Keyinga qoldirish shayton qoʻllagan yoʻl hisoblanib, u bu bilan musulmonni yoʻldan ozdirishni maqsad qiladi. Chunki shayton moʻminni dindan voz kechtirolmasligini, unga namoz va roʻza kabi amallarni tark ettirolmasligini yaxshi bilib, oʻzining keyinga qoldirishdek yengil, lekin xatarli uslubini ishlatadi. Endi moʻminning qalbiga biror amalni bajarish kelganda shayton oʻsha uslubi boʻyicha oʻynab, uni amaldan toʻxtatadi. Aytadiki, bugun falon va falon amallarni qilib ulgurishing kerak, bunisini ertaga qilaqol. Ertasiga esa yana boshqa bahonalar oʻylab topadi. Shu yoʻsinda oʻsha amalni hali kelmas ertagacha qoldiraveradi.
Inson hisob-kitob kuni tarozusining yaxshi amallar pallasi ogʻir kelishini xohlaydi. Buning uchun u nafl namoz yoki sadaqalarni koʻpaytirib, Allohga mahbub boʻlish kerakligini oʻylaydi. Chunki kishi farzlar mukammal boʻlishi uchun nafllarni ham bajarish keraklini juda yaxshi biladi. U shu haqida fikr yuritib, nafl ibodatlar va zikr kabi amallar qilishga oʻzida turtki topadi. Ayni paytda shayton keladi-da, har xil hiyla nayranglar ishlatib, unga oʻsha amallarni keyinga qoʻyishga koʻndiradi. Hatto, uning shu ishini oqlaydi. Natijada vaqtlari behuda narsalar bilan oʻtib, bora-bora sogʻligi ham ketadi. Endi esa xohlasa ham, ming urinsa ham, oʻsha amallarni bajarishga kuchi yetmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Ikki neʼmat borki, koʻpchilik odamlar undan bebahra qoladilar. Ular sogʻlik va boʻsh vaqtdir”, (Imom Buxoriy rivoyati) degan hadislari esa biror amal xayolimizga kelsa, uni bajarishga fursat topishimiz bilanoq kechiktirmasdan darrov amalga oshirish kerakligini uqtiradi. Chunki Alloh taolo yaxshi amalga shoshilishga buyuradi: “Va Parvardigoringiz tomonidan boʻlgʻusi magʻfiratga hamda eni osmonlar va Yer barobarida boʻlgan jannatga shoshilingiz! U (jannat) taqvodor zotlar uchun tayyorlab qoʻyilgandir” (Oli Imron surasi 133-oyat).
Demak, yaxshi amallarga shoshilish kerak, ularni keyinga qoʻymaslik lozim. Balki bunday ishlar uchun dunyo ishlarida boʻlgani kabi musobaqalashish yaxshidir.
Voridni ikrom qilsang, u yana keladi
Shayxim rahmatli aytardilar: “Xayolga kelgan biror yaxshi amalga vorid (keluvchi) deyiladi. Agar qalbingiz eshigini biror vorid qoqsa va siz uni yaxshi kutib olib, hurmat izhor qilsangiz, xohishiga mos amal bilan iltifot koʻrsatsangiz, u yana qayta kelaveradi. Kelib, sizni boshqa yaxshi amallarga ham daʼvat etadi. Ammo aksi boʻlsa-chi? U juda oriyatli mehmon. Ortiga qaytib ketadi-da, hargiz qaytmaydi. Keyin esa qalbingizga yaxshi va solih amallar xayoli hozir boʻlmaydigan boʻlib qoladi.
Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning
asar va maqolalari asosida
Toshkent Islom instituti katta oʻqituvchisi
Abdulhodiy Gʻiyos tayyorladi
