31.05.2022
339

Imom Abu Mansur Moturidiy hamda u asos solgan ta’limotni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish maqsadiga qaratilgan xalqaro simpozium

So‘nggi yillarda mamlakatimizda jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir allomalarimizning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish hamda keng jamoatchilikka targ‘ib qilish, ularning  nomlarini xalq orasida ommalashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda.Yurtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ushbu vazifani amalga oshirishda muhim o‘rin tutmoqda.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida o‘tkazilgan “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzuidagi II xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium ham buyuk mutafakkir ajdodimiz, mutakallim olim Imom Abu Mansur Moturidiy hamda u asos solgan ta’limotni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish maqsadiga qaratildi.

O‘zbekiston qadimdan jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga o‘z asarlari, yaratgan umrboqiy ta’limoti, insoniyat taraqqiyoti uchun xizmat qiluvchi ezgu g‘oyalari hamda kashfiyotlari bilan bebaho hissa qo‘shgan allomalar zamini bo‘lib kelgan. Jumladan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Mahmud Zamaxshariy, Abul Muin Nasafiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Abul Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy, Abu Mansur Moturidiy kabi allomalar bugungi kunda jahon ilmiy jamoatchiligining katta qiziqishi va e’tiboriga sazovor bo‘lmoqda.

Ushbu allomalar qatorida kalom va aqida ilmining buyuk namoyandasi, hozirgi vaqtda dunyo musulmonlarining qariyb yarmi e’tiqod qiladigan moturidiylik ta’limoti asoschisi hisoblangan mutakallim olim Abu Mansur Moturidiyning nomi alohida ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda allomaning ilmiy merosini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish dolzarb vazifalardan biri sanaladi. 

Xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpoziumda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hay’ati a’zolari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy hamda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, mahalliy va xorijlik taniqli olimlar, jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar, mutaxassislar ishtirok etdi. 

Shuningdek, simpoziumda Misr Arab Respublikasi, Iordaniya, Turkiya, Germaniya, Rossiya, Malayziya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi davlatlardan moturidiyshunos va islomshunos olimlar qatnashdi.

Simpozium davomida ishtirokchilar tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti mohiyati: moturidiylik namoyandalari va asarlari, moturidiylik ta’limotiga oid zamonaviy tadqiqotlar, globallashuv jarayonida mo‘’tadil islom ta’limotining ahamiyati, zamonaviy islomshunoslik tadqiqotlari singari muhim ilmiy masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, simpoziumda olimlar moturidiylik ta’limotining o‘ziga xos xususiyatlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi. Xususan, bugungi kundagi dolzarb aqidaviy masalalarga yechim topishda moturidiylik ta’limotining o‘rni va ahamiyati, ushbu ta’limotning mo‘’tadilligi ishtirokchilar tomonidan alohida e’tirof etildi. Mazkur simpozium ishi doirasida Imom Moturidiy va moturidiy allomalarining ilmiy merosini xalqaro jamoatchilikka yetkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi. 

Simpoziumda qatnashgan xalqaro ekspertlar, mutaxassis va olimlar tomonidan ishtirokchilarning ma’ruzalari hamda boshqa ilmiy natijalar alohida to‘plam shaklida nashr etilishi ma’qullandi.

Manba: uza.uz

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry