30.05.2022
425

ABU BAKR MUHAMMAD IBN AHMAD SHOSHIY

(1038–1114)

Islom qonunshunosligi, fiqhi xalqimiz ma’naviy-huquqiy merosining uzviy ajralmas qismi sifatida asrlar davomida Markaziy Osiyo xalqlari hayotida muhim omil bo‘lib xizmat qilib kelgan. 

Jumladan, bu sohada shoshlik faqihlar ham islom huquqshunosligida qimmatli asarlar yaratishgan. O‘rta asrlarda «faxrul-islom» (islom faxri) sifatida shuhrat qozongan Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Mustazhiriy Shoshiy (1038–1114) o‘z davrida Bag‘doddagi faqihlarning raisi bo‘lgan. Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy Bag‘dodga borib, mashhur faqih Abu Ishoq Sheroziy, Abu Nasr ibn Sabbog‘lardan fiqhni o‘rganib, taniqli imom darajasiga yetdi. 

Taniqli olim Rizouddin Faxriddin o‘zining «Imom G‘azzoliy» asarida «Abu Bakr Shoshiy Abu Ishoq Sheroziy, Abulqosim Qushayriy, Haririy (sohibi maqomot), Abu Ishoq Vohidiy, Abulmahosin Ro‘yoniy, Xatib Tabriziy, Xatib Bag‘dodiy, Qozi Bayzoviy kabi ulug‘ olimlar zamonida yashagan edi», deb yozgan. 

Ma’lumki, saljuqiylarning buyuk vaziri Nizomulmulk islom olamidagi bir qancha yirik shaharlar kabi Bag‘dodda ham «Nizomiya» madrasasini qurdirgan. Ushbu madrasa o‘z davrida akademiya darajasida bo‘lgan. Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy Bag‘doddagi «Nizomiya» madrasasida ta’lim olgan va keyinchalik uning mudarrisi etib tayinlangan. U bu yerda ko‘p taniqli olim va allomalar bilan muloqotda bo‘lgan. Yirik faylasuf Abu Homid G‘azzoliy (1059–1111), Abu Ishoq Sheroziy (vaf. 1083 y.), Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiylar bir vaqtda mana shu «Nizomiya»da dars berganlar. 

O’rta asrlarda (IX–XII) ilm-fan va madaniyat markazlaridan biri Bag‘dodga «Shoshiy» nisbasidagi bir qator olimlar – mashhur muhaddis Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Ja’far ibn Shuayb Shoshiy, Muhammad ibn Yahyo ibn Zakariyo Shoshiy, Hasan ibn Sohib Shoshiy, Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Homid Shoshiy, Ahmad ibn Muhammad ibn Ishoq Abu Ali Shoshiy va boshqalar tashrif buyurgan. Bu joyda ular ilm o‘rganibgina qolmay, mudarris, alloma, faqih, imom sifatida ham shuhrat topganlar. Xususan, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy Shosh vohasida tug‘ilib, Bag‘dodda «katta imom» darajasiga erishgan va ma’lum muddat Bag‘doddagi faqihlar raisi bo‘lgan. 

Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy 1038-yil muharram oyida Shosh yaqinidagi Mayoforiqin qishlog‘ida tug‘ilgan. U dastlab fiqh ilmidan Mayoforiqinda Muhammad ibn Bayon Kazruvniydan, Mayoforiqin qozisi Abu Mansur Tusiy Shayx Abu Muhammad Juvayniylardan ta’lim oladi. 

Abu Bakr Shoshiy ustozlari nazdida ham katta obro‘ qozonadi. Shu sabab bo‘lsa kerak, madrasani tugatgach, Bag‘dodda mudarrislik faoliyati bilan shug‘ullanadi. O‘sha paytlarda Bag‘dodda «Nizomiya»madrasasi qurilgan bo‘lib, Shoshiy shu madrasaga mudarris qilib tayinlanadi. 

Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiydan Bag‘dodda shayx, imom, katta faqih, qozi Abulmufazzal Yahyo ibn Ali ibn Abdulaziz ibn Ali ibn Husayn Qurashiy Dimashqiy fiqh ilmini o‘rgangan va undan hadislar eshitgan. Shuningdek, shoshlik faqihdan shayx, imom, muftiy Abulhasan Muhammad ibn Abulbaqo Muborak Bag‘dodiy, imom, alloma, muhaddis, hofiz, muftiy, shayxul-islom Abu Tohir Ahmad ibn Muhammad ibn Ibrohim Isfahoniylar fiqh ilmidan ta’lim olgan. O‘z davrining zakiylaridan biri – alloma, muftiy Abulabbos Ahmad ibn Salama ibn Ubaydullo ibn Rutobiy Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy bilan hamroh bo‘lib, uning xizmatida bo‘lgan.

Yuqorida qayd etganimizdek, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy tug‘ilgan joyida, keyin Bag‘dodga borib, o‘sha zamonning yirik olimi Abu Ishoq Sheroziy, Abu Nasr ibn Sabbog‘ va boshqa olimlardan ta’lim olgan. Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy Abu Ishoq Sheroziy bilan Nishopurga borib, ilmiy munozaralarda qatnashib, o‘zini tanitgan. Yana Bag‘dodga qaytib, ustozi Abu Ishoq Sheroziydan (vaf.1083 y.) keyin Bag‘doddagi faqihlarning raisi bo‘lgan. Shuningdek, ustozi Abu Ishoq Sheroziy vafot etgach, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy uning o‘rniga mudarris etib tayinlanadi. 

Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy yirik faqih bo‘lib, bu sohaga oid bir qancha asarlar ta’lif etgan. O’rta asr muarrixi Yoqut Hamaviy «Mo‘jam al-buldon» asarida «Targ‘ib fi-l-furu’» kitobi muallifi ekanini ta’kidlagan. Allomaning yirik asari «Hilyat al-ulamo» («Hilyat al-ulamo fi mazohib al-fuqaho») bo‘lib, uni abbosiy xalifalardan Mustazhir Billohga (vaf.1118 y.) bag‘ishlab yozgan. Bu katta kitob bo‘lib, uni abbosiy xalifa Mustazhir ma’qullagan. Shuning uchun bu kitob «Mustazhiriy» deb ham nomlangan. Ana shu kitobi tufayli Abu Bakr Shoshiy «Mustazhiriy» degan nom taratgan va tarixiy manbalarda uning taxallusi yonida bir unvon sifatida yozib kelinadi. 

O‘rta asrlik bibliograf Yoqut Hamaviy o‘zining «Mo‘jam al-buldon» asarida «Hilyat al-ulamo» kitobining islom fiqhidagi ahamiyati haqida shunday yozgan: «Hilyat al-ulamo fi ma’rifati mazohib al-fuqaho» kitobiga nazar tashlagan kishi turli mavzu bo‘yicha mazhablar – hanafiya, molikiya, shofe’iya, hanbaliyaning fiqhiy masalalari (qavllari) qisqacha ifodalangani jihatidan shofe’iya faqihlarining eng muhim manbasi ekanligini ko‘radi».

«Hilyat al-ulamo»da mavzular sodda va ravon usulda ifodalangan. O’rta asrlik faqihlarning ta’kidlashicha, fiqh kitoblarini ko‘rib chiquvchi kishi uchun mazkur asar eng muhim manba hisoblanadi. Ayniqsa, mazhablarni bir-biriga solishtirishni xohlagan kishi izlaganini «Hilya»dan topadi. Chunki unda muallif barcha qavl va ra’ylarni mufassal keltirgan. O‘z navbatida qiyosiy fiqh bo‘yicha yozilgan asarlar bilan tanishib chiqqan.

Taniqli bibliograf Hoji Xalifaning xabar berishicha, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy o‘sha davrda har bir masalada imomlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ixtiloflarni zikr qilgan. So‘ngra «al-Mo‘tamad» (Ishonchli)ni yozgan. Ushbu asar «Hilyat al-ulamo» kitobidek sharhsiz yozilgan.

Shofe’iy mazhabining yirik namoyandasi Abu Ishoq Ibrohim Sheroziyga (vaf. 1083 y.) atab vazir Nizomulmulk Bag‘dodda «Nizomiya» maktabini (madrasa) qurib bergan. Faylasuf va faqih Abu Homid G’azzoliy (vaf.1111 y.) va qomusiy olim Jaloluddin Suyutiy ham uning izdoshlaridir. Imom Abu Bakr Shoshiy «al-Umdatu fi furu’i ash-shofe’iya» (Shofe’iy mazhabi furu’larining asosi)asarini ta’lif etgan. U o‘zining bu asarini xalifa Mustazhir o‘g‘li talabi bilan yozib, unda din asoslarini qisqacha tasnif qilgan. Ushbu kitobga ko‘p olimlar e’tibor berganlar. Kitobga Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy, Tojuddin Umar ibn Ali Fokihoniy Molikiy, «Ibn Mulaqqin» deb tanilgan Umar ibn Ali, «Ibn Daqiq Iyd» deb tanilgan shayx Taqiyuddin Muhammad ibn Ali, Shamsuddin Muhammad ibn Abduddoim Barmoviy va boshqalar sharhlar yozganlar. 

Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiyning yana bir yirik asarlaridan biri «ash-Shofiy» (Shifo beruvchi)dir. Allomaning bu asari ham fiqh (qonunshunoslik) ga bag‘ishlangan bo‘lib, arab olimi Abu Ibrohim Ismoil ibn Yahyo Muzaniyning «al-Muxtasar» (Qisqa) degan asariga yozilgan sharh sanaladi. Manbalarning ko‘rsatishicha, bu sharh yigirma jilddan iboratdir. Shoshiy uni besh yil davomida yozib tugatgan.

Umuman olganda, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy o‘z davrida ilm-ma’rifat va islomning madaniy markazlaridan biri Bag‘dodda Abu Ishoq Sheroziy, Abulqosim Qushayriy, Haririy (sohibi maqomot), Abu Ishoq Vohidiy, Abulmahosin Ro‘yoniy, Xatib Tabriziy, Xatib Bag‘dodiy, Qozi Bayzoviy kabi yirik olimlar zamonida yashagan edi. Mustazhiriy nomi bilan tanilgan yurtdoshimiz Abul Abbos Ahmad, Abulmuzaffar Sam’oniy, Nasr Muqaddasiy, Ro‘yoniy, Xatib Tabriziy, Imom Gazzoliy kabi ulug‘ olimlar bilan zamondosh bo‘lgan. 

O‘sha davrda Bag‘doddagi «Nizomiya» madrasasida Abu Ishoq Sheroziy, Abu Nasr Sabbog‘, Abulqosim Dabusiy, Imom Gazzoliy, faxrul-islom Shoshiy (Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad), Suhravardiy, Kamoliddin Anboriy va boshqalar saboq berganlar. Mustazhiriy «Nizomiya»da arab tili, kalom, mantiq, adabiyot, sarf-nahv, qiroat, lug‘at, tafsirdan dars berar edi.

Shoshiy o‘z davrida arab adabiyoti va xususan, she’riyatini juda yaxshi bilgan kishilardan bo‘lgan. Qur’on, hadis qonun-qoida yo‘l-yo‘riqlarini juda yaxshi bilgan. Tilshunoslik, xususan, arab adabiyoti va grammatikasining nozik tomonlarigacha egallagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uning sintaksisga oid asari o‘rta asr va undan keyingi davrlarda ham ko‘p mo‘tabar kitoblarda tilga olinadi. 

Fiqh ilmidagi bilimi, tutgan mavqei jihatidan barcha qomusiy manbalarda uning nomiga «faxrul-islom», «al-Imom al-kabir» sifatlari qo‘shib e’tirof etilgan. Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy 1114-yil shavvol oyining 15-kuni shanba kuni saharda vafot etgan. U «Bob al-Abroz» (Bob ash-Sheroz) maqbarasiga dafn etilgan, uning qabri ustozi Abu Ishoq Sheroziy qabri yonida joylashgan. Faxrul-islom Shoshiy o‘zidan keyin o‘z mazhabida imom bo‘lgan ikki farzandi – Ahmad va Abdullohlarni qoldirgan.

Tojuddin Subkiy uning o‘g‘illari to‘g‘risida quyidagi ma’lumotlarni yozgan: Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Husayn ibn Umar Abulmuzaffar faxrul-islom Abu Bakr Shoshiyning o‘g‘li bo‘lib, u fiqhni otasidan o‘rgangan. U Abdulloh ibn Talhadan hadislar eshitgan. Undan Abu Bakr ibn Komil va Hofiz ibn Asokirlar hadis rivoyat qilishgan. Abu Bakr Shoshiyning o‘g‘li Ahmad Bag‘dodda vafot etgan. 

Abu Bakr Shoshiyning keyingi farzandi Abdulloh ibn Muhammad ibn Ahmad 1088-yilda tug‘ilgan. Fiqh ilmini o‘z otasidan o‘rgangan. U mazhab va xilof (bahs- munozara)da mohir bo‘lib, kishilarga va’z o‘qirdi. Abdulloh ibn Muhammad ibn Ahmad Husayn ibn Ahmad ibn Talha Ni’oliy va boshqalardan hadislar eshitgan. U shoir ham bo‘lgan.

Shuningdek, Abu Hafs Umar ibn Ahmad Husayn Shoshiy katta imom, faxrul-islom Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiyning ukasi. U fiqhni Shayx Abu Ishoq Sheroziydan o‘rgangan. Abul Husayn ibn Muhtadiy va boshqalardan hadis eshitgan. Olim 1155-yilda vafot etgan. 

Ko‘rinib turibdiki, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy ilmiy-ma’naviy merosi bilan fiqh ilmirivojiga beqiyos hissa qo‘shgan. Ayniqsa, Bag‘doddek ilmiy-madaniy markazda faqihlarga bosh bo‘lib, raislik qilganligi uning yuksak bilim va iste’dod sohibi ekanligidan dalolat qiladi. Afsuski, uning asarlari hozirgi kunda mamlakatimiz kitob xazinalarida mavjud emas.

 

Tarix fanlari doktori Ne’matullo Muhamedov
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA kafedrasi mudiri

 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry