Indoneziya xalqi O‘zbekistonni muqaddas yurt deb biladi va Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish ularning orzusi

– Indoneziyada qadim Movarounnahr allomalari katta ehtirom bilan tilga olinadi. Ular islom ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan.
O‘zbekiston deganda ko‘z oldimizga G‘arbda Avitsenna nomi bilan shuhrat qozongan, "Tib qonunlari" asarining muallifi Ibn Sino, algebra fanining asoschisi Al Xorazmiy, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy va boshqa ko‘plab buyuk olimlar, ulamo va faylasuflar keladi. Indoneziya xalqi O‘zbekistonni muqaddas yurt deb biladi. Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish har bir indoneziyalik musulmonning orzusi.
Nur Movarounnahrdan chiqqan. Ilm nuri o‘sha hududdan tarqalgan. O‘zbekiston dunyo islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan davlat sifatida e’tirof etiladi.
Eka Shanti Rofi, "Kalimantan post" gazetasi bosh muharriri:
– Imom Buxoriy ilmiy merosini targ‘ib qilishni hayotimning bosh g‘oyasi, mazmun-mohiyati deb bilaman. O‘zbekiston islom ilm-fani va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan ko‘plab buyuk zotlarni tarbiyalagan mo‘tabar zamin. Bu yurtning har qarich yeri muqaddas, har go‘shasi mo‘tabar.
Yuzlab, hatto minglab ulamolarning aynan O‘zbekistondan yetishib chiqishining siri nimada?" – degan savol meni uzoq yillardan beri o‘ylantirib kelar edi. Yurtingizga tashrifim davomida bu jumboqning javobini topgandek bo‘ldim. Alloh taolo aziz qilgan Vataningiz har qanday insonni o‘ziga maftun etadi. Tanti va mehmondo‘st o‘zbek xalqini ta’riflashga til ojiz. Men O‘zbekistonga tashrif buyursam, o‘zimni xuddi ona Vatanimda yurgandek his etaman. O‘zbekistonda ilm va ma’rifat nurini his qildim. Bu nur bugun butun dunyo, jumladan, Indoneziya uchun ham g‘oyat muhim deb hisoblayman. O‘zbekistondan biror mehmon Indoneziyaga tashrif buyursa, go‘yoki Imom Buxoriylar, Moturidiylar, Termiziylarning ma’rifat nurini Vatanimga olib kelgandek bo‘ladi. Indoneziya bu ma’rifat ziyosidan kuch oladi.
Mamlakatingiz ziyorat turizmi sohasida g‘oyat ulkan salohiyatga ega. Bu imkoniyatni ishga solgan holda indoneziyalik sayyohlarning O‘zbekistonga tashrifini uyushtirsak, ikki mamlakat uchun ham foydali bo‘lar edi. Buxoro, Samarqand, Xiva kabi tarixiy shaharlarni ziyorat qilishni, umri islom ma’rifati yo‘lida o‘tgan buyuk allomalarning maqbaralarini borib ko‘rishni har bir indoneziyalik orzu qiladi. Buning uchun esa bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solishimiz darkor. Men bunga doim tayyorman.
Manba:"Dunyo" AA