18.06.2022
387

ABU HAFS UMAR NASAFIYNING “AQOIDI NASAFIY” ASARINING FORSCHA NUSXASI “BAYONI E’TIQODI AHLI SUNNA VA JAMOA” XUSUSIDA

So‘nggi yillarda Imom Moturidiy hayoti va moturidiya ta’limotini o‘rganish sohasida jadal ishlar olib borilib, chuqur tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, har yili turk va o‘zbek islomshunos, manbashunos olimlari tomonidan xalqaro ilmiy anjuman va seminarlar muntazam tashkil etilayotgan bo‘lsa, boshqa tarafdan, Misr diyorida ham ahli sunna va jamoa olim hamda yosh tadqiqotchilari tomonidan ushbu ta’limot imomlari, ular yozgan manba va asarlarini chuqur tahlil qilib, qayta nashr qilishi ishlari tobora kengaymoqda. Xususan, Eronda ham ahli sunna va jamoa tarafdorlaridan iborat olimlar va tadqchiqotchilar bu yo‘nalishda sermahsul ishlar e’lon qilib borishmoqda. 2021-yil mart oyida “Markazi majozi bayyinot” nashriyoti tomonidan chop etilgan doktor Muhammad Umar Jo‘yoning Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiyga tegishli “Aqoidi Nasafiy” kitobining Eron Milliy kutubxonasida saqlangan asl qo‘lyozma nusxasi yuzasidan qilgan tadqiqoti bunga yaqqol misol bo‘ladi.

Shuningdek, A. Alloqulov “Abu Hafs Nasafiyning “Aqoid” asari va uning sharhlari tahlili” deb nomlangan dissertatsiya ishida: “Izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, haqiqatda O‘zRFASHI asosiy fondida “Aqoid”ning 87 ta qo‘lyozmasi mavjud”, deb keltiradi. Ammo tadqiqotchi tomonidan Abu Hafs Nasafiyning “Aqoid” asarining asl forscha nusxasining borligi va u Burhoniddin Marg‘ioniy tomonidan rivoyat qilingani haqida munosabat bildirilmagan. 

Muhammad Umar Jo‘yoning ta’kidlashicha, bu forscha risolani aniqlab, birinchi marta nashrga tayyorlagan kishi Muhammad Xonsoriy bo‘lib, bu haqda u 1917-yilda maqola chop ettirgan. Ammo mazkur maqolada muallif bu forscha nusxa Burhoniddin Marg‘inoniy tomonidan rivoyat va naql qilingani haqida fikr bildirmagan yoki chuqur tadqiq qilmaganini ta’kidlaydi. Mazkur eronlik doktor Muhammad Umar Jo‘yoning risolasiga tayanib, ushbu maqolamizni o‘zbekzabon tadqiqotchilari e’tiboriga havola qilishni lozim topdik. 

Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy (vaf. 537/1143) ahli sunna va jamoa hamda moturidiya ta’limoti yo‘nalishi imomlari orasida peshqadam aqida imomlaridan biridir. U islom bilimlaridan fiqh, aqida, hadis, tafsir, kalom, adabiyot va tarixnavislikda yetuk darajalarga erishgan. Uning dastlabki mashhur ustozlaridan usulul fiqh bobida peshvo Faxrul islom Abu Yusr Pazdaviydir. Moturidiya ta’limotida Abu Mansur Moturidiydan keyingi o‘rinda turvchi katta aqida imomi Abu Muin Nasafiy kabilardan dars olgan. Bu zot ilm olgan ustozlari silsilasida Abu Hanifadan yetib kelgan shajarasi o‘n beshinchi o‘rinda turishi ta’kidlanadi.

Abu Hafs Umar Nasafiy kitoblari orasida aqida yo‘nalishida – “Aqoidi Nasafiy” kitobi bo‘lib, mashhurlik va mo‘‘tabarlikda “Fiqhi akbar” va “Aqoidi Tahoviy” kitoblari  qatorida va barobarida turadi hamda bu aqida kitobiga shu kunga qadar yuzga yaqin sharh va hoshiya yozilgan. Eng mashhur sharhlardan Sa’duddin Taftazoniyning “Sharhi Aqoidi Nasafiy” asaridir.

Tafsir ilmida “At-Taysir fi at-tafsir” asarini arab tilida, Qur’oni karim ma’nolarini fors tiliga tarjima qilib, uni sajli nasrda ko‘chirgan. Ushbu tarjimasi “Tafsiri Nasafiy” nomi ostida bir necha marotaba chop etilgan. 

Fiqh bobida Imom Karxiyning “al-Usul” asariga “Sharhi madoril usul” deb nomlangan sharh yozgan. Shuningdek, shu kunlarda 3 ta asari qayta nashr qilinib kelinmoqda. Ulardan birinchisi “Manzuma fil xilofiyot” deb nomlangan. Bunda hanafiy mazhabi imomi Abu Hanifa, shogirdlari Abu Yusuf va Imom Muhammad Shayboniy hamda Imom Shofi’iy bilan Imom Moliklar o‘rtasidagi turli masalalardagi har xil qarashlarini o‘z ichiga olgan 2669 ta baytdan iborat nazm tuzgan. Bu manzumasiga o‘ndan ortiq sharhlar yozilgan bo‘lib, ular ichida eng mashhur sharh – Abul Barakot Hofiziddin Nasafiyning (vaf. 710/1311) “Al-Musaffo fi manzumatil xilofiyot” degan asaridir. Ikkinchisi, “Hasrul masoil va qasrul daloil” asari bo‘lib, bu nazmda yozilgan birinchi asariga muallifning o‘zi tomonidan yozgan sharhdir. Uchinchi asari esa, “Tilbatut talaba fil istilohotil fiqhiya”dir. Muallif bunda hanafiy fiqhida uchraydigan fiqhiy istiloh, ya’ni atama va maxsus terminlarga izoh va sharhlar bitgan toinki yosh talabalarga qo‘llanma bo‘lsin uchun. Ushbu asari asrlar davomida Movarounnahr, Xuroson, Iroq, Turkiya, Shom va Hind diyoridagi turli madrasa talabalari orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib, darslik sifatida o‘qitilgan.

“Aqoidi Nasafiy” asarining forscha nusxalari haqida. Imom Burhoniddin Marg‘inoniy naql qilishicha, Abu Hafs Nasafiy ushbu aqidaga doir kitobini Sulton Sanjar Saljuqiy (vaf. 1157)ning iltimosiga javoban yozgan. 1141-yil vafotidan ikki yil oldin, umrining oxirida ushbu asarni yozib bo‘lganda, o‘sha davrdagi barcha Samarqand olimlari buni tasdiqlab, o‘z muhrlarini bosib berishgan.

“Aqoidi Nasafiy” asari ahli sunna va jamoa olimlari nazdida juda mo‘‘tabar va aqida ilmida tayanch manbalar sirasiga kiradi. Barcha tabaqot, manoqib va tazkira yo‘nalishidagi asarlarda “Aqoidi Nasafiy” asarini Imom Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiyga nisbat berishgan. Ammo ayrim tarixiy manba va avtobigorafik asarlarda Abu Muin Nasafiyga nisbat berishgan. Zero, bu kishining “at-Tamhid li-qavoid at-tavhid” asari borligi ba’zilarni chalg‘itgan. Shuningdek, ba’zilar Abul Fazl Muhammad Nasafiy (Burhoniddin Nasafiy vaf. 687/1288)ga nisbat berishgan, chunki bu kishi ham kalom ilmida ahli sunna va jamoaga mansub bo‘lib, ko‘plab ilmiy asarlar yozgan. Ammo u ash’ariy yo‘nalishiga mansub bo‘lgan.

Sa’duddin Taftazoniyning o‘z sharhida ochiq ishora qilgani va Kotib Chalabiy o‘zining “Kashfuz zunun” asarida aqida ilmi yo‘nalishida ijod qilgan nasaflik olimlarni yaxshi farqlagani va yozgan asarlarini ajrata olgani sabab boshqa nasaflik olimlar ichidan “Aqoidi Nasafiy”ni faqat Abu Hafs Nasafiyga nisbat bergan. 

“Aqoidi Nasafiy”ning “Bayoni e’tiqodi ahli sunnat va jamoat” deb nomlangan bu forscha nusxasini o‘z shogirdi Imom Burhoniddin Marg‘inoniy tomonidan naql va rivoyat qilgan. Ushbu asar muqaddimasida Burhoniddin Marg‘inoniy quyidagilarni yozadi: “1141-yilda Sulton Sanjar Saljuqiy Samarqandga keldi. Seyston viloyati hokimi Amir Abulfazl unga hamroh edi. Sulton Sanjar Samarqandning ulamolari, qozi va shayxlari bilan bo‘lgan majlisda o‘tirganida Seyston viloyati hokimi Amir Abulfazl o‘tirgan katta imom, ulamolardan ahli sunna va jamoa e’tiqodi bo‘yicha bir risola yozib berishni iltimos qildi. Risola yozilganda barcha Samarqand ulamolari ushbu risolaga roziligini bildirib, imzo qo‘yishlarini ham xohladi. So‘ng Seyston hokimi Amir Abulfazl ushbu risolani o‘z yurtiga olib borishini, kimki bu risolada yozilgan e’tiqodga zid gapirsa jazoga tortishini aytdi. O’tirgan Samarqandning barcha imom va ulamolari bunga rozilik bildirishdi va hamma bir ovozdan bu risolani Imom Abu Hafs Nasafiy yozishiga ishora

qilib, tayyor bo‘lsa tasdiqlab imzo chekishlarini ta’kidlashdi”.

Ushbu muqaddimani keltirarkan eronlik tadqiqotchi Muhammad Umar Jo‘yo o‘sha davrdagi Sulton Sanjar hukmronligi paytida Eron hududlarida hanbaliylar va karromiylarning ta’siri va tarafdorlarining ko‘paygani, shu sababdan ham Seyston hokimi ayni shu iltimos bilan Samarqand viloyatidagi katta ulamolardan e’tiqodga doir ishonchli bir manba yozishlarini xohlagan, deb izoh qoldirgan. 

Imom Burhoniddin Marg‘inoniy tomonidan naql va rivoyat qilingan Abu Hafs Nasafiyning ushbu “Bayoni e’tiqodi ahli sunnat va jamoat” asarining asl forscha qo‘lyozma nusxasi Tehronda “Eron islom sho‘rosi kengashi” kutubxonasida 11-13613-inventar raqam ostida saqlanadi. 

Asl qo‘lyozmada Burhoniddin Marg‘inoniy risola oxirida imzo chekkan Samarqand ulamolaridan o‘n bir nafarining ism shariflarini keltiradi. Jumladan, shayxul islom Jaloliddin Ali bin Ismoil Sabjoniy, qozikalon Imomiddin Ali bin Abdulvahhob, Dehqoni Imomi Zohid Shamsiddin Muhammad bin Nasr bin Mansur Madaniy, qozikalon Alouddin Umar bin Usmon Ifrinkadiy, qozi Sadriddin Muhammad Navqadiy, shayxul islom Zayniddin bin Ahmad bin al-Faraj bin Abdulaziz bin Abul Haysam Sog‘urjiy va shayxul islom Alouddin Muhammad bin Abdulhamid Usmandiy Samarqandiyni ham zikr qilgan. 

Shuningdek, Imom Marg‘iloniy aytadiki, men ushbu risolaning forscha nusxasini g‘animat bilib, musannifi Abu Hafs Nasafiyga ko‘rsatib, o‘qitdim va ba’zi joylarini to‘g‘irlab ham berdi. 

Eronda saqlanayotgan ushbu nusxa 795/1393-yilda buxorolik Xo‘ja Porsoning o‘z qo‘li bilan ko‘chirilgan nusxa sanaladi. Bu nusxa daftarcha shaklida bo‘lib, ichida 4 ta risolani jamlagan. Shuning ikkinchi tartibda boshlanadigan risolasi ayni shu “Aqoidi Nasafiy” risolasidir. Daftardagi to‘rtinchi risola Imom Abu Mansur Moturidiyning shogirdi Hakim Abulqosim Ishoq Samarqandiy Hanafiyga tegishli risoladir. 

Xulosa qilib aytganda, Abu Hafs Najmiddin Nasafiyning “Aqoidi Nasafiy” asarining asl forscha bo‘lgan ushbu qo‘lyozmasidan bir nusxasini O’zbekistonga olib kelish, uni o‘zbek tiliga to‘liq tarjima qilish, shu kungacha arabcha nusxadan tarjima qilingan turli matnlar bilan solishtirish zarurdir.

PhD Nasriddin Mirzayev

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry