27.04.2022
487

ABU SHAKUR SOLIMIY KESHIY

(XI asr)

Abu Mansur Moturidiydan keyin moturidiya ta’limotining islom olamida keng tarqalishiga ulkan hissa qo‘shgan Movarounnahr diyoridan yetishib chiqqan olimlardan biri keshlik Abu Shakur Muhammad ibn Abdulloh Said ibn Shuayb Keshiy Hanafiy Solimiy Makshifiydir. 

Abu Shakur Solimiyning hayoti, tug‘ilgan sanasi, ustoz va shogirdlari hamda «at-Tamhid fi bayon at-tavhid» asari haqida biografik manbalarda ma’lumotlar kam uchraydi. Jumladan, «Kashf az-zunun» kitobi muallifi Hoji Xalifa Abu Shakur Solimiyning mazkur asari bor deyish bilan kifoyalangan. Allomaning Keshiy nisbasi tug‘ilib o‘sgan joyi qadimgi Kesh shahri bilan bog‘liq bo‘lib, ba’zi arab tilidagi manbalarda «Kashshiy» yoki «Kassiy» deb ham kelgan. «Hanafiy» nisbasi esa, hanafiy mazhabi e’tiqodida bo‘lgani tufayli berilgan. 

Ushbu mavzuda ilmiy izlanishlar olib borgan turk tadqiqotchisi Umar Turkmenning aytishicha, alloma qabilasiga ko‘ra «Solimiy» nisbasini olgan. Shuningdek, Abu Mansur Moturidiy «Imom al-huda» (to‘g‘ri yo‘l rahnamosi) unvoniga sazovor bo‘lgani kabi Abu Shakur Solimiy «Muhtadiy (to‘g‘ri yo‘lda yuruvchi)» nomi bilan tanilgan. U zotga «Makshifiy» nisbasi nima sababdan berilgani haqida biografik manbalarda yoki zamonaviy tadqiqotlarda hozircha biror ma’lumot uchramaydi. 

Abu Shakur Solimiy yurtimizning qadimiy Kesh vohasida XI asrning birinchi yarmida tug‘ilgan. Olimning «at-Tamhid fi bayon at-tavhid» asarida shayxul-islom, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Hamza Xatib Samarqandiydan ko‘pgina kitoblarni tahsil olgani zikr qilingan. Bu esa, u zotning tavalludi XI asrning birinchi yarmida bo‘lgani va Samarqand shahrida ta’lim olganini ko‘rsatadi. Allomaning yashagan zamoni Sharqda ilm-fan va madaniyatning eng yuqori cho‘qqiga yetgan davriga to‘g‘ri keladi. Mana shu vaqtdan boshlab moturidiya ta’limoti alohida nom bilan butun islom olamiga tarqala boshladi. Shu vaqtga qadar «moturidiya» atamasi ishlatilmas edi. Abu Shakur Solimiy kabi buyuk allomalarning xizmatlari tufayli «moturidiya» nomi butun islom olamiga tarqaldi. 

Abu Shakur Solimiyning asosiy ustozi shayxul-islom, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Hamza Xatib Samarqandiy o‘sha davrning Samarqanddagi yetuk ulamolaridan biri bo‘lgan. Najmiddin Umar Nasafiyning ta’kidlashicha, o‘sha paytda uning hovlisi talabalar uchun madrasa vazifasini o‘tagan. Talabalar u yerda qiroat va hadis kabi fanlardan ta’lim olganlar. 

Abu Bakr Muhammad Samarqandiy ham o‘z navbatida hanafiy ulamolarning peshvosi shamsul-aimma Abu Muhammad ibn Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Halvoniy Buxoriyning (vaf. 1056 y.) shogirdi bo‘lgan. 

Allomaning Abu Bakr Muhammad Samarqandiydan boshqa ustozlari haqida manbalar va zamonaviy tadqiqotlarda biror ma’lumot uchramaydi. Uning o‘zi «at-Tamhid» asarida Xurosonning Marv va Nurjon kabi shaharlariga safar qilgani va u yerlarda shia firqasi vakillari hamda majusiylar bilan ilmiy bahs-munozaralar olib borganini qayd etgan. 

Abu Shakur Solimiy «at-Tamhid» asarida kalom ilmiga oid muhim masalalarni bayon qilgan hamda aqliy va naqliy dalillar asosida bahs yuritgan. Ushbu kitob o‘sha vaqtda va keyingi asrlarda ahli sunna va-l-jamoa aqoidini bayon qiluvchi muhim manbalardan biri bo‘lib kelgan.

 Abu Shakur Solimiy «at-Tamhid» asarining yozilish sababini quyidagicha bayon qilgan: «Ba’zi do‘stlarim mendan ibora va ishorasi tushunarli ma’rifat va tavhid asoslari haqida tamhid (qo‘llanma) yozib berishimni so‘rashdi. Aql egalari to‘g‘ri yo‘lni topishida ushbu asarimning foydali bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab, so‘ng ushbu kitobni yozib, uni «at-Tamhid fi bayon at-tavhid» (Tavhid bayoni haqida qo‘llanma) deb nomladim». Haqiqatda, muallifning o‘zi aytganidek, mazkur asar nihoyatda yengil uslubda yozilgan bo‘lib, arab tilidan boshlang‘ich ma’lumoti bor kishi ham undan erkin foydalanadi. Bu esa, o‘quvchilarga motu-ridiya ta’limotini yanada mukammal va chuqur o‘rganish imkoniyatini beradi. 

«At-Tamhid» asarining qo‘lyozma va toshbosma nusxalari bizgacha yetib kelgan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi fondida ham «at-Tamhid» kitobining 2638, 8736, 4604, 8160 raqamli qo‘lyozma nusxalari saqlanadi. Hamid Sulaymonov nomidagi fondda esa «at-Tamhid» asarining 2418-raqam ostida qo‘lyozma nusxasi saqlanadi, lekin unda asarning faqat I bobiga tegishli avvalgi to‘rtta faslgina mavjud. 

Yevropa sharqshunoslaridan K.Brokkelman bergan ma’lumotga ko‘ra, «at-Tamhid» asarining qo‘lyozma nusxalari Turkiyaning «Ashir», «Selim Og‘a», «Shehid» va «Sulaymoniya» kutubxonalarida turli xattotlar tomonidan ko‘chirilgan uchta qo‘lyozma nusxasi 524, 525 va 2167-raqamlari ostida saqlanmoqda. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasida esa «at-Tamhid» asarining 27-E, 105-E, 140-E, 313-E, 560-E raqamlari ostida saqlanuvchi beshta toshbosma nusxasi mavjud. Bularning barchasi 1908-yilda Qozi Mullo Muhammad Iso Xoja Musaviy Rizoviy tomonidan tahrir qilinib, Mulla Avliyo tomonidan Samarqand shahridagi «Demurov» bosmaxonasida nashr ettirilgan. Bundan tashqari, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi fondida 14315-raqam ostida saqlanayotgan bitta toshbosma nusxasi 1891-yil Dehli shahrida «Foruqiy» bosmaxonasida chop etilgan. 

«At-Tamhid» asaridan ko‘plab hanafiy mazhabi ulamolari e’tiqodiy masalalarni yoritishda foydalanganlar. Jumladan, ko‘plab kitoblarga sharh yozgan mashhur hanafiy olim Nuriddin ibn Sulton Muhammad Ali Qoriy «Sharh al-fiqh al-akbar» nomli asarida «Gunohi kabira mo‘minni imondan chiqarmaydi» mavzuidagi e’tiqodiy masalalarni Abu Shakur Solimiyning mazkur kitobidan iqtibos keltirgan holda yoritib bergan. 

Turk tadqiqotchisi Umar Turkmenning aytishicha, Bayoziy Zoda «al-Usul al-munifa lil-Imami Abi Hanifa» (Imom Abu Hanifaning e’tiqodiy qarashlari) asarida Imom Abu Hanifaning e’tiqodiy qarashlarini izohlashda Abu Shakur Solimiyning «at-Tamhid» asaridan foydalangan.

Bir qancha zamonaviy tadqiqotchi olimlar «at-Tamhid» asarining moturidiya ta’limotida tutgan o‘rni haqida o‘z fikrlarini bildirganlar. Jumladan, Yevropa sharqshunoslaridan Klaude Jillod bunday yozadi: «Yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, Movarounnahrda XI asrning ikkinchi yarmiga qadar kalom ilmiga oid mukammal asarlar mavjud emas edi. Aynan shu davrga kelib Abu Shakur Solimiy kalom ilmiga bag‘ishlangan mukammal asari «at-Tamhid fi bayon at-tavhid»ni yozdi. Bu kitob moturidiya ta’limotini yanada rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi». Bundan tashqari, sharqshunos olim A.Mo‘minov Abu Shakur Solimiyning yashagan davrini XI asrning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri kelganini aytadi. Shu bilan birga «at-Tamhid» asari o‘sha davrda asosan o‘quv qo‘llanma sifatida istifoda etilganini ta’kidlab, o‘zining doktorlik dissertatsiyasida Abu Shakur Solimiy va uning «at-Tamhid» asari to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tadi. Alloma o‘z asarida moturidiylarning qarashlarini bayon qilish bilan birga, mavzuga doir boshqa firqalarning ham e’tiqodiy qarashlarini keltirib o‘tgan. Har birining bu boradagi dalil va hujjatlarini bayon qilib, tahlil qilgan hamda ularga ahli sunna val-jamoa nomidan raddiyalar bergan. Qolaversa, turli firqa vakillari bilan faqatgina nazariy bahs yuritish bilan cheklanib qolmasdan, ular bilan bevosita muayyan bir e’tiqodiy mavzularda olib borgan munozaralarini asarda yoritib bergan. Bundan tashqari, Imom Abu Hanifa, Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasan, Molik ibn Anas va Muhammad ibn Fazl kabi ulamolarning so‘zlari va turli firqa vakillari bilan olib borgan munozalarini ham zikr qilgan. Abu Shakur Solimiyning «at-Tamhid» asari qo‘lyozma va toshbosma nusxalari islom olamining turli hududlari, xususan hanafiy mazhabi yoyilgan mintaqalarda keng tarqalishi uning moturidiya ta’limoti e’tiqodini bayon etishda naqadar ahamiyatli ekanidan darak beradi. Bu esa o‘z navbatida Abu Shakur Solimiy moturidiya ta’limoti rivojiga juda katta hissa qo‘shganidan dalolat beradi.

 

Soatmurod Primov 

Toshkent islom instituti kafedra mudiri

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry