13.07.2022
287

YOSHLAR KAMOLOTIGA HAR BIRIMIZ MAS’UL

Prezidentimizning O‘zbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigi mazmundorligi, yuragimiz to‘ridagi fikr-mulohazalarni, bugungi kunning dolzarb vazifalarini qamrab olganligi bilan har birimizning qalbimizni yanada nurafshon etdi.

Tabrikda islom dini, avvalo, tinchlik, ezgulik va insoniylik dini ekanligiga yana bir bor e’tibor qaratildi. Darhaqiqat, hozirgi g‘oyat murakkab hamda tahlikali zamonda tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash va mustahkamlashdek o‘tkir talablar yurtimizda yashayotgan har bir mo‘min-musulmon, har bir inson uchun har qachongidan ham dolzarb bo‘lib turibdi.

Bu haqda so‘z yuritganda, bugun yoshlarni bilimli va zukko, sog‘lom dunyoqarashga ega, odob-axloqli, imon-e’tiqodli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash jamiyatda uchrayotgan ko‘plab muammolarni bartaraf qilish va ularning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlash joiz.

Kishi ma’nan qanchalik boy bo‘lsa, u ezgu qadriyatlarda shunchalik sobit turadi. El-yurt taqdiriga daxldorlik bilan yashaydi. Tinchlik-totuvlikning mohiyatini anglab, ahamiyatini tushunib, uni asrab-avaylashga hissa qo‘shadi.

Xo‘sh, ertamiz egalarini yuksak ma’naviyatli insonlar qilib tarbiyalashda bugun qaysi yo‘ldan borishimiz kerak? Bizga bu yo‘lda nima tayanch va suyanch bo‘ladi? Shubhasiz, muborak dinimizning ezgu ta’limotlari, muqaddas kitoblarimiz, asrlar osha yashab kelayotgan milliy qadriyatlarimiz, ota-bobolardan meros ta’lim-tarbiya usul hamda uslublari.

Shukrki, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda ma’naviyat hamda ma’rifat masalasiga, milliy qadriyat va an’analarni asrash, rivojlantirish hamda targ‘ib qilishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Zamon andozalariga mos ta’­lim maskanlari bunyod etilayotir. Tabarruk ziyoratgoh va qadamjolar, ko‘hna masjid hamda madrasalar obod qilinyapti. Yangidan ochilgan ilmiy-tadqiqot markazlarida buyuk ajdodlarimizning bebaho ma’naviy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Bunday chora-tadbirlar davlatimiz rahbari ilgari surgan “Jaholatga qarshi — ma’rifat” g‘oyasini hayotga tatbiq etishda muhim o‘rin tutmoqda. Bugun jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishni nafaqat mas’ul tashkilot vakillari, balki har bir ota-ona o‘zi uchun dolzarb vazifa, deb bilmog‘i lozim.

Muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, ayniqsa, uning asl mohiyatini unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodga to‘g‘ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g‘oyala­rini keng targ‘ib etish vazifasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Axborot texnologiyalari o‘ta tezkorlik bilan rivojlanayotgan, nanotexnologiyalar shiddat bilan hayotga kirib kelayotgan, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar xilma-xil, to‘g‘ri-noto‘g‘ri ma’lumotlarni kechayu kunduz tarqatayotgan hozirgi davrda bu ish nihoyatda murakkab hamda qiyin ekani rost. Bugun farzandlarimizni nazoratsiz yolg‘iz qo‘ysak, ular bo‘sh vaqtlarini telefon, kompyuter bilan mashg‘ul bo‘lib o‘tkazsa, yoshlar tarbiyasidagi muammolar, ularning ongu dunyoqarashiga suqilib kirgan illatlar yanada ildiz otadi.

Dono xalqimiz “yaxshining sharofati, yomonning kasofati” deb bejiz aytmagan. Bugun olis o‘lkalardan yoshlar uchun turli yo‘llar bilan, asosan, global tarmoq orqali eksport qilinayotgan “qadriyat”lar, yurish-turishu o‘zini tutish, insonlararo muomala-munosabatga oid ko‘rsatmalar ongu qalbga qaratilgan xurujlardir, desak, aslo xato emas. Ular milliy mentalitetimizga ham, Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadisi shariflariga ham, dinimiz ko‘rsatmalari va shariatimiz hukmlariga ham, ulamolarimiz fatvolari va davlatimiz qonunlariga ham, sharqona odoblarimiz va mazhabimiz me’yorlariga ham mutlaqo zid ekani har birimizni tashvishlantiradi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z hadis-shariflarida: “Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar!” deya marhamat qiladilar.

Bu xususda shoirlarimizning ibratli so‘zlari ham bor:

Birinchi g‘ishtni qiyshiq qo‘yarkan me’mor,

Osmonga yetsa ham, qiyshiqdir devor.

Shunday ekan, toki hali suyagi qotib ulgurmagan yoshlarning beg‘ubor olamiga, g‘o‘r ma’naviyatiga “allakimlar” jiddiy zarar yetkazib qo‘ymasidan oldin o‘z farzandlarimizni o‘zimiz tarbiyalashimiz kerak.

Barchamiz ko‘zimizni kattaroq ochib, ziyraklik va ogohlik bilan g‘oyaviy hamlalarga qarshi kurashmog‘imiz lozim.

Shu o‘rinda aytish joizki, muqaddas haj va umra ziyoratlarini ado etib qaytgan otaxon va onaxonlar, mahallalardagi nuroniylar, katta hayotiy tajribaga ega insonlar bu ezgu ishda yanada faol bo‘lishlari zarur.

Ular Prezidentimizning “Jaholatga qarshi — ma’rifat” degan ezgu g‘oyasini hayotga tatbiq etishda asosiy kuchdir. Yigit-qizlarni hidoyatga chorlashda, xonadonlarni islom nuri bilan munavvar qilishda, har bir mo‘‘min va mo‘‘minalarga ma’rifat ulashishda bu in­sonlarning hissalari juda katta ekaniga shubha yo‘q. Yoshlarimiz Qur’oni karim tafsiri, Hadisi sharif sharhi, aqida, fiqh masalalaridan bahramand bo‘lishsa, ular yot kuchlar “darslari”ga ehtiyoj sezmaydi, aldanib, yot g‘oyalar va botil iddaolarga berilmaydi.

Har bir ota, har bir ona o‘z farzandiga odob-axloq namunalarini, kindik qoni to‘kilgan mislsiz Vataniga muhabbatni, bobo-buviga ehtirom-hurmatni, mehr-itoatkorlikni, oila a’zolariga rahmdillik va mehribonlikni, o‘z jufti haloliga sadoqatni, qo‘ni-qo‘shnilarga oqibat va chiroyli munosabatni, qavm-qarindoshlarga saxovat-muruvvatni, sinfdosh-kasbdoshlarga chin do‘stlik va yordam berishni, atrofdagi odamlarga insonparvarlik va samimiylikni, hayvon-parranda-hasharotlarga nisbatan rahm-shafqatni uqtirishi, yuqtirishi, tushuntirib, singdirishi muqaddas burch, ham qarz, ham farzdir.

O‘ylaymanki, bu yumushlar hech birimizga qiyinchilik tug‘dirmaydi. Zero, shu sifatlarning hammasi farzandlarimizning qonida bor. Bu fazilatlarning barchasi bolalarimizning DNKsida mavjud. Chunki bu xususiyatlar ajdoddan-avlodga, qondan-qonga tarbiya orqali o‘tib kelyapti. Faqat yoshlar kamolotiga bugun yanada e’tiborli bo‘lsak, zimmamizdagi burchni, vazifani sidqidildan bajarsak, ogohlik va hushyorlikni boy bermasak, ko‘zlangan natijalarga, albatta, erishamiz.

Iloho, o‘zimizning ham, farzand-zurriyotlarimizning ham mehribon Parvardigorimiz O‘zi buyurgan, janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimiz ruhini shod, xalqimizni xursand, ota-onalarimizni rozi qiladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohimjon INOMOV,

O‘zbekistan musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari.

Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi 2022-yil 13-iyul, №148(8210)

 

 

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry