28.06.2022
542

LUTFULLOH NASAFIY

(vaf. 1349 y.)

XIII asrning oxiri XIV asr boshlarida Movarounnahrdan yetishib chiqqan faqihlar orasida nasafliklar salmoqli o‘rin egallaydi. Bu davrlarda asosan fiqhiy ilmlar rivoji ko‘zga tashlanadi. Nasafshunos turk olimi T.Yashilyurtning qayd qilishicha, turk olimlari tafsir, hadis va adab ilmlarini egallash uchun Suriya, Iroq, Misr kabi davlatlarga borgan bo‘lsalar, fiqh, kalom va falsafa kabi aqliy bilimlarni egallash uchun Nasaf, Samarqand, Buxoroga kelganlar. Garchi bu davrda mo‘g‘ullar istilosi tufayli Movarounnahrda ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-madaniy sohalarda tanazzul yuzaga kelgan bo‘lsa-da, Chig‘atoy xonlaridan Kebekxon (vaf. 1326 y.) davriga kelib, savdo, qurilish, ilm-fan birmuncha ravnaq topa boshladi. Davr ilmiy jarayonida aqida, tafsir, kalom, hadis va fiqh ilmlariga e’tibor avvalgidek jonlana boshlagani kuzatiladi. Unda Abu Bakr Ali Nasafiy (1319 yil hayot bo‘lgan), Abul Barakot Nasafiy (vaf. 1310 y.), Abdulmakorim Alouddavla Ahmad ibn Muhammad (vaf.1334 y.), Amir Mahmud ibn Yamin (vaf. 1344 y.), Mahmud ibn Sadrush-shari’a (vaf. 1346 y.), Xoja Salmon Sovajiy (vaf. 1368 y.), alloma Sa’duddin Umar (vaf.1322 y.), Amir Sayyid Ali (vaf. 1384 y.), Xoja Jaloliddin Turonshoh (vaf. 1385 y.), Bahouddin Naqshband Muhammad ibn Muhammad Buxoriy (vaf. 1389 y.), Jaloliddin Ahmad ibn Yusuf Tuboniy (vaf. 1391 y.) kabi olimlar qatorida Lutfulloh Nasafiy Fozil Kaydoniy ham o‘zining muayyan hissasini qo‘sha oldi. 

Lutfulloh Nasafiy Fozil Kaydoniy Nasafda tavallud topgan. Bizgacha yetib kelgan manbalarda Lutfulloh Nasafiyning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan ma’lumotlar ko‘p emas. Biobibliografik manbalarda ham Nasafiy haqida qisqa va bir-birini doim takrorlab kelgan ma’lumotlar beriladi. Nasaflik olimlarning ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri bo‘lgan Lutfulloh Nasafiy ilmiy merosi mamlakatimiz va xorijda yetarli darajada o‘rganilmagan. Uning bizgacha «Fiqhi Kaydoniy» nomli yagona asari yetib kelgan. 

Muallifning asardagi asosiy maqsadlaridan biri, xalq orasidagi mavjud ijtimoiy, madaniy va ruhiy an’analarning mo‘g‘ullar davrida ham uzluksiz davom etishini ta’minlashdan iborat bo‘lgan. Lutfulloh Nasafiy o‘z o‘rnida mo‘g‘ullar davrida so‘nib borayotgan fiqh ilmini qayta jonlantira olgan. Chunki o‘sha paytda Movarounnahr hududida Nasafiyning «Fiqhi Kaydoniy»  asari kabi ibodat masalalarini to‘liq qamrab olgan e’tiborli asarlar juda kam yozilgan. Asar matnida zikr etilgan masalalar islom manbashunosligining faqat ibodat sohasiga oidligi bilan xarakterli. Unda ibodatga oid masalalarning eng nozik jihatlarigacha kirib borilgan. Muallif keng dunyoqarashi, masalalarni yoritishda hanafiylikka rioya qilishi va ibodatga oid amal turlarini talabaga yodlab oladigan darajada sodda, ravon uslubda mahorat bilan tushuntira olishi kabi mahoratlarini o‘z asarida namoyon eta olgan. 

Manbalarda Lutfulloh Nasafiyning vafot etgan yili ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, uning tavallud sanasi uchramaydi. Qo‘lyozmalarda muallifga «Nasafiy» va «Kaydoniy» deb nisba berilishi uning aynan o‘sha mavzedan ekaniga ishora qiladi. 

Lutfulloh Nasafiyning bolalik va o‘smirlik davrini batafsil yorituvchi ma’lumotlar saqlanib qolmagan. Manbalarda allomaning ilm istab safar qilgani yoki mo‘g‘ullar xuruji sabab o‘zga yurtlarga ketishi haqida ham ma’lumotlar uchramaydi. Shunday bo‘lsada, uni ziyoli oiladan chiqqan, o‘z davrining peshqadam faqihlaridan ta’lim olgan, shariat ilmlarini mukammal egallagan, deyishga asosimiz bor. Chunki Nasaf ham o‘ziga qo‘shni shaharlar kabi mintaqaning ilm-fan va madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan. U yerda mashhur ulamo va shayxlar faoliyat ko‘rsatgan. 

«Fiqhi Kaydoniy» asari qariyb olti asr, ya’ni o‘tgan asrimizning o‘ttizinchi yillarigacha O‘rta Osiyo madrasalarida o‘qitildi va islom fiqhining asosiy qo‘llanmalaridan biri sifatida e’tirof etildi. Asarning ko‘plab tarjima, ta’liqa, sharh va hoshiyalari Movarounnahr shaharlariga keng tarqaldi. Bu kabi omillar muallif asarining muhim ahamiyatga ega ekaniga ishora qiladi. Fiqhiy mavzuda yozilgan ushbu asarning yuzlab qo‘lyozma nusxalari jahonning turli qo‘lyozma fondlarida saqlanadi. 

Lutfulloh Nasafiy asarni yozishda o‘zidan avval yaratilgan ibodatga oid asarlarga tayangan. Chunki ibodat masalalari diniy ilmlar ichida eng nozik va mazhab qoidalarini to‘liq talab qiluvchi ilmlar sirasiga kiradi. O‘z o‘rnida bu kabi jihatlar uni yorituvchilar uchun juda katta mas’uliyat yuklaydi. Nasafiy mana shu mas’uliyatni teran anglagan holda, o‘z ishini boshlagan. Bu bilan u aqida, hadis, fiqh va boshqa ilmlardan yetarlicha xabardor ekanini isbotlay olgan. Shu boisdan asar matnini boshqa ibodat masalalari yoritilgan asarlarga taqqoslansa, ularda o‘zaro o‘xshashlik jihatlari kuzatiladi. Ma’lumki, mazhablar yuzaga kelishi bilan fiqhiy istilohlar ham muomalaga kirdi. Jumladan ,farz, vojib, sunnat, mandub, mustahab, maqbul, marg‘ub, muboh, harom, makruh, shart, illat, rukn kabi amal turlari mazhablar orasiga yoyilib, ular turli nomlarda qabul qilindi. Har bir fiqhiy atama mazhab asoschilari doirasida muayyan darajada ochib berildi. Shuningdek, rukn va shart, illat va sabab, fosid va botil orasidagi farqlar ham mazhablararo o‘z ta’riflariga ega bo‘ldi. Bu kabi istilohlar mazhabga ko‘ra ba’zi farqli o‘rinlarga ega. Masalan, farz bilan vojib hanafiylarda boshqa-boshqa (farz qat’iy, vojib zonniy) sanalsa, sunniylikning qolgan mazhablarida vojibni qabul qilmasdan farz bilan kifoya etiladi. Endi asarda keltirilgan sakkiz turli amal haqida qisqa ma’lumot berib o‘tamiz:

Farz – shariat istilohida hech qanday shubhasiz, qat’iy dalil bilan sobit bo‘lgan hukm. Uni bajarish bilan kishi savob topadi, tark etish bilan jazoga loyiq bo‘ladi. Farzning ikki, ya’ni «farzi ayn» va «farzi kifoya» turlari mavjud. 

Vojib – amal qilish hukmiga ko‘ra, farzga yaqin turadi. Shariat istilohida esa, gumonli dalil bilan qaror topgan hukmga aytiladi. Lug‘atda «lozim», «kerak», «zarur», «shart» degan ma’nolarni anglatadi. 

Sunnat – lug‘aviy ma’nosi – «odat, yo‘l, tajriba, qonun va harakat tarzi» kabi ma’nolarni, shar’iy istilohda esa, Muhammad (a.s.)ning doimiy qilgan odatlari va aytgan ibratli so‘zlari, hadislar tushuniladi. Ahli sunna va-l-jamoa mujtahid ulamolari sunnatni dalil sifatida qabul etib, uni Qur’ondan keyin turuvchi dalil deb ittifoq qilganlar. Hadisning sahih, hasan, mashhur, mutavotir va zaif kabi turlari mavjud. 

Mustahab – «yaxshi ko‘rmoq, yoqtirmoq» ma’nolarida bo‘lib, shariat istilohida Payg‘ambar (a.s.)ning ba’zan qilib, ba’zida tark etgan amallaridir. Uni bajarish bilan kishi savobga ega bo‘ladi, tark qilsa gunohkor bo‘lmaydi. 

Muboh – «ravo, joiz» ma’nolarida ishlatiladi. Bu amalni bajarish-bajarmaslik bandaning o‘ziga havola bo‘lgan ixtiyoriy amal. Kishi uni xohlasa bajaradi, xohlamasa yo‘q. Muboh «iboha», ya’ni inson ixtiyorida bo‘lgan ishlar jumlasiga kirib, «ibohai shar’iy» – shariat tomonidan berilgan ixtiyor, deb ataladi. 

Harom – lug‘aviy ma’nosi «man qilingan», «taqiqlangan» deganidir. Shariat hukmi bo‘yicha, uni qilishdan qat’iy qaytarilgan. Haromning hukmi shuki, agar kishi Alloh taolodan qo‘rqib uni qilmasa, savob topadi, agar qilsa, jazoga mustahiq bo‘ladi. 

Makruh – so‘ziga «noxush» yoki «yomon ko‘rilgan narsa» deya ta’rif berilgan. Makruh amalini kim Allohdan qo‘rqib qilmasa, savob topadi. Uni qilgan kishiga azob xavfi bo‘lishi mumkin. 

Mufsid – unga «buzuvchi» ma’nosi berilgan. Agar biror shar’iy amal (masalan, namoz) qasddan buzilsa, azobga mustahiq bo‘ladi. Agar sahvan, ya’ni adashib buzsa, gunoh bo‘lmaydi. 

«Fiqhi Kaydoniy»da yuqorida sanab o‘tilgan tarzda sakkiz turli amalga qisqacha ta’rif beriladi. Keyin mazkur amallarning har biriga alohida sharh beriladi. Barcha amallar alohida boblarga ajratilib, keng yoritiladi. «Fiqhi Kaydoniy» faqat namoz masalalarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, undagi har bir amal keng va birma-bir yoritilgan. Zero, mavzu toraygan sari, uning ichiga chuqurroq kirish imkoniyati ko‘payadi. 

Muallifning ibodat masalalarini yoritish uslubi va qo‘yilgan vazifalarni tushuntirishi ilmiy jihatdan asoslidir. Asarda amal turlarining ta’riflari keng qamrab olinsa-da, ular qisqa uslubda tushunarli tarzda ochib beriladi. Muallif asarni ta’lif etishda quyidagi o‘ziga xos uslublardan foydalangan:

 – fiqhiy masalalarni muxtasar shaklda yoritishga e’tibor qaratgan; 

– asardagi jumlalarni aniq va lo‘nda ifodalagan; 

– ibodat bilan bog‘liq sakkiz xildagi amal turlari sanalib, ularning har biriga alohida ta’rif bergan; 

– sakkiz turdagi amallar ikki guruhga, «buyurilgan» va «buyurilmagan» amallarga ajratilgan; 

– avval buyurilgan amal turlari keltirilib, ularning besh turi, ya’ni farz, vojib, sunnat, mustahab va mubohlar haqida ma’lumot berilgan;

– buyurilmagan amallar – harom, makruh va mufsidlarning umumiy soni sakkiztaga yetkazilgan; 

– namozdagi amallar muayyan boblarga ajratilib, matnda ularning har biri alohida bayon etilgan; 

– amal turlari «xos» va «omm» jihatdan ikki turga ajratilgan. Unga ko‘ra, vojib, sunnat, mustahab, makruh va mubohlardan tashkil topgan besh guruh xos va umumiy turlarga bo‘lingan; 

– farz qat’iy buyurilgan amal turlari e’tiboridan faqat «doxiliy» va «xorijiy» (ichki va tashqi) guruhlarga ajratilgan;

 – qaytarilgan amal turlaridan sanalgan harom va mufsidlar «omm», ya’ni barcha uchun umumiyligi ko‘rsatilgan; 

– masala bayonida o‘quvchining oson tushunib, uni yodlab olishi ko‘zlangan.

Fiqhiy matnlar tahlili bu sohaga oid asarlarning deyarli barchasi o‘ziga xos uslubda yozilganini ko‘rsatdi. Ularda matn qisqa, lo‘nda va yodlash uchun qulay bo‘lishiga e’tibor qaratilgan. Asar matni an’anaga muvofiq «basmala» bilan boshlangan. Har bir ishni «Bismillahir rohmanir rohim» kalimasi bilan boshlash Muhammad (a.s.)ning «Allohning ismi bilan boshlanmagan har-bir ish kesikdir» mazmundagi hadislari bilan hujjatlangan. «Bismilloh»ning fazilati haqida va uni sharhlab, turli davrlarda ko‘plab asarlar yozilgan. Ilmiy tilda uni «Tasmiya» yoki «Basmala» deb aytiladi. Asarning kirish qismida hamd, na’t va salovatlar berilgan.

Asosiy matn – «Bilginki» so‘zi bilan boshlanadi. Har qanday asarning birinchi jumlasi nihoyatda ahamiyatlidir. Asarning ta’kid ma’nosidagi so‘z bilan boshlanishi undagi mavzularni yodda olib qolish zarurligiga ishora qiluvchi bir vosita bo‘lib xizmat qiladi. Bu hol fiqhiy va grammatik asarlarda keng uchraydi. Uning bu kabi ko‘rinishi keyinchalik badiiy va she’riy uslublarda ham namoyon bo‘la boshladi. 

«Fiqhi Kaydoniy»ning Movarounnahr madrasalarida qo‘llanma sifatida o‘qitilgani asarga ko‘plab sharhlar yozilishiga sabab bo‘lgan. Bu sharhlarning aksari Movarounnahr va Xuroson olimlari qalamiga tegishli bo‘lib, asosan «Sharhi Fiqhi Kaydoniy» nomi bilan keng tarqalgan. Jumladan, Sa’diddin Taftazoniy, Qozi Ixtiyor, Mavlono Fasihiddin ibn Abdulkarim Nizomiy Hiraviy, Shamsiddin Muhammad Ko‘histoniy, Muhammad Amin ibn Abdulloh Mo‘minobodiy, Ibrohim ibn Mirdarvesh Buxoriy, Ismoil Nosih, Ibrohim ibn Husayn ibn Ahmad ibn Piri Makkiy Pirizoda, Aziz Mahmud ibn Fazlulloh ibn Mahmud Hudoiy Uskudariy, Shayx Ismoil Haqqi ibn Mustafo Jalvatiy, Nuriddin Ali ibn Sulton Muhammad Qoriy kabi olimlar «Fiqhi Kaydoniy»ga turli hajmda sharh yozganlar. 

Asarning qo‘lyozma va toshbosma nusxalarini qator Sharq qo‘lyozma fondlarida jumladan, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazida uchratish mumkin. Ushbu markaz qo‘lyozma va toshbosma asar matnlari hoshiyasiga bitilgan nusxalar bilan salmoqli o‘rin tutadi. Mana shunday holatlar «Fiqhi Kaydoniy» matni va sharhlarida ham ko‘zga tashlanadi. Asarning izohli nusxalari asosan hoshiya va jadval tashqarisiga ko‘chirilgan.

Lutfulloh Nasafiyning «Fiqhi Kaydoniy» asari ko‘p jihatlari bilan hanafiy fiqhiga mansub Burhoniddin Marg‘inoniyning «Hidoya», Tojiddin Ubaydulloh ibn Mas’udning «Muxtasar al-Viqoya», Abul-Lays Samarqandiyning «Muqaddima as-salot», Mas’ud ibn Mahmud ibn Yusuf Samarqandiyning «Saloti Mas’udiy», Ibn Kamolposhshoning «Shurut as-salot» kabi fiqhiy asarlariga matn jihatidan yaqin turadi. 

Ibodat va muomalot masalalarining bir-biridan oz bo‘lsa-da, farqli jihatlari bo‘lib, bir o‘lkada muay-yan bir mazhabning shakllanishiga olib kelgan. Shunga ko‘ra, Marv, Nishopur, Samarqand, Buxoro, Balx, Nasaf, Kayruvon, Qurtuba shaharlarida qator ilm markazlari yuzaga kelgan. Ularda mazhabboshimiz Imom A’zam Abu Hanifa (vaf. 767 y.)ning fiqhiy uslublari, ya’ni Qur’oni karim, hadis, sahobalar so‘zlari, qiyos, istehson, ijmo’ va urf kabilarga tayanib hukmlar chiqarilgan. U zotning aksar shogirdlari Movarounnahr va Xuroson o‘lkalaridan bo‘lib, hanafiylik ijtihodini keng tarqatganlar. Shu sabab, o‘lkamizdan yetishib chiqqan faqihlarga ehtiyoj va ehtirom doimo kuchli bo‘lgan. Movarounnahr faqihlari nafaqat umuminsoniy qadriyatlar, balki mahalliy urf-odatlarni ham e’tibordan chetda qoldirmaganlar. O’lkadagi mavjud fiqh maktablari o‘ziga xos tarzda shakllanib, ularda shariat an’analarining nozik va daqiq tomonlari munozarali kurashlar ostida tahlil etilgan. Bu ayniqsa fiqhiy masalalarda yaqqol namoyon bo‘lgan. 

Xulosa o‘rnida quyidagilarni aytishimiz mumkinki, hanafiy olimlari nafaqat ijtimoiy masalalar, balki ibodat masalalari orqali ham jamiyatni birlik, yaxshilik va ezgulikka chorlaganlar. Ularning fiqhiy qarashlari ta’lif etgan asarlarida o‘z aksini topgan. Shu munosabat bilan Lutfulloh Nasafiyning «Fiqhi Kaydoniy» asari fiqhiy ilmlar ichidagi eng katta qismni tashkil etgan namoz va uning qoidalariga yo‘naltirilgan mavzularni qamrab olgan. Ma’lumki, Qur’on, hadis hamda tafsir kitoblarida ibodat va unga taalluqli masalalar haqida ko‘p zikr qilingan va bunga alohida e’tibor qaratilgan. Davr talabidan kelib chiqqan holda, faqat ibodat masalalarini to‘liq qamrab olgan «Fiqhi Kaydoniy» kabi katta fiqhiy masalalar to‘plami mustaqil holda ham yaratilgan. «Fiqhi Kaydoniy» yozilgan davridan boshlab, to XIX asrning ikkinchi yarmigacha ta’lim tizimida fiqh ilmi, xususan, ibodat masalalari bo‘yicha asosiy qo‘llanmalardan biri bo‘lib kelgan. Asarning o‘zbek tilidagi tarjimasi «Toshkent islom universiteti» nashriyot-matbaa birlashmasi bosmaxonasida 2009 va 2010-yillari chop etilgan.

t.f.n. Ne’matilla Nasrullayev

 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry