24.01.2023
218

ABU MANSUR MOTURIDIY

Imom Moturidiyning to‘liq ismi manbalarda Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud[1] Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy (vaf. 333/944 y.) deb qayd qilingan[2]. Aksar manbalarda olimning quyidagi laqab[3] va unvonlari zikr etiladi: “Musulmonlarning shayxi, imom, sunnatning qilichi, adashgan va bid’atchi toifalarni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlovchi, zohid, hidoyat imomi, hidoyat bayrog‘i, hidoyat va din imomi, millat tayanchi, ummatni hidoyatga yo‘llovchi, hanafiy shayxlari raisi, mutakallimlar imomi, musulmonlar e’tiqodining tuzatuvchisi, musulmonlar e’tiqodining mustahkamlovchisi”[4]. Bular orasida Imom Moturidiyning “hidoyat imomi” va “hidoyat bayrog‘i” degan laqablari eng mashhurlari hisoblanadi. 

Allomaning tavallud sanasi xususida ham turli ixtiloflar bo‘lgan. Aksar manbalarda bu sana 256/870 yil deb ko‘rsatilgan. Biroq arab tadqiqotchisi Muhammad Ayyubning ta’kidlashicha, Moturidiy taxminan 238/853 yil atrofida tug‘ilgan.

U yashagan davrga kelib (IX asrning oxiri – X asrning birinchi yarmi) Movarounnahrda to‘g‘ri yo‘ldan adashgan turli guruh va firqalar ko‘payib, ularning aksariyati imon-e’tiqod masalalari bo‘yicha bahsu munozaralar tufayli vujudga kelgan edi. Mana shunday murakkab sharoitda alloma Abu Mansur Moturidiy yetishib chiqdi va ularning noto‘g‘ri fikrlariga asosli raddiyalar berdi. U hanafiy mazhabi asoschisi Abu Hanifaning (699–767) ta’limotiga suyangan holda, o‘ziga xos kalom maktabini yaratdi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti keyinchalik Samarqand kalom maktabi doirasidan chiqib, butun islom olamiga tarqalib, sunniylikdagi ikki yirik maktabning biri sifatida tanildi.

Imom Moturidiy aqida sohasida Abu Hanifaning tom ma’nodagi izdoshi hisoblanadi. Jumladan, “Ishoratu-l-marom” asarining sohibi Bayoziy[5], Muhammad Zohid Kavsariy[6] va Muhammad Abu Zahralar[7] ayni bu ma’noni ta’kidlaganlar. Jumladan, Abu Zahra “Tarixu-l-mazahibi-l-islamiya” asarida shunday degan: “Abu Hanifadan naql qilingan rivoyatlar bilan Abu Mansur Moturidiy qaror qilgan aqidaviy mavzularni o‘zaro bir-biriga taqqoslab ko‘rilsa, har ikkisining ildizi bir manbaga borib taqalishi ayon bo‘ladi. Shuning uchun Abu Hanifaning aqidaviy qarashlari qonun-qoidalar majmuasi bo‘lib, Imom Moturidiyning maktabi shu asosda shakllangan, deyiladi. Iroq va unga yaqin hududlardagi ulamolar furu’ul fiqh masalasida Abu Hanifaga ergashgan bo‘lsalar, aqidaviy masalada ash’ariylarga tayanganlar. Lekin movarounnahrlik olimlar furu’ul fiqh hamda aqida ilmida Abu Hanifaning maslagini tutganlar”[8]. Jumladan, olim o‘zining “Ta’vilotu-l-Qur’on” asarida adashgan firqalarning so‘zlarini keltirib, ularni tahlil qilib, raddiya bergani kuzatiladi. Muallif o‘z tafsirida zamonasidagi moʻtaziliylik, xorijiylik, karromiylik, jabariylik kabi oqimlarni zikr etib, ularga munosib tarzda aqliy raddiyalar bergan. 

Bayoziy “Ishoratu-l-marom” asarida qayd qilishicha, Imom Moturidiy Abu Hanifaning “al-Absat”, “ar-Risola”, “al-Olim va-l-mutaallim”, “al-Vasiya” va “al-Fiqhu-l-akbar” kitoblarini ustozlari Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq Juzjoniy va Abu Nasr Ahmad ibn Iyodiylardan ta’lim olgan. Abul Muin Nasafiy (vaf. 508/1114 y.) Imom Moturidiy va Abu Hanifa o‘rtasidagi aloqani tavsiflab shunday degan: “Shayx Abu Mansur usul va furu’da Abu Hanifaning etagini mahkam tutgan”.

Alisher Navoiy o‘zining “Nasoimu-l-muhabbat” asarida ham Imom Moturidiyning karomatini zikr qilib, u kishi haqida shunday degan: “Shayx Abu Mansur al-Moturidiy o‘z zamonining a’lam ulamosi ermish. Ul vaqt ulamosi alarni “Sulton al-muizzin” der ermishlar. Zohir va botin ulumlari bila orosta ermishlar”. 

U Samarqanddagi “al-Iyodiya” madrasasida o‘qib, mahalliy hanafiy faqihlarga shogird tushib, ulardan ta’lim oldi. Abul Muin Nasafiy, Bayoziy va Zabidiylar Imom Moturidiyning ustozlari safiga Muhammad ibn Muqotil Roziy (vaf. 248/862 y.), Nusayr ibn Yahyo Balxiy (vaf. 268/882 y.), Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq ibn Subayh Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyodiy (vaf. 275/889 y.)larni kiritgan[9]. Imom Moturidiyning shogirdlari o‘z davrining yetuk olimi, faqihi va kalom ilmi mutaxassislari bo‘lgan. Jumladan, Abul Qosim Hakim Samarqandiy (vaf. 342/953 y.) Imom Moturidiydan fiqh ilmini o‘rganib, u Abu Bakr Varroq va balxlik mashhur shayxlardan tasavvuf ilmini o‘rgangan. Hakim Samarqandiy Abdulloh ibn Sahl Zohid, Amr ibn Osim Marvaziylardan hadis rivoyat qilgan. Abul Muin Nasafiy uni quyidagicha ta’riflagan: “U ummat rozi bo‘lgan va ular orasida maqtalgan kishi edi. Uning yuksakligi va ulug‘ligi qalblarga o‘rnashgan edi. Kalom, fiqh, Qur’on ta’vili, ma’rifat va muomalot ilmlarini mukammal bilgan va mazkur ilmlarda yuksak cho‘qqilarni zabt qilgan olim edi”. Abul Qosim Samarqandiyning bizgacha “as-Savodul a’zam” nomli asari yetib kelgan. Bu asarga Ibrohim Hilmiy ibn Husayn ismli olim “Salomu-l-ahkom ala savodi-l-a’zam” nomli sharh yozgan. Bu kitob Istanbulda 1896 yili nashr etilgan. Imom Moturidiyning shogirdlaridan yana biri Abul Hasan Rustufag‘niy (vaf. 350/961 y.)dir. Abu Hafs Nasafiy o‘zining “al-Qand fi zikri ulamai Samarqand” asarida olim nisbatini “Rustufag‘niy” tarzida qayd qilgan. Aksariyat zamonaviy tadqiqotchilar uni Rustug‘faniy shaklida zikr qilganlar. Olimning “Irshodu-l-muhtadiy”, “Kitobu-z-zavoid”, “al-Xilof”, “al-Fatavo” nomli asarlari bor. Faxrulislom Pazdaviyning bobosi Abu Muhammad Abdulkarim Pazdaviy (vaf. 390/1000 y.) ham Imom Moturidiyning yetuk shogirdlaridan bo‘lgan. U “Durru aqoid ahli sunna val jamoa” asarining muallifi hisoblanadi.

Manbalarda ko‘rsatilishicha, Abu Mansur Moturidiyning “Kitobu-t-tavhid” (“Tavhid kitobi”), “Kitobu-l-maqolot” (“Maqolot kitobi”), “Ma’xazu-sh-sharoi’” (“Shariatlar manbai”), “Kitobu-l-jadal” (“Munozara kitobi”), “Ta’vilotu-l-Qur’on” (“Qur’on ta’villari”), “Kitobu bayon vahmi-l-mu’tazila” (“Mo‘’taziliylarning xom-xayolini bayon etuvchi kitob”), “Raddu-l-usuli-l-hamsa” (“Besh asosga raddiya”), “Kitob raddi availi-l-adilla li-l-Ka’biy” (Ka’biyning asosiy dalillariga raddiya kitobi), “Raddu kitobi-l-Ka’biy fi va’idi-l-fussoq” (“Ka’biyning fosiqlarga qaratilgan va’idga oid kitobiga javob”) kabi asarlari mavjud[10]. Lekin sanab o‘tilgan bu kitoblar haqida to‘liq bir tasavvur yo‘qligi tadqiqotchilarga qiyinchilik tug‘diradi. Chunki ilk o‘rta asr mutakallimlarining ko‘pgina ilmiy merosi kabi Moturidiy asarlarining aksariyati bizgacha yetib kelmagan. Uning ilmiy merosidan faqat “Kitobu-t-tavhid” va “Ta’vilotu-l-Qur’on” asarlari saqlanib qolgan.

Mutakallimning eng muhim asarlaridan biri “Kitobut tavhid” bo‘lib, uning asl nusxasi hozirda Kembridj universiteti qo‘lyozmalar fondida saqlanadi. U 206 varaqdan iborat bo‘lib, satrlar soni 21 qatordan iborat. Qo‘lyozmani ko‘chiruvchi Amin Hanafiy Shofeiy deb ko‘rsatilgan. 1970 yili misrlik olim Fathulloh Xulayf uzoq yillar davom etgan izlanishlari natijasida Bayrutning “Dor al-mashriq” nashriyotida “Kitobu-t-tavhid”ning nashrini amalga oshirgan. Nashrda bir talay kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganiga qaramay, u o‘zidan keyingi tadqiqotlar uchun manba sifatida xizmat qiladi. Shundan so‘ng “Kitobu-t-tavhid” yana bir necha marotaba nashr etildi. Hozirgi kunda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi xodimi Ahmad Sa’d Damanhuriy “Kitobu-t-tavhid”ning ikki yo‘nalishdan iborat tadqiqotini amalga oshirmoqda. Birinchi yo‘nalish doirasida hozirgi kungacha tahqiq etilib, nashr etilgan “Kitobu-t-tavhid” nashrlarida yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar tuzatilgan va mavzularga bo‘lingan, iqtibos qismida murakkab so‘z hamda iboralarning soddalashtirilgan shakllari keltirilgan. Ikkinchi yo‘nalishda esa kitobning iboralari ustida tadqiqot olib borilib, unda qo‘llangan atama va iboralarni yengillashtirib asarning “Tashili”ni yaratish maqsad qilingan.

Abu Mansur Moturidiyga ustozi Abu Nasr Iyodiyning ta’siri katta bo‘lgan. U olimdan an’anaviy islom mezonlarini o‘rganish bilangina cheklanib qolmay, uni mukammal tarzda o‘zlashtirib, izchil tahlil qilishni ham o‘rgangan. Moturidiy vafotidan so‘ng Samarqand chekkasida joylashgan Chokardiza qabristoniga dafn etilgan. 

Abu Mansur Moturidiy o‘z ta’limoti va ilmiy asarlari bilan Movarounnahr ilohiyot maktabining rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. Ilohiyot ilmlarining to‘la shakllanib, takomilga yetishida ularni qayta ishlab chiqib, ma’lum tizimga solishda ulkan ishni amalga oshirdi. Buyuk alloma o‘z qarashlari bilan hanafiylik ta’limotining O‘rta Osiyo halqlari an’analari va urf-odatlari bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatib berdi. Buyuk vatandoshimiz yaratgan ta’limot islom dinining buyuk aqidaviy maktablaridan biri sifatida keng ko‘lamda tan olindi. Sunniylikning hanafiylik mazhabiga e’tiqod qiluvchilarning barchasi aqida bobida Imom Moturidiy va uning shogirdlari hamda izdoshlari yozib qoldirgan qimmatli asarlarga tayanib ish ko‘radilar. Eng e’tiborlisi, islom olamining aksariyat mintaqalari: Suriya, Iroq, Turkiya, Pokiston, Hindiston, Shimoliy Afrikada moturidiylik ta’limoti hozir ham o‘rta va oliy diniy o‘quv yurtlarida mustaqil fan sifatida o‘qitib kelinadi.


[1] Zabidiy ba’zi manbalarda “Mahmud” ismidan keyin “Muhammad” kelganini qayd qilgan (Qarang: Muhammad ibn Muhammad Zabidiy. Ithofus sodatil muttaqin bi sharhi ihyoi ulumid din. – Bayrut: Muassasatut tarixil arabiy, 1994. J. II. – B. 5 (bundan keyin: Zabidiy. Ithofus soda.)). 

[2]  Ibn Fazlulloh Umariy // Komil Jaburiy tahqiqi. Masalikul absor fi mamalikil amsor. – Lubnon: Dorul kutubil ilmiya, 2010. – J. 6. – B. 61–62 (bundan keyin: Ibn Fazlulloh Umariy. Masalikul absor).

[3] O‘zbek tilida “laqab” so‘zidan kamsitish mazmunidagi salbiy ma’no tushunilsa-da, ilmda olimu ulamolarga nisbatan qo‘llanuvchi “laqab” so‘zi olimning fazilat va o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rsatuvchi sharafli nisbat hisoblanadi.

[4] Ibn Fazlulloh Umariy // Komil Jaburiy tahqiqi. Masalikul absor fi mamalikil amsor. – Lubnon: Dorul kutubil ilmiya, 2010. – J. 6. – B. 61–62 (bundan keyin: Ibn Fazlulloh Umariy. Masalikul absor).

[5]  Kamoliddin Ahmad Bayoziy. Ishorotul marom min iborotil imom // Yusuf Abdurrazzoq Shofeiy tahqiqi. – Islomobod: Zamzam Publisher, 2004. – B. 23 (bundan keyin: Bayoziy: Ishoratul marom.).

[6] Bayoziy: Ishoratul marom. – B. 6–7.

[7] Muhammad Abu Zahra. Tarixu-l-mazahibi-l-islamiya fi-s-siyasati va-l-aqaidi va-t-tarixi-l-mazahibi-l-fiqhiya. – Qohira: Doru-l-fikru-l-arabiy, yili noma’lum. – B. 164 (Bundan keyin: Abu Zahra. Tarixul mazahibil islamiya).

[8] Abu Zahra. Tarixul mazahibil islamiya. – B 156–166.

[9]Nasafiy, Abul Muin Maymun ibn Muhammad. Tabsirat al-adilla fi usul ad-din. II jild. K. Saloma nashrga tayyorlagan. – Damashq: 1990–1993. J. I. – B. 358 (bundan keyin: Abul Muin Nasafiy. Tabsiratul adilla)., Zabidiy. Ithofus soda. – J. II. – B. 5.

[10] Abul Muin Nasafiy. Tabsiratul adilla. J. 1. – B. 359., Rudolf, 1999. – B. 135–148; Alouddin Samarqandiy. Sharh kitob ta’vilot. – O‘zR FA SHI. – Qo‘lyozmalar asosiy fondi. – Qo‘lyozma № 3249. – V. Ib.

Qo‘shimcha malumot

ABU MUQOTIL SAMARQANDIY
(vaf. 823 y.)Abu Muqotil Samarqandiy Movarounnahr mintaqasida hanafiya aqidasining tarqalishida asosiy rol o‘ynagan olimlardan hisoblanadi. X asrda Samarqandda «Dor al-Juzjoniya»...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry