08.06.2022
400

MOVAROUNNAHRLIK MUFASSIRLAR TAFSIRLARIDA AQIDAVIY OYATLARNING SHARHLANISHI (1-qism)

Tafsirlarni o‘rganish, shu orqali Qur’oni karimning asl mohiyatini to‘g‘ri talqin qilish bugungi globallashgan paytda dolzarb sanalishi bilan birga, uning e’tiborli jihatlari ham mavjuddir. Ya’ni, tarixiy merosni asrab-avaylash, uni avlodlardan avlodlarga yetkazish masalasi ayni damda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Shu sababli, oyatlardagi nozik aqidaviy tushunchalarning an’anaviy islomda kelgan asl ma’nolarini o‘rganib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu aholi o‘rtasida sof diniy ta’limot va soxta oqimlarning farqlari borasidagi dunyoqarashni boyitishda asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi. 

“Aqida” – عقيدة so‘zi (ko‘pligi عقائد – aqoid) arabcha عقد”– aqada” fe’lidan olingan bo‘lib, undan bir narsani ikkinchi bir narsa bilan bog‘lash ma’nosi kelib chiqadi (Arabsko-russkiy slovar, 1994: 66). Istilohda esa, mo‘minni ma’lum bir g‘oyalar bilan bog‘lab turuvchi e’tiqodlar yig‘indisiga aytiladi. Aqida ilmining turli ta’riflari ichida qisqa va keng qamrovlisi alloma Ali al-Qoriy qalamiga mansub “Sharh Al-Fiqh al-akbar”dagi quyidagi ta’rif hisoblanadi: “Aqida e’tiqod qilish zarur bo‘lgan narsalar to‘g‘risidagi ilmdir” (Ali al-Qoriy, (yili ko‘rsatilmagan):7). Aqida ilmi, dastlab, barcha diniy ilmlar qatori bir nom ostida bo‘lgan bo‘lsa-da, keyinchalik turli joylarda sharoit va tushunchalardan kelib chiqib, olimlar tomonidan bir necha nomlar bilan atalgan. Jumladan, “al-Imon”, “Al-Fiqhul akbar” (Katta fiqh), “Ilmul kalom” (Kalom ilmi), “Ilm usulid din” (Din asoslari ilmi), “Ilmut tavhid” (Tavhid ilmi), “Ilmul aqoid” (Aqida ilmi) kabilar. 

Ahli sunnada uchta aqidaviy ta’limot shakllangan bo‘lib, ulardan birinchisi Bag‘dodda Abul Hasan al-Ash’ariy (260/873‒323/935), ikkinchisi Movarounnahrda Abu Mansur al-Moturidiy (vaf. 940) sunniylar aqidasi himoyachisi sifatida, uchinchisi Misrda Abu Ja’far at-Tahoviy (vaf. 321/933) ta’limoti hisoblanadi (Abdulaziz Mansur, 2006: 5-6). Ulardan al-Ash’ariy va al-Moturidiy ta’limotlari aholi orasida keng yoyilgan. Ko‘plab olimlar Imom at-Tahoviy va Imom al-Moturidiy aqidalarini bir xil deb hisoblaydilar. Bu ikki alloma ta’limotining o‘xshashligiga asosiy sabab sifatida ularning Imomi A’zam mazhabi va qarashlari asosida shakllangani keltiriladi. 

Ahli sunna va-l-jamoaning ikki katta imomi– Imom al-Ash’ariy va Imom al-Moturidiy ta’limotlarini solishtirib ko‘rgan olimlar ikki tomon o‘ttizga yaqin, ba’zilari 3 ta, 12 ta, 15 ta, 40 ta yoki 50 ta masalada juz’iy farqlar mavjudligini, ammo bu farqlar faqat lafzda ekani, ma’no- mazmuni esa, tamoman bir-biriga o‘xshashligini ta’kidlaganlar. Nemis olimi Ulrix Rudolf esa, ikkalasini ham sunniy olimi ekanini ta’kidlash bilan birga, al-Moturidiyning al-Ash’ariydan farqli jihati deb u o‘z ta’limotida mutakallim olimlar usullaridan tashqari aqliy tafakkurni ham ishlatganini aytadi (U. Rudolf, 2002:181‒184). 

Shuningdek, aqida ilmida moturidiylik davomchilari bo‘lgan: Abul Hasan va Abul Yusr al-Pazdaviy, Abu Muin hamda Abu Hafs an-Nasafiy, Abul Barakot va uning ustozi Shams al-aimma al-Kardariy, Mullo Ali al-Qoriy, Abu Muhammad al-O’shiy kabi o‘nlab olimlar shuhrat topganligi manbalarda keltiriladi. Abul Barakot an-Nasafiy ham mana shu olimlar qatorida kalom ilmida sermazmun ijod qilgan. U aqida bobida asarlar yozish bilan bir qatorda “Tafsir an-Nasafiy”da aqida masalalarini moturidiylik qarashlari asosida sharhlagan. Islom dinida inson yetti aqidaga, ya’ni Allohga, farishtalarga, kitoblarga, payg‘ambarlarga, oxirat kuniga, taqdirning yaxshi va yomoni Allohdan ekaniga hamda o‘limdan so‘ng qayta tirilishga ishonib, iqror bo‘lgandagina mo‘min hisoblanadi. Bu Niso surasining 136-oyatida quyidagicha bayon qilingan: «Ey imon keltirganlar! Allohga, Payg‘ambariga, (shu) Payg‘ambariga nozil qilgan Kitob (Qur’on) ga hamda ilgari nozil qilingan Kitobga imon keltiringiz! Kimki Allohni, farishtalarini, kitoblarini, payg‘ambarlarini va “Oxirgi kun (qiyomat)”ni inkor etsa, demak, u juda uzoq (qattiq) adashibdi». Baqara surasining 285-oyatida esa: “Payg‘ambar (Muhammad) o‘ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga (oyatlarga) imon keltirdi va mo‘minlar ham (ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi”, – deyilgan. An-Nasafiy oyatni sharhlab, imonda istisno (masalan, “Men mana bu narsalarga imon keltiraman, bulariga emas”) qilib bo‘lmasligiga va gunohi kabira qilganning imoni sobitligiga dalolat qilishini aytadi. Ibn Arabiy g‘oyasi davomchilaridan sanalgan o‘rta asrlar mufassiri Jamoluddin al-Koshoniy o‘z tafsirida yuqoridagi “Payg‘ambar (Muhammad) o‘ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga (oyatlarga) imon keltirdi” oyati Payg‘ambar (s.a.v.) nozil qilingan narsalarni qabul qilgan va uning xulqi bilan xulqlangan. Oisha (r.a.) aytganlaridek: “Uning xulqi Qur’on edi” tarzida sharhlaydi (Samir Mustafo, 2001:93). Movarounnahrlik mashhur so‘fiy va mufassir Najmiddin Kubro esa, ushbu oyatda Allohning bandalariga kamoli lutfi va to‘g‘ri yo‘lga yo‘llashi bor, shuning uchun uni shunday tarzda boshlamoqda, deydi (Najmiddin Kubro, 2009:378). Mazkur yetti asosga imon keltirish masalasida islom dinidagi barcha mazhab va ta’limotlarda bir xil fikr bildirilgan. Lekin aqidaning bundan tashqari boshqa masalalari borki, ularda ixtilof va qarama-qarshiliklar ko‘p uchraydi. Ular ilohiy sifatlar, bu sifatlarning azaliy yoki hodisligi, Qur’onning yaratilgan yoki yaratilmagani, payg‘ambarlik, jannat va do‘zaxning mavjudligi, imon va imonsizlik, kishining qanday so‘z va amallar bilan imondan chiqishi kabilardir. Imom al-Buxoriydan rivoyat qilingan hadisda ham, imonning yetmishdan ziyod qismi sanalgan bo‘lib, uning eng kattasi Laa ilaha illalloh deyish bo‘lsa, kichigi yo‘ldan ozor beradigan narsalarni olib tashlash va hayo ekani aytilgan (Muhammad ibn Abdulloh at-Tabriziy, 1991). Movarounnahrlik moturidiy mufassir Abul Barakot an-Nasafiy Qur’ondagi ushbu turli masalalarni moturidiylik ta’limotiga asosan tafsir qiladi. Jumladan, imon bilan solih amallar birmi yoki bir emasmi degan masala turli ta’limot va oqimlar o‘rtasida hozirgacha munozarali masala hisoblanadi. Abul Barakot Imom al-Moturidiyning Baqara surasi 25-oyatini imon bilan solih amallar boshqa-boshqa ekaniga dalil qilganini ta’kidlaydi. Oyat mazmuni shunday:                                                         

وَبَشِّرِ الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ أَنَّ لَهُمْ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ

“Imon keltirganlar va solih amal qilganlarga taglaridan anhorlar oqib turuvchi jannatlar bor, deb bashorat bering”. Abul Barakot: “Alloh taolo ushbu oyatda أمنوا” – imon keltirganlar” bilan الصالحات عملوا” – solih amal qilganlar” so‘zlarini و” va” bog‘lovchisi orqali ajratmoqda. Arab tili qoidasiga ko‘ra, bog‘lovchilar bilan ajratilgan so‘zlar alohida hisoblanadi. Demak, solih amal bilan imon bir-biridan boshqa narsalar ekan. Shu bilan birga, faqat imon keltirib, solih amal qilmasa ham, jannatga kirsa bo‘lar ekan-da, deb bo‘lmaydi. Chunki Alloh taolo jannatga kirishga solih amal bo‘lishini shart qilib qo‘ygan (Abul Barakot an-Nasafiy, 1988:33). Bunga Baqara surasining 3-oyati dalil bo‘ladi:

الَّذِينَ يُؤْمِنُونَ بِالْغَيْبِ وَيُقِيمُونَ الصَّلاةَ وَمِمَّا رَزَقْنَاهُمْ يُنْفِقُونَ

“...g‘aybga imon keltirgan, namozlarini ado etadigan va biz rizqlantirgan narsalardan infoq-ehson qiladiganlar...” oyati tafsirida Abul Barakot: “To‘g‘ri, imon bu til bilan tasdiqlash, dil bilan ishonishdir, amal qilish esa imon shartiga kirmaydi” (Abul Barakot an-Nasafiy, 1999:41) deb aytadi. 

Darhaqiqat, moturidiy ta’limotiga ko‘ra amal imonning bir qismi bo‘lmay, undan mustasnodir. Lekin mo‘‘taziliy oqimi aqidasiga ko‘ra amal imonning bir bo‘lagi hisoblanadi. So‘fiy olim Najmiddin Kubro ushbu oyatdagi g‘aybga to‘xtalib, uni beshta zohiriy hissiy a’zolar bilan idrok qilib bo‘lmaydigan, biroq beshta botiniy vositalar bilan idrok qilish mumkin bo‘ladigan deb sharhlaydi. Beshta botiniy hislar – aql, qalb, ruh, sir, xafiy bo‘lib, g‘ayb oxirat bilan bog‘liq ishlardir, deydi (Najmiddin Kubro, 2009:110). Imon haqida yana Moida surasining 83–85-oyatlarida shunday deyiladi:

وَإِذَا سَمِعُوا مَا أُنْزِلَ إِلَى الرَّسُولِ تَرَى أَعْيُنَهُمْ تَفِيضُ مِنَ الدَّمْعِ مِمَّا عَرَفُوا مِنَ الْحَقِّ يَقُولُونَ رَبَّنَا آَمَنَّا فَاكْتُبْنَا مَعَ الشَّاهِدِينَ 83    

وَمَا لَنَا لَا نُؤْمِنُ بِاللَّهِ وَمَا جَاءَنَا مِنَ الْحَقِّ وَنَطْمَعُ أَنْ يُدْخِلَنَا رَبُّنَا مَعَ الْقَوْمِ الصَّالِحِينَ 84

«Ular (nasroniylar) Rasulga (Muhammadga) nozil qilingan (oyatlarni) eshitganlarida haqni bilganlari tufayli ko‘zlari yoshga to‘lganini ko‘rasiz. (Ular) “Parvardigoro, biz imon keltirdik, bizni shahodat ahli bilan birga yozib qo‘ygin. Nega biz Rabbimiz bizlarni solihlar bilan birga jannatga kirgazishini umid qilaturib, Allohga va bizga kelgan haqqa imon keltirmas ekanmiz?’’,deydilar. Aytgan (shu) gaplari tufayli Alloh ularni ostidan anhorlar oqib turadigan jannat bog‘lari bilan mukofatlagay va u yerda abadiy qolurlar. Bu solih amal qiluvchilar mukofotidir». 

              Karromiya oqimi vakillari ushbu oyatning قالوا بما” – Aytgan (shu) gaplari tufayli” jumlasini dalil qilib, faqat tilida imon keltirish bilangina inson mo‘min bo‘ladi, dilning tasdig‘i shart emas, deb hisoblaydilar. Abul Barakot ularga raddiya bildirib, ushbu oyat imonning bir sharti til bilan iqror bo‘lish ekaniga ishora qilinayotganini ta’kidlaydi. Shuningdek, «Ba’zi insonlar borki, ular “Allohga va qiyomat kuniga imon keltirdik”, – deydilar. Vaholanki, ular mo‘min emaslar» (Baqara surasi, 8-oyat) oyati esa tilda imon keltirishning o‘zi bilan kishi mo‘min bo‘lmasligiga dalilligini aytadi. Tilda imon keltirish bilan birga qalbda tasdiq qilishi ham kerak ekan, deb o‘z fikrini isbotlaydi. 

                   Demak, Abul Barakot imon til bilan dilning ishi, solih amallar esa, imonning sharti emasligini oyat, arab tili qoidasi hamda aqliy misollar yordamida isbotlaydi. 

                   Islom olimlari o‘rtasida مؤمن” – mo‘min” va مسلم” – musulmon” tushunchalari to‘g‘risida turli qarashlar mavjud. Birlari bu ikki so‘z bir ma’noni anglatadi desalar, boshqalari ularning har ikkisi ham turli mazmunni ifodalashini, shu sabab mo‘mindan imonli odam tushunilsa, musulmondan islom amallarini bajaradigan kishi tushuniladi, deydilar. Oli Imron surasining 52-oyatida quyidagi mazmun aks etgan: Havoriylar aytadilar: “Biz Alloh (dinining) yordamchilarimiz. Allohga imon keltirdik va Allohga (bo‘ysunuvchi) musulmon ekanimizga (sen) guvoh bo‘lgin (ey Iso)!”. 

                   Payg‘ambarlar ummatlarining imon keltirganiga Qiyomat kunida guvoh bo‘ladilar. Shu bois havoriylar o‘zlarining musulmonligiga Isoni guvoh qilishmoqda. Oyat imon bilan islomning birligiga dalil bo‘la oladi. Chunki havoriylar imon keltirganlarini aytib, musulmonliklariga guvohlikni so‘rashmoqda (Abul Barakot an-Nasafiy, 1999:258). 

                   Shuningdek, moturidiylik va ash’ariylik o‘rtasida imonning ziyoda bo‘lishi va kamayishi masalasi ham bahsli bo‘lib, ash’ariylar imon solih amallar tufayli ziyoda bo‘ladi, aksincha, gunohlar sababli ozayadi deydilar. Moturidiylar esa, imonning o‘zi emas, nuri ortishi yoki kamayishi mumkin deydilar. Shu sabab Anfol surasi 2-oyati – “Mo‘minlar – Alloh (nomi) zikr etilganda – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan (kishi)lardir”dagi “imonlari ziyoda bo‘ladigan” jumlasini “ishonch va xotirjamlikda ziyoda bo‘ladi”, deb tafsir qiladi. Lekin an-Nasafiy tafsir asnosida al-Ash’ariyni ham yoki ash’ariya ta’limotini ham tilga olmaydi. Davomi bor …
 


 Tarix fanlari doktori Davronbek Maxsudov

 

 

MANBA VA ADABIYOTLAR RO’YXATI

1. Ali al-Qoriy. Sharh al-Fiqh al-akbar. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, (yili ko‘rsatilmagan).– 336 b.

2. Ali al-Qoriy. Zov’ al-maoli sharh bad’ al-amoli. – Qozon / Noshiri – Ahmad Xulusiy. (yili ko‘rsatilmagan) – 48 b.

3. Abul Barakot an-Nasafiy. Madorik at-tanzil va haqo’iq at-ta’vil. IV jildda. J. I‒III. – Bayrut: Hay’atul ig‘osatil islomiyatil olamiya, 1988.

4. Abul Barakot an-Nasafiy. Tafsir an-Nasafiy J. 1. – Bayrut: Dor Ibn Kasir, 1999. – 2246 b.

5. Abu Mansur al-Moturidiy. Ta’vilot al-Qur’on.– Bayrut: Dor al-kutub al-’ilmiya, 2005. J. III. – 664 b.

6. Sa’duddin at-Taftazoniy. Sharh al-aqoid an-Nasafiyya. – Qozon: Yusufiy nashriyoti, 1319/1901.– 127 b.

7. Arabsko-russkiy slovar. V 2 tomax. – T.: Kamalak, 1994. – 940 b.

8. Abdulaziz Mansur. Aqoid matnlari. –T.: «Toshkent islom universiteti» nashriyot-matbaa birlashmasi, 2006. – 74 b.

9. Alimov U. IX‒XI asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi. – T.: «O’zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, 2007.

10. Islom. Ensiklopediya. – T.: «O’zbekiston milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti, 2004. – 320 b.

11. Muhammad ibn Abdulloh at-Tabriziy. Mishkot al- masobih. – Bayrut: Dor al-fikrat, 1991.

12. Najmiddin Kubro. At-Ta’vilot an-najmiya fi at-tafsir al-ishoriy as-sufiy (Aloudd davla Ahmad ibn Muhammad as-Simnoniy. Aynul hayot) / tahqiq: Shayx Ahmad Farid al-Mazidiy. J. 6. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2009. Birinchi nashr. – 2464 b.

13. Rudolf U. Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti. – T.: Imom al-Buxoriy xalqaro jamg‘armasi, 2002. – 204 b.

14. Sa’duddin at-Taftazoniy. Sharh al-aqoid an- Nasafiyya. – Qozon: Yusufiy nashriyoti, 1319/1901.

15. Samir Mustafo. Tafsir ibn Arabiy. – Bayrut: Dor

ihyo at-turos ar-arabiy, 2001 y. J. 2.

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry