25.05.2022
386

SAYYID SHARIF JURJONIYNING “AT-TA’RIFOT” ASARIDA QUR’ON ILMLARIGA OID ISTILOHLAR BAYONI

Manbalarda Sayyid Sharif Jurjoniyning (740–816/1340–1416) kalom, tafsir, hadis, fiqh, mantiq, balog‘at, sarf, nahv, meros, falsafa, astronomiya kabi ilmlarda yuzga yaqin kitob bitgani haqida ma’lumotlar mavjud. Lekin olimni dunyoga Jurjoniy qilib tanitgan asarlari sanoqli. Islomiy ilmlarga oid istilohlarga bag‘ishlangan “at-Ta’rifot (“Ta’riflar”) nomli asar olim ilmiy merosining eng ko‘zga ko‘ringan namunalaridan biri hisoblanadi. 

Muallifning so‘ziga ko‘ra, islomiy ilmlar sohasida o‘z davriga qadar yozilgan butun boshli asarlardan saralab olingan ushbu qomus ilm talabidagi kishilarga qulaylik tug‘dirish maqsadida tasnif etilgan bo‘lib, alifbo harflari tartibida tuzilgan [1:29]. 

Jurjoniy o‘zining bu kitobida 2026 ta istilohning ta’rifini keltirgan bo‘lib, ular asosan kalom, falsafa, mantiq, nahv, sarf, aruz, qofiya, tafsir, hadis, fiqh, faroiz, usulul fiqh, hisob, balog‘at, tasavvuf, astronomiya, tibbiyot kabi ilmlarga xos istilohlarni o‘z ichiga olgan [2:68].

“At-Ta’rifot”da istilohlarning lug‘aviy ma’nolari bayon qilingandan so‘ng ularning boshqa ilmlardagi ta’riflari keltiriladi. Ba’zi istilohlarning lug‘aviy ma’nolari yoritilmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’riflarga kirishilgan. So‘zlarning daqiq va nozik jihatlarigacha bayon etilgan ushbu asarda ba’zi tasavvuf va falsafa ilmlariga oid istilohlarning ta’riflari mubham bo‘lib qolgan. 

Olim tilshunoslikka oid ta’riflarni yoritishda mashhur nahv olimlari Sibavayh, Ali ibn Hamza Kisoiy, Yahyo ibn Ziyod Farro, fiqhga oid so‘zlar ta’riflarida Abu Hanifa, Abu Yusuf va Imom Shofi’iy, tasavvufga oid so‘zlar ta’rifida Muhyiddin Arabiy, Abu Tolib Makkiy va Abdulkarim Qushayriy kabi olimlarning asarlaridan foydalangan.

Jurjoniydan oldin Abu Nasr Farobiy “Ehsou-l-ulum”, Ibn Sino “Aqsamu-l-ulum”, Muhammad Xorazmiy “Mafatihu-l-ulum”, Faxriddin Roziy “Hadaiqu-l-anvor”, Ahmad Farg‘oniy “Latoifu-l-i’lam” nomli asarlar bitgan. Ammo bu kabi asarlar aynan istilohlar ta’rifiga bag‘ishlangan bo‘lmay, balki ularda turli ilmlarning ta’riflari bayon etilishi jarayonida qisman istilohlarga ham joy ajratilgan. “At-Ta’rifot” esa turli ilm sohalariga oid istilohlarni alifbo tartibida jamlagan ilk asar sifatida ularning barchasidan ajralib turadi [1:29].

Bugungi kunimizga qadar o‘z ahamiyatini yo‘qotmay kelayotgan mazkur asar o‘zidan keyingi davrda Tahonaviyning “Kashshof istilohoti-l-funun va-l-ulum”, Abul Baqoning “al-Kulliyot”, Rizo Tavfiqning “Mufassal qomuse falsafa” kabi asarlari yozilishi uchun manbavazifasini o‘tagan.

Jurjoniyning “at-Ta’rifot” asarida yuqorida sanab o‘tilgan ilmlarga oid istilohlar bilan birga Qur’on ilmlariga tegishli istilohlarning ta’riflari ham keltirilgan. Jumladan, olim asarda “Qur’on”, “muhkam”, “mutashobeh”, “mutlaq”, “muqayyad”, “nasx”, “mujmal”, “muqtado-n-nas”, “tafsir”, “ta’vil”, “muavval”, “lahn”, “majoz”, “mutavotir”, “mufassar”, “bayon at-tafsir” kabi yigirmaga yaqin istilohlarning ta’riflarini keltirgan. 

Jurjoniy “Qur’on” so‘zi ta’rifida bunday deydi: “U Payg‘ambarga nozil etilgan, sahifalarga ko‘chirilgan, payg‘ambardan shubhasiz va mutavotir tarzda naql qilingan Moturidiylik ta’limotining mo‘‘tadillikni ta’minlashdagi ahamiyati (Kitob)dir” [3:146]. Ushbu ta’rifdan so‘ng Jurjoniy o‘z uslubiga ko‘ra, so‘zning boshqalar nazdidagi ta’rifini keltiradi va: «Qur’on ahli haq nazdida: “Umumiy laduniy ilm va barcha haqiqatlarning jamlovchisidir”», deydi. Shuningdek, “tafsir” va “ta’vil” so‘zlari ta’rifidan mazkur ikki istiloh o‘rtasidagi farqni osongina anglash mumkin: “Tafsirning asl ma’nosi kashf etish va izhor qilish. Shariatda esa, oyat ma’nosi, maqsadi, unga oid qissa va nozil bo‘lish sababini ochiq-oydin dalolat qiluvchi lafz bilan bayon etishdir”. Ta’vil so‘zi ta’rifida: «Ta’vil aslida qaytish ma’nosini anglatadi. Shariatda esa, lafzni zohiriy ma’nodan ehtimolli ma’noga yo‘naltirishdir. Ehtimolli ma’no quyidagi oyat ta’vilidagi kabi Kitob va sunnatga muvofiq bo‘lishi lozim:

يُخْرِجُ الْحَيَّ مِنَ الْمَيّتِ

“...tirikni o‘likdan, o‘likni tirikdan (kim chiqaradi?)” (Yunus surasi, 31-oyat)

Agar (mufassir) bu oyatdan qushni tuxumdan chiqarish (ma’nosi)ni nazarda tutsa, bu tafsir hisoblanadi. Agar kofirdan mo‘minni chiqarish, johildan olimni chiqarish nazarda tutilsa, bu ta’vil hisoblanadi», deydi [3:46]. Ma’lumki, Qur’oni karimda 77347 ta so‘z kelgan bo‘lib, ulardan 14721 so‘z takrorlanmagan. “at-Ta’rifot” asarida Qur’on ilmlariga oid istilohlar qatorida Qur’oni karimda zikr etilgan 341 ta so‘zning ta’riflari ham yoritib o‘tilgan. Ularning orasida “al-ufuq al-a’la”, “al-ufuq al-mubiyn”, “al-kitab al-mubiyn”, “qoba qovsayni”, “majma’u-l-bahroyn”, “al-A’rof”, “a’yna-l-yaqiyn”, “tabziyr” “ulu-l-albab”, “ummu-l-kitab”, “yavmu-l-jam’”, “at-tavbatu-n-nasuh” kabi so‘zlar Qur’oni karimda qanday shaklda kelgan bo‘lsa, aynan shunday ifodalangan. Jurjoniy “at-tavbatu-n-nasuh” iborasi ta’rifida quyidagilarni keltiradi: «Qilgan (gunoh)ining o‘xshashiga qaytmaslikka qat’iy qaror qilish. Ibn Abbos roziyallohu anhu: “At-tavbatu-n-nasuh qalb bilan nadomat qilish, til bilan istig‘for aytish, jisman (gunohni) tark etish, gunohga qaytmaslikni qasd qilishdir”, degan. Aytilishicha, tavba lug‘atda“gunohdan qaytishdir”. Shuningdek, bu ma’no uchun التــوب[at-tavb] so‘zi ham qo‘llanadi.

Alloh taolo:

غَافِرِ الذَّنْبِ و قَابِلِ التَّوْبِ

“U, gunohni mag‘firat qilguvchi, tavbani qabul etguvchi...” (G’ofir surasi, 3-oyat), deydi. Aytilishicha, التـوب [at-tavb] التوبـة [at-tavba] so‘zining ko‘pligidir. Tavba shariatda: “Yomon fe’llardan maqtalgan fe’llarga qaytishdir. Barcha ulamolar nazdida (gunohga) tezda tavba qilish vojibdir. Tavbaning vojibligiga Alloh taoloning:

وَ تُوبُوا إلَى اللهِ جَمِيعًا أَيُّهَ الْمُؤْمِنُونَ

“Allohga barchangiz tavba qiling, ey mo‘minlar!” (Nur surasi, 31-oyat) oyati hujjat bo‘ladi. 

Tezda tavba qilish lozimligi esa uni kechiktirishda taqiqlangan ishda davom etish ehtimoli borligi uchundir. “Inobat” so‘zi ham tavbaga shar’iy va lug‘aviy jihatdan yaqindir. Bir qarashga ko‘ra, “at-tavbatu-n-nasuh” xoh jahriy, xoh maxfiy bo‘lsin, qilgan amalida gunohning asarini qoldirmaslik sanaladi. Boshqa bir qarashda, u sohibini dunyoyu oxiratda najotga olib boradi, deyiladi. Bir qavlda, tavba e’tirof, nadomat va tark etishdir, deyiladi. 

Tavba uch ma’noni anglatadi. Birinchisi, nadomat, ikkinchisi, Alloh qaytargan ishga Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon qaytishni tark etish, uchinchisi, qilgan zulm va nohaqliklarining kafforatini ado etishga harakat qilishdir» [3:63]. 

Shuningdek, asarda “istitoat”, “isrof”, “tafrit”, “tafakkur”, “tavakkul”, “mash”, “nisyon”, “tayammum” kabi Qur’oni karimda fe’l tarzida zikr etilgan so‘zlarning masdar shakllari keltirilgan bo‘lib, ularni ham Qur’oni karim so‘zlarining ta’rifi, deb baholash mumkin. Shu bilan birga, asarda “masbuq”, “mamdud” kabi asli Qur’oni karimda zikr etilgan so‘zlarning ta’riflari keltirilgan bo‘lsa-da, so‘zlar mazmuni oyatda kelgan ma’noga dalolat qilmasligi sababli ularni Qur’oni karimda kelgan so‘zlarning ta’rifi sifatida baholab bo‘lmaydi. Masalan, Qur’onda المسبوق [al-masbuq] so‘zi ikki o‘rinda “ojiz” ma’nosida zikr etilgan, “at-Ta’rifot”da esa ushbu so‘zning fiqhiy ma’nosi, ya’ni namozga keyin kelib qo‘shilgan kishi haqida so‘z yuritiladi. 

“At-Ta’rifot”da so‘zlarning ma’nolarini yoritishda Qur’on oyatlari va hadislardan izchil foydalanilgan bo‘lib, umumiy oltmish to‘qqizta istiloh ta’rifida qirq uch suraning sakson besh oyati dalil sifatida keltirilgan. Shulardan sakkiz oyat takror qo‘llanilgan. 

XV asrdan kunimizga qadar islomiy ilmlarga oid istilohlar borasida e’tirof va e’tiborda bo‘lgan “at-Ta’rifot” asarini Qur’on ilmlari nuqtai nazaridan yoritish Sayyid Sharif Jurjoniy merosining o‘rta asrlar Qur’on ilmlari rivojida tutgan o‘rnini ko‘rsatib beradi.

Doston Mustafoyev,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi yetakchi ilmiy xodimi

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Islam ansiklopedisi. – Istanbul, 2013. – J. 40.
2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Samarqandning sara ulamolari. – Toshkent: Hilol nashr, 2014.
3. Sayyid Sharif Jurjoniy. Mo‘jam at-Ta’rifot. – Qohira: Dor al-fazila, 2004.

 

 

 

 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry