24.05.2022
330

ABDULLOH SUBAZMUNIY

(872–952)

Movarounnahrda hadis ilmi IX–X asrlarda yuksak darajada rivoj topdi. Hadislarni to‘plash, ularning ishonchlisini zaiflaridan ajratish, hanafiy mazhabi yo‘nalishi nuqtai nazaridan hadis ilmini rivojlantirish sohasida yuzlab olimlar samarali faoliyat olib bordi. Natijada islom dunyosining boshqa mintaqalaridan farqli ravishda diyorimizda mustaqil hadis markazlari shakllandi. Mintaqamizda hadisshunoslikning shakllanishi, taraqqiy qilishiga ulkan hissa qo‘shgan olimlar qatorida muhaddis va faqih Abdulloh ibn Muhammad ibn Ya’qub ibn Horis ibn Xalil Ustoz Imom Hofiz Faqih Subazmuniy Horisiy Kaloboziy (872–952) alohida o‘rin tutadi. 

Manbalarda Imom Subazmuniyning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosiga oid ma’lumotlar juda kam. Abu Hafs Nasafiy (vaf. 1142 y.), Abdulkarim Sam’oniy (vaf. 1167 y.), Abdulqodir Qurashiy (vaf. 1373 y.), Abdulhay Laknaviy (vaf. 1887 y.), Ibn Qutlubug‘o (vaf. 1475 y.), Hoji Xalifa (vaf. 1609 y.), Abdulhay ibn Imod Hanbaliy (vaf. 1679 y.) kabi olimlarning asarlarida Imom Abdulloh Subazmuniy, uning merosi haqida qisqacha ma’lumotlar berilgan xolos. Shuningdek, Imom Abu Hanifaning ba’zi manoqibi va musnadlariga bag‘ishlab yozilgan qator asarlarda ham Imom Subazmuniy va uning ilmiy faoliyatiga oid ayrim ma’lumotlar uchraydi.

Olim Buxoro yaqinidagi Subazmun qishlog‘ida tavallud topgan. Najmiddin Umar Nasafiy (vaf. 1142 y.) o‘zining «al-Qand fi zikri ulamo Samarqand» asarida Subazmuniyni milodiy 872 yili rabi’ul oxir oyida chorshanba kuni tavallud topgan, deb yozgan. 

Imom Subazmuniy nasabi allomaning tug‘ilgan joyiga nisbatan ishlatilgan. Subazmun nomi manbalarda turlicha masalan, Subazyun, Sabazmun, Sabzamun tarzida ham uchraydi. Allomaga deyarli zamondosh olim Abdulkarim Sam’oniyning «al-Ansob» asarida ham ushbu joy Subazmun deb atalgan. Bundan tashqari, «Mozoroti Buxoro» (Buxoro mozorlari) asarida ham joy nomi Subazmun deb keltirilgan. XIV va XVI asr vaqf hujjatlarida ushbu qishloqning nomi Sapidmun va Safidmun shaklida qayd etilgan.

Buxoroning Arabon dahasida esa xonaqo uslubidagi masjid bo‘lib, u sufiylar zikr tushadigan joy hisoblangan. Hozirgacha saqlangan mazkur masjidni Imom Abdulloh Subazmuniy qurdirgan va u «Abdullo Safedmo‘yi masjid»i nomi bilan yuritilib kelinmoqda. Shuningdek, Buxoro shahrining 6-kichik dahasida «Xoja Abdullo Safedmo‘yi» nomli mozor ham bor. Abdulloh Subazmuniyning yoshligidan tirishqoqligi, ilmga qiziqishi o‘sha davrning ko‘pgina ilmlarini egallashida namoyon bo‘lgan hamda uning hanafiy faqihi, muhaddisi, shu bilan birgalikda tilshunos, olim bo‘lib yetishishida katta ahamiyat kasb etgan. U o‘z davrida saroyda fiqhiy masalalar bilan mashg‘ul bo‘lib, ular xususida turli hukm va fatvolar chiqargan. Ayni vaqtda, u ko‘plab hadislarni biladigan katta shayx bo‘lgan. Shu bilan birga saroy ahli undan doimiy ravishda maslahatlar olgan va unda biror marta ham xato uchramagani uchun unga «Ustoz» taxallusini berganlar. Ilm-fanga tashna faqih ona yurtidan uzoq mamlakatlar, xususan, Xuroson, Iroq va Hijoz yurtlariga ko‘plab sayohat qilganidan «al-Javvol» (jahongashta, sayohatchi) laqabini ham olgan. 

Imom Subazmuniy ham o‘zining ilmiy safarlari davomida Movarounnahrdan to Misrgacha bo‘lgan ulkan masofani bosib o‘tgan. Safar qilgan shaharlarida olimlardan saboq olib, ilmiy bahs va munozaralarda ishtirok etgan. Bularning hammasi Subazmuniyning yirik olim bo‘lib yetishishi uchun mustahkam zamin tayyorlagan. 

Imom Subazmuniy 952-yili shavvol oyida vafot etgan. Uning qabri o‘zi tug‘ilib o‘sgan Subazmun qishlog‘ida joylashgan. Abdulloh Subazmuniy nafaqat muhaddis, balki favqulotda salohiyatga ega faqih ham bo‘lgan. Mashhur muhaddis Valiyulloh Dehlaviy (1703–1762) «Shamsul-aimma Halvoniy peshqadam olimlardan bo‘lib, tarjih ahlidan (hukmlarni hech kimga tayanmasdan chiqaruvchi kishi) edi. Shuningdek, Abu Ali Nasafiy, Abu Bakr Muhammad ibn Fazl va Abdulloh ibn Muhammad Subazmuniylarning barchalari «ashob al-vujuh» (e’tiborli kishilar) toifasidan bo‘lib, hanafiy faqihlari doimo ularga tayanib ish ko‘rardilar», degan fikrni aytgan. 

Mavjud manbalardagi ma’lumotlarning kamligi Abdulloh Subazmuniyning hayoti va ilmiy faoliyati, fikr doirasi, dunyoqarashi, xorijiy yurtlarga safarlari, boshqa olimlar bilan bo‘lgan bahs-u munozaralari haqida to‘liq tasavvur hosil qilish imkonini bermaydi. Subazmuniyning tasavvufga bo‘lgan munosabati, kalom ilmiga doir faoliyati, tafsir borasida amalga oshirgan ishlari haqida faqat uning o‘ziga mansub asarlardan ayrim ma’lumotlarni olish mumkin, xolos. Ammo islom dini ta’limotida faqihlarga qo‘yiladigan talablardan kelib chiqib, u tafsir, aqida va boshqa islomiy ilmlardan yetarli darajada voqif bo‘lib, mahalliy urf-odatlarni ham yaxshi bilgani haqida xulosa qilish mumkin. 

Imom Subazmuniy o‘zining sakson ikki yillik umri davomida islom ilmlarining turli sohalari, ayniqsa, hadis va fiqh ilmlarida samarali ijod qilgani va faoliyat olib borgani uning muhaddis hamda faqih bo‘lib tanilishiga hissa qo‘shgan. 

Abdulloh Subazmuniyga zamondosh bo‘lgan, u bilan hadis, fiqh va boshqa sohalarga doir masalalarda suhbat va munozaralar olib borgan hamda uning ulug‘ muhaddis sifatida shakllanishiga muayyan hissa qo‘shgan olimlar haqidagi mavjud ma’lumotlar olim siymosini birqadar tasavvur qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, ustozlari haqidagi ma’lumotlar olimning hadis rivoyatidagi o‘rnini aniqlashda ham muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etish lozim. 

Abdulloh Subazmuniyning ustozlari haqidagi ma’lumotni «Kashf al-osor» asaridan olish mumkin bo‘lib, unda yozilishicha, alloma uch yuz yigirmata roviy-ustozi (shayx)dan hadis eshitgan. «Kashf al-osor»ga tayanib aytilsa, olim boshlang‘ich bilimni o‘z otasidan olgan bo‘lib, uning ismi Muhammad ibn Ya’qub ibn Horis, amakisi ham hadis roviylaridan bo‘lib, ismi Jabroil ibn Ya’qub ibn Horisdir. Shuningdek, Imom Subazmuniyning ustozlaridan yana ba’zilari Abu Abdurahmon Shayboniy Buxoriy (vaf. 919 y.) va Abu Hafs Ahmad Sikijkasiy Buxoriy (vaf. 927 y.) 

Manbalarda keltirilishicha, Subazmuniydan hadis va fiqhdan ta’lim olgan olimlar ko‘p bo‘lib, ular orasida Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Kamoriy (913–991) eng mashhuri bo‘lgan. Laknaviy «al-Favoid» asarida Ibn Fazlning shogirdlari isnodini keltiradi. Bu isnodlar mahalliy faqihlargacha yetib borib, ulardan Burhoniddin Marg‘inoniy (vaf. 1197 y.), Alouddin Samarqandiy (vaf. 1157 y.) kabi allomalarni sanab o‘tish mumkin. Bundan Movarounnahrda hanafiy fiqhiy maktabiga asos bo‘lgan Abu Hafs Kabir va Sag‘irlarning qarashlari Subazmuniy va undan so‘ng shogirdi Muhammad ibn Fazl orqali keng rivojlantirilgan, degan xulosa kelib chiqadi. 

Manbalarda Abdulloh Subazmuniyning bir necha asarlar muallifi (lahu tasonif) ekani qayd etilgan. Biroq bizga uning ikki asari ma’lum. Biri «Musnad Abi Hanifa» yoki qisqacha qilib «Musnad», ikkinchisi «Kashf al-osor fi manoqib Abi Hanifa», bu asar qisqacha «Kashf al-osor» deb yuritiladi. Biroq «Musnad Abi Hanifa»ning O’zbekistondagi nusxalari haqida ma’lumot mavjud emas. Ammo «Musnad»ning bir necha qo‘lyozmasi Turkiyaning Salimog‘a, Tubqubusaroy va Fayzulla afandi kutubxonalarida saqlanmoqda. Bu asar Abu Hanifaga nisbat berilgan o‘n besh musnaddan biri hisoblanadi. 

Abdulloh Subazmuniyning mazkur «Musnad» asari keyinchalik boshqa hanafiy muhaddislari tomonidan qayta ishlangan. Ulardan biri Muso ibn Zakariyo Xaskafiy Qozi Sadruddindir (vaf. 1252 y.). U ustozning asarini muxtasar holatga keltirgan. Bu asarning qo‘lyozmasi «al-Azhar» universiteti kutubxonasida «311832» raqami ostida (176 varaqdan iborat) saqlanib, asar «Hofiz Abu Muhammad Horisiy musnadi» deb atalgan. Bu asarni Abu Muhammad Asyutiy tadqiq qilib, xatolarini to‘g‘rilagan va hadislarining manbasini keltirib, 2008 yilda Bayrutdagi «Dor al-kutub al-ilmiya»da nashr qildirgan. 

Xaskafiydan so‘ng uning kitobini shayx Muhammad Obid ibn Ahmad Sindiy Madiniy (vaf. 1839 y.) fiqhiymasalalar tartibiga ko‘ra joylashtirgan. Bundan ko‘zlangan maqsad, Abu Hanifaning ustozlarini bilmagan tolibi ilm undan hadislarni topishi qiyin bo‘lgan, shu bois undan osonlik bilan foydalanish uchun fiqhiy tartibda joylashtirib chiqqan. Asarda besh yuzdan ortiq hadis o‘rin olgan bo‘lib, u «Sindiy musnadi» nomi bilan yuritiladi. Bu asarga Ali Qoriy tomonidan yozilgan sharh Hindistonda 1894-yili Haraviy tomonidan nashr qilingan. Shuningdek, Sindiyning o‘zi asarga «al-Mavahib al-latifa fi-l-Haram al-Makkiy bi sharh Musnad al-Imom al-Xaskafiy» nomi bilan sharh ham yozgan. Musnadlar orasidagi eng katta sharh ehtimol shu bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, Muhammad Hasan Sunbuhaliy (vaf. 1887 y.) Sindiyning asarini «Tansiq an-nizom bi sharh Musnad al-Imom» nomi bilan sharhlagan va uning muqaddima qismida asardagi roviylar haqida qimmatli ma’lumotlar keltirgan. 

Ikkinchi olim Mahmud ibn Ahmad ibn Mas’ud Jamoluddin Qunaviy Dimashqiy (vaf. 1369 y.) ham Abdulloh Subazmuniyning asarini muxtasar qilib, uni «al- Mo‘tamid li muxtasar al-Musnad» (Musnadning muxtasariga tayanch) deb nomlagan. U asarni fiqhiy masalalar tartibiga ko‘ra o‘ttiz uch bobga bo‘lib chiqqan. So‘ngra uni «al-Mustanid sharh al-Mo‘tamid» nomi bilan sharhlagan. Mavridi kelganda aytish kerakki, bu olim tafsir, kalom, fiqh va boshqa sohalarda ham qalam tebratgan serqirra faoliyat sohibidir. 

Uchinchi olim esa, Zaynuddin Qosim ibn Qutlubug‘o (vaf. 1474 y.) bo‘lib, u ham Horisiyning asarini Abu Abdulloh Muhammad ibn Husayn ibn Xusrav Balxiy (vaf. 1183 y.) orqali boblarga bo‘lgan holda rivoyat qilgan va u «Ibn Qutlubug‘o Musnadi» deb yuritiladi. Agar Xaskafiyning muxtasarida hadislar bir necha bor takror kelgan bo‘lsa, bir hadis keltirilib, qolganlarida isnodning o‘zi zikr qilinadi va bu bilan boshqalar ham bu hadisni naql qilganini bildiradi. Muxtasar qilingan joyda «Qola Abu Muhammad...» (Abu Muhammad dedi...) deb ta’kidlangan o‘rinlar ko‘p uchraydiki, bular orqali Subazmuniy keltirgan isnodlarning o‘rnini ko‘rish mumkin. 

Abdulloh Subazmuniyning «Musnad» asari boshqa olimlar tomonidan qayta ishlab chiqilgani muhim bir holdir. Afsuski, yuqorida zikr etilgan manbalardan, Xaskafiyning asarigina bizgacha yetib kelgan. Lekin shunday bo‘lgan taqdirda ham Xaskafiyning muxtasariga «sharh» bitilganini mamnuniyat bilan qayd etish lozim. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan Abdulloh Subazmuniyning asari ustida olib borilgan ishlar ko‘lami naqadar keng ekani ma’lum bo‘lmoqdaki, bundan Subazmuniyning «Musnad»ini bizning olimlarimiz tomonidan tadqiq qilinishi muhimligi kelib chiqadi. Ayniqsa, Sindiy asaridagi roviylarni chuqur o‘rganish yurtimizdan yetishib chiqqan barcha hanafiy muhaddislarni to‘liq ravishda aniqlash imkonini beradi. 

Abdulloh Subazmuniyning ikkinchi yirik asari «Kashf al-osor fi manoqib Abi Hanifa»dir. Unda hanafiy roviylar, shu mazhabda hujjat sifatida istifoda etiladigan hadislar, Imom Abu Hanifa manoqibi va turli olimlar tomonidan aytilgan fatvolar jamlangan. Mazkur manba hanuzgacha hatto nashr qilinmagan va tizimli o‘rganilmagan edi. Asarni ilmiy asosda chuqur tadqiq qilish, umuman, yurtimizdagi ilm-fan tarixi, ayniqsa, Buxorodagi hadis ilmini yoritishda, bu shaharda yashagan ko‘plab olimlar va hanafiylik ta’limoti bilan bog‘liq bo‘lgan faqih va muhaddislar faoliyatini o‘rganishda beqiyos ahamiyat kasb etadi. Masalaning yana bir muhim tomoni shundaki, hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, «Kashf al-osor» asarining Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti huzuridagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazining qo‘lyozmalar fondida 3105-raqami ostida saqlanayotgan XIII asr o‘rtalariga mansub qo‘lyozmasi yurtimizdagi yagona nusxasi hisoblanadi. 

Abdulloh Subazmuniyning «Kashf al-osor» asari haqida juda qisqa ma’lumot Hoji Xalifaning «Kashfaz-zunun» asarida ham keltirilgan bo‘lib, unda kitob «al-Osor ash-sharifa» (sharafli Osor) deb ta’riflangan.

Imom Subazmuniyning mazkur asarni yozishdanmaqsadi Imom Abu Hanifaga nisbatan aytilgan «sahih hadislarni yaxshi bilmaydi» qabilidagi va boshqa shunga o‘xshash turli tuhmatlarga «raddiya» berishdan iborat bo‘lgan. Abdulloh Subazmuniy «Kashf al-osor» asarining asosiy manbasi roviylardan eshitilgan rivoyatlar hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda asardagi rivoyatlarni quyidagi mavzularga bo‘lish mumkin: Payg‘ambar hadislari va sahobiylarning so‘zlari; tobe’inlar va ulardan keyingi Imom Subazmuniygacha bo‘lgan turli tabaqadagi roviylarning fatvolari;  Imom Abu Hanifa va ustozlari hamda shogirdlarining manoqiblari; buxorolik o‘n uch roviy biografiyasi

Asarda to‘rt mingga yaqin rivoyat uchraydi. Ularning aksariyati hadislar, manoqib va fatvolardir. 

«Kashf al-osor» asari o‘z hajmi, rivoyatlarning boyligi va uslubiga ko‘ra, mintaqamizda, umuman, hanafiy mazhabida o‘zidan avval hadislar bilan jamlangan manoqiblar sohasida yaratilgan qimmatli asarlardan biridir. Mustaqillik davrida bu asar Toshkent islom universitetida o‘rganildi, tadqiqotlarga jalb etildi va nihoyat ilmiy muomalaga kiritildi.

t.f.n., dotsent Doniyor Muradov
O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchisi 

 

 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry