Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Islom sivilizatsiyasi markazlari tadqiqotchilari uchun muhim yangilik

2025-yil 4-fevral kuni Malayziya Islom sanʼati muzeyida “Madaniy meros: Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi koʻprik” mavzusida xalqaro davra suhbati oʻtkazildi.
Tadbirda Al-Buxoriy fondi raisi Said Muxtor Buxoriyning oʻgʻli Said Daniyel Buxoriy, Malayziya Vazirlar Mahkamasi huzuridagi islomni anglash instituti, Malayziya islom madaniyati instituti, Islom tushunchasi va sivilizatsiyasi xalqaro instituti, Islom ilmlari universiteti, Xalqaro islom universiteti va boshqa nufuzli taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasalarining yetakchi ekspertlari qatnashdi.

Davra suhbatida Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi kabi yirik loyihalar haqida maʼlumot berildi. Ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatiga oid maxsus filmlar namoyish etildi.

Davra suhbati yakunida Malayziya va Oʻzbekiston olimlarining hamkorlikdagi deklaratsiyasi qabul qilindi. Unga koʻra:
– Malayziya va Oʻzbekistonning yetakchi taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalari olimlaridan iborat ekpertlar jamiyatini tashkil etishga kelishib olindi.
– Mazkur jamiyatini Oʻzbekiston tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi, Malayziya tomonidan Islom tushunchasi va sivilizatsiyasi xalqaro instituti tomonidan yuritilishiga qaror qilindi.
– Jamiyatning birinchi qoʻshma yigʻilishi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosining rasmiy ochilishi arafasida tashkil etiladi.

Malayziya tomoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining islom madaniyatini asrab-avaylash, buyuk allomalar asarlarini tadqiq etish sohasiga qaratayotgan yuksak eʼtibori uchun minnatdorlik ramzi sifatida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Islom sivilizatsiyasi markazlari tadqiqotchilari uchun 100 000 dan ortiq qoʻlyozmalar, noyob nashrlarning elektron nusxasidan foydalanish huquqini beruvchi maxsus sertifikatni topshirdi.
Davra suhbati ishi Malayziya va Oʻzbekiston ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.