📞 +998 (71) 244-35-36 📍 Toshkent sh., Abdulla Qodiriy k-si, 11-uy

Malayziyada Imom Buxoriyga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

2024 yil 22 oktyabr kuni Malayziyaning Islom madaniyati institutida “Imom Buxoriy ilmiy merosini o‘rganishda zamonaviy yondashuvlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. 

Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan tadbirda Malayziya milliy universiteti, Malayziya islom madaniyati instituti, Malayziya xalqaro islom universiteti, Zahra fondi, Malayziya xalq ta’limi vazirligi, Qur’on va sunnatni o‘rganish ilmiy-tadqiqot markazi, Malayziya islom ilmlari universiteti, Malayziya Utar universiteti, O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi rahbariyati,O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, professor-o‘qituvchilar hamda tadqiqotchilar ishtirok etdilar. Anjumanda  Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov “Globallashuv sharoitida hadislarning mazmunini to‘g‘ri tushunish: muammo va yechimlar”, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti Durbek Rahimjonov "Movarounnahr ulamolarining hadis ilmi rivojida tutgan o‘rni" mavzusida ma’ruza qildilar.  Shuningdek, anjuman asnosida Markaz tomonidan tayyorlangan “Kitob at-tavhid” asari zamonaviy nashrining taqdimoti ham o‘tkazildi.

Konferensiyada ishtirok etgan malayziyalik olim va mutaxassislar O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan allomalar, xususan, Imom Buxoriyning jahon ilm-fani va sivilizatsiya rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini yuqori baholadilar.