25.06.2022
656

XII ASRDA MOVAROUNNAHRDA YARATILGAN FIQHIY ASARLARDAGI OILAVIY MASALALAR TAHLILI

O‘zbekiston davlati va huquqining poydevori – milliy davlatchilik tayanchlari juda qadimiy va mustahkam bo‘lib, ko‘p yillik tarixga ega. 

Ko‘hna tarixga ega mintaqamizning boy madaniyati asrlar davomida ilmu-fan darg‘alari bo‘lmish ajdodlarimiz ijodi bilan takomillashdi, boyidi va taraqqiyotning yuksak pog‘onalariga ko‘tarilib, nafaqat bizga, balki butun bashariyat uchun bebaho meros bo‘lib qoldi. O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov bu haqda quyidagi fikrni bildirgan edi: “O‘tmishdagi allomalarning bebaho merosi qanchadan qancha avlodlarning ma’naviy ruhiy ongini va turmush tarzini shakllantirgan edi va u hamon ta’sir ko‘rsatmoqda” (I. Karimov, 1996:40–41). 

Darhaqiqat, haqli ta’kidlanganidek, “Yer yuzida musulmonchilik paydo bo‘lganidan buyon asrlar davomida dunyoning turli mamlakatlarida yuzlab olimu ulamolar islom huquqshunosligi bilan mashg‘ul bo‘lib kelganlar”. Bular o‘z buyuk asarlari va huquqiy nazariyalari bilan, islom huquqi sohalarini kengaytirib bergan va fiqh ilmining har tomonlama rivoj topishiga ulkan hissa qo‘shgan movoraunnahrlik faqihlar edi. 

O‘zbekiston faqihlari mujtahidlar davridan so‘ng nafaqat taxrij va tarjih davrlarida, balki taqlid davrida ham islom huquqshunosligini takomillashtirish yo‘lida faxrlanishga arzigulik ilmiy muvaffaqiyatlarga erishib, kalom va huquq sohalarida yangi fan va maktablarga asos solish bilan birga, yangi huquqiy nazariyalar yaratganlar. 

Ma’lumki, XII asrda Markaziy Osiyo, jumladan, Movarounnahrda fiqh ilmining rivoji va takomili uchun ta’sirchan omillar yuzaga kela boshladi. Ushbu omillardan biri, A. Mo‘minov tahliliga ko‘ra, bu davrda qoraxoniylar davlati qaror topishi natijasida “Movarounnahrning Xuroson bilan aloqalari zaiflashib, oyoqqa turgan mahalliy maktablarning mustaqil rivojlanishiga asos yaratildi. Markaziy shaharlarda avtonom boshqaruvning kuchayishi ulamo guruhlari ta’sir doirasining kengayishiga olib keldi. Bu bilan fiqh normalarini hayotga tatbiq etishga real sharoit yaratildi. Buxoro va Samarqandni haqiqiy ilm markazlariga aylantirdilar. Bu shaharlarda, Nasaf, Marv, Farg‘ona faqihlari ham faoliyat ko‘rsatdilar”. (A. Mo‘minov, 1999:42.) 

Turk tadqiqotchilari xulosalariga ko‘ra, mazkur davrda 300 ga yaqin faqih mavjud bo‘lib, 150 dan ko‘proq fiqhiy (huquqiy) asarlar, 20 ta fatovo (fatvolar majmualari) yozilib, ularning asosiy qismi 98% hanafiy mazhabiga tegishli bo‘lgan. 

Bu davrda yaratilgan bebaho asarlarda yangi katta xajmdagi ma’lumotlarni hanafiy fiqhi ning an’anaviy qobig‘iga kiritish 3 yo‘l bilan amalga oshirildi: 

1) Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniyning “Zohirar-rivoya” darajasidagi asarlarga sharhlar yozildi; 

2) Fiqh fani doirasida yangi mustaqil kitoblar tuzildi; 

3) Avvalgi davr va zamondosh faqihlarning fatvolari to‘plamlarga yig‘ildi. Bu sohadagi ishlarni umumlashtiruvchi darslik bo‘lib Marg‘inoniyning “Kitob al-Hidoya fisharh al-Bidoya” asari paydo bo‘ldi (A. Mo‘minov, 1999:42). 

Burhoniddin Marg‘inoniyning qimmatli huquqiy asari “Al-Hidoya” ixchamligi, mukammalligi, hanafiy mazhabini boshqa sunniylik mazhablari bilan qiyosiy uslubda o‘rganib, har tomonlama yoritganligi uchun o‘ziga xos katta nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi. 

Burhoniddin Marg‘inoniy hanafiy mazhabining keng doirasida son-sanoqsiz huquqiy masalalarni hal qilish yo‘llarini topishga muvaffaq bo‘ldi. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustaqil sur’atda ijtihod qilish vakolatiga ega bo‘lmasa ham, o‘z ilmiy-huquqiy asarlarini yaratishda qiyosdan (qiyosi jaliydan), ayniqsa qiyosning ikkinchi turi bo‘lmish “qiyosi xafiy” yoki “istihson”dan, keng ko‘lamda foydalandi (J. Toshkulov, N. Yusupova, I. Bekmirzayev, O. Sarsenboev, S. Masaidov, 2014:90). Shuning uchun ayrim olimlar Marg‘inoniyni “al-Mujtahid fil-mazhab”, ya’ni mazhab bo‘yicha Mujtahid deb bilganlar (N. Yusupova, Sh. Juzjoniy, 2007:17). 

Marg‘inoniy fikricha, bilim uch manbadan hosil bo‘ladi. Birinchisi, nass bo‘lib, u shar’iy hukm manbai bo‘lmish Qur’on oyatlari va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflaridir. Ikkinchisi, aql va tafakkur, uchinchisi, his-tuyg‘u (sezgi) organlarida hosil bo‘ladigan ma’lumotlar badiiy, ya’ni hech qanday dalolatsiz qabul qilinuvchi hisoblanadi. 

Alloma “Hidoya”da fiqhiy masalalarni yoritishda qiyosiy uslubdan foydalanib, turli mazhablardagi nazariyalarni bir-biri bilan solishtiradi. Avval, Qur’on, so‘ngra Sunnaga asoslanadi, undan keyin ijmO‘ va qiyosga o‘tadi. Qiyos muammoni hal etishda yordam bermasa, istehson (qiyosi hafiy)ga o‘tadi. Yechimi topilmagan holatda urfu odatga tayanib xulosa chiqaradi. Burhoniddin Marg‘inoniyning masalalarni yechishda aqliy manba sifatida qiyosga e’tibor qaratishi hamda istehson va urfga tayanishi huquqiy muammolarni hal etishda keng imkoniyat ochib beradi. U ibodatlardan tashqari insonlarning amaliy hayotiga tegishli bo‘lgan huquqiy masalalarni, boshqa dalillar bilan birga, ushbu mezonlar bilan ham baholaydi. Mantiqiy tahlildan o‘tkazadi. U istiqro (deduksiya) va ilmiy tahlil (analiz) dan keng foydalanadi. Har bir masalani turli mazhablar orasida qiyosiy uslubda o‘rganib, xulosa chiqaradi va eng ma’qul deb topgan fikrini tahlil oxirida zikr etib, uni ustun qo‘yadi. Shu sababli “Al Hidoya” Islom huquqining falsafiy tahlili deb atalsa ham o‘rinli bo‘ladi (N. Yusupova, A. Juzjoniy, 2007:18). 

“Al-Hidoya” Marg‘inoniyning shoh asari bo‘lib, Burhoniddin Marg‘inoniyning zamondoshlari mashhur faqihlar ham buni e’tirof etishgan. Bu haqda alloma al-Xaddod: “Hidoya ham Qur’on singari o‘zidan ilgarigi shariat bo‘yicha yozilgan kitoblarni e’tibordan qoldirdi” (M. Laknaviy, 1906:3), degan. 

“Hidoya” asari uzoq 13 yil davomida yozib bitkazildi. Buning sababi birinchidan, “Bidoyatil - Mubtadiy”ga Imom Muhammad ash-Shayboniyning “Al-jomi’ as-Sag‘ir” va al-Quduriyning “Muxtasar” asarlari asos qilib olingan bo‘lib, “Bidoyatul-mubtadiy”ga kiritilgan asosiy huquqiy masalalarga oid minglab far’iy (juz’iy) masalalar mavjud edi. Ular orasida xalqning amaliy hayotiga bog‘liq, o‘z yechimini topmagan ko‘plab muammolar bor edi. Shu nuqtai nazardan o‘sha davrning o‘zgaruvchan sharoitini sinchiklab o‘rganish, birinchi darajali muammolarni ikkinchi darajali muammolardan ajratib olib, ularni yechish yo‘llarini belgilab berish muallifdan katta diqqat e’tibor, har tomonlama tekshirish va chuqur kuzatishlarni talab qilardi. 

Ikkinchidan, Burhoniddin Marg‘inoniy fiqh ilmi bosib o‘tgan olti davrning (Payg‘ambar, sahobalar, tobeinlar, mujtahidlar, muxarrijlar va muqallid (taqlid etuvchi)lar davrlari) beshinchi bosqichi bo‘lmish muxarrijlar (ulardan ilgari o‘tgan mujtahidlar va buyuk huquqshunos olimlar asarlariga murojaat qilish orqali mazhab doirasida yangi topilgan murakkab huquqiy muammolarni yechish yo‘llarini topuvchilar) davrida yashagani uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri erkin ijtihod qilish vakolatiga ega emas edi. Chunki IV hijriy asr boshlarida (milodiy X asrda) hech kim islom huquqi bo‘yicha mustaqil ijtihod qilish vakolatiga ega emas, degan fikr bor edi. Huquqshunoslik bo‘yicha barcha faoliyat, buyuk olimlar tomonidan belgilab berilgan asosiy qonun qoidalarni izohlash, tafsir etish sohasida bo‘lishi kerak, degan nazar mavjud edi (M. Xadduriy, 1958:105). Lekin Muhammad Abdulhay Laknaviy o‘zining mashhur asari “Al-Favoid al-bahiya”da hanafiy mazhabi olimlarini olti guruhga bo‘lib, Burhoniddin Marg‘inoniy va al-Quduriyni “ashabut-tarjiyh”, ya’ni ba’zi rivoyatlarni ba’zilariga tarjiyh berish (ustun qo‘yish) salohiyatiga ega olimlar qatorida zikr etgan.

Mazkur sharoitda Burhoniddin Marg‘inoniy oldida turli mualliflar tomonidan yozilgan ko‘p fatovolar (huquqiy majmualar) bor edi. Ularda minglab masalalar, ayrim muayyan muammolar bo‘yicha o‘nlab mulohazalar, hatto birbiriga qarama-qarshi nazariyalar mavjud edi. Muallif nazarda tutgan huquqiy masalani yoritish uchun,birinchidan, shariatning asosiy manbalari, undan keyin Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofe’iy, Imom Ahmad ibn Hanbalning asarlari, ash-Shayboniyning“Zohirur-rivoya” kitobi, Abu Yusufning “Kitobul-xiroj”, “Adabul-qoziy”, “Abu Hanifa va Ibn Abilaylo orasidagi ixtiloflar”, “AvzO‘iy va Anas ibn Molikning ayrim huquqiy masalalar bo‘yicha bildirgan fikrlariga yozilgan raddiya” kitoblari, Imom Zufar asarlari, shuningdek, islom huquqi turli sohalariga oid son-sanoqsiz kitob va to‘plamlarni o‘qib chiqib, ularda bildirilgan fikr-mulohazalarni bir-biri bilan solishtirib, asosli xulosalar chiqarish kerak edi (N. Yusupova, A. Juzjoniy, 2007:22). 

Albatta, eng hayotiy va zarur rivoyatlarni tanlab olib, ularning to‘g‘riligini naqliy dalillar bilan isbotlab, aqliy dalillar bilan mustahkamlash, mumtoz asarlarning matn va mazmuniga chuqur kirib borib, ularning huquqiy asoslarini belgilab olish katta mehnat va izchil ishlashni talab qilardi. 

“Hidoya”ning yana bir xususiyati shundan iboratki, unda “Ilmul xilof” (Qiyosiy huquqshunoslik) orqali belgilab berilgan qoidalar keng ko‘lamda nazarda tutiladi. Chunki Burhoniddin Marg‘inoniy ushbu fan sohasida ham yetuk olim va mutaxassis hisoblangan. Burhoniddin Marg‘inoniy “Hidoya”da huquqiy muammolarni yechish jarayonida faqat uchta asosiy mazhab (hanafiy, molikiy, shofe’iy mazhablari)gagina emas, balki zohiriy va avzoiy mazhablariga doir fikru mulohazalarni ham o‘rni kelganda keltirib o‘tadi, har biri haqida o‘z nuqtai nazarini bildiradi. Ushbu nuqtai nazardan “Hidoya” “Ilmul xilof”ni keng ko‘lamda o‘rganish uchun ham muhim va e’tiborli manba hisoblanadi. Hanbaliy mazhabiga tegishli masalani “Hidoya” va boshqa yirik faqihlar yozgan asarlarga kiritilmaganligining sababi shundaki, ahli sunna faqihlari, hatto XII asrgacha, hanbaliylarni faqihlar sifatida emas, balki muhaddislar sifatida tan olib kelganlar. 

Shunday qilib, Burhoniddin Marg‘inoniy yozgan to‘rt jildlik “al-Hidoya” kitobi sunniylik yo‘nalishida hanafiy mazhabi bo‘yicha muhim va mukammal huquqiy asar sifatida 55 dan ortiq kitob, yuzlab bobu fasldan tarkib topgan bo‘lib, meros huquqidan tashqari, islom huquqining barcha sohalarini qamrab oladi. Burhoniddin Marg‘inoniy meros huquqini o‘z kitobiga kiritmaganining sababi shundaki, Imomi A’zam Abu Hanifa meros muammolarini maxsus fan sifatida fiqh ilmidan ajratib, uni “al Faroiz” deb atagan. 

“Hidoya”ning birinchi jildi tahorat va amaliy ibodatlar (namoz, ro‘za, zakot va haj)ga, ikkinchi jildi oila huquqi, qul saqlash muammolari, hudud jazolari (Alloh tomonidan belgilangan jazolar), xalqaro huquq me’yorlari, shirkatchilik, islom huquqiga xos bo‘lgan vaqf huquqi kabi masalalarga, uchinchi jildi muomalot turlari (fuqarolik huquqi) sud, sud jarayoni, to‘rtinchi jildi esa dehqonchilik va yer muammolari, jinoyat turlari, guvohlik va boshqa ko‘plab mavzularga bag‘ishlangan. XII asrlar hanafiylik mazhabidagi eng ko‘p fiqhiy asarlar yozgan va o‘sha davrdagi fatvolari bilan mashhur bo‘lgan yana bir benazir alloma Iftixoruddin Tohir ibn Ahmad Buxoriydir (A. Qurashiy, 1993:188; M. Laknaviy, 1998:146). Iftixoruddin Tohir ibn Ahmad Buxoriy tomonidan yozilgan fatvo asarlari Movarounnahrda yozilgan hanafiy mazhabidagi eng mo‘‘tabar manbalardan hisoblanadi. Iftixoruddin Tohir ibn Ahmad Buxoriy garchi umri davomida Buxoro, Marg‘ilon va Saraxsda yashagan bo‘lsa-da, uning asarlari ko‘plab musulmon mamlakatlarida tan olingan. Shuningdek, alloma yozgan asarlar mintaqaga xos bo‘lgan mahalliy shart-sharoit va urf-odatlardan kelib chiqib yaratilgani bilan ham ajralib turadi. 

Manbalar allomaning uchta asari haqida ma’lumot beradi. Ular: “Kitob an-nisob”, “Xizanatal-voqe’ot” va “Xulosat al-fatovo” asarlaridir. Ismoil Posha Bag‘dodiy allomaning “Xizanat al-fatovo” asari ham borligini aytib o‘tgan (I. Bag‘dodiy, 1951:430). 

Hoji Xalifa ham o‘zining “Kashf az-zunun” asarida: “Xizanat al-fatovo” asari Iftixoruddin Tohir ibn Ahmad al-Buxoriy as-Saraxsiy al-hanafiy qalamiga mansub asardir. U “Xulosa” sohibidir. “Xizanat al-fatovo” mo‘‘tabar kitob bo‘lib, juda kam nusxada qolgan” (M. Rumiy, 1992:204), deydi. 

Iftixoruddin Tohir al-Buxoriyning o‘zi “Xizanat al-fatovo” asari haqida hech narsa aytmagan. Alloma “Kitob an-nisob”, “Xizanat al-voqe’ot” va “Xulosat al-fatovo” asarini zikr qilgan xolos (I. al-Buxoriy, 1667:7). Shuning uchun allomaning “Xizanat al-fatovo” asari borligi muammoligicha qolmoqda. 

Iftixoruddin Tohir al-Buxoriyning “Xulosat al-fatovo” asari “Kitob an-nisob” va “Xizanat al-voqe’ot” kitoblarining muxtasar shakldagi nusxasi hisoblanadi. 

Alloma asarni yozishda o‘ziga xos uslubdan foydalangan. Asarni kitoblarga, kitoblarni fasllarga va hech bir asarda kuzatilmagan jins iborasini ishlatib, fasllarni jinslarga, jinslarni esa navlarga bo‘lgan. Har bir kitob muqaddimasida kitobda qanday masalalar yoritilgani, nechta fasldan iboratligi, kaysi faslda qaysi mavzular ko‘tarilgani, fasllardagi jinslarda qaysi masalalar yoritilgani haqida batafsil bayon etilgan. 

Kitobning boblari yozilish tartibi umumiy hanafiy fiqh kitoblaridan farqli tarzda tartiblangan. Ular quyidagicha tartibda: “Tahorat kitobi” bilan boshlanib, “Shuf’a (Imtiyozli sotib olish huquqi) kitobi” bilan yakunlangan. 

Umumiy hanafiy fiqh kitoblari tartibi esa aksar holatlarda “Tahorat kitobi”dan boshlanib, “Faroiz kitobi”da yakun topadi. 

“Xulosat al-fatovo” asarida Iroq, Balx, Buxoro, Samarkand, Marg‘ilon, Saraxs ulamolarining va boshqa bir qancha shaharlar faqihlarining mintaqaga xos bo‘lgan mahalliy shart-sharoitlarini, urf-odatlarini e’tiborga olgan holda aytgan so‘zlari, chiqargan hukmlari, bergan fatvolarini ham keltirib o‘tiladi. 

Iftixoruddin Tohir Buxoriyning “Xulosat al-fatovo” asari islom huquqshunosligi tarixida muhim manba hisoblanib, uning hanafiy ta’limoti ilmiy, nazariy va amaliy rivojida tutgan o‘rni nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun musulmon olami huquqshunosligidagi katta yutuqlarda biri ekanligidan darak beradi. Negaki, ushbu asar keyingi davrlarda yaratilgan hanafiy mazhabidagi fiqhiy asarlar uchun manba vazifasini o‘tagan. 

Allomaning bu asari “fatvo” bobida yozilgan eng yirik va ishonchli manbalardan biridir. Asar alloma yashagan davrdan to o‘tgan asrning birinchi choragigacha faqihlarning, qozilarning, muftiylarning amaliy faoliyatida muhim manba sifatida qo‘llanilgan. O‘sha davr kutubxonalarida albatta bu asar nusxalari doimo bo‘lgan va huquqqa oid juda ko‘p masalalarga qiziquvchilar ushbu asardan javob topganlar. Faqihlar biror masala hukmida munozaraga borgan paytlarida “Xulosa”da javobi shunday ekan deyilsa, biror faqih unga raddiya bildirmasdan bir ovozdan o‘sha hukmni qabul qilgan. Shu bois ushbu asar hozirgi kunda ham islom huquqi yo‘nalishida izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilarni o‘ziga jalb etmoqda. 

Muallifning “Xulosat al-fatovo” asari bizgacha yetib kelgan bo‘lib, hozirgi kunda musulmon mamlakatlari kutubxonalarida va yurtimiz kutubxonalarida turli asrlarga tegishli qadimiy nusxalari saqlanmoqda. O‘zbekistan Respublikasi Fanlar Akademiyasining Qo‘lyozmalar fondida Inv. № R: 8868, 6505, 8427 va jami asarning o‘n sakkizta arabcha qo‘lyozma nusxasi mavjud. Ularning ayrimlari bir jildli, ayrimlari esa ikki jilddan iborat bo‘lib, ikkala jild ham bitta kitobda jamlangan. 

Iftixoruddin Tohir Buxoriy mazhab sohiblaridan hech qanday bir nassiz masalalarni istinbot qiladigan mujtahid ulamolarning uchinchi tabaqasidan hisoblanadi. Hanafiy mazhabi mujtahidlari nomi zikr qilinganda shunday deyiladi: “al-Xassof, at-Tahoviy, al-Karxiy, Shams al-aimma al-Halvoniy, Shams al-aimma as-Saraxsiy, Faxrul-islom Pazdaviy, Burhoniddin Maxmud ibn as-Sodr soxib “az-Zaxira” val “Muhit” va Shayx Tohir ibn Axmad sohibu “Xulosat al-fatovo”, Faxriddin Qozixon, Ibn Xumom va bu kabi faqihlarga usul masalasida bo‘lsin va furu’ masalasida bo‘lsin, boshqa olimlar xilof chiqishga qodir emaslar. Lekin ular u haqda nass kelmagan masalalar borasidagi hukmlarni usul va qoidalariga tayanib chiqara oladigan olimlardir” (M. al-Mujaddidiy, 1987:568). 

Iftixoruddin Tohir Buxoriy ilmiy darajasiga o‘z fikrini aytgan faqih Ibn Obidin shunday deydi: “Xulosa”ning muallifi ishonilishi lozim bo‘lgan olimlarning eng ulug‘laridandir. Shuning uchun uning aytgan so‘ziga, keltirgan naqliga amal qilib ergashishlik vojib bo‘ladi. Ulamolarning Iftixoruddin Tohir Buxoriyga bo‘lgan ishonchi shu darajada kuchaydiki, fiqhiy masalalarda uning so‘zlariga amal qiladigan bo‘lishdi” (S. ad-Dimashqiy, 1966:38). 

Movarounnahr fiqh maktabining boshqa yirik allomalari Alouddin Muhammad ibn Ahmad Samarqandiy (vaf. 1145) hamda Alouddin al-Kosoniy (vaf. 1191)lardur. 

Alouddin Muhammad ibn Ahmad Samarqandiy fiqh ilmini Abul-Main Makhuliy va Sadrul-islom Abul-Yusr Pazdaviydan o‘rganib, o‘z davrining buyuk allomasi sifatida tan olingan va hanafiy huquqshunosligi taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shib kelgan. U yozgan “Tuhfatul-fuqaho” nomli kitob Hanafiy fiqhi bo‘yicha katta e’tiborga ega bo‘lib, uning ustidan ko‘plab sharhlar yozilgan. Alouddin Samarqandiy fiqh ilmidan tashqari, kalom ilmi bo‘yicha ham hanafiy mazhabining yirik vakillaridan biri sifatida Imom Abu Mansur Moturidiyning izdoshi va ta’limotining tarqatuvchisi bo‘lgan. 

Manbalarda yozilishicha, Fotima ismli qizi bo‘lib, u fatvo berish vakolatiga ega olima, fiqh sohasida otasi bilan hamkorlik qilib kelgan (N. Yusupova, 2011:28). 

Alouddin as-Samarqandiy va uning qizi Fotima bint Muhammad yashagan davr XI asrning 2-yarmi va XII asrning 1-yarmiga to‘g‘ri keladi. Bu davrda Movarounnahrda turli mazhablar vakillari, xususan, hanafiy va shofe’iylar o‘rtasida ziddiyatlar kuchayib ketgan edi. Alouddin as-Samarqandiy va Fotima bint Muhammad haqida bizgacha yetib kelgan dastlabki ma’lumotlar asosan as-Samarqandiyning shogirdlari – Alouddin al-Kosoniyning “Badоe’” asari muqaddimasida va as-Sam’oniy (vaf. 1167)ning “Kitob al-ansob” asarida uchraydi. Yana hanafiylik mazhabiga oid tabaqot kitoblarida ham ma’lumotlar qisqa tartibda berilgan Masalan: Ibn Qutlubug‘o, Toshko‘prizoda, Kafaviy, Hoji Xalifa, Laknaviy. 

Fotima bint Muhammad as-Samarqandiy (vaf. 1191 y.dan oldin)ga otasi yoshlik chog‘laridan qiroat, arab nahvi, fiqhdan dars bergan. U otasidan fiqh ilmini o‘rganib buyuk faqihaolima darajasiga yetishadi. “Bu ayol fiqh ilmida shunday mahorat kasb etdiki, deyiladi manbalarda, otasining chiqargan fatvolarida uning ham muhr va imzosi qo‘yiladigan bo‘ldi” (A. Qurashiy, 1913:278–279, A.Toshko‘prizoda, 1905:136–137, M. Laknaviy, 1906:158). U otasining mashhur “Tuhfatul fuqaho” asarini yoddan bilgan. Lekin ming afsuslarki, bizgacha yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra uning biron bir asari borligi ma’lum emas. 

Fotima bint Muhammadning umr yo‘ldoshi qoraxoniylar davrining eng buyuk faqihlaridan biri, “Sayhun (Sirdaryo)ning shimoli – Farg‘onada, ash-Shoshning orqasida joylashgan Koson” nomli yirik shaharga nisbat berilgan Al-Kosoniy – Alouddin Abu Bakr ibn Mas’ud ibn Ahmaddir (M. Laknaviy, 1906:53, A. Qurashiy, 1913:244). 

Alouddin Muhammadning shogirdi va kuyovi, Qoraxoniylar davrining buyuk faqihi imom Abu Bakr ibn Mas’ud al- Kosoniy o‘z ustozining “Tuhfat ul-fuqaho” (faqihlar tuhfasi) nomli kitobi ustidan “Badoi’us-sanoi’, fi tartibish-sharoi’” nomli uch jildlik sharh yozgan (M. Rumiy, 1965:294). 

Al-Kosoniyning ushbu mashhur asari 1327– 1328 y. Qohirada VII jild holida chop etilgan. Nafaqat islom olamida, balki g‘arb olimlari orasida ham juda mashhur bo‘lgan bu fiqhiy asar hozirda ham o‘z qiymatini yo‘qotmagan. 

Tahlillarimizdan ko‘rinib turibdiki, hanafiy mazhabi Movarounnahr hududida keng tarqalgan bo‘lib, mazhabning juda ko‘p yirik va salohiyatli vakillari va imomlari, ham e’tiqod sohasida, ham huquq sohasida kamolot darajasiga yetishganlar. Ular hanafiy mazhabining huquqiy, aqidaviy asoslarini tashkil etuvchi Abu Hanifa asarlari va uning iqtidorli shogirdlari Muhammad ibn Hasan Shayboniy, Abu Yusuf qalamiga mansub “Zohirur rivoya” kitoblari, “Kitobul-xiroj” kabi fiqhiy asarlarga asoslangan holda, nihoyat muhim huquqiy asarlar yaratib, mazhabning rivoji va gullab-yashnashiga munosib hissa qo‘shib kelganlar. Masalan, Movarounnahrning buyuk faqihlaridan sakkiz nafari “al-Mabsut” nomi bilan fiqh ilmi sohasida ilmiy asarlar yozgan. Ulardan Faxrul-islom Al-Pazdaviy “Mabsut” i 11 jildlik, shayxul-islom Muhammad ibn Husayn al-Buxoriy al-Hanafiy “Mabsuti” va Shams ul-aimma as-Saraxsiy “Mabsuti” 15 jildlik bo‘lgan. Ushbu asarlar islom huquqining barcha sohalari jumladan, oila va nikoh, jinoyat, mulkiy munosabatlar, xalqaro huquq kabi ko‘plab masalalarni qamrab olgan bebaho meros hisoblanadi. 

Jamiyatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida o‘zbek xalqi ma’naviyatini, jumladan diniy savodxonligini sog‘lomlashtirish jarayonida islom huquqining yuqorida sanab o‘tilgan sohalarini ayniqsa, oilaviy munosabatlarga oid qoidalarini ilmiy tahlil qilish ijtimoiy zaruriyatga aylanmoqda. Chunki, islomda oilaviy munosabatlarga oid normalarning ijtimoiy mohiyatini tadqiq etish va hozirgi kunda ildiz otib borayotgan fundamentalistik oqimlarning oilaviy munosabatlardagi qarashlarining mutlaqo noto‘g‘ri ekanini hamda uning ijtimoiy salbiy oqibatlarini ilmiy tahlil qilish amaliy jihatdan o‘ta muhimdir.

Qur’on oyatlari va hadislarda belgilab berilgan, shuningdek, yuqorida tahlil etgan faqihlarimiz asarlarida bayon qilingan oilaviy munosabatlarga oid adolat, burch, majburiyat kabi tushunchalar, er-xotin, ota-ona va bolalar hamda qarindoshlar o‘rtasidagi munosabatlar, umum insoniy axloq qadriyatlaridan kelib chiqqan asosiy talablar totalitar tuzum hukmronlik qilgan davrlarda buzib talqin qilingan. Shu bois, islom huquqi qoidalarida oilaviy munosabatlarning umumijtimoiy jihatlari, ijtimoiy-tarixiy negizlarini, uning madaniy-ma’naviy, huquqiy xususiyatlarini, islomning asosiy manbalari, klassik fiqhiy kitoblar, jumladan yurtimizdan yetishib chiqqan allomalardan milodiy XII asrda yozilgan Faxruddin Qozixonning “Fatavoi Qozixon”, Burhoniddin Marg‘inoniyning “al-Hidoya”, Alouddin as-Samarqandiyning “Tuhfat ul-fuqaho”, Iftixoruddin Tohur al-Buxoriyning “hulosat ul-fatavo”, Abul Qosim as-Samarqandiyning “Al-fihq an-Nafi’”, Alouddin Kosoniyning “Badoye’ us-sanoi’fi tartibish-sharoi’” kabi asarlari asosida ilmiy tadqiq etish, odat huquqi bilan qiyosiy o‘rganish diniysiyosiy g‘oyaviy kurashlar ketayotgan hozirgi kun uchun o‘ta ahamiyatlidir. Chunki islom huquqi hozirgi kunda odat huquqining bir turi sifatida qaralmoqda ekan, uning xalqqa ta’sir darajasining chuqur ekanligi barchaga ma’lum (N. Yusupova, 2020:36–48). 

Movarounnahrda ming yildan ortiq davr mobaynida ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishda asosiy mavqeni egallab kelgan Shariat-fiqh qonunlarida nikohni qayd qilish va uni bekor qilish, er-xotin, ota-ona va farzandlar, vasiylar va homiylar bilan vasiylikka olinganlar o‘rtasidagi o‘zaro huquqiy munosabatlar, majburiyatlar va ularning ijrosini ta’minlash kafolatlari bilan bog‘liq munosabatlar haqidagi qoidalar har tamonlama, mukammal tartibga solingan. Faqihlar o‘z asarlarida ayrim huquqiy normalarni mahalliy sharoit bilan muvofiqlashtirishga ham intilganlar. 

Movarounnahrlik olimlar asarlarida oilaviy munosabatlar masalasi o‘rganilganda ijtimoiy-huquqiy jihatdan yondashish zarur. Chunki o‘z vaqtida allomalarimiz ham o‘z asarlarida islom huquqida oilaning ijtimoiy-huquqiy ahvolini, oilaviy munosabatlarning shakllanishi va mustahkamlash asoslarini yoritishga harakat qilganlar. 

Ushbu fikrlardan xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, milodiy XII asrda islomiy ilmlarni har tomonlama rivojlantirib, o‘zlaridan mo‘‘tabar asarlar qoldirgan yetuk allomalarimiz merosini o‘rganish tadqiqotchilar oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Chunki Burhoniddin Marg‘inoniy, Iftixoruddin Tohir al-Buxoriy, Faxruddin Qozixon, Alouddin Samarqandiy, Alouddin Kosoniy, kabi yana ko‘plab allomalar merosi islom huquqshunosligi tarixida muhim manbalar hisoblanib, ularning hanafiy ta’limoti ilmiy, nazariy va amaliy rivojida tutgan o‘rni nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun musulmon olami huquqshunosligidagi katta yutuqlardan hisoblanadi. 

Bu davrda yaratilgan ilmiy meros keyingi davrlarda yaratilgan hanafiy mazhabidagi fiqhiy asarlar uchun manba vazifasini o‘tagan, hattoki, o‘tgan asrning birinchi choragigacha faqihlarning, qozilarning, muftiylarning amaliy faoliyatida muhim manbalar sifatida qo‘llanilgan. Chunki hanafiy mazhabi xulosalariga asoslangan bu asarlardagi qoidalar ham shu mazhab qonunlari kabi nisbatan yumshoqroq va qulayroqligi, xalqlarning mahalliy an’analari e’tiborga olinganligi sababli, ular aksariyat musulmon mamlakatlarida keng yoyilgan, chunonchi qozilar muomala munosabatlaridan kelib chiqadigan (fuqarolik, nikoh, oila) va boshqa nizoli ishlarni ko‘rib hal etishda shu manbalardan unumli foydalanishgan (N. Yusupova, 2018:301).

Demak, Movarounnahrda hanafiylik yo‘nalishida biz tahlil qilgan allomalarning sa’y-harakatlari bilan hanafiylik ilm-fani yanada rivojlandi. Bu davrning yana bir muhim tomoni shunda ko‘rinadiki, islom dinining birgina yo‘nalishi emas, balki, unga taalluqli ko‘plab ilmlar rivojlandi. Shu bois ushbu davrda yaratilgan asarlar hozirgi kunda ham islom huquqi yo‘nalishida izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilarni o‘ziga jalb etmoqda. Zero, faqihlarimizning hayotiga doir yana boshqa ma’lumotlarni aniqlash va ularning o‘sha davrda Movarounnahrda ro‘y bergan siyosiy-ijtimoiy hayotga ko‘rsatgan ta’sirini, asarlarining bugungi kun nuqtai nazaridan ahamiyatli jihatlarini tadqiq etish foydadan xoli bo‘lmaydi. 

yu.f.d., dots. Nigora Yusupova

 

MANBA VA ADABIYOTLAR RO‘YXATI

1. Burhoniddin al-Marg‘inoniy. Al-Hidoya. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1990. J. 3–4. – 632 b. 

2. Iftixoruddin Tohir ibn Abdurrashid al-Buxoriy. “Xulosat al-fatovo”. – Turkiya: Istanbul muftiyligi kutubxonasi. Fiqh bo‘limi // Qo‘lyozma. Inv.R: №140. 1667. 

3. Ismoil Posha al-Bag‘dodiy. Hadiyatul-orifin li-asmail muallifin va osorul-musannifin. – Istanbul: 1951. J. 1. – 430 b. 

4. Karimov I.A. O‘zbekiston: milliy istiqlol, iqtisodiyot, siyosat, mafkura. – T.: O‘zbekiston, 1996. 

5. Komilov M. Movarounnahrda fiqh ilmining rivoji va faqih Alouddin Samarqandiy. – Toshkent: Istiqlol, 2006. – 208 b. 

6. Laknaviy Muhammad Abdulhay al-Hindiy. Al-Favoid al-bahiyya fi tarojum al-hanafiyya. – Bayrut: Daral-kutub al-islamiy, 1998.

7. Laknaviy Muhammad Abdulhay al-Hindiy. Al-Favoid al-bahiyya fi tarojum al-hanafiyya. – Qohira, 1906. 

8. Majid Hadduriy, Herbert Lebisni. Islomda huquq, Tehron-Nyu York: 1958. 

9. Mo‘minov A. “Movarounnahr musulmonlari: hanafiylar” // Sharqshunoslik, № 9 / 1999. 

10. Laknaviy Muhammad Abdulhay al-Hindiy. Hidoya muqaddimasi sifatida yozilgan risola. – Lakhnau: 1974. 

11. Muhammad Amim al-Ehson al-Mujaddidiy al-Barkatiy al-Hanafiy. Qovaid al-fiqh. – Karachi: 1987. J. 1. 

12. Mustafo ibn Abdulloh ar-Rumiy al-hanafiy ash-shahir bi-Hoji Halifa. Kashf az-zunun an asmo al-kutub va- l-funun. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1992. J. 1. 

13. Mustafo ibn Abdulloh ar-Rumiy al-Hanafiy ash-shahir bi-hoji Halifa. Kashf az-zunun an asmo‘ al-kutub va l- funun. – Istanbul: Al-Olam. J. 1. – 294 b. 

14. Saidov A.H. Burhoniddin Marg‘inoniy – buyuk huquqshunos. – Toshkent: Mir ekonomiki i prava, 1997. 

15. Sayyid Muhammad Amin Obidin ibn Sayyid Umar Obidin ibn Abdulaziz ad-Dimashqiy al-Hanafiy. Hoshiyatu Roddul-muhtor alad-Durril-muxtor sharh tanvirul-absor. 2-nashr. “Dor al-fikr”,1966. J. 6. 

16. Toshkulov. J., Yusupova N., Bekmirzayev I., Sarsenboyev O., Masaidov S. Islom huquqshunosligi. O‘quv qo‘llanma. – T.: Toshkent islom universiteti nashriyot matbaa birlashmasi, 2014. 

17. Toshko‘prizoda Ahmad ibn Mustafo. Miftah as-sa’oda va misbah as-siyoda. Haydarobod, 1905. J. 2. 

18. Fahruddin Abulmahofir Hasan ibn Mansur O‘zgandiy. Fatovoi Qozihon. Toshkent islom universiteti Manbalar hazinasi. Toshbosma nusxa. – №  123.

19. Yusupova N.J., Juzjoniy A.Sh. Burhoniddin Marg‘Shnoniy: Hayoti va ilmiy merosi. – T.: Akademiya, 2007. 

20. Yusupova N.J. Samarqandlik buyuk olima. // – T.: Hidoyat, 2011. – № 1. 

21. Yusupova N. J. Movarounnahr hanafiy faqihlari asarlarida oilaviy munosabatlarni mustahkamlashga oid qarashlarning mohiyati. Monografiya. – T.: Toshkent islom universiteti, 2018.

 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry