14.07.2022
334

Hoji kutishni isrof tadbiriga aylantirmaylik!

Allohga behisob shukrki, bu yilgi haj ibodati yurtimiz ziyoratchilari uchun juda fayzli bo‘ldi. Garchi, o‘zimiz bormagan bo‘lsak-da, ustozlar, qadrdonlar va yaqinlarimiz uchun quvondik. Ayniqsa, haj ibodatini ado qilish uchun ajratilgan kvotaning sezilarli darajada oshishi ko‘pchilikning xursandchiligiga sabab bo‘ldi.

Inshoalloh, bir necha kunlardan so‘ng ilk xojilar yurtimizga qaytib kelishadi. Xursandchilikdan boshlari osmonga yetgan yaqinlar, farzandlar va do‘stlar Allohning mehmonlari bo‘lib qaytgan hojilarni kutib olish harakatiga tushishadi.

To‘g‘ri, hojilik maqomiga erishgan kishilarni duosini olish, ushbu ibodatni nasib etgan Zotga shukronalar keltirib, sog‘inganlarimizni kutib olish uchun har qancha tayyorgarlik ko‘rsak ham yarashaveradi.

Biroq gohida ijtimoiy tarmoqlarda nafaqat muborak ibodat safaridan qaytgan kishilar, balki oddiy bir musulmon odam uchun ham yarashmaydigan holatlarni ko‘rib qolyapmiz. Xususan, faqat isrofga sabab bo‘luvchi dabdaba bilan bezatilgan uy-joylar, karnay-surnay va taniqli qo‘shiqchilar ishtirokidagi kutib olish va hokazo marosimlar avj olmoqda.

Unutmaslik kerakki, haj bu Islomning besh ustunidan biri. Besh farzning oxirgisi. Qodir bo‘lganlar uchun zimmasidagi ado qilinishi farz bo‘lgan amal. Namoz, ro‘za, zakot qanday farz bo‘lsa, xuddi shunday farz bo‘lgan ibodat. Haj zinhor faxr qiladigan, maqtaniladigan yoki nomiga “hoji” qo‘shimchasi qo‘shib aytiladigan sifat yoki amal emas. Agar Allohning huzurida qabul qilingan haj bo‘lsa, uning mukofoti faqat jannat bo‘ladi, inshoalloh.

Qadrdonim! Agar ota-onangiz yoki yaqiningiz haj ibodatini ado qilib kelganida xursandchilik izhori uchun shunday dabdaba bilan kutib olayotgan bo‘lsangiz, o‘sha yaqiningiz bir mahal farz namozni ado qilganda ham shunday xursandchilik qilasizmi? Ramazon oyini ro‘zasini tugatganda yo zakotini ado qilgan paytda ham karnay-surnaylar bilan nishonlaysizmi? Agar bitta farz amalni ado qilgandagi xursandchilik sizni shu holga solayotgan bo‘lsa, mobodo, bandachilik bilan qazo bo‘lgan namoz, ro‘zalar uchun a’za tutasizmi? Motam e’lon qilasizmi? Ularga buning uchun ta’ziya izhor qilasizmi? Ajablanyabsiz-a? Nima farqi bor: namoz ham farz, haj qilish ham farz. Qabul bo‘lgan namoz ham gunohlarga kafforat, qabul bo‘lgan haj ham.

Xursandchilik qiling. Ularni tabriklang. Lekin zinhor, isrof va dabdabaga yo‘l qo‘ymang. Chunki siz bir kunlik xursandchiligingiz uchun sarflaydigan mablag‘ qaysidir musulmon oilaning bir necha kunlik, balki bir necha oylik oziq-ovqatiga kifoya qilishi mumkin. Siz bugun karnay surnay va qaysidir qo‘shiqchiga bermoqchi bo‘lgan pulingiz qaysidir bemorning dori-darmoni yoki qaysidir yetimning bir necha yillardan beri bitmay yotgan uy- joyini bitirish uchun yetishi mumkin.

Xo‘sh aytingchi, qay birida savob bor? Qaysi biri sizni Robbimiz roziligiga yetaklaydi? O‘ylab ko‘rmaysizmi? Alloh sizga bergan bu boylik ne’matini Allohning dushmani bo‘lgan shaytoni la’iynning xursandchiligi uchun sarf qilayotganingizni o‘ylab ko‘rmaysizmi? To‘y, marosimlar va boshqa tadbirlarimizda haddimizdan oshdik. Endi loqal shu muborak ibodatga isrofgarchilikni aralashtirmaylik.

Agar niyatingiz Haq roziligi bo‘lsa, bugun orzu havaslaringizni ozgina jilovlang. Mobodo, kishilar ko‘rsin, “mahallada duv-duv gap” bo‘lsin, degan niyatingiz bo‘lsa, Allohga istig‘for ayting. Chunki bu xatarli amal.

Alloh barcha xojilarimizni safarlarini xayrli va muborak qilsin. Ushbu ibodatni niyat qilgan har bir bandani Baytullohga yetkazsin!

 

Yorbek Islomov,

Olmazor tumanidagi “Mevazor” jome masjidi imom noibi

Manba: muslim.uz

 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry