Oʻzbekiston va Indoneziya ilmiy jamoatchiligini oʻzaro chambarchas bogʻlaydigan maʼrifiy koʻprik
"Indoneziya – Oʻzbekiston madaniy va hamkorlik haftaligi" tadbirlari doirasida joriy yilning 28-oktyabr kuni Samarqand shahrida oʻtkazilgan "Imom Buxoriy va musulmon olamida ilm-fan" mavzuidagi anjumanda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillari ham ishtirok etdi.
Anjumanda xorijiy mehmonlar tomonidan yurtimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini oʻrganishga Indoneziyada qiziqish ortib borayotgani alohida eʼtirof etildi.
Konferensiya doirasida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Indoneziyaning Sharif Hidoyatulloh davlat islom universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlikka oid Anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum ikki davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ajdodlarmizning ilmiy merosini keng targʻib etishda muhim platforma vazifasini bajaradi.
Anjumanda Komiljon Shermuxamedov "Ajdodlar merosi – maʼrifat ziyosi", Shahzod Islamov "Al-Qiroat-u xalfal-imam" asari Imom Buxoriyning fiqhiy qarashlarining ifodasi sifatida" mavzularida maʼruza bilan ishtirok etdilar.
