11.05.2021
337

Hamkorliklar yuqori bosqichga chiqmoqda

Bugun, 2021 yil 10 may kuni Toshkent islom institutida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hodimlari va institut professor-o‘qituvchilari ishtirokida markaz faoliyati va istiqboldagi rejalari mavzuida ilmiy amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada, dastlab Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi, so‘ng ilmiy tadqiqot olib borishning uslubiyatlari bo‘yicha master-klass tashkil etildi hamda anjuman yakunida markaz va TII o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

 

 

Konferensiyani institut rektori Uyg‘un Gʻofurov domla ochib berdi. Rektor domla avvalo, barchani muborak Ramazon oyi va kirib kelayotgan Ramazon hayiti bayrami bilan muborakbod etdi. So‘ng Imom Moturidiy markazi va faoliyati haqida taqdimot qilib berish uchun markaz rahbari t.f.d. dosent Davron Maqsudovga so‘z berdi.

 

Davron Maqsudov:

Assalomu alaykum, hurmatli Toshkent islom instituti professor-o‘qituvchilari! Barchangizni kirib kelayotgan muborak Ramazon hayiti bayrami bilan tabriklayman.

Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy sohada ham katta o‘zgarishlar va islohotlar bo‘lyapti. Buni biz so‘ngi besh yil ichida muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbuslari bilan tashkil etilgan ilm-ma’rifat maskanlari misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Ular qatoriga Imom Buxoriy va Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazlarini kiritishimiz mumkin. 

Prezidentimizning 2020 yil 11 avgustdagi PQ-4802-son qarori bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Shuningdek, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya ta’sis etildi. Nomzodlar Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti bilan bog‘liq izlanishlarni amalga oshiruvchi xorijiy tadqiqotchi va izlanuvchilar orasidan saralab olinadi. Stipendiya sovrindorlarining O‘zbekistondagi ilmiy izlanishlari xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grantlari hisobiga moliyalashtiriladi.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

– aqida va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari bo‘lgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilish;

– islom dinining insonparvarlik mohiyati, ma’rifiy-madaniy roli va rivojlanish yo‘nalishlarini ilmiy asosda o‘rganish va keng afkor ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka yetkazish;

– Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarning kalom ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi va uning taraqqiyotida tutgan o‘rnini chuqur tadqiq etish, yosh avlodni millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, tinchlik-totuvlik kabi islom dinining asl qadriyatlari ruhida tarbiyalash;

– “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida islom dinining ilm-ma’rifat, ma’naviy poklik, tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi g‘oyalarini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yetkazishdan iborat ekani qayd etildi.

2020 yil 6 noyabarda “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Qaror bilan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining (Markaz) tuzilmasi va ustavi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi buyuk ajdodlarimizdan qolgan yozma manbalar bo‘yicha maqsadli ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, oliy ta’lim muassasalari va muzey fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozma hamda toshbosma manbalarning faksimile, foto, skaner nusxalari bilan Markazni bepul ta’minlash hukumat qarorida alohida belgilab qo‘yildi.

 

Markaz o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi ishlarni amalga oshirishni maqsad qilgan: 

islom dinining mohiyati va ilmlarini tarqatish, dinlararo va millatlararo bag‘rikenglik, do‘stlik, ahillik, o‘zaro hurmat va hamfikrlilik qadriyatlarini keng ommaga yetkazishga ko‘maklashish;
islom dunyosining buyuk mutafakkiri, kalom ilmi peshvosi Imom Moturidiyning ilmiy-ma’naviy merosini, ijodiy faoliyati va shaxsiyati bilan bog‘liq ma’naviy-ma’rifiy merosini yoshlar orasida keng targ‘ib qilish;
Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar olimlari ilmiy faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, davlat, nodavlat notijorat tashkilotlar, shu jumladan, xayriya tashkilotlari bilan ilmiy-amaliy aloqalar o‘rnatish va rivojlantirish;
o‘rta asrlarda o‘tgan islom ulamolari va mutafakkirlarining kalom ilmi va islom tarixi yo‘nalishlari bo‘yicha diniy-ma’naviy merosini yanada chuqurroq tadqiq etishga oid loyihalarni amalga oshirish;
moturidiylik ta’limotiga oid aqidaviy manbalarning ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlash hamda ularning zamonaviy sharhlarini amalga oshirish;
islom dunyosining ma’naviy tarixi va islom manbalarini tasnif qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish;
Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarda saqlanayotgan islom diniga oid nodir yodgorliklarni ommalashtirishga bag‘ishlangan loyihalarni amalga oshirish;
joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida islom dinining bunyodkorlik, ilm-ma’rifat va odob-axloqqa yo‘g‘rilgan ta’limotini targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlarda ishtirok etish.


Shundan so‘ng, markaz rahbari D.Maqsudov bilan birgalikda bo‘lim boshlig‘i t.f.d. Abdulatif Alloqulov ilmiy tadqiqot olib borishning uslublari va bu boradagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining o‘rni to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Abdulatif Alloqulov:

Yurtimiz moturidiyshunos olimlari xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etadilar. Markaz muassisligida “Moturidiylik” ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-adabiy jurnali nashr etiladi.

Kelgusida “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusida konferensiya va seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, dunyo qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid qo‘lyozma asarlar nusxalari jamlanadi hamda ularning katalogi yaratiladi. Yig‘ilgan malumotlar asosida moturidiylik ta’limotiga oid ensiklopediya tayyorlanadi.

 

Yana quvonarlisi o‘zbek va jahon kino ixlosmandlari uchun Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarning hayoti va ilmiy merosi haqida badiiy va hujjatli filmlar tayyorlanadi.

Qayd etish kerakki, bugungi kunda dunyoda mavjud 1,9 mlrd musulmon aholining 38% yoki 726 millioni moturidiylik ta’limotiga amal qiladi. Ular Pokiston, Hindiston, Turkiya, Misr, Rossiya kabi 20 ga yaqin davlatda istiqomat qiladi. 

Xalqaro ilmiy hay’at tarkibi yigirmadan ziyod mahalliy va xalqaro miqyosdagi olimlardan tashkil topgan bo‘lib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, Islom olami uyushmasi ta’sis majlisi a’zosi, Butun dunyo ulamolar kengashi a’zosi Usmonxon Alimov mazkur Xalqaro ilmiy hay’at raisi hisoblanadi.

Xalqaro hay’at tarkibida xorijlik taniqli olimlar, jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar, mutaxassislar, Markaz ilmiy xodimlari va boshqalar ishtirok etdilar.

Jumladan, Al-Azhar islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi doktor Nazir Muhammad Ayyad, Rossiya islom universiteti rektori, akademik Rafik Muhametshin, Bosniya sobiq muftiysi, Butunjahon bosniyaliklar kongressi prezidenti, falsafa fanlari doktori – Mustafa Cherich, Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti professori Hamza Bakriy kabi nufuzli olimlar, davlat va jamoat arboblari ishtirok etib, yig‘ilish qatnashchilari tomonidan Imom Moturidiy ilmiy merosini o‘rganish va xalqaro jamoatchilikka yetkazish sharafli hamda mas’uliyatli vazifa ekanligi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, Xalqaro hay’at yig‘ilishida Misr, Iordaniya, Turkiya, Germaniya, Bosniya va Gersegovina, Rossiya, Afg‘oniston, Malayziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlardan 30 dan ziyod soha vakillari, ilmiy-tadqiqot muassasalarining rahbarlari ishtirok etdi.

Taqdimotdan so‘ng, ilmiy tadqiqot olib borishning uslubiyatlari bo‘yicha master-klass tashkil etildi hamda anjuman yakunida markaz va TII o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

“Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi

o‘qituvchisi Umarxodjayev Murod

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry