26.05.2022
1001

MAHMUD ZAMAXSHARIY

(1075–1144)

Abul Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad Zamaxshariy milodiy 1075-yilning 19-martida chorshanba kuni Xorazmning Zamaxshar qishlog‘ida o‘z davrining savodli, taqvodor, diyonatli oilasida tavallud topgan.

Zamaxshariy dastlabki bilimni o‘z otasidan oldi. Baxtsiz hodisa tufayli yoshligida bir oyog‘i cho‘loq bo‘lib qolgach, otasi og‘ir mehnatga yaramaydi deb, uni tikuvchi ustaga shogirdlikka bermoqchi bo‘ladi. Ammo yoshligidan ilmga kuchli havasmand Mahmud otasidan o‘zini madrasaga o‘qishga yuborishini iltimos qiladi. O‘g‘lidagi ilmga bo‘lgan zo‘r ishtiyoq, havasni sezgan ota uning iltimosini bajo keltiradi. Ana shu paytdan boshlab yosh Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalari bilan qiziqib, o‘z tengqurlari orasida zo‘r qobiliyat va katta iste’dodini namoyon qila boshlaydi. Madrasada arab tili va adabiyoti, diniy ilmlar majmuasini to‘liq egallaydi. Shu bilan bir qatorda o‘sha davrda ilm ahllari orasida muhim hisoblangan xattotlik san’atini ham mukammal o‘zlashtiradi. Tarixchi Ibn Xallikonning (1211–1288) yozishicha,   yoshlarga yetgach, o‘z bilimini oshirish va har tomonlama mukammal bilimga ega bo‘lish maqsadida u Buxoro shahriga yo‘l oladi. Chunki Buxoro o‘sha paytda, mashhur olim-filolog Abu Mansur Saolibiyning (961–1038) iborasi bilan aytganda «Somoniylar davridan boshlab shon-shuhrat makoni, saltanat ka’basi va zamonasining ilg‘or kishilari jamlangan, yer yuzi adiblari to‘plangan va o‘z davrining fozil kishilari yig‘ilgan joy edi».

Olim hayoti davomida Bag‘dod, Makka, Madina, Damashq, Xurosonning turli shaharlariga safarlar qilgan. U joylardagi davlat arboblari bilan bog‘lanib, ulardan ayrimlariga madhiyalar bag‘ishlagan. Xususan, saljuqiylar davlatining poytaxti Isfahonga kelganida o‘z adolatliligi, go‘zal xulq-atvori va jasurligi bilan shuhrat qozongan saljuqiylar sultoni Muhammad ibn Abul Fath Malikshohga bag‘ishlab madhiyalar yozadi. Ayni vaqtda Zamaxshariy o‘zi bo‘lgan yurtlar olimlaridan ilm o‘rgangan, ular bilan ilmiy bahs-munozaralar olib borgan. Alloma Xorazmshoh Muhammad ibn Anushtegin (1097–1127 yillarda hukmronlik qilgan) davrida Xorazmga qaytib keladi, sultonning o‘g‘li Xorazmshoh Otsiz (1127–1156 yillarda hukmronlik qilgan) davrida o‘z yurtida yashaydi. 1118-yilda Zamaxshariy og‘ir bir dardga chalinadi va ko‘p azob-uqubatlarni boshidan kechirib tuzalgach, endi umrini faqat ilm-fanga bag‘ishlashga, shogirdlar yetishtirishga baxshida etib, asarlar yaratishga astoydil kirishadi.

Mahmud Zamaxshariy 1144-yilning arafa kechasi Jurjon (hozirgi Ko‘hna Urganch)da vafot etadi. 

Zamaxshariy arab tili, uning lahjalari, arablarning hayoti, madaniyati va urf-odatlariga katta hurmat bilan qarab, ularni chuqur o‘rgandi. Shu boisdan ham arab tilining grammatikasi, leksikasi, umuman arab tilshunosligiga oid muhim asarlar yaratgan. Arab manbalarida «Agar xorazmlik shu oqsoq bo‘lmaganida arablar o‘z tillarini mukammal bilmagan bo‘lar edilar!» degan fikr keltiriladi. Alloma Zamaxshariy o‘z umrining aksar qismini xorijiy yurtlarda musofirlikda o‘tkazgan bo‘lsa-da, ona qishlog‘i Zamaxshar va o‘z ona vatani Xorazmni juda qattiq sevadi, haqiqiy vatanparvarlik hissiyotlarini namoyon qilgani holda unga madhiyalar bag‘ishlaydi. Makka amiri Ibn Vahhos unga tasanno aytib: «Dunyodagi barcha qishloqlar jam bo‘lib, Xorazmning birgina Zamaxshar qishlog‘iga fido bo‘lsa arziydi. Chunki bu qishloq ming yillarda bir marta kelishi mumkin bo‘lgan buyuk Zamaxshariydek yirik allomani dunyoga keltirgan»,–deb Zamaxshariyni ulug‘laydi. 

Buyuk mutafakkir Zamaxshariy biz avlodlarga boy va ulkan ilmiy meros qoldirgan. Uning asarlari mazmun jihatidan ilm-fanning turli sohalarini qamrab olgan. Olimning ilmiy merosi qur’onshunoslik, fiqh, lug‘atshunoslik, grammatika, aruz, adabiyotshunoslik, mantiq, didaktika, geografiya, she’riyatga bag‘ishlangan. Zamaxshariyning ilmiy, ijodiy faoliyatida ikki davr ko‘zga tashlanadi. Dastlabki 1118-yilgacha bo‘lgan davrda olim asosan lug‘atshunoslik, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, she’riyatga oid asarlar yaratgan. Keyingi davrda alloma ko‘proq diniy mavzularda mav’iza, maqomlar, odob-axloq, pand-nasihatlarga boy bo‘lgan mukammal asarlar yozgan, shogirdlar tarbiyalashga alohida e’tibor bergan. 

Zamaxshariyning chuqur bilimi va nodir asarlari o‘zi tiriklik chog‘idayoq dunyo olimlari tomonidan e’tirof etilgan. Unga hurmat va ehtirom bilan «Ustoz ad-dunya» (Butun dunyoning ustozi), «Ustoz al-arab va-l-ajam» (Arablar va arab bo‘lmaganlarning ustozi), «Faxru Xvarazm» (Xorazm faxri), «Ka’ba al-udabo» (Adiblar Ka’basi), «Jorulloh» (Allohning qo‘shnisi) kabi yuksak unvonlar berilgan. 

Tadqiqotlar Zamaxshariyning yetmishga yaqin asarlar yaratganini ko‘rsatmoqda. Ularning qirqdan ortig‘i dunyo fondlarida saqlanmoqda. Uning jahonga dong‘i ketgan «Muqaddamat al-adab», «Mufassal», «Asos al-balog‘a», «Atvoq az-zahab», «Maqomot», »Kashshof», «Navobig‘ al kalim», «Ruus al-masoil», «Jibol va-l-amkina va-l-miyah» kabi yirik asarlari mavjud. 

Allomaning «Muqaddamat al-adab» asari dunyo xalqlari orasida juda mashhur sanaladi. Asar besh qismdan iborat. Uning dastlabki ikki qismi lug‘at va qolgan uch qismi grammatikaga bag‘ishlangan. Ismlar va fe’llarga bag‘ishlangan qismlariga 15000dan ziyod so‘zlar kiritilgan hamda ularning arabcha-forscha, arabcha-forscha-o‘zbekcha/turkiy, arabcha-forscha-o‘zbekcha/turkiy-mo‘g‘uliy so‘zlik kiritilgan qo‘lyozmalari uchraydi. Dunyo fondlarida lug‘at qismlarining 100ga yaqin qadimiy qo‘lyozmalari, grammatik qismlarining 1000ga yaqin nusxalari mavjud. 

«Mufassal» Mahmud Zamaxshariyning arab tili grammatikasiga bag‘ishlangan shoh, yirik asari sanaladi. Olim uni Makkada yashagan davrida yozgan. Asar to‘rt qismdan iborat bo‘lib, unda arab tili morfologiyasi va sintaksisining asosiy qoidalari mukammal bayon etilgan. U shunchalar mukammal ilmiy til bilan bayon etilganki, arablarning o‘zlari ham asarni o‘zlashtirishga qiynalganlar. Mahmud Zamaxshariy ushbu asarni soddalashtirib, mahalliy xalqlar uchun «Unmuzaj fi-n-nahv» nomli grammatik risola ham yaratgan. Bu asarlar ayniqsa arab, islom dunyosida katta shuhrat qozongan va ularning ko‘plab nodir qo‘lyozmalari saqlanib qolgan.

Allomaning «Kashshof» asari Qur’on tafsiriga oid ilmiy ahamiyatga ega muhim manba sanaladi. U boshqa tafsir asarlaridan chuqur ilmiy, filologik tahlili bilan ajralib turadi va hozirga qadar musulmon mamlakatlaridagi o‘quv dargohlarida o‘qitiladi. 

«Atvoq az-zahab» asari olim ilmiy merosida alohida ahamiyat kasb etadi. Zamaxshariy Ka’bani yuz marotaba tavof qilib, yuz maqoladan iborat ushbu asarini yaratgan. Asarda olim insonning jismoniy, moddiy dunyosini uning ma’naviy-ruhiy dunyosi bilan uyg‘unlashtirishga harakat qiladi. U o‘z davri insonlarining ijobiy fazilatlarini ulug‘laydi, salbiy jihatlarini qoralaydi, ulardan ogohlantiradi. «Atvoq az-zahab»ning ilmiy ahamiyati bois, keyingi davr olimlari asardan keng istifoda etganlar va uning zamirida ko‘plab asarlar yaratganlar. Turli hududlarda yashab, islom madaniyati, sharq adabiyoti rivojiga hissa qo‘shgan olimlar, jumladan, Sharafiddin Isfahoniy, Muhammad Amin ibn Ibrohim Hanafiy Qodiriy, Ahmad Shavqiy, Mirza Yusufxon ibn E’tisom Maliklar «Atvoq az-zahab»dan ta’sirlanib alohida pandnasihatga oid nodir asarlar yozib qoldirdilar. 

Mahmud Zamaxshariyning «Asos al-balog‘a» asari arab lug‘atshunosligiga qo‘shilgan muhim hissa hisoblanadi. Olim so‘zlarni o‘z davrida iste’molda bo‘lgan jumla va iboralar tarkibidan ajratmagan holda ilmiy tarzda izohlagan va ularning asl hamda majoziy ma’nolarini batafsil keltirgan. 

Zamaxshariyning boy ilmiy va adabiy-ma’naviy merosi dunyo olimlarining diqqatini o‘ziga tortgan, ularning aksariyati xorijiy tillarga tarjima qilingan. Komil ishonch bilan aytish mumkinki, Mustaqillik yillarida O’zbekistonda «Zamaxshariyshunoslik» maktabi shakllandi. Yurtimiz olimlari tomonidan uning hayoti, ilmiy-ma’naviy merosiga bag‘ishlangan qator tadqiqotlar, dissertatsiyalar, risolalar, romanlar yozilgan.

fil.f.d., prof. Zohidjon Islomov,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori

 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

04.04.2024 22:50
Rrrrrrrr
Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry