04.07.2022
534

O‘ZBEKISTONDA MOTURIDIYLIK AQIDASINI O‘RGANISHGA OID ILMIY TADQIQOTLAR

Yangi O‘zbekistonda jamiyat hayotining turli jabhalarida bo‘lgani kabi diniy-ma’rifiy sohada ham zalvorli islohotlar, tubdan yangilanishlar amalga oshmoqda. Yurtimizda “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish”ga o‘tish jarayonida diniy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar o‘zining ahamiyati bilan ajralib turadi. Buni ajdodlarimizning boy milliy-ma’naviy merosini, xususan, milliy qadriyatlarimiz darajasiga ko‘tarilgan qo‘lyozma merosimizni o‘rganish borasida yaqqol ko‘rish mumkin.  

Ma’lumki, O‘zbekiston islom dini, ta’limoti, san’ati va madaniyatini dunyoga yoygan qadimiy yurt hisoblanadi. Yurtimizdan jahon fani va madaniyatiga o‘zining serqirra ilmiy merosi bilan ulkan hissa qo‘shgan minglab allomalar yetishib chiqqan. Ularning nodir qo‘lyozma asarlari dunyoning turli mamlakatlari fondlariga tarqalgan va hozirda o‘sha fondlarning ko‘rki darajasidagi ma’naviy boyligiga aylangan hamda bu xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘liq e’tirof etilgan. 

Hozirda O‘zbekiston allomalarining ma’naviy merosi dunyo bo‘ylab tarqalib, hozirda o‘sha mamlakatlardagi fondlar va muzeylarda saqlanmoqda. O‘zbekistonga daxldor barcha yozma yodgorliklarni aniqlash va ularning nusxalari, faksimilelarini yurtimizga olib kelish ishi boshlandi. Yozma ma’naviy merosimizning katta qismini tashkil etadigan islomshunoslik sohasiga ham to‘laqonli ilmiy yo‘nalish sifatida qaralib, ham dunyoviy, ham diniy mazmunda umumlashtirilgan ilmiy yondashuv shakllana boshladi. Ushbu sohalarni ilmiy jihatdan to‘g‘ri shakllantirish uchun birinchi navbatda asl manbalarni hozirgi zamon o‘zbek tilida, yoshlar va zamonaviy kitobxon tushunadigan tarzda nashr etilishi lozim edi. 

Yurtimizda Qur’oni karim matnining o‘zbekcha izohli tarjimalarining yaratilishi islomshunoslik, xususan, qur’onshunoslik fanining sezilarli yutuqlaridan bo‘ldi. Shayx Usmonxon Alimov, Shayx Abdulaziz Mansur, Shayx Muhammamad Sodiq Muhammad Yusuf, Shayx Alovuddin Mansur kabi ulamolar tomonidan amalga oshirilgan tafsir va tarjimalar ajdodlarimiz hamda hozirgi kunda biz e’tiqod qilib kelayotgan islom dini ta’limoti asoslarini to‘laqonli anglashga xizmat qiladi. Bu yo‘nalishdagi tadqiqotlar bugungi kunda jadal davom etmoqda. Jumladan, Shayx Abdulaziz Mansur tomonidan amalga oshirilayotgan Qur’oni karimning yangi to‘ldirilgan izohli tarjimasi yakunlanib, 2018-yil ushbu izohli tarjimaning yangi nashri amalga oshirildi [11]. Olim tomonidan amalga oshirilgan Qur’oni karimning rus tilidagi tarjimasi ham ilm ahli va kitobxonlarga taqdim etildi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida olib borilgan ilmiy izlanishlarning kattagina qismini ham Qur’oni karim va uning tafsirlariga bag‘ishlangan tadqiqotlar tashkil etadi. Bu yo‘nalishda Qur’oni karim ma’nolarining o‘zbek tilidagi tarjima va tafsiri bilan bir qatorda ularning ilmiy tahlili ham amalga oshirilmoqda. “Qur’on, tafsir va mufassirlar”, “Qur’on oyatlarining mazmuniy mundarijasi va uning ma’naviy ahamiyati”, “Abu Lays Samarqandiyning “Bahru-l-ulum” tafsiri va uning Movarounnahr ma’naviy-ma’rifiy hayotida tutgan o‘rni” [1], “Abu-l-Barakot an-Nasafiyning tafsir ilmida tutgan o‘rni” [12], “Qur’oni karimda Iso payg‘ambar siymosi”, “Abu Bakr Jassos “Ahkom al-Qur’on” tafsirining hanafiy mazhabi rivojidagi ahamiyati” mavzularidagi tadqiqotlar asl manbalarga tayanganligi bilan ajralib turadi va so‘nggi yillarda soha bo‘yicha amalga oshirilgan fundamental tadqiqotlardan hisoblanadi. Bu sohada amalga oshirilgan va himoya qilingan doktorlik dissertatsiyalari alohida ahamiyat kasb etadi. 

Hadis manbalarini ilmiy tahlil qilish ham islomshunoslikning muhim yo‘nalishlaridan bo‘lib, soha bo‘yicha chuqur ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish imkoniyati mavjud. Mana shu maqsadda Samarqandda hadis ilmiy maktabining ochilishi soha rivojiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Jumladan, hadisshunoslik manbalari, hadis to‘plamlaridagi matnlarni tahlil qilish, hadis ma’nolarini to‘g‘ri talqin qilish hozirgi kunda dolzarblik kasb etmoqda. Mazkur sohada “Abdulloh Subazmuniyning “Kashfu-l-osor” asari hadis ilmiga oid manba”, “Abu Hafs Nasafiyning “Kitobu-l-qand fi ma’rifat ulamo Samarqand” asari – Samarqandda hadis ilmi tarixi bo‘yicha muhim manba” [17], “Hakim Termiziyning “Navodiru-l-usul” asari hadis va tasavvuf ilmiga oid muhim manba”, “Movarounnahr va Xuroson olimlarining hadis ilmi rivojida tutgan o‘rni (Buxoriy, Muslim, Termiziy)”, “Imom Dorimiyning hadis ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi”, “Abdulhamid Keshiy ilmiy merosining VIII-IX asrlar Movarounnahr hadis ilmi rivojidagi o‘rni”, “Imom Buxoriyning “at-Tarix al-kabir” asari hadis ilmiga oid muhim manba”, “Hadislarning diniy aqidaparastlikka qarshi mohiyati” [19] mavzularidagi ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilgan. 

Islom huquqshunosligiga bag‘ishlangan tadqiqotlar ham kattagina hajmni tashkil etadi. “Movarounnahr fiqh ilmi rivojida Alouddin Samarqandiyning o‘rni va “Tuhfat al-fuqaho” asarining ahamiyati”, “IX asr Movarounnahr madaniy hayotida Imom Buxoriyning mavqei va uning “Jomiu-s-sahih” asaridagi fiqhiy masalalar”, “Majduddin Ustrushaniyning Movarounnahr fiqh ilmi tarixida tutgan o‘rni”, “Abu Zayd Dabusiy merosining Movarounnahrda fiqh ilmi rivojida tutgan o‘rni”, “Burhonuddin Mahmud Buxoriyning “Muhit” asari va uning Movarounnahr qoziligida tutgan o‘rni”, “Islom huquqshunosligi va hanafiy mazhabi taraqqiyotida O‘rta Osiyo faqihlarining o‘rni”, “Lutfulloh Nasafiyning “Fiqhi Kaydoniy” asari va unga yozilgan sharh va hoshiyalar tahlili”[13], “Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asari – muhim huquqiy manba”, “X–XIII asrlar Movarounnahr ijtimoiy munosabatlariga oid protsessual va notarial hujjatlar”, “Abu Hafs Kabir Buxoriy va hanafiy fiqhi”. “Alovuddin Buxoriy “Hayratu-l-fuqaho” asarining islom manbashunosligida tutgan o‘rni” mavzularidagi dissertatsiyalar va ular asosida yaratilgan monografiyalar sohaga oid muhim tadqiqot- lardan sanaladi. 

Ilmiy ahamiyati bilan bir qatorda muhim amaliy qimmatga ega bo‘lgan tadqiqotlar ham talaygina. Islom manbalari asosida atama va iboralarning ensiklopedik lug‘atini yaratish ham shunday tadqiqotlardan hisoblanadi. Ma’lumki, shu vaqtga qadar yaratilgan islom lug‘atlari biryoqlama yondashuv asosida yozilgan. Mazkur lug‘atga esa mingga yaqin Movarounnahr ma’naviy muhitga oid istilohlar kiritilgan. So‘nggi yillarda Akademiyada sharqmumtoz adabiyoti, o‘zbek adabiyotining nodir qo‘lyozmalarini aniqlash, tadqiq etishga alohida e’tibor berilmoqda. Amalga oshirilgan filologik tadqiqotlar qatorida “Islom davri she’riyatida aruz tizimi va uning evolyutsion taraqqiyoti”, “O‘rta asrlar islom balog‘at ilmida tilshunoslikka oid qarashlar”, “Mahmud Zamaxshariy “Muqaddamatu-l-adab” asarining manbashunoslik va matnshunoslik tahlili”, “Qur’ondagi ma’oniy ilmi tahlili”, “Alisher Navoiyning “Hayratu-l-abror” dostonidagi diniy motivlar”, “Yoqub Charxiy tafsirining filologik tahlili”, “Yusuf Sakkokiyning “Miftahu-l-ulum” asaridagi tilshunoslik nazariyalari” mavzusidagi ilmiy ishlarning alohida o‘rni bor. 

Islomshunoslikning muhim sohalaridan bo‘lgan tasavvuf ta’limotini tadqiq etishga ham alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, “Tasavvuf ta’limotining tarixiy-falsafiy mohiyati”, “Rushdiy “Tazkiratul-avliyo” asari matnlarining sharq agiografik manbalarini o‘rganishdagi ahamiyati”, “Tasavvuf ta’limotida valiylik tushunchasining diniy-falsafiy talqini (Alisher Navoiyning “Nasoyim ul–muhabbat” asari asosida)”, “Mavlono Abdurahmon Jomiyning tasavvufiy-irfoniy qarashlari (“Sharhi ruboiyot” asari asosida)” mavzularidagi tadqiqotlar sohaning rivojini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlardan sanaladi. 

Islom dini ta’limoti bilan bog‘liq zamonaviy tadqiqotlar mustaqillik yillaridagina amalga oshirila boshlandi. Mazkur yo‘nalishda “O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash omillari va muammolari”,“UNESCO faoliyatida diniy bag‘rikenglik tamoyillari (O‘zbekiston Respublikasi misolida)”, “O‘zbekistonda xristian konfessiyalari faoliyati va ularning diniy bag‘rikenglik an’analari shakllanishida tutgan o‘rni”, “Globallashuv sharoitida diniy soha rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlari”, “Kibermakon va islom bilan bog‘liq diniy-ma’naviy jarayonlar”, “O‘zbekiston yoshlarining ijtimoiy-madaniy hayotida diniy ma’rifatning ahamiyati” mavzularidagi tadqiqotlar amalga oshirilgan. 

Islomshunoslik, dinshunoslik va din bilan bog‘liq bo‘lgan zamonaviy ilmiy tadqiqotlarning katta qismi diniy bag‘rikenglik, diniy oqimlar, dinlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, davlat va din masalalariga bag‘ishlangan. Zamonaviy tadqiqotlar doirasida “Din psixologiyasi” nomli o‘quv qo‘llanma, “Islomshunoslik”, “Dinshunoslik” qomusiy lug‘atlari, “Globallashuv va diniy jarayonlar”, “Tasavvuf atamalari” izohli lug‘ati, “Diniy bag‘rikenglik ijtimoiy-psixologik fenomen sifatida”, “Islom ma’rifati va hozirgi zamon”, “Jaholatga qarshi ma’rifat” [7] kabi o‘nlab kitoblar nashr etilgan.

 Dunyo e’tirof etgan islom sivilizatsiyasi markazi maqomiga ega yurtimizning minglab allomalari, ular yaratgan boy ilmiy ma’naviy meros haqida ma’lumot berish, uni dunyoga tanitish yurtimizning islom sivilizatsiyasi rivojidagi yuksak o‘rni va ahamiyatini ilmiy asosda chuqur o‘rganish hamda xalqimizga yetkazishda ensiklopediyalarning o‘rni katta. Ushbu soha bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar “Islom ensiklopediyasi”ning yaratilishi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. 2018-2028 yillar mobaynida ensiklopediyaning 50 mingdan ortiq maqola, bezak materiallari, xarita va chizmalar kiritilgan 20 jildligini nashrga tayyorlash  va chop etish rejalashtirilgan. Ushbu loyiha O‘ zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi 5416-sonli “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni [20] va Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-iyuldagi “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori [21] asosida bajarilmoqda. “Islom ensiklopediyasi” keng qamrovli ilmiy-akademik nashr bo‘lib, bunday loyiha mamlakatimiz tarixida ilk marotaba amalga oshirilmoqda. 

2020-yili ensiklopediyaning birinchi jildi nashr etildi. Uni nashrga tayyorlash jarayoniga yurtimizning ko‘zga ko‘ringan olimlari, diniyulamolari jalb etilgan. “Islom ensiklopediyasi” o‘zining mazmun-mohiyati, mundarijasi, xususiyatlari bilan boshqa shu sohadagi ensiklope-diyalardan tubdan farq qiladi. Unda ayniqsa yurtimiz allomalari, ularning islom sivilizatsiyasiga munosib ulush bo‘lib qo‘shilgan nodir asarlari, sharhlari, vatanimizdagi islom madaniyati obidalari, muqaddas qadamjolari va ziyoratgohlarini yoritishga alohida urg‘u beriladi. Ensiklopediyaning birinchi jildini tayyorlashda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari hamda mamlakatimizning boshqa yetakchi islomshunoslari bilan bir qatorda AQSh, Angliya, Turkiya, Jazoir, Rossiya, Qozog‘iston olimlari ham ishtirok etdi. Unda islom dini asoslari, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, dinimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz va allomalar haqida 1000 ga yaqin ilmiy ma’lumotlar berilgan [8]. Ensiklopediya o‘zining mazmun-mohiyati va xususiyatlaridan kelib chiqib, Misr Arab Respublikasi, Kuvayt, Turkiya, Pokiston, Eron, Angliya, Germaniya, Fransiya, Rossiya kabi davlatlarda chop etilgan Islom ensiklopediyalaridan prinsipial farq qiladi. Xususan, uni tayyorlashda yurtimiz va mintaqa musulmonlari uchun an’anaviy bo‘lgan hanafiy- moturidiylik tamoyillaridan kelib chiqilgan. Ayrim shaxslar, voqea va atamalar mazkur ensiklopediyada ilk marta muomalaga kiritilgan. Maqolalar yozilishida ilmiy-ob’ektivlik prinsiplariga amal qilingan. Ularning aksariyat qismi birlamchi manbalar (Qur’on, tafsir, hadis, ilmiy tadqiqotlar) asosida tayyorlangan bo‘lib, 30 foizi mintaqamizga oid hisoblanadi. Ensiklopediyaning navbatdagi jildlarini tayyorlash bo‘yicha ishlar davom etmoqda. 

Mustaqillikning so‘nggi yillarida islomshunoslikning muhim sohasi bo‘lgan aqida, kalom ilmi bo‘yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 11-avgustdagi “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi [22] hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-noyabrdagi “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari [23] bilan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. 

Buyuk mutafakkir, moturidiylik ta’limotining asoschisi imom Abu Mansur Moturidiy o‘zi yashagan davrdayoq zamondosh olimlar tomonidan e’tirof etilgan va “Imomu-l-mutakallimin” –“Kalom ilmi bilimdonlarining peshqadami”,“Musahhihu aqoidi-l-muslimin”– “Musulmonlar aqidasini to‘g‘rilovchi”, “Rofe’ a’lomu-sh-shari’a”– “Shariat bayroqdori”, “Qole’u abobili-l-fitna va-l-bid’a” – “Fitna va bid’at to‘dalarini to‘ntaruvchi” kabi sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan [9: 11-14].

Dunyoda paydo bo‘layotgan g‘oyaviy kurashlar, din niqobidagi ekstremistik va terroristik harakatlarning oldini olish, ularga qarshi kurashish jarayonida mo‘‘tadil aqidaviy ta’limot asoschisi Abu Mansur Moturidiy va moturidiyshunos olimlar ilmiy merosini chuqur o‘rganish, ularning aqida va kalom ilmi rivojiga qo‘shgan hissasini tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu umuminsoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularda ma’naviy va ma’rifiy qarashlarimizga yot bo‘lgan zararli ta’sirlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Markazning asosiy vazifalari sifatida aqida va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari bo‘lgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, xalq va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, islom dinining insonparvarlik mohiyati, ma’rifiy-madaniy roli va rivojlanish yo‘nalishlarini ilmiy asosda o‘rganish,yosh avlodni millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, tinchlik-totuvlik kabi islom dinining asl qadriyatlari ruhida tarbiyalash, mamlakatda hamda xorijiy davlatlarning kutubxonalari va arxiv fondlarida saqlanayotgan buyuk allomalarning kalom ilmiga oid merosini aniqlash, tadqiqot natijalari yuzasidan qomuslar, kataloglar, albomlar, ilmiy-ommabop hujjatli filmlar, axborot-resurs bazasini tayyorlash va ommaviy axborot vositalari, xususan, Internet jahon axborot tarmog‘ida e’lon qilishni tashkil qilish, “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida islom dinining ilm-ma’rifat, ma’naviy poklik, tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi g‘oyalarini xalqqa, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, mutaassiblik, ekstremizmning maqsadlari, g‘oyaviy negizlari, zamonaviy ko‘rinishlari va faoliyat uslublarini o‘rganish hamda ularga qarshi kurashishning ilmiy-ma’rifiy asoslarini ishlab chiqish va amaliyotda qo‘llash uchun tavsiya etish belgilangan. 

O‘zbekistonda Abu Mansur Moturidiy va moturidiyshunos olimlar ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan muhim tadqiqotlar amalga oshirilgan. 

“Abu Mansur al-Moturidiy yozma merosi va uning “Kitob at-ta’vilot” asari” nomli dissertatsiya yurtimizda mavzu bo‘yicha amalga oshirilgan ilk tadqiqotlardan sanaladi [6]. Tadqiqotda Moturidiy hayotining bosqichlari, uning ilmiy ijodiga ta’sir ko‘rsatgan muayyan tarixiy, diniy shart-sharoitlar, Movarounnahrda, jumladan Samarqanddagi diniy, ijtimoiy-siyosiy holat o‘rganilgan. Abu Mansur Moturidiyning X asr birinchi yarmida Movarounnahr tarixida, xususan Samarqand shahri ijtimoiy-siyosiy tarixida tutgan konkret mavqei aniqlangan, olim ijtimoiy-siyosiy pozitsiyasining o‘zi ishlab chiqqan ta’limotga ta’siri darajasi belgilangan, asarlarining nodir qo‘lyozma nusxalari aniqlangan, “Kitob at-ta’vilot” asari ilmiy istifodaga kiritilib, ta’limotning Movarounnahrdagi tarixi va evolyutsiyasi jarayoni to‘liq ochib berilgan. Shuningdek, “Kitob at-ta’vilot” asarining tarkibiy qismlari hamda yozilish uslublari, shuningdek Moturidiyning ushbu asari yordamida kalom ta’limotining yangi qirralari aniqlangan va ilmiy dalillar bilan ochib berilgan. Moturidiylik ta’limotida mavjud olamni bilish va insonda iroda erkinligi masalalariga oid yangi qarashlar manbadagi ma’lumotlar asosida yoritib berilgan. Tadqiqotda Movarounnahrdan yetishib chiqqan olimlarning moturidiylik ta’limotiga bag‘ishlangan asarlari hamda ularning ushbu kalom maktabiniing rivojlanishiga qo‘shgan hissalari ko‘rsatib berilgan [5: 32-37]. 

S.Oqilov “Abu-l-Mu’in an-Nasafiy va uning moturidiya ta’limoti rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzusidagi tadqiqotida ham mazkur ta’limotni yoritgan. Tadqiqotda Movarounnahrda kalom ilmining rivojlanish jarayonlari, IX-X asrlarda kalom ilmining rivojlanishi va bunda Abu Mansur Moturidiy ilmiy merosining tutgan o‘rni, ushbu ta’limotga bo‘lgan munosabatlar o‘rganilgan. Olimning kalom ilmiga bag‘ishlangan “Tabsiratu-l-adilla” asari ilmiy tahlil qilingan va ushbu asarning dunyo fondlaridagi qo‘lyozmalari kodikologik tavsiflangan [14: 21-23]. Asar kalom ilmiga bag‘ishlangan mutakallimlar tomonidan turli davrlarda yozilgan manbalar bilan qiyoslangan va ilmiy tahlil qilingan. 

Muallif Abu-l-Mu’in Nasafiyning kalom ilmiga oid ilmiy merosini kompleks ravishda birinchi bor tadqiq etgan. Ma’lumki, ushbu asar Abu Mansur Moturidiy “Tavhid” kitobining ilk sharhi sifatida tanilgan. Mazkur sharhning yuksak ilmiy saviyasi sababli u dastlab Movarounnahrda so‘ngra musulmon dunyosida keng tarqalgan. Bu esa o‘z navbatida moturidiylik ta’limotining keng ko‘lamli yoyilishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Tadqiqotda mazkur ikki asarning keng qamrovli qiyosiy tahlili amalga oshirilgan. “Tabsiratu-l-adilla” asarining moturidiylik nomi bilan atalgan ta’limotning paydo bo‘lishi va bu ta’limotning dastlab Movarounnahrda so‘ngra musulmon mamlakatlariga yoyilishidagi xizmatlari ochib berilgan. 

Kalom ilmi rivojiga nasaflik olimlar katta hissa qo‘shganlar. Shular jumlasida Abu Hafs Umar Nasafiyning munosib o‘rni mavjud. “Abu Hafs Nasafiyning “Aqoid” asari va uning sharhlari tahlili” mavzusidagi tadqiqot ham bu yo‘nalishdagi yirik tadqiqotlar sirasiga kiradi. Tadqiqotda XI–XII asrlarda Movarounnahrdagiaqoid ilmlari rivojiga oid diniy-mafkuraviy muhit xususiyatlari tarixiy-diniy tadqiqotlarni qiyosiy-tipologik tahlil qilish orqali amalga oshirilgan. Abu Hafs Nasafiyning hayoti, ilmiy merosi va ularning qo‘lyozma nusxalari, tarjimalari, zamonaviy sharhlari aniqlangan, olimning tafsir, hadis, fiqh, aqida sohalari rivojiga qo‘shgan munosib xizmatlari ochib berilgan. “Aqoid” asarining jahon fondlaridagi qo‘lyozmalarini aniqlanib, ular manbashunoslik, islomshunoslik nuqtai nazaridan kodikologik tavsiflangan. Asarda keltirilgan ma’lumotlar asosida ahli sunna va-l-jamoaning diniy-mafkuraviy xurujlarga qarshi beriladigan dalillari keltirilgan [3: 62-67]. 

Abu Hafs Nasafiyning imon, usulu-d-din, tavhid, hijrat, bog‘iy, jihod, bid’at va takfir tushunchalariga ahli sunna va-l-jamoa ta’limoti asosida yangilangan ta’riflarning berilganligi tadqiqotning yangiligi sifatada ahamiyatga molik. Shuningdek, islom tarixidagi mu’tazila, mushabbiha, mujassima kabi yigirmadan ortiq oqimlarga raddiya berish metodologiyasi tizimga solingan. Olimning mufassir sifatidagi faoliyati jumladan, uning “Taysir fi-t-tafsir” va “Tafsiri Nasafiy” asarlari tadqiq etilgan, ilmiy istifodaga kiritilgan. Asarning ilmiy ahamiyati uning arab, urdu, turk tillarida zamonaviy sharhlar yozilishiga xizmat qilgan va mazkur sharhlar musulmon dunyosida e’tiborga molik manbalardan hisoblanadi [2]. 

“Abu-l-Muin Nasafiy ilmiy merosining Movarounnahr kalom ta’limoti rivojidagi ahamiyati” mavzusidagi “Fiqh, kalom ilmi. Ilohiyot” ixtisosligi bo‘yicha yozilgan tadqiqotda Abu-l-Muin Nasafiyning kalom ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi, adashgan firqalar e’tiqodini to‘g‘rilovchi ahlu-s-sunna va-l-jamoa ilg‘or fikrli allomasi hamda Movarounnahrga xos bo‘lmagan, noan’anaviy diniy-aqidaviy g‘oyalarga qarshi kurashning nazariy asoschisi sifatidagi faoliyati Qur’on va hadis, urf va qiyos yo‘li bilan asoslangan, allomaning “Tabsiratu-l-adilla” va “At-Tamhid li qavoidi-t-tavhid” asarlarida bayon etilgan − diniy muttaassiblikni, firqalararo mutanosiblikni keltirib chiqaruvchi aqidaparastlikni to‘g‘rilovchi ta’limotining mohiyati axloqiy yetuklik, ma’naviy barkamollik, sof e’tiqodiy barqarorlik g‘oyalariga asoslangani ochib berilgan [4]. 

“Sa’duddin Taftazoniyning temuriylar davri moturidiya ta’limoti rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzusidagi tadqiqotda temuriylar davri Movarounnahr ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy muhiti, mahalliy olimlarning moturidiya ta’limotiga oid ilmiy merosi, xususan Sa’duddin Taftazoniyning asarlari tadqiq etilgan. Olimning kalom ilmiga oid “Sharh al-Aqoid an-nasafiya”, “Maqosid at-tolibin fi usul ad-din”, “Sharh al-Maqosid”, “G‘oyatu tahzib al-kalom fi tahrir al-mantiq va-l-kalom” asarlari, ularga yozilgan sharh, hoshiya, ta’liqlari aniqlangan hamda olimning aqidaviy masalalarni tasniflash, dalillash uslublari tahlil qilingan [16: 307-311]. 

Moturidiya ta’limoti shartli ravishda “asos solinish”, “shakllanish”, “rivojlanish”, “keng yoyilish” kabi tadrijiy bosqichlarni bosib o‘tgan va Sa’duddin Taftazoniyning yuqoridagi aqidaviy asarlari ta’limotning keng yoyilishida muhim omil bo‘lgan. Jumladan, allomaning asarlari usmonlilar shayxulislomi Shamsuddin Muhammad ibn Hamza Fanoriy Hanafiy (751- 834/1350-1431) orqali mamlakat hududiga ham keng tarqalgan, rasmiy ta’lim dargohlarida asosiy darslik sifatida o‘qitilgan. Alloma me’roj masalasida hamma jismlar tarkibiy tuzilish jihatidan bir-biriga o‘xshash bo‘lishi, boshqa jismlar osmonga ko‘tarilgani singari inson ham samoga chiqa olishi mumkinligi to‘g‘risidagi fikrlari bilan zamonaviy astrofizika, kimyo fanlariga oid ilmiy-nazariy gipotezalarni ilgari suradi hamda aniq va tabiiy fanlarga taalluqli qonuniyatlarni moturidiya ta’limotida ham qo‘llaganini isbotlashga urinadi. Sa’duddin Taftazoniy hanafiy-moturidiy olimi bo‘lishiga qaramasdan, shofiiy, molikiy, hanbaliy mazhablari uchun ham birdek ahamiyatli ekanligi Zaynuddin Qosim ibn Qutlubug‘o Hanafiy (802-879/1399-1474), Badruddin Muhammad ibn Abu Bakr Molikiy (763827/1362-1424), Jaloluddin Abdurahmon ibn Abu Bakr Suyutiy Shofiiy kabi mashhur 17 ta olim fikrlariga tayangan holda asoslangan[15]. 

“Abu Ja’far Tahoviyning “Aqida” asari va uning sharhlari – hanafiylik ta’limotiga oid manba” mavzusidagi tadqiqot yurtimizda mashhur bo‘lgan aqidaviy manbalardan biriga bag‘ishlangan. Ma’lumki, Abu Ja’far Tahoviy dastlab shofiiylik mazhabi namoyondasi bo‘lgan. Uning mo‘tadil ta’limot sifatida diniy bag‘rikenglikka asoslangan va mutaassiblikdan xoli tamoyillari ta’sirida hanafiylik mazhabiga o‘tgan va uning ish sabablari ochib berilgan. Abu Ja’far Tahoviy va Abu Mansur Moturidiylarning hanafiylik e’tiqodiga oid masalalarni bayon qilishdagi o‘ziga xos qarashlari qiyosiy asosda ochib berilgan [18]. 

Tadqiqotlardagi konseptual xulosalar, nazariy va amaliy ishlanmalar, chop etilgan nashr ishlaridan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarining ta’sirchanligini ta’minlash, mutaassiblik, ekstremizm va terrorizmning asl maqsadini fosh etishga qaratilgan samarali usul-uslublarini ishlab chiqish, yosh avlodni milliy va diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash hamda davlat va jamoat tashkilotlarida targ‘ibot-tashviqot, malaka oshirish ishlari, o‘quv seminar, davra suhbatlarini o‘tkazish jarayonida samarali istifoda etilmoqda. 

Tadqiqot natijalaridan oliy ta’lim muassasalari, akademik litseylar va xalq ta’limi maktablarida “Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning ma’naviy-ma’rifiy asoslari”, “Dinshunoslik asoslari”, “Dunyo dinlari tarixi” fanlarini o‘qitishda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy o‘quv bilim yurtlarining o‘quv jarayonida, shuningdek O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidagi “Islom tarixi”, “Qur’onshunoslik”, “Hadisshunoslik”, “Tasavvuf”, “Islom va hozirgi zamon”, “Dinlardagi oqimlar va sektalar”, “Axborot iste’moli madaniyati”, “Din falsafasi”, “Din sotsiopsixologiyasi”, “Din psixologiyasi”, “Islom manbashunosligi” [10] kabi fanlarni o‘qitishda keng foydalanilmoqda. 

Islomshunoslikka bag‘ishlangan tadqiqotlar o‘zining ilmiy-nazariy asoslari, asl manbalarning istifoda etilishi, xolisligi bilan ajralib turadi va ular jamiyatda barkamol shaxslarni shakllantirish, komil inson sifatida tarbiya topishiga xizmat qiladi. 

O‘zbekistonda islomshunoslikning ilmiy, nazariy asoslarini mustahkamlash bo‘yichaamalga oshirilgan muhim ishlarning ma’lum qismi dissertatsiyalar, monografiyalar va ilmiy maqolalarda o‘z aksini topgan. Jumladan, birinchi marta oliy malakali ilmiy kadrlar ro‘yxatiga yangi “Islomshunoslik” mutaxassisligi kiritildi. Ushbu mutaxassislik tarkibiga “Islom tarixi va manbashunosligi”, “Qur’onshunoslik, hadisshunoslik”, “Fiqh, kalom ilmi. Ilohiyot”, “Mumtoz sharq adabiyoti va manbashunosligi” ixtisosliklari kiritilgan va yuqoridagi ixtisosliklar bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasini olish bo‘yicha dissertatsiyalar himoyasiga ixtisoslashgan Ilmiy kengash ochilib, o‘z faoliyatini olib bormoqda. Ilmiy kengashda islomshunoslikning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlar natijasida shakllangan dissertatsiyalar himoya qilinmoqda. Qisqa muddatda kengashda 26 ta falsafa doktori va 8 ta fan doktori dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoyasi amalga oshirildi. Mazkur sohalarga tayyorgarlik bosqichi sifatida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida doktorantura ochilgan va hozirda 61 nafar doktorant ta’lim olmoqda. Islomshunoslik fanlari mutaxassisligida kalom ilmining ajratilganligi unga berilayotgan e’tiborni ko‘rsatadi. 

Yurtimizdagi islohotlar natijasida islomshunoslik sohasi yanada yuqoriroq rivojlanish pallasiga o‘tdi. U nafaqat respublikamiz, balki xalqaro nufuz doirasiga kirib bormoqda. Jumladan, Akademiyada jahonda madaniyatlararo, dinlararo muloqot sohasidagi hamkorlikni hamda o‘zaro ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida UNESCO xalqaro tashkilotining “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi ochildi. Akademiyada ICESCO (Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti) maxsus kafedrasi ham ochildi. U 2017-yilning 26-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘z faoliyatini boshlagan. 2017-yilning 22–25 may kunlari O‘zbekiston delegatsiyasi ICESCO Bosh qarorgohi Marokash poytaxti Rabot shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib, “Islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasini tashkil etish yuzasidan Anglashuv memorandumini imzoladi. Kafedrani tashkil etishdan maqsad – musulmon dunyosidagi ta’lim, ilm-fan va madaniyat tarixi hamda ularning hozirgi holatini o‘rganish va ular haqida talabalarga chuqurlashtirilgan maxsus kurslarni o‘qitishdan iborat. 

Akademiya tarkibida “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi, “Arab tili va adabiyoti Al-Azhar” kafedrasi ham ochilgan. Hozirgi kunda bu kafedralar jadal xalqaro hamkorlik ishlarini boshlab yuborgan. Akademiyaga xalqaro maqom berilganligi munosabati bilan o‘tgan qisqa muddat ichida Misrning Al-Azhar, Turkiyaning Ibn Xaldun, Istanbul, Saljuq, Kastamonu, Indoneziyaning Jakarta Sahid universitetlari, shuningdek Buyuk Britaniya, Qozog‘iston davlatlari oliy ta’lim muassasalari va markazlari bilan Anglashuv memorandumi imzolangan va hozirda ular bo‘yicha jadal ish olib borilmoqda. Akademiyaga Yevropa, Afrika, Amerika, Avstraliya va Osiyo mamlakatlarining 20 dan ortiq davlatlaridan tashrif va murojaatlar amalga oshirilgandi. Ayniqsa, Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari, islomshunos olim Ahmad at-Toyib boshchiligidagi delegatsiya, Islom taraqqiyot banki Prezidenti Bandar Hajjar boshchiligidagi delegatsiyaning tashriflari xalqaro aloqalarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Akademiya professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, doktorantlari tomonidan o‘ndan ziyod mamlakatga yigirmaga yaqin xorijiy ilmiy safarlar tashkil etildi. 2018–2019 o‘quv yilida Akademiyaga 5 nafar xorijiy talaba o‘qishga qabul qilindi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hujjatlari asosida xorijiy talabalarni o‘qishga qabul qilish hamda chet ellik professor-o‘qituvchilarni ta’lim jarayoniga jalb qilish bo‘yicha huquqiy baza yaratildi. Shuningdek, Akademiya magistratura va doktoranturasiga ham xorijlik talabalarni qabul qilish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda dunyoviy va diniy bilimlar uyg‘unligida mutaxassis tayyorlovchi oliy ta’lim muassasasi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Qur’on ilmlari, hadisi sharif, islom huquqi, aqida, tasavvuf, islom iqtisodiyoti va moliyasi, islom tarixi, manbashunosligi va falsafasi kabi diniy ta’lim yo‘nalishlari, dinshunoslik, xalqaro munosabatlar, xorijiy tillar, ziyorat turizmi hamda mumtoz sharq adabiyoti singari dunyoviy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha bakalavr va magistrlar, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ustida ishlamoqda. Respublikadagi barcha islom ta’lim muassasalari faoliyatini o‘quv-me’yoriy va o‘quv-uslubiy jihatdan ta’minlash hamda muvofiqlashtirish, islom dinining asl mohiyatini va insoniyatni ezgulikka eltuvchi din ekanligini ilmiy asoslangan holda teran o‘rganish hamda targ‘ib etish, ilmiy tadqiqotlar natijalari bo‘yicha diniy-ma’rifiy, ma’naviy-axloqiy yo‘nalishlardagi ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘ida ta’lim resurslarini yaratish va muntazam yangilab borish, malakali xorijiy mutaxassislarni ta’lim jarayoniga jalb qilish, Akademiya mutaxassislarini nufuzli xorijiy oliy diniy ta’lim va ilmiy muassasalarga malaka oshirish hamda tajriba orttirish uchun yuborish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

 

filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon ISLOMOV

 

ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

1. Abdullayev A. Abu Lays Samarqandiyning Movarounnahr tafsirshunosligida tutgan o‘rni. –Toshkent, “Movarounnahr”, 2013. – 216 b.

2. Allokulov A. Abu Hafs Nasafiyning “Aqoid” asari va uning sharhlari tahlili. Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi.Toshkent. 2018.

3. Alloqulov A. Umar Nasafiy va uning “Aqoid” asari tahlili // Toshkent islom universiteti Ilmiy-tahliliy axborot. –Toshkent, 2016. – № 4. – B. 62-66.

4. Daminov E. Abu-l-Muin Nasafiy ilmiy merosining Movarounnahr kalom ta’limoti rivojidagi ahamiyati, Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (Rhd) dissertatsiyasi. Toshkent. 2019.

5. Ziyodov Sh. Abu Mansur al-Moturidiy va kalom ta’limoti // O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar. – 2000. – № 3. – B. 32–37.

6. Ziyodov Sh. Abu Mansur Moturidiy va uning “Kitob at-ta’vilot” asari / Monografiya. Toshkent: “Fan” nashryoti. 2009, 140 b.

7. Ilmdan boshqa najot yo‘q. Mualliflar jamoasi. – T: “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2015. – 156 b.

8. Islom ensiklopediyasi. Toshkent. 2020.– 495 b.

9. Islomov Z. Abu Mansur Moturidiy ilmiy muhiti. Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiya materiallari to‘plami. 2020.–B.11–14.

10. Islomov Z.,Maxsudov D., Tohirov J. Islom manbashunosligi. Darslik. Toshkent. 2019.

11. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. Shayx Abdulaziz Mansurov. Toshkent. 2018.

12. Maxsudov D. Abul Barakot an-Nasafiy va uning “Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta’vil” asari”. – Toshkent: Movarounnahr, 2014. – B. 198.

13. Nasrullayev N. Lutfulloh Nasafiy. –Toshkent. “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2014. - 32 b.

14. Oqilov S. “Tabsirat al-adilla”ning qo‘lyozma nusxalari // Imom al-Buxoriy saboqlari. – 2003. – № 1. – B. 21-23.

15. Palvanov U.Sa’duddin Taftazoniyning temuriylar davri moturidiya ta’limoti rivojiga qo‘shgan hissasi. Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi. –Toshkent. 2020.

16. Palvanov O‘. Allamah Sa’duddin al-Taftazani: prominent scholar of the hanafi-maturidi school // International Scientific Journal, Theoretical & Applied Science. – Philadelphia, USA, 2019. Issue: 06 Volume: 74. – P. 307-311.

17. Rahimjonov D. Abu Hafs Nasafiy. – T. “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2010. – B. 40.

18. Sagdiyev H. Abu Ja’far Tahoviyning “Aqida” asari va uning sharhlari – hanafiylik ta’limotiga oid manba. Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi. Toshkent. 2017.

19. Tajiyev A. Diniy bag‘rikenglikning hadislardagi ifodasi// Imom Buxoriy saboqlari.  –Samarqand. 2019. No3.-B.66-67.

20. https://lex.uz/docs/3686277 

21. https://lex.uz/docs/3791929

22. https://lex.uz/docs/4945427

23. https://lex.uz/ru/docs/5084643

 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry