📞 +998 (71) 244-35-36 📍 Toshkent sh., Abdulla Qodiriy k-si, 11-uy

Markaz xodimlari xalqaro simpoziumda maʼruza bilan ishtirok etdilar

✍️Avval xabar berilganidek, Turkiyaning Saljuq universitetida “Usmoniylar davrida hanafiylik-moturidiylik” mavzusida VI xalqaro moturidiylik simpoziumi boʻlib oʻtmoqda.

Simpozium ochilish marosimida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktor oʻrinbosari Aziz Tajiyev soʻzga chiqib, tadbirning Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosi, moturidiylik taʼlimotini oʻrganishdagi ilmiy-amaliy ahamiyatini taʼkidlab, hamkorlik uchun Turkiya tomoniga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, Saljuq universiteti Ilohiyot fakulteti dekani professor, doktor Yusuf Ajar, Konya Buyukshehir baladiyasi rahbari Ugʻur Ibrohim Altay, Konya muftiysi professor, doktor Ali Oʻgʻye, simpozium Tashkiliy qoʻmitasi raisi doktor Umar Faruk Akpinar ham soʻzga chiqib, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Saljuq universiteti Ilohiyot fakulteti oʻrtasida mustahkam hamkorlik aloqalar mavjudligi, jumladan, hamkorlikda moturidiylik taʼlimotiga bagʻishlangan silsilaviy simpoziumlar muntazam ravishda oʻtkazib kelinayotganiga alohida urgʻu berdilar. Shu bilan birga, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotini oʻrganish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, “Kitob at-tavhid” asarining zamonaviy nashri, “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining oʻzbek tilidagi tarjimasiga alohida qiziqish bildirildi.

Shundan soʻng simpozium ishi shoʻbalarga boʻlingan holda davom ettirildi. Jumladan, birinchi shoʻbada Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Nashrlar boʻlimi boshligʻi Zafar Faxriddinov “Soʻnggi Usmoniylar davri ilohiyotchisi Muhammad Zohid Kavsariy faoliyatining moturidiylik taʼlimoti rivojidagi oʻrni“ mavzusida maʼruza qildi.

Simpozium Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida diniy-maʼrifiy sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga, Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotini oʻrganish hamda keng targʻib qilishga, bu borada oʻzbek va turk moturidiyshunos mutaxassislari tomonidan amalga oshirilayotgan tadqiqotlarni oʻzaro muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.