04.07.2022
263

MEHR-SAXOVAT VA OSOYISHTALIK BAYRAMI

Prezidentimizning “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori xalqimizning qadimiy va betakror bayramlaridan biri bo‘lgan muborak ayyomni mazmun-mohiyatida mos tarzda nishonlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni belgilab berdi. Ushbu bayram xalqimizga xos insonparvarlik, ezgulik, shukronalik va mehr-oqibat singari an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylashda muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davrida Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha soha qatori diniy-ma’rifiy jabhada, xususan, din va e’tiqod erkinligi yo‘nalishida, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurash borasida
 juda katta va salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Ayniqsa, yangi O‘zbekistonda turli millat va elatlar, diniy konfessiya vakillari o‘rtasida o‘zaro do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish, islom dini ta’limotining tinchlikparvar va ma’rifatga asoslangani, har qanday qon to‘kish va terrordan yiroqligi, ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini o‘rganish kabi yo‘nalishlarda ilgari surilgan ezgu tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak e’tirof etilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, keyingi yillarda O‘zbekistonda fuqarolarning vijdon erkinligi sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglik va dinlararo do‘stlik-hamkorlik g‘oyalarini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, davlat organlari va jamoat tashkilotlari tomonidan fuqarolarning Konstitutsiya bilan kafolatlangan vijdon erkinligi huquqini ta’minlash hamda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Dunyoviy va diniy ilmlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashtirilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, “Mir Arab” oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, 10 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti hamda pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat yuritmoqda.

Islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, eng muhimi, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish maqsadida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Surxondaryoda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy majmuasi tashkil etildi.

Fuqarolarning maishiy diniy ehtiyojlarini qondirish maqsadida respublikada faoliyat olib borayotgan diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktablar hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyat vakilliklari qoshida, shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Qur’oni karim va tajvid” kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Yana bir muhim jihat fuqarolarimizning muqaddas ziyoratga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laqonli qondirish maqsadida “COVID-19” pandemiyasi sababli to‘xtatilgan uzoq muddatli tanaffusdan keyin, shu yilning 22-yanvar kuni ziyoratchilarimizning dastlabki guruhlari Saudiya Arabistoniga Umra safariga jo‘natilgan edi.

Natijada 2022-yil 22-yanvardan 15-maygacha 40 mingga yaqin ziyoratchilar Umra amalini bajardi. E’tiborli jihati Umra ziyorati uchun Toshkent — Madina va Toshkent — Jidda yo‘nalishlarida har kuni bittadan, ayrim hollarda ikkitadan maxsus aviareyslar tashkil qilindi.

Bugungi kunda 12 ming nafar ziyoratchi esa Haj amallarini bajarish uchun muqaddas Makka va Madina shaharlariga yetib bordi. Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, joriy Haj mavsumiga kvotaning oshirilgani, shubhasiz, yurtimiz ziyoratchilari uchun juda katta xushxabar bo‘ldi. Bu yil yurtdoshlarimiz O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba bunday katta adadda ziyoratga bordilar.

Hozirgi kunda ziyoratchilarning Haj amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha qulaylik yaratilgan: maxsus ishchi guruhi, tibbiyot va oshpazlardan iborat xodimlar hojilarning sog‘lom, xavfsiz tarzda amallarni bajarishlariga xizmat qilmoqda. Yurtdoshlarimiz Makkai mukarramadagi mo‘‘tabar maskanlarda turib yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va yaqinlarining salomatligini so‘rab duolar qilishmoqda.

Bunday xursandchilik shukuhi mamlakatimizda ham kezib yuribdi.

Davlatimiz rahbari qarori bilan joriy yilning 9 iyul kuni Qurbon hayiti — Iyd al-Adhoning birinchi kuni deb e’lon qilingani hamda yana qo‘shimcha ravishda dam olish kunlarining belgilangani yurtdoshlarimizni benihoya shod etdi.

Qurbon hayiti asrlar mobaynida ajdodlarimiz tomonidan katta tantana va xursandchilik bilan o‘tkazilgan. Bu kunda keksalar, bemorlar holidan xabar olingan, ijtimoiy muhtoj qatlam vakillariga moddiy yordamlar ko‘rsatilgan, o‘zaro sovg‘alar berilgan. Qurbonlik uchun so‘yilgan go‘shtdan nafaqat o‘z xonadoni, balki qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘, beva-bechoralarga ham ulashilgan.

Bugungi kunda ham yurtimizda ushbu qadriyat bardavom. Iyd al-Adho ibodati ado etilgach, oila boshliqlari o‘z oilalariga shirinliklar va boshqa noz-ne’matlar olib kiradi. Ota-ona, qarindoshlar holidan xabar olinadi, qurbonliklar qilinadi va u mahalla ahli, ehtiyojmand insonlar bilan birga baham ko‘riladi.

Sir emas, o‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda diniy erkinlik, dinlararo barqarorlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida jiddiy qadamlar tashlandi. Bu ijobiy o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuqori baholanmoqda.

Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha ekspertlar, soha mutaxassislari mamlakatimizga tashrifi chog‘ida diniy erkinlikni ta’minlash, amaldagi normalarni soddalashtirish, radikalizmga qarshi kurashish, qolaversa, ma’rifiy islom g‘oyalarini ilgari surish borasidagi amaliy ishlarga o‘zlari bevosita guvoh bo‘ldi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan minglab mahkumlarning afv etilishi, fuqarolarning turli ro‘yxatlardan chiqarilishi, shuningdek, “Mehr” operatsiyalari doirasida mojaroli hududlardan ayollar va yosh bolalarning yurtimizga olib kelinishi yuqori darajadagi islohotlar sifatida ekspertlar tomonidan e’tirof etildi.

Yaqinda yurtimizda keng nishonlanadigan Qurbon hayiti mohiyatida ham saxovat, birdamlik, o‘zaro ahillik, inoqlik va hamjihatlik, tinchlik va osoyishtalik singari eng ezgu g‘oyalar mujassamdir. Ushbu bayram barchamizga xursandchilik va farovonlik olib kelsin.

Davronbek MAXSUDOV,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari

Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi 2022 yil 2 iyul, №139(8201)

 

 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry