14.06.2022
414

ABU BAKR SARAXSIY

(XI asr)

     Inson uchun ma’rifatdan bo‘lak najot yo‘q, bo‘lmagay ham. Bu – asrlar osha ajdodlarimiz shior qilib kelgan buyuk g‘oya. Shu sabab ham har bir qarichidan ma’rifat chashmalari sizib chiqqan ona zaminimiz «allomalar yurti» deb tanilgan. Ushbu diyorda voyaga yetgan, uning irfoniy sarchashmalaridan qongan, hayotining asosiy qismini ilmga bag‘ishlab, doimo mehnatda, izlanishda bo‘lgan, bizga ulkan meros qoldirgan ana shunday ajdodlarimizdan biri buyuk faqih Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Sahl Saraxsiydir. Ushbu buyuk zotning nafaqat bizning mintaqamiz, balki butun musulmon dunyosi tarixida o‘ziga xos o‘rni bo‘lganki, uni ardoqlab «shamsul-aimma» – «allomalar quyoshi», deb ataganlar. 

     Mutakallim va faqih olim, ba’zi manbalarga ko‘ra, qozilik faoliyati bilan ham shug‘ullangan va xalq ichida o‘zining odilligi, o‘tkir zehni, parhezkorligi, matonati ila hurmat qozongan Abu Bakr Saraxsiy 1009-yilda Movarounnahr hududidagi Saraxs shaharchasida tavallud topdi. Avval o‘z o‘lkasidagi ko‘zga ko‘ringan olimlardan tahsil olgan. Ibn Abu Sahl voyaga yetgach o‘sha davrda nafaqat mintaqa, balki butun islom olamida shuhrat topgan, «qubbatul-islom» deya ta’riflangan ilmu-ma’rifat shahri Buxoroyi sharifga yo‘l oldi. 

     Ushbu shahri azimga yetib kelgan Saraxsiy o‘z davrining yetuk allomalaridan ilm ola boshladi. U Abdulaziz Halvoniy, Abul Husayn So‘g‘diy, Abu Bakr Vositiy kabi olimlarning ma’rifat nuridan samarali oziqlandi. O’zining esdaliklarida yozishicha, Saraxsiyning hayotida mashhur mujtahidlardan hisoblangan ustozi Abdulaziz Halvoniy ayniqsa katta iz qoldirgan.

     Tarixiy manbalarda zikr etilishicha, alloma yashagan davrda Qoraxoniylar davlati hukmdorlari ilm ahliga chuqur hurmat ko‘rsatib, olimu allomalarni, xususan, fiqh ilmi bilimdonlarini izzat-ikromqilgan ekanlar. Tabiiyki, buyuk faqih Abu Bakr Saraxsiy ham alohida ehtiromga sazovor bo‘lgan. Buxorodagi ta’limini yakunlagach, u mamlakatning sharqiy qismi – Farg‘onaga kelib shu yerda ilm tarqatish bilan shug‘ullanadi. O’zining nodir asarlarini ham aynan shu yerda yoza boshlaydi. 

     Bizgacha yetib kelgan ma’lumotlar Saraxsiyning fiqh, usul, kalom ilmlari bobida sermahsul ijod qilganidan dalolat beradi. Uning asarlaridan «Sharh al-Jome’ al-kabir», «Ashrot as-sa’a», «al-Favoid al-fiqhiya» kabilarni zikr etish mumkin. Bulardan tashqari Saraxsiy Abu Ja’far Tahoviyning «Muxtasar» va Muhammad ibn Hasanning «al-Kasb» asarlariga sharh bitgani haqida ham ma’lumotlar bor. Shu bilan birga uning eng ko‘zga ko‘ringan, o‘ziga xosligi bilan boshqa faqihlarning ijod mahsullaridan ajralib turadigan hamda muallifning butun musulmon olamida shuhrat topishiga sabab bo‘lgan «al-Usul», «al-Mabsut» va «Sharh as-siyar al-kabir» asarlariga alohida to‘xtalib o‘tish lozim. 

     Tarixda Movarounnahr hududida usul – musulmon qonunshunosligiga oid ko‘plab manbalar yaratilgan. Saraxsiyning «al-Usul»i ham shular jumlasidandir. Asarning muqaddimasida berilgan ma’lumotga ko‘ra, u 1086-yilning shavvol oyida yozila boshlangan. Ushbu kitobida Saraxsiy Muhammad ibn Hasanning usulga oid qoidalarini o‘rgangan, tadqiq qilgan hamda ba’zi hollarda mahalliy urf-odat normalarini ham ularning tarkibiga kiritgan. Ushbu kitob musulmon olamida movarounnahrlik yana bir olim Ali ibn Muhammad Bazdaviyning «Usul»i bilan bir qatorda juda katta ahamiyat kasb etgan. Usulga oid biror masalada «ikki shayx ittifoq qilganlar» – deyilganda Saraxsiy hamda Bazdaviylar nazarda tutilgan. Ushbu asar hanafiylik qonunshunosligining yuzaga kelishi va mustahkamlanish davrini aks ettiradi. Unda ilgarigi ulamolarning fikrlarini keltirish va ularga izoh berish bilan cheklanmay, zamondosh hanafiy ulamolari ilgari surgan yangi ijtihodiy fikrlar ham tahlil etilgan. Saraxsiy avval muayyan masalani keltirib, bu borada olimlar bildirgan fikrlarni zikr qiladi. Munozara qilish mumkin bo‘lgan o‘rinlarda o‘zi ham bahsga kirishadi. To‘g‘ri deb hisoblagan fikrga ustunlik beradi. Natijada ushbu kitob o‘z uslubi jihatidan hanafiylik qonunshunosligining mo‘tabar manbalaridan biriga aylangan. 

    Saraxsiyning fiqh sohalariga bag‘ishlangan «al-Mabsut» asari uning ham shaklan, ham mazmunan eng salmoqli kitobidir, deyish mumkin. Aslini olganda islom tarixida ushbu nom bilan bir nechta asarlar bitilgan. Jumladan, Abu-l-Lays Samarqandiy, Abdulaziz Halvoniy, Alouddin Isbijobiy, Abu Ja’far Tusiy kabi olimlarning fiqhga oid «al-Mabsut» nomli asar yozganlari ma’lum. Shunday bo‘lsa-da, fiqh tarixida «al-Mabsut» deyilganda, avvalo Saraxsiyning asari nazarda tutilgan. Albatta, bu holat ushbu asarning nafaqat hanafiylik fiqhi, balki barcha mazhab ulamolari o‘rtasida ham katta shuhrat topganidan dalolat beradi. Shu sababli bo‘lsa kerak, alloma «Sohibul-Mabsut» nomi bilan ham mashhur bo‘lgan. Ushbu kitob haqida Ibrohim ibn Ali Tarsusiy (vaf.1357 y.) «Saraxsiyning «Mabsut»i shunday bir kitobki, unga zid bo‘lgan boshqa fiqhiy qoidaga amal qilinmaydi, ungagina ishoniladi, uning asosidagina fatvo chiqarilib, unga asosan ta’vil qilinadi», deb yozgan. To XIX asrgacha ushbu asar hanafiylik furu’ining asosiy manbai bo‘lib kelgan. Shu sababli ham uning qo‘lyozmalari juda keng tarqalgan. Jumladan, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazining nodir manbalar fondida «al-Mabsut» asarining turli asrlarda kotiblar tomonidan ko‘chirilgan sakkizta qo‘lyozma nusxasi saqlanmoqda. 

    O’rta asrlarning mashhur olimlaridan bo‘lgan Ibn Qutlubug‘oning yozishicha, o‘z dushmanlarining adovati va bo‘htonlari sababli Abu Bakr Saraxsiy ma’lum muddat tutqunlikda yashashga majbur bo‘lgan ekan. Ammo bu holat ham uni o‘zining suyukli mashg‘ulotidan – kitob yozib, ilm nurini taratishdan to‘xtata olmadi. Manbalarda aytilishicha, alloma o‘zi o‘rgangan fiqhga oid bilimlarini og‘zaki imlo qilib turgan, shogirdlari esa uning so‘zlarini qog‘ozga tushirganlar. Shu taqlid fiqh ilmiga oid bo‘lgan islom dunyosidagi mo‘tabar asarlar dunyo yuzini ko‘rgan. Albatta, bu holat buyuk ajdodimizning ilmga bo‘lgan cheksiz mehridan, ma’rifat sarchashmalarini keyingi avlodga yetkazish yo‘lidagi buyuk sabotidan dalolat beradi.

    Ma’lumotlarga ko‘ra, alloma «Sharh as-Siyar al-kabir» asarining «Bob ash-shurut»gacha bo‘lgan qismini ham tutqunlikda – o‘ta og‘ir sharoitlarda ta’lif etgan. Tez orada uning nodir iste’dod sohibi ekani, davlatlararo munosabatlarga oid o‘ta qimmatli asar bitayotgani haqidagi xabar qoraxoniylar hukmdori Amir Hasan qulog‘iga yetib, u allomani ozod etishni, aksincha bu buyuk xizmati uchun uni mukofatlashni amr qilgan. Ushbu asar hanafiylik fiqhi asoschilaridan bo‘lgan va islom xalqaro huquqining shakllanishida katta rol o‘ynagan olim Muhammad ibn Hasan Shayboniyning «as-Siyar al-kabir» asari sharhidan iborat. Ammo shunday bo‘lsa-da, uning bizgacha yetib kelgan holatida matn sharhi va asl qismini ajratish juda mushkul. Umuman olganda, mazhabga oid asarlarga sharhlar bitish jarayonida olimlarning sharhlanayotgan asarni kengaytirish, zarur o‘rinlarda o‘z fikr va mulohazalarini qo‘shish holatlari ko‘p uchraydi. Shundan kelib chiqib, Saraxsiy ham «as-Siyar al-kabir»ning mazmunini kengaytirgani va undagi fiqhiy qoidalarni yanada boyitganini taxmin qilish mumkin.

    Ushbu asar 1825-yil Yevropada nashr qilingandan keyin G’arb olimlari ham islom xalqaro huquqi masalalariga qiziqa boshlaganlar va Abu Bakr Saraxsiyning ilmiy maqomini e’tirof etganlar. 1917-yilda Saraxsiyning bu asari to‘rt jildda Hindistonning Haydorobod shahrida ham nashr etildi. Bu nashr hanafiy mazhabi asoschilarining xalqaro huquq masalalariga oid fikr va g‘oyalarini G’arb dunyosiga yana bir marta tanitdi va olimlarning diqqatini islom xalqaro huquqi nazariyalariga tortdi. Saraxsiy ovrupalik olimlar tomonidan bunday qadrlanib e’zozlanishi juda o‘rinli edi, chunki Grotsiydan besh asr muqaddam xalqaro huquqning barcha sohalari (xususiy va umumiy xalqaro huquq)ga tegishli juda ko‘p masalalar, ayniqsa, tinchlik shartnomalarini tuzishda rioya qilinishi zarur bo‘lgan me’yorlar, asirlar bilan insoniylik asosida muomala qilish haqidagi normalar, elchilar almashinuvini tartibga soluvchi qoidalar, insonparvarlik huquqi tamoyillariga hamohang bo‘lgan ta’limotlar Saraxsiyning kitobida mufassal yoritib berilganini ko‘ramiz. 

    Ilmiy merosning barhayotligini ta’minlovchi vositalardan biri kitoblar ta’lif etish bo‘lsa, yana biri ustoz-shogirdlik an’anasidir. Alloma ham fiqh bobida chuqur ilmiy faoliyat olib borish barobarida, o‘zidan keyin qator shogird-izdoshlar qoldirishga erishgan. E’tiborlisi, Saraxsiyning ustoz sifatida boshqa ulamolarnikidan ajralib turadigan va ko‘p holatda hammaning ham irodasi dosh berolmaydigan o‘z qoidalari bor edi. U shogirdlaridan, avvalo, pokiza qalbli bo‘lishni, modomiki olim bo‘lishni maqsad qilgan ekan, ilm olish jarayonida boshqa biror narsa bilan shug‘ullanmaslikni, ilmda qanday martabaga erishmasinlar insonlar bilan mudom chiroyli muomala qilishni talab qilardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uning shogirdlari ustozining ishini davom ettirdilar. 

    O’z davrining yetuk faqihlari bo‘lib yetishgan Abu Bakr Hasiriy, Abu Umar Poykandiy, Abu Hafs Zandaromashiy Marg‘inoniy, Abdulaziz O’zgandiy kabi allomalar Saraxsiyning yaqin shogirdlari bo‘lganlar. Burhonul aimma Abdulaziz ibn Umar ibn Moza, Muhammad ibn Ibrohim Hasiriy, Ruknuddin Mas’udlar ham fiqh ilmini Saraxsiydan o‘rgangan edilar. Ular o‘z ustozlarining ilmu ma’rifatini keyingi davrga yetishida astoydil xizmat qilganlar. Alal oqibat bu tabarruk zamindan «Sohib al-Hidoya» Burhoniddin Marg‘inoniy, «Fatovo» asari bilan mashhur bo‘lgan Faxriddin Qozixon kabi navbatdagi allomalar silsilasi dunyo yuzini ko‘rdi. Saraxsiy esa o‘zining ilm yo‘lidagi tinimsiz izlanishlari, metin irodasi, sabot-matonati, shogirdlar yetishtirishdagi benazir uslubi, oqilona yondashuvi sababli Movarounnahr ulamolari ichida «shamsul-aimma», ya’ni «allomalar quyoshi» degan buyuk nom bilan atala boshladi.

 

                           PhD Abdumalik To‘ychiboyev

 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry