Dar al-ma’oliy, 1999.

12. Islom. Ensiklopediya: A-H/ Z. Husniddinov tahriri ostida. – T.: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2003.

13. Syukiyaynen. L. R. Musulmanskoye parvo.− M.: “Nauka”, 1986.

14. http://islamport.com/w/amm/Web/135/280.htm 

15.http://www.iosminaret.org/vol-2/issue19/  Minarets_of_illumination.php#heading4

16. http://www.ukcle.ac.uk/research/projects/   

Islamic_International_Law.html   

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry