20.06.2022
538

IMOM DORIMIY

(798–869)

IX asrda faoliyat yuritgan samarqandlik muhaddislardan Imom Dorimiy hadis ilmida alohida o‘rin egallaydi. Allomaning to‘liq ismi Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdussamad Tamimiy Samarqandiy Dorimiy bo‘lib, 798-yilda tavallud topgan. Xuddi shu yili yirik muhaddis Abdulloh ibn Muborak Marvaziy vafot etgan. Manbalarda shu tarixiy voqea sabab Imom Dorimiyga «Abdulloh» deb ism qo‘yilgani qayd etiladi. Muhaddisning bobosi Banu Tamim qabilasi mavlosi hamda Payg‘ambar (s.a.v.)ning kotiblaridan biri bo‘lgan Dorim ibn Molik ibn Hanzala ibn Zayd Manot ibn Tamimga bog‘langan holda allomaga «Dorimiy» nisbasi qo‘llangan. Shu bilan birga, Imom Dorimiyni «Doramiy» nisbasi bilan ataganlar ham bor. Abu Tohirxoja «Samariya» asarida Imom Dorimiy haqida «...U hadis aytuvchilardan. Shavdor tumaniga qarashli Ispaniy qishlog‘idadir. U Samarqand muzofotidan bo‘lgan, qadimda Doram deb ataladigan qishloqdan bo‘lgani uchun Doramiy deb dong chiqargan.... Doramiyning tarjimai holi belgilik emas...» kabi mazmundagi ma’lumotni keltiradi. Bunda Abu Tohirxoja uning nisbasini «Doram» deb nomlangan joy nomi bilan bog‘laydi. 

Imom Dorimiy yoshlik chog‘laridanoq aql-zakovati,o‘tkir zehni, ayniqsa, eslab qolish qobiliyatining o‘ta kuchliligi bilan barchani hayratga solgan. Bu haqda Muhammad ibn Ibrohim ibn Mansur Sheroziy: «Imom Dorimiy komil mufassir edi. U aqlda, fahmda, fazlda, dinda yetuk edi. U zotning yod olish zehnlari, halimliklari, bosiqliklari, tirishqoqliklari, dunyoviy zohidliklari, ibodatlari zarbulmasal qilingandir», – deb ta’rif beradi. Manbalarda Imom Dorimiyning oilasi haqida so‘z bormasada, uning kunyasi «Abu Muhammad»ligini e’tiborga olib, Muhammad ismli o‘g‘li bo‘lganini bilish mumkin. Olimning yaqinlari, qarindoshlari ham ilm ahllaridan bo‘lgan. Jumladan, allomaning tog‘asi Abu Usoma Ahmad ibn Muoviya, akasining o‘g‘li Abu Ahmad Fazl ibn Muhammad Dorimiy ham hadis rivoyat qilganlar. 

Imom Dorimiy dastlabki ta’limini o‘z yurti Samarqandda oladi. So‘ngra o‘sha davrda ilm-fan va madaniyat taraqqiy qilgan markazlardan bo‘lmish Fustot (Qohira), Damashq, Bag‘dod, Makka, Madina, shuningdek, Xurosonning turli shaharlaridagi taniqli olimlardan diniy va dunyoviy fanlar, ayniqsa, hadis ilmi bo‘yicha o‘z bilimlarini oshiradi. Bu davrda muhaddislar Payg‘ambar (s.a.v.)ning sunnatlarini asl holida kelajak avlodga yetkazish uchun ishonchli rivoyatlarni olib, uni sof ko‘rinishda, har qanday soxtaliklardan xoli bo‘lgan holda to‘pladilar. 

Imom Dorimiy hayotining asosiy qismini ilm talabida safar qilish bilan o‘tkazgan olimlar sirasiga kirgan. U safarlari davomida hadislarni eshitib, jamlash bilan cheklanmay, hadis isnodlarining oliy, muttasil (uzluksiz), undagi roviylarning soni kam bo‘lishiga ham katta e’tibor qaratgan. Alloma ilmiy safarlarini Xuroson shaharlaridan boshlaydi. Jumladan, mashhur hofiz Nazr ibn Shumayldan (vaf. 818 y.) Marv shahrida hadis ilmidan saboq olib, ko‘plab hadislar tinglaydi. Jumladan, Rasululloh (s.a.v.)ning:«Sizlar yetmishta ummatga barobarsiz (tengsiz). Sizlar ummatlarning eng so‘nggisi va Alloh nazdida eng e’tiborlisisiz!», degan mazmundagi hadislarini yozib olib,o‘zining hadislar to‘plamiga kiritadi. 

So‘ngra Imom Dorimiy Iroq shaharlarida bir qancha ustozlardan tahsil oladi. Jumladan, muhaddis taxminan 17-18 yoshlarida Basra shahrida bo‘lib, turli roviylardan hadis tinglaydi. Xususan, basralik Ravh ibn Aslamdan (vaf. 815 y.) hadislar eshitadi. Keyin esa,Iroqning Bag‘dod, Vosit, Kufa, Hiyt kabi shaharlarida bo‘lib, o‘z davrining ko‘pdan-ko‘p yetuk muhaddislaridan hadis ilmini o‘rganadi. Imom Dorimiy o‘zining «Sunan» asarida 250 dan ortiq shayx-ustozlardan hadis rivoyat qilgan. Ustozlarining asosiy qismini Kufa, Basra, Bag‘dod kabi shaharlardan chiqqan roviylar tashkil etadi. Manbalarda uning ustozlari qatorida Muhammad ibn Bashshor, Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Faryobiy, Abu Musahhar Dimashqiy, Marvon ibn Muhammad, Abulvahhob ibn Said, Yazid ibn Horun Vositiy, Said ibn Omir Zab’iy, Ja’far ibn Avn, Zayd ibn Yahyo ibn Abiyd Dimashqiy, Vahb ibn Jarir, Xo-lid ibn Muhammad, Habbon ibn Hilol, Ashhol ibn Hotam Jumahiy, Zahhok ibn Muhammad, Ubaydulloh ibn Muso, Abul Mug‘iyra Foryobiy, Abdusamad ibn Abdulvoris, Yahyo ibn Hasson, Asvad ibn Omir, Bishr ibn Umar Zahroniy kabi allomalar zikr etiladi. 

Xatib Bag‘dodiyning «Bag‘dod tarixi» asarida Imom Dorimiy haj safariga ketayotganida Kufada to‘xtab, Yahyo ibn Abdulhamid Hammoniy (vaf. 842 y.) va boshqa muhaddislar bilan suhbatda bo‘lgani, suhbatlar ko‘p hollarda bahs-munozaralarga aylanib, hadis roviylari, isnodlarning ishonchliligi xususida tortishuvlar bo‘lgani aytiladi. Xatib Bag‘dodiy keltirgan ma’lumotlardagi suhbatdoshlarning hayot yillarini aniqlash orqali Imom Dorimiy taxminan 40 yoshlarida haj ibodatini amalga oshirgani, safar chog‘ida ham o‘zining asarlari ustida tinmay izlanganini anglash mumkin.

Imom Dorimiy arab xalifaligining ko‘p shaharlarida o‘z bilimlarini oshirib, nihoyat o‘z vatani – Samarqandga qaytib keladi. Ilm yo‘lida uzoq yillar olib borgan tinimsiz sa’y-harakatlari va izlanishlari natijasida u hadis, tafsir va fiqh ilmlarining allomasi darajasiga ko‘tarildi. O‘rta asr olimlari «Imom Dorimiyning Samarqandda hadis va osor ilmlarining ravnaq topishida ulkan hissasi bor», deb yakdillik bilan alohida ta’kidlaydilar. Allomaga umrining oxirgi yillarida Bosh qozi lavozimi taklif qilinadi. Biroq uning ilm olishga bo‘lgan behad qiziqishi va shaharning Bosh qozisi lavozimi katta mas’uliyatni talab etishini anglagani ushbu taklifni rad qilishiga sabab bo‘lgan.

«Sunan» nomi bilan tanilgan «Musnad»i (lug‘aviy ma’nosi «Tayanch» yoki «Isnodli hadislar to‘plami») olimning shoh asari hisoblanadi. Olimlar «Sunan»ning nomlanishiga turlicha munosabat bildiradilar. Hofiz Iroqiy, Imom Zahabiy asardagi barcha hadislar to‘liq isnod bilan berilgani uchun uni «al-Musnad», Alouddin Mug‘ultoiy hadislarining ishonchliligi darajasidan kelib chiqqan holda «as-Sahih», Ibn Hajar Asqaloniy va Suyutiy kabi boshqa ulamolar fiqhiy hadislar to‘plami bo‘lgani bois «as-Sunan» deb ataydilar. Biroq ayrim tadqiqotchilar muallif asarini umumiy nom bilan, ya’ni «al-Jome’ as-sahih al-musnad li sunan Rasululloh s.a.v.» (Rasululloh (s.a.v.) sunnatlarining ishonchli musnad to‘plami) deb atagan bo‘lishi mumkin, degan fikrni bildiradilar. Ibn Hajar Asqaloniy mazkur asarni «Sihoh sitta»ning oltinchi kitobi sifatida qabul qiladi. «Sunan» ikki jilddan iborat bo‘lib, kitoblarga, ular o‘z navbatida boblarga bo‘linadi. Asar arablarning islomdan avvalgi ba’zi odatlari, Rasululloh (s.a.v.)ning siyratlari,hadislarning yozilish davri va ilm fazilatiga oid jami 163 sahifalik muqaddima hamda 23 ta kitobdan tashkil topgan. «Sunan» 3506 hadisni o‘z ichiga olgan 1403 bobdan iborat.

Manbalarda Imom Dorimiyning «Kitob at-Tafsir» – Qur’oni karim tafsiriga oid asari bo‘lgani haqida ma’lumot beriladi. Imom Dorimiy ushbu asarida Qur’onni to‘liq tafsir qilganmi yoki ayrim juzlari-nimi, bu haqda aniq ma’lumot yo‘q. Biroq ushbu asarning tarixiy ahamiyati katta. Chunki u bizgacha yetib kelgan birinchi tafsir, deb hisoblangan Ibn Jarir Tabariyning (839–922) tafsiridan taxminan yarim asr ilgari yozilgan asardir. Shuningdek, allomaning «al-Jome’» (To‘plam), fiqhiy masalalarga bag‘ishlangan «Kitob as-sunna fi-l-hadis» (Hadisdagi sunnat amallar haqida kitob), «Kitob saum al-mustahozot va-l-mutahayyirot» (Uzrli ayollarning ro‘zasi haqidagi kitob) kabi asarlari bo‘lgani haqida manbalarda zikr etiladi. Imom Dorimiyning «as-Sulosiyyot fi-l-hadis» – «Uch roviyli hadislar to‘plami» nomli asari ham mavjud.Muhaddisning ushbu asari «Sunan»ning tarkibiga kiritilgan o‘n besh hadisdan iborat bo‘lgan to‘plam bo‘lib,uch roviyli isnodga ega bo‘lgan hadislardan tarkib topgan.

Imom Dorimiyning vafot etgan sanasi, dafn etilgan mavzesi haqida turli xil fikrlar mavjud. Biroq aksariyat ishonchli manbalarda, jumladan, Xatib Bag‘dodiy, Abu Hafs Nasafiy, Shamsuddin Zahabiy kabi olimlarning ta’kidlashlaricha, Imom Dorimiy vafot etgan sana milodiy hisobda 869-yilning 18 noyabriga to‘g‘ri keladi. Ayrim turk va arab tadqiqotchilarining kitoblarida alloma dafn etilgan joy sifatida Xurosonning Marv shahri ko‘rsatiladi. Biroq Shamsud-din Zahabiy «Tarix al-islom» asarida olimning ukasi Ibrohim ibn Abdurahmon Dorimiyning (vaf. 880 y.) Samarqandda vafot etgani hamda akasining yoniga dafn qilingani haqida ma’lumot beradi. Shuningdek, Najmuddin Umar Nasafiy Imom Dorimiy Chokardiza qabristoniga dafn qilingan, unga Samarqand amiri Ahmad ibn Yahyo ibn Asad janoza o‘qigan, deb aytsa, «Samariya»da Imom Dorimiyning qabri Shavdor tumanidagi Ispaniy (hoz. Ispandiy) qishlog‘ida, Samarqand shahri bilan mozorning orasi 11 chaqirimcha yo‘l, deb keltiriladi. Muhaddis janozasini ehtirom yuzasidan Samarqand amirining shaxsan o‘zi o‘qigani hamda ukasi dafn etilgan joyi haqidagi ma’lumotlar olimning qabri Samarqand yaqinida ekaniga dalolat qiladi. 2000-yilda Samarqand viloyati, Toyloq tumani, Ispandiy qishlog‘ida Imom Dorimiy maqbarasi va Jome’ masjid ta’mirlanib, obod qilindi. 

Mustaqillik yillarida yurtimizda Imom Dori-miyning ilmiy-ma’naviy merosi bo‘yicha bir qator ilmiy tadqiqotlar olib borildi, ilmiy-ommabop kitoblar chop etildi. Xususan, «Imom Dorimiyning hadis ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi» mavzuidagi nomzodlik dissertatsiyasi (M.Alimova, 2009) himoya qilindi; Toshkent islom universiteti qoshidagi Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ulug‘ allomalarimiz hayoti va ijodiy faoliyati haqida ilmiy-ommabop tilda hikoya qiluvchi «Buyuk ajdodlarimiz» turkumida «Imom Dorimiy» (M.Alimova, 2009), ajdodlarimizning islom dini va madaniyati rivojida alohida o‘rin tutgan asarlarini tarjima qilish, ilmiy-tanqidiy matnlarini tayyorlash va chop etishga qaratilgan «Ma’rifat ziyosi» turkumida «Sunani Dorimiy: saylanma» (Tarjimonlar jamoasi, 2011) kabi risolalar, ko‘plab ilmiy maqolalar nashr etildi.

Imom Dorimiyning ilmiy-ma’naviy merosi, shubhasiz, XXI asrda g‘oyat dolzarb ahamiyatga molik turli masalalar – millatlar, xalqlarning tinch-totuvligini mustahkamlash, ma’naviyatini yuksaltirish kabi maqsadlarga xizmat qiladi. Olimning «Sunan» asaridagi hadislar islom dini ta’limotiga oid umumiy qoidalarni aks ettirish bilan cheklanmay, mehr-muhabbat, saxiylik, ochiq ko‘ngillilik, kattalarga hurmat, yetim-esirlarga muruvvat, faqir-bechoralarga himmat, vatanga muhabbat, mehnatsevarlik, halollik singari chin insoniy fazilatlarni ham ulug‘laydi. Ushbu asar yurtimiz ilm-fani va madaniyati tarixini chuqur o‘rganib, xalqimizga yetkazishda, milliy qadriyatlarimizning tiklanishida katta ahamiyatga ega.

 

t.f.n Mahfuza Alimova

 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry