18.04.2022
312

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (2-qism)

Islomning muqaddas manbalarida jihodning ulug‘ amal ekaniga dalolat qiluvchi va unga targ‘ib etuvchi ko‘plab ko‘rsatmalar kelgan. Jumladan, «Tavba» surasining 111-oyatida marhamat qilinadi: «Albatta, Alloh mo‘minlarning jonlarini va mollarini ulardan jannat barobariga sotib oldi — ular Alloh yo‘lida jang qilishib (kofirlarni) o‘ldiradilar va (o‘zlari ham Alloh uchun shahid bo‘lib) o‘ldiriladilar, (Bunday mo‘minlarga jannat berilishiga) Alloh Tavrot, Injil va Qur’onda O’zining haq va’dasini bergandir. Allohdan ham ahdiga vafodorroq kim bor? Bas, (ey mo‘minlar), qilgan bu savdolaringizdan shod bo‘lingiz. Mana shu haqiqiy buyuk baxtdir», deyiladi. 

Jihod buzg‘unchi toifalar aytayotganidek, bosqinchilik urushi emas, uning mohiyati o‘zgacha. Payg‘ambar (alayhis-salom) hadislarida jihodning mohiyatini yoritib beruvchi ko‘rsatmalar mavjud. Bu hadislarning mazmun-mohiyatini anglab yetmasdan jihodni o‘zicha talqin etish qaytarilgan amallardandir.

Ma’lumki, islom dini sulhparvar din. Payg‘ambar (alayhis-salom) o‘z sahobiylariga g‘anim bilan jang qilayotganida dushman sulh so‘rasa, albatta, bunga e’tibor qaratish lozim ekani haqida aytib o‘tganlar.

Shuning uchun sahobiylar hech qachon Muhammad (alayhis-salom) ko‘rsatmalari bo‘lmasdan tashqi dushmanga qarshi urush mazmunidagi jihodga chiqmaganlar. Bu holatdan jihod e’lon qilish vakolati davlat rahbarining mutlaq huquqi ekani kelib chiqadi. Din ulamolari bir holatdagina davlat rahbarining topshirig‘isiz jihod qilish mumkin, deb aytganlar, ya’ni tashqi dushman vatanga bostirib kirganida, g‘animga qarshi jang qilish uchun rahbarning topshirig‘i kutilmaydi.

Shu bilan birga islom dinida dushman bilan jang qilishning ham o‘ziga xos qoidalari bayon etilgan. Bu haqida «Baqara» surasining 190-oyatida: «Sizlarga qarshi jang qiluvchilar bilan Alloh yo‘lida jang qilingiz, (lekin jang asnosida ham) haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmagay»deyiladi.

Shayx Abdulaziz Mansur ushbu oyatni quyidagicha tafsir qiladilar: «Islom dinida insof, adolat va insonparvarlik qoidalariga hatto yov bilan jang qilish asnosida ham rioya qilinadi. Alloh taolo har qanday vaziyatda ham haddan oshmaslik va tajovuzkorlikka o‘tmaslikni buyuradi. Bu hamma uchun juda ibratli tanbehdir[1]. «Jihod» so‘zi hamma vaqt ham jang va urush mazmunida emas, balki jiddu jahd, sa’y-harakat, ijtihod ma’nolarida ham keladi». Bu fikrning isbotini Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisdan ham ko‘rish mumkin: «Musulmonlarning afzali, qo‘lidan va tilidan musulmonlarga ozor yetmaydiganidir. Mo‘minlarning afzali esa, xushxulqlirog‘idir. Muhojirlarning afzali Alloh qaytargan narsalardan o‘zini yiroq tutuvchidir. Jihodning afzali esa, Alloh yo‘lida o‘z nafsi va xohishiga qarshi qilinadigan jangdir».

Bundan tashqari, soxta salafiylarning jihodni islomning oltinchi arkoni, deb atashlari dindagi buzg‘unchilikdir. Eng avvalo, adashgan oqimlar nazarda tutgandek, jihod islomning oltinchi arkoni bo‘lganida edi, o‘n to‘rt asr ilgari Payg‘ambar Muhammad (alayhis-salom) musulmonlarni besh ruknga emas, balki olti ruknga amal qilishga buyurgan bo‘lardilar. Rasululloh (alayhis-salom) esa: «Islom besh narsa ustida bino qilingan. Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va Muhammad Uning payg‘ambari ekaniga guvohlik berish, namoz o‘qish, zakot berish, ramazon ro‘zasini tutish va (imkoni bo‘lsa) haj qilish», deb islom asoslari nimadan iborat ekanini aytib o‘tganlar. Islom ulamolari jumladan, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk muhaddis va mutakallimlar ham ushbu hadisi sharifda dinning arkonlari va mohiyati to‘liq va qat’iy bayon etilganini ta’kidlaganlar.

Bundan tashqari Qur’oni karimning: «Ana, endi bugun, diningizni kamoliga yetkazdim, ne’matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islomning din bo‘lishiga rozi bo‘ldim» (Moida, 3), degan oyati nozil bo‘lgan vaqtda islom dini besh arkondan iboratligi va bundan keyin ular hech qachon o‘zgarmasligi ta’kidlangan. Yana bir hadisda esa, Payg‘ambar (alayhis-salom): "Sizlardan kim mendan keyin yashasa, yaqinda ko‘p ixtiloflarni ko‘radi. Mening sunnatim va mendan keyingi hidoyat topgan roshid xalifalar sunnati sizlarga shart bo‘ladi. Ularni qattiq tutingiz va oziq tishlar bilan tishlangiz. Shariatda yangi paydo qilingan narsalardan saqlaningiz. Zero, (shariatda) har bir yangi paydo qilingan narsa – bid’at va har bir bid’at zalolatdir", deganlar. Soxta salafiylar esa, islomning besh arkoniga qanoat qilmay, jihod borasida g‘uluvga ketib, uni shariatning oltinchi arkoni deb atashlari juda taajjublanarlidir. Bu esa, mazkur hadisda ta’kidlangan dindagi bid’at bo‘lib, albatta, u o‘z ergashuvchilarini zalolat sari yetaklaydi. Ana shu holatning o‘zi insonni sergaklikka chorlashi, jihod masalasida g‘uluvga ketishdan saqlanishi uchun kifoya qiladi. Zero, jihod borasida g‘uluvga ketish boshqa dindagilarga nisbatan bosqinchilik bo‘lishidan tashqari islom ahkomlariga qarshi chiqish va ularni oyoqosti qilish bilan barobardir.

Shuni doimo yodda tutish kerakki, islom jangu jadal dini emas, balki tinchlik dinidir. Islom ta’limotiga ko‘ra, har qanday holatda ham insonning jihodi, ya’ni sa’y-harakati tinch-totuv yashash hamda tinchlikni ta’minlashga qaratilgan bo‘lishi lozim. 

 

Shukrullo JURAYEV,

Imom Moturidiy xalqaro 
ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i


 

[1]Қаранг: Қуръони карим маъноларининг таржима ва тафсири. Тарж. ва изоҳлар муаллифи А.Мансур. – Тошкент: 2009. 29-бет.

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry