Seminar

2025 yil 27 avgust kuni Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Turkiyaning Anqara Yildirim Boyazid universiteti hamkorligida "Yangi renessans sari" mavzusidagi onlayn ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda ishtirokchilar islom tafakkuri tarixining eng yorqin siymolaridan biri Ibn Sino falsafasi va ilohiyotiga bag‘ishlangan ikkita muhim ma’ruzani tingladilar:
"Ibn Sino falsafasining islom tafakkuriga ta’siri"
"Ibn Sino teologik qarashlarida ratsional tafakkurning o‘rni"
Ma’ruzalarda Ibn Sinoning ilm-fan, falsafa va teologiya sohalaridagi ulkan merosi, uning islom sivilizatsiyasiga ko‘rsatgan ta’siri hamda uning aqlli fikrlashga asoslangan yondashuvlari atroflicha tahlil qilindi.
Anqara Boyazid Yildirim universiteti professori Murat Demirkol o‘z so‘zida Ibn Sinodek buyuk shaxsiyat har qanday xalqning faxri bo‘lishga arziydigan siymo ekani, shu jihatdan, o‘zbek xalqi bunday buyuk ajdodi borligi bilan cheksiz iftixor tuyishini ta’kidladi. Ishtirokchilar ma’ruzachilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, qizg‘in ilmiy munozara olib bordilar.
Kelgusida ham Imom Moturidiy markazi va Anqara Yildirim Boyazid universiteti o‘rtasidagi bunday ilmiy muloqotlarni davom ettirish rejalashtirilgan. Bu sa’y-harakatlar xorijda buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosini o‘rganish sohasidagi yangiliklar bilan mahalliy olim va tadqiqotchilarimizni tanishtirish va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.