05.07.2022
293

QIVOMUDDIN ITQONIY – HANAFIY-MOTURIDIY ALLOMA

Olimning to‘liq ismi Qivomuddin Amir Kotib ibn Amir Umar ibn Amir G’oziy Farobiy Itqoniy bo‘lib [3:128], u 1286-yilda Sayhun daryosi sohilidagi Farob shahriga qarashli Itqon qasabasida tug‘ilgan. Olim “Itqoniy”, “Farobiy”, “Turkistoniy” va “O‘troriy” nisbalari bilan tanilgan. Laqabi Qivomuddin. Ba’zi manbalarda ismi Lutfulloh ekani ham ta’kidlangan [4:50]. Hanafiy fiqhida yuksak ilm sohibi bo‘lgani va bu mazhabga taassub darajasidagi bog‘liqligi sababli “Abu Hanifa” kunyasini olgani ham zikr qilinadi. O‘zi kabi ota-bobolarining ismida ham “amir” so‘zining uchrashi uning davlat arbobi oilasiga mansub bo‘lganiga ishora qilmoqda. U avval Itqonda tahsil oldi va o‘z davri olimlaridan Ahmad ibn As’ad Harifoniydan ilm o‘rgandi. Shuningdek, Nishopurda Abul Barakot Nasafiyning darslarida ham hozir bo‘ldi. 

Hanafiy fiqhida va arab tili ilmlarida zamonasining peshqadam olimlaridan sanalgan Itqoniy 720/1320-yilda Damashqqa, ayni shu yili hajga yo‘l oldi. Qaytishda esa Qohira va Bag‘dodga safar qildi. Bag‘dodda qozilik va “Mashhadi Abu Hanifa” madrasasida mudarrislik qildi. 747/1346-yilda ikkinchi marta Damashqqa bordi va Zahabiydan keyin “Dorul hadisiz Zohiriyya” hamda “Ganjiyya” madrasalarida mudarrislik qiladi. Bu yerda xufton namozlaridan birida imomning ehtimol shofi’iy mazhabiga mansubligi sababidandir, rukudan qaytayotganida qo‘llarini ko‘targanidan asabiylashib, namozini qaytarib o‘qigan va imom bilan tortishuvga kirishgan. Mana shu mavzuga doir bir risola ham ta’lif etgan Itqoniyga shofi’iy faqihi Taqiyyuddin Subkiy qarshi chiqqan va asariga raddiya yozgan. Bu voqealardan keyin Itqoniyning nufuziga futur yetgani va vazifasidan olingani naql qilinadi. Manbalarda uning 757/1356-yilda Qohiraga ketishi ham ushbu voqealar bilan bog‘langan.

Misrdagi taniqli mamluk sarkardalaridan Sarg‘atmish Nosiriy yurtiga tashrif buyurgan Itqoniyni shaxsan o‘zi kutib olgan. Uni o‘zi qurdirgan Sarg‘atmishiyya madrasasiga mudarris etib tayinlagani, u yerda faqatgina hanafiy fiqhini o‘qitishini va shuningdek, “Hidoya” kitobiga sharh yozishini buyurgani manbalarda aks etgan. Qohirada al-Jome’ul Mardiniyda ham dars bergan Itqoniyning yetishtirgan shogirdlari ichida eng mashhuri bir necha bor Halab va Damashq [1:24] qoziligiga tayinlangan Abul Valid Ibnush Shihnadir. Olimning “kotib” unvonini olganidan ayni vaqtda xattot ham bo‘lgani anglashiladi. Uning ko‘chirgan kitoblaridan biri Abu Zayd Dabusiy qalamiga mansub “Taqvimul adilla” asari bo‘lib, Sulaymoniya kutubxonasida (Lolali, № 690, var.261a) saqlanadi. 

Itqoniy 1357-yilda 73 yoshida Qohirada olamdan o‘tadi. Uning janozasiga katta jamoat yig‘ilgan va olim Qohira tashqarisidagi Qubbatun Nasr mavzesi yaqiniga dafn etilgan [2:205].

Itqoniyning kalom ilmiga doir ikkita asari ma’lum. Bular “ar-Risola al-aloiyya” va “ar-Risola shaddahot al-mo‘tazila” asarlaridir. Ikkala asarning qo‘lyozmalari ham Niderlandiyadagi Leyden universiteti kutubxonasida saqlanadi (№OR 706, var.21b-29a ; №OR 706, var.34b-38a ). Shuningdek, “Raddadatul bid’a’” nomli asari ham borligi takidlanadi.

Olimning yana bir qator asarlari bizga ma’lum. 1.“At-Tabyin” nomli asri Ahsikasiyning “al-Muntahab fi usulil mazhab” nomli asarining sharhi hisoblanadi. 716/1316-yilda yozilgan ushbu asarning bir nechta nusxalari mavjud bo‘lib (Sulaymoniya kutubxonasi., Jorulloh Afandi, №508-509; Lolali, №745; Fotih, No1311; To‘pqopi Saroyi Muzey Kutubxonasi, Ahmad Uchinchi, №342), Sobir Nosir Mustafo Usmon tarafidan Azhar universitetida doktorlik dissertatsiyasi doirasida asarning tahririy tanqidi amalga oshirilgan (1980). 2. “G‘oyatul bayon va nodiratul aqron” (Sulaymoniya kutubxonasi., Domad Ibrohim Posho, №625-626; Asad Afandi, №827-832; Ismixon Sulton, №154–159; Yangijome’, №490–502). Hanafiy fiqhining eng mo‘‘tabar manbalaridan “Hidoya” asarining sharhidir. Muqaddimada qayd etilganiga ko‘ra, muallif sharhni 721/1321-yildagi Qohira ziyorati asnosida boshlagan, Bag‘dod va Arrondaligida ishni davom ettirgan, nihoyat Damashqqa ikkinchi kelishida 747/1346 yilda asarni tamomlagan. 3. “Risola fi tarki raf’il yadayn” (Sulaymoniya kutubxonasi., Fotih, №2269/3; Lolali, №3706/15; Lola Ismoil, №98/9). Bu risolada namozda rukudan avval va keyin qo‘llarni ko‘tarish xususidagi bahs qalamga olingan. 4. “Qasidatush Shafo ma’a sharhihi” (Sulaymoniya kutubxonasi., Domad Ibrohim Posho, №1151/3; Hoji Mahmud Afandi, №3930/1). Arab tili grammatikasi bo‘yicha yozilgan mazkur asarning matni ham, sharhi ham Itqoniyga oid. 5. “Ash-Shomil fi sharhi Usulil Pazdaviy”. Pazdaviy qalamiga mansub “Kanzul vusul” asarining eng yirik sharhlaridan biri. Ba’zi manbalarda asarning tugallanmay qolgani takidlansa-da, avtograf nusxa bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir nusxadan (Sulaymoniya kutubxonasi., Jorulloh Afandi, №487, var.1a ; Jorulloh Afandi, No485, 488, 489, 500) asarning 1352-yil 6-oktyabrda Qohirada yakunlangani ma’lum bo‘lmoqda. 6. “Vardatul arvoh fil asmoil marviyya fil muannasatis samo‘iyya” (Sulaymoniya kutubxonasi., Lolali Ismoil, №706/23). 7. “Al Lubob fil ilmil hisob” (Sulaymoniya kutubxonasi., Yangijome’, №301/6). 8. “Durar” (Manzumatud durar) (Sulaymoniya kutubxonasi., Lolali, №1328/1, avtograf). Sirojuddin Muhammad ibn Muhammad Sajovandiyga oid “al-Faroiz as-Sirojiyya”ning manzum shakli bo‘lib, 710/1310 yilda Buxoroda qalamga olinganidan qirq yil o‘tib, amir Sarg‘atmishga taqdim qilingan. Itqoniyning “Risola fi ‘adami sihhatil jum’a fi mavzi’ayn minal Misr” nomli bir asari ham bo‘lgani manbalarda keltirilgan. 

Itqoniy o‘zining bebaho asarlari bilan hanafiy mazhabi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. O‘z davrida mazkur mazhab himoyasi uchun bel bog‘lagan olimlardan bo‘lgan. Kamolposhozoda (vaf.940/1534) o‘zining “ar-Risola fi tabaqotil mujtahidin” nomli asarida mujtahid unvonini olgan 50 dan ortiq hanafiy olimlari orasida Itqoniyni ham sanab o‘tgan [5:44-45].

Oybek Sotvoldiyev,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

yetakchi ilmiy xodimi

 

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Kholmuminov, F., & Sotvoldiev, O. (2020). Yunini Copy Of Sahih Al-Bukhari. The Light of Islam, 2020(4), 21–30.

2. Ibn Rafi’. Al-Vafoyot. Tahqiq: Solih Mahdiy Abbos. 2/205

3. Qurashiy. Al-Javohirul muziyya. Giza. 1993. 4-jild

4. Laknaviy. Favoidul bahiyya. Qohira. B.50

5. Mo‘minov. O‘rta Osiyo tarixida hanafiy mazhabi. Almati. 2015. B.44–45

 

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry