Parij Bosh masjidiga tashrif

9-oktyabr kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari Parij Bosh masjidiga tashrif buyurib, uning rektori Shamsiddin Hofiz bilan uchrashdi.

1926-yilda ochilgan ushbu masjid ibodat bilan birga ta’lim, ma’rifat va ijtimoiy yordamni ham o‘zida birlashtirgan yirik markaz sanaladi.
Muloqot davomida delegatsiya a’zolari masjid va uning tarkibidagi ilmiy-ma’rifiy tuzilmalar faoliyati bilan tanishdilar. Tomonlar islom dinining mo‘tadillik va bag‘rikenglik tamoyillarini keng targ‘ib qilish, buyuk allomalar merosini o‘rganish va imomlar malakasini oshirish yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Uchrashuvda diniy-ma’rifiy sohada o‘zaro tajriba almashish va mushtarak yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Tashrif yakunida masjid kutubxonasiga Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining yangi nashrlari taqdim etildi.
Shuning bilan, O‘zbekiston delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi yakunlandi.