09.06.2022
370

ABU MUQOTIL SAMARQANDIY

(vaf. 823 y.)

Abu Muqotil Samarqandiy Movarounnahr mintaqasida hanafiya aqidasining tarqalishida asosiy rol o‘ynagan olimlardan hisoblanadi. 

X asrda Samarqandda «Dor al-Juzjoniya» maktabi Abu Hanifaning aqidaviy qarashlarining keng tarqalishida muhim ahamiyat kasb etgan ilmiy markaz hisoblangan. X asrning o‘rtalarigacha ahli ra’y yo‘nalishida, undan so‘ng ashob al-hadis yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatgan ushbu markazda Abu Mansur Moturidiy, Hakim Samarqandiy kabi mashhur olimlar yetishib chiqqan va mingga yaqin talabalarga saboq bergan.

Ushbu maktab tarixiga nazar tashlasak, uni taxminan IX asrda Abu Muqotil Samarqandiy barpo etgan. Keyinroq Abu Sulaymon Juzjoniy va Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq ibn Subayh Juzjoniy tomonidan rivojlantirilgan. 

Abu Muqotil Hafs Samarqandiy (vaf. 823 y.) movarounnahrlik ulamolar orasida bevosita Abu Hanifaning o‘zidan tahsil olgan yagona olim hisoblangan. U Kufada Abu Hanifadan fiqh, aqida ilmlarini o‘rgangan va Samarqandga qaytgach, ustozining g‘oyalarini tarqatgan. Abu Muqotil Abu Hanifaning aqoid ilmiga oid «al-Olim va-l-mutaallim» asarini undan rivoyat qilgan hamda Samarqandda ushbu risolaga asoslangan holda hanafiya aqidasidan saboq bergan. «al-Olim va-l-mutaallim» asari 1972-yili Suriyaning Halab shahrida nashr qilingan. 

Abu Muqotil Samarqandiyning keyinchalik butun islom olamida ahli sunna va-l-jamoa aqidasi sifatida e’tirof etilgan moturidiya ta’limoti asoschisi Abu Mansur Moturidiyni hanafiya aqidasidan xabardor qilishda o‘rni katta bo‘lgan. Moturidiy dastlabki aqidaviy bilimlarini aynan Abu Muqotildan «al-Olim va-l-mutaallim» asari orqali o‘zlashtirgan. 

Muhammad Kardariyning «Manoqib Abi Hanifa» asarida ta’kidlanishicha, Ma’mun Xurosonda ekanligida aqidaviy bir muhim masala bo‘yicha qizg‘in bahs-munozara kelib chiqqan. Shunda xalifa ko‘zga ko‘ringan xurosonlik barcha olimlarni to‘plashga buyruq bergan. Lekin ushbu masalani xurosonlik bironta olim yechib bera olmagan. Yig‘ilganlar ushbu masalaga faqatgina Abu Hanifa No‘‘mon ibn Sobit yoki uning shogirdi Abu Muqotil Samarqandiy javob bera olishi mumkinligini aytishgan. Shundan so‘ng bu masalani Abu Muqotil yechib berishi ta’kidlangan. Afsuski, manbalarda bu qanday masala ekani haqida zikr etilmagan. Ibn Hajar Asqaloniy o‘zining «Lison al-miyzon» nomli asarida bayon qilishicha, ushbu voqeadan so‘ng Abu Muqotilning Xuroson mintaqasida ham shuhrati oshib ketgan. 

Ko‘plab manbalarda yozilishicha, ulamolar mana shu tarixiy voqeani dalil keltirib hanafiya ta’limotining Samarqandga kirib kelishi bevosita aynan Abu Muqotil Samarqandiy orqali sodir bo‘lganiga ishora qilganlar.

Aksariyat zamonaviy tadqiqotchilar Abu Hanifaning aqidaviy fikrlarini Xuroson va Movarounnahrda keng tarqalishida Abu Muti’ Balxiyni asosiy sababchi qilib ta’kidlaganlar. Bunda ular Abu Muti’ Balxiyning Abu Hanifadan rivoyat qilgan «al-Fiqh al-absat» risolasini dalil sifatida keltirganlar. Ba’zi tarixiy manbalarda ta’kidlanishicha ham, Balxda hanafiya aqidasining tarqalishida ushbu asar muhim ahamiyat kasb etgan. «Al-Fihq al-absat» asarining ahamiyatli jihati shundaki, unda «imon» mavzusiga oid fikr yuritilganda, imonning shartlari yengil tarzda bayon qilib berilgan. Aslida esa, Abu Muti’ Balxiy Abu Hanifaning «al-Olim va-l-mutaallim» asarini Abu Muqotil Samarqandiydan rivoyat qilib, Abu Hanifaning aqidaviy mavzularda bergan javoblarini «al-Fihq al-absat» asarida jamlagan. Shu nuqtai nazardan Abu Muqotil Samarqandiyni Movarounnahr o‘lkasida hanafiya ta’limotining tarqalishida mislsiz mehnat qilgan olimlarning birinchi qatoriga qo‘yish maqsadga muvofiqdir.

t.f.n., dots. Saidmuxtor Oqilov

 

Qo‘shimcha malumot

ABU MANSUR MOTURIDIY
Imom Moturidiyning to‘liq ismi manbalarda Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud[1] Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy (vaf. 333/944 y.) deb qayd qilingan[2]....

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry