
O’zbekistondagi diniy ma’rifiy ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Al-Azhar Islom tadqiqotlari akademiyasi o‘rtasida aloqalar yanada rivojlantiriladi
Xabar berganimizdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillaridan iborat delegatsiya rasmiy tashrif bilan Misr Arab Respublikasida bo‘lib turibdi.
12 mart kuni delegatsiya vakillari al-Azhar islom tadqiqotlari akademiyasi rahbari doktor Nazir Ayyad bilan uchrashuv o‘tkazib, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Jumladan, doktor Nazir Ayyad misr va o‘zbek xalqlari madaniy qadriyatlaridagi mushtaraklik ikki mamlakat o‘rtasida azaldan mustahkam do‘stlik rishtalarining shakllanishiga zamin yaratgani, turli sohalar, ayniqsa, ilm-fan yo‘nalishida o‘zaro muntazam hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, Imom Moturidiy merosi bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tanlov moturidiylik ta’limotini yanada chuqurroq o‘rganish hamda uni keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etishi, shu bilan birga, O’zbekiston va Misr o‘rtasida madaniy aloqalarni o‘rnatishda o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajarishiga e’tibor qaratdi.
O’z navbatida, Markaz direktori doktor Jamoliddin Karimov Islom tadqiqotlari akademiyasi Bosh kotibi doktor Nazir Ayyadga Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosi bo‘yicha musobaqani yuqori saviyada o‘tkazishda ko‘maklashgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Muzokara davomida bu kabi musobaqalarni yanada kengroq ko‘lamda tashkil etish, al-Azhar tadqiqotchilari tomonidan moturidiylik ta’limotiga oid tadqiqotlarni Markazga jalb qilish, o‘zaro kadrlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi bir qator masalalar yuzasidan kelishib olindi.
O’zbekiston delegatsiyasining Misr Arab Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Qo‘shimcha malumot


