01.06.2022
639

BOLA TARBIYASIDA ASRIY DONISHMANDLAR NASIHATLARINING O‘RNI

Respublikamizda istiqlolning dastlabki kunlaridan uzoq istiqbolni ko‘zlab, farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart, degan ezgu niyat asosida davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. Yoshlarning qalbi va ongida sog‘lom hayot tarzi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘usini shakllantirishda, har jihatdan barkamol etib tarbiyalashda buyuk mutafakkir ajdodlarimiz merosi katta ahamiyat kasb etadi. Zero, hayotning asl mazmun-mohiyatini anglab yetishga o‘z umri va salohiyatini bag‘ishlagan allomalarimizning asarlarida sog‘lom avlod tarbiyasi bilan bog‘liq masalalarga alohida urg‘u berilgan.

Sharq allomalari o‘z asarlarida farzandlarga tarbiya va ta’lim berish, uni ma’rifatu madaniyatga yetaklash muammolariga e’tibor berganlar. Ularning yoshlarni halol mehnat bilan hayot kechirishga undaydigan, xolis va ezgu ishlar bilan el-yurtga naf yetkazadigan, tiriklik mazmunini teran anglab, to‘g‘ri xulosa chiqaradigan insonlar bo‘lishga undovchi hayotiy qarashlari, hikmatlarining ahamiyati beqiyosdir. 

Buyuk mutafakkirlar farzand tarbiyasi, go‘zal axloqining inson kamolotiga sabab bo‘luvchi yuksak fazilat ekanini keng targ‘ib qilganlar. Jumladan, Imom Buxoriyning “al-Adab al-mufrad” hadislar to‘plami, Abu Lays Samarqandiyning “Tanbehul g‘ofilin”, Kaykovusning “Qobusnoma” asarlarida farzandlarda yuksak insoniy fazilatlarni kamol toptirish tarannum etilgan. Bundan tashqari, Abu Nasr Forobiy, Mahmud Zamaxshariy, Najmiddin Kubro, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Husayn Voiz Koshifiy va boshqa mutafakkir allomalarimizning o‘nlab asarlarida odob-axloqning go‘zal namunalari badiiy talqin qilingan.

Shubhasiz, farzand boshqalarni hurmatlash va ularga yaxshilik qilish sabablarini va bu ezgu odat xosiyatidan keladigan yaxshiliklarni o‘rgansa, eng asosiysi, qalbiga singdira olsa, majburan yoki zarurat yuzasidan emas, balki chin qalbidan bu ziynatli amalni bajaradi. Fazilatli kishilarni ulug‘lashga astoydil harakat qiladi. Bu odob insonni ulug‘lash va ehtirom qilishning yuksak pog‘onasidir. Ajdodlarimiz bu ulug‘vor xislatlarni qalblariga mustahkam joylab, kattayu kichikka o‘z o‘rnida qo‘llay bilganlar. Ana shu ruhda voyaga yetgan farzanddan avvalo ota-ona va butun jamiyat manfaat ko‘radi. 

Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining taniqli namoyandalaridan biri Abdulla Avloniy (1878-1934) “Turkiy Guliston yoxud ahloq” kitobida ta’kidlaganidek: “Tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur. Rasuli akram nabiyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: “Insonlarning karami dinidadur, muruvvati aqlindadur, hasabi ahloqindadur”, - demishlar”. 

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy: “Beodoblik shunday selki, u obro‘ va viqor qasrini qo‘porib, idrok bo‘ynini har xil arqonlar bilan bog‘lab tashlaydi. Oqil kishilarning aytishicha, odob rioyasi shunday surmaki, uning gardidan har bir kishiga surtsa, e’tibor ko‘zining ravshanligi hech qanday sabab bilan zaiflik va illatga yo‘liqmaydi. Zamonaning katta-kichiklari uning huzurini mehru muhabbat bazmining chirog‘i, deb biladilar. Kundan-kunga iqbolining yulduzi yuksaklikka ko‘tarilaveradi”, deya odobga ta’rif beradi.

Ota-onalar farzandlarini ardoqlab o‘stirar ekanlar, nafaqat ularning jismoniy sog‘lig‘i, moddiy ta’minoti, balki ularning ma’naviy boyliklari, insoniy fazilatlarini barkamol qilish to‘g‘risida ham qayg‘urib borishlari kerak bo‘ladi. Buning uchun ularni yoshlik chog‘laridan boshlab ilmu-ma’rifatga qiziqtirib, o‘rgatib borish muhimdir. Mutaxassis psixologlarning ta’kidlashlaricha, agar farzand 7-10 yoshlarida ota-ona, maktab o‘qituvchisi, yaqinlari tomonidan ilmga qiziqtirilmasa, hayotining keyingi damlarida ilm olishga beparvo bo‘lishga moyil bo‘lib qolar ekan. Kelajakda bunday insonning farzandlari ham “qush uyasida ko‘rganini qilishini” inobatga olsak, bugungi kunda ta’lim-tarbiyadan uzoq bo‘lgan bittagina farzand kelajakda nechtaga aylanishini tasavvur qilish qiyin emas. Ilm olgan farzand esa, oqu qorani, yaxshi-yomonni ajrata oladi. Shuning uchun ham ota-onaning farzandga nisbatan eng muhim burchlaridan biri uni yoshligidan boshlab ilm olishga qulay sharoit yaratib berish, ulg‘aygan sari biror o‘ziga munosib kasbu hunar tanlashga yo‘l ko‘rsatib borishlaridir. Diyorimizda ilm-ma’rifat o‘rganish uchun barcha sharoitlar yaratilgan ekan, ulardan unumli foydalanmaslik, berilgan ne’matning shukronasini ado etmaslik bilan barobardir.

Kishi hatto oz bo‘lsa ham ilm olishi kerak, chunki uning ozi ham hech narsa bilmaydigan nodondan ko‘ra uni fazilatli qiladi. Ulug‘lardan biri farzandiga aytgan ekan: “Ey farzandim ilm o‘rgan, zero jamoling bo‘lmasa, ilm senga ko‘rk bo‘ladi, moling bo‘lmasa, ilming senga boylik bo‘ladi”. Ilm bilan kishi yuksak martabalarga ega bo‘ladi. Odam (a.s.) ham unga berilgan ilm tufayli farishtalardan yuqori bo‘ldi.

Inson o‘z aqliy qobiliyatlarini ilm olishga sarflamas ekan, u insoniylik fazilatlarini yo‘qota boradi. Insonga eng ko‘p foyda keltiradigan narsa ham ilmdir. Zero, ilm tufayli inson afzal bo‘ladi. Ali (r.a.) marhamat qildilar: “Ilm mol-dunyodan yaxshidir. Ilm seni qo‘riqlaydi, molingni esa sen qo‘riqlaysan. Molni sarflasang kamayadi, ilmni sarflasang ortib boradi”.

Xulosa qilib aytganda, buyuk ajdodlarimiz tafakkur durdonalarini o‘zida mujassam etgan, ularning beqiyos ilmu idrokining mevasi bo‘lgan asarlari inson kamoloti va millatimiz ravnaqining asosi sifatida xulqiy go‘zallik va aqliy barkamollik manbai bo‘lib xizmat qiladi. 

Farzandlarni bilimli, o‘z yurti tarixi, milliy qadriyatlari hamda buyuk ajdodlar qoldirgan ilmiy va ma’naviy merosni asrashga o‘rgatish oiladan, ota-ona o‘gitlaridan boshlanadi. Bu borada allomalarimiz merosi bugun ham ma’naviyatimizni boyitishga, barkamol avlodni tarbiyalashdek oliy maqsadga erishishga xizmat qiladi.

Shunday ekan, sog‘lom bola tarbiyasida sog‘lom aql, tafakkur, ilm-ma’rifat, keng dunyoqarashning shakllanishi katta ahamiyat kasb etadi. Farzandlarni yoshlik chog‘laridan ilm yo‘liga yo‘llab qo‘yish, ularning istiqbollari saodatli bo‘lishini ta’minlovchi muhim omillardan bo‘ladi. Zero, yoshlikdagi ilm esa “toshga yo‘nilgan naqsh” misolidir.

 

 Jamoliddin KARIMOV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori 

 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry