Yangiliklar

Abu Mansur Moturidiy yashagan davr ilmiy muhiti

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori buyuk vatandoshimiz, aqida ilmining bilimdoni Imom…

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori buyuk vatandoshimiz, aqida ilmining bilimdoni Imom Abu Mansur Moturidiyning ibratli hayot yoʻli va boy ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, moturidiylik taʼlimotiga xos boʻlgan bagʻrikenglik va moʻtadillik tamoyillarini xalqimiz hamda jahon jamoatchiligiga yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Abu Mansur Moturidiy kalom ilmiga oid ulkan ilmiy meros qoldirgan. Mutakallim oʻzi yashagan davrdayoq zamondoshlari tomonidan “Imomul huda” – “Toʻgʻri yoʻlga soluvchi imom”, “Qudvatu ahlis sunna” – “Ahlus sunnaning andozasi”, “Qoleʼu abobilil fitna val bidʼa” – “Fitna va bidʼat toʻdalarini agʻdaruvchi”, “Imomul mutakallimin” – “Mutakallimlarning peshvosi”, “Rofeʼu aʼlomish shariʼa” – “Shariat bayroqdori”, “Musahhihu aqoidil muslimin” – “Musulmonlarning aqidalarini tuzatuvchi” kabi sharafli nomlarga sazovor boʻlgan.

Moturidiyning kalom ilmida yuksak martabalarga koʻtarilishi, olimlar orasida qadr-qimmat topishida u shakllangan ilmiy muhitning oʻrni katta boʻlgan. Jumladan, IX-X asrlarda Movarounnahr va musulmon dunyosi mamlakatlarida yashagan ustozlar olimning yuksak malakali boʻlib shakllanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Jumladan, Abu Nasr Ahmad Iyodiy hamda Abu Bakr Juzjoniyning xizmatlari katta ekani taʼkidlangan.

Olimning ilmiy faoliyatiga taʼsirini oʻtkazgan va shakllanishiga taʼsir koʻrsatgan ustozlari mavzusi hali ilmiy oʻrganilishi lozim. Chunki oʻrta asr manbalarining kamligi sababli ular haqidagi maʼlumotlarni jamlash qiyin kechmoqda. Masalan, Nusayr Balxiy bilan Muhammad Roziy olimning ustozlari sifatida zikr etilgan maʼlumotlar mavjud. Lekin Abu Muin Nasafiy ularni samarqandlik olimlar qatoriga qoʻshmaydi. Moturidiyshunos olim Ulrix Rudolfning taʼkidlashicha, Moturidiy bilan bogʻliq biror asarda ularning nomi uchramaydi.

Manbalar Abu Bakr Juzjoniyning Abu Mansur Moturidiyning birinchi ustozlaridan ekanini taʼkidlaydi. Olimning hayoti va ijodi haqidagi maʼlumotlarga ega manbalar juda kam saqlanib qolgan.

Abu Bakr Juzjoniy Movarounnahr, xususan, Samarqanddagi hanafiy mazhabi fiqhiy maktabi rivoji hamda taraqqiyotiga muhim hissa qoʻshgan. Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla” asarida keltirilishicha, Abu Bakr Juzjoniy mashhur olim Abu Sulaymon Juzjoniydan taʼlim oldi, soʻng Samarqandga kelib, ilm va gʻoyalarini yoyish bilan mashgʻul boʻldi. Keyinchalik Samarqandda Abu Muqotil Samarqandiy, Abu Bakr Samarqandiy kabi yirik ilohiyotchi olimlar keng qamrovli faoliyat olib bordi. Jumladan, Abu Muqotil Samarqandiy bu yerda mashhur “Kitobul olim val mutaallim” – “Olim va shogird kitobi”ni yaratadi.

Мавжuд manbalarning maʼlumot berishicha, olim usul hamda furu’ borасида oʻz zamonasining yetuk mutaxassislaridan sanalgan. Klassik manbalarda, jumladan, Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla”, Ibn Abil Vafoning “Javohirul mudiʼa fi tabaqotil hanafiya” – “Hanafiy olimlarning tabaqasi haqida nur taratuvchi javohir”, Muhammad Abdulhayning “Favoidul bahiya fi tarojimil hanafiya” – “Hanafiy olimlarning biografiyasi haqida yorqin foydalar” asarlarida Abu Bakr Juzjoniyning ikkita asar yozgani koʻrsatib oʻtilgan. Birinchisi “Kitobut tavba” – “Tavba kitobi” Movarounnahr va qoʻshni hududlarda keng shuhrat topgan. Ushbu asar mashhur olim Abul Lays Samarqandiyning “Tanbehul gʻofilin” – “Gʻofillarni uygʻotish” asariga oʻxshagan nasihatnoma, pandnoma mavzusidagi asar boʻlib hisoblangan.

Olmon olimi Ulrix Rudolfning “Moturidiy va Samarqanddagi sunniylik ilohiyoti” nomli kitobida taʼkidlanishicha, Abu Bakr Juzjoniy tom maʼnoda mutakallim boʻlmasada, lekin Abu Mansur Moturidiy hanafiy mazhabi taʼlimoti hamda mohiyatini aynan undan oʻrgangan. Shu nuqtai nazardan ham u Moturidiy ilmiy muhitining shakllanishiga sezilarli hissa qoʻshgan deb sanaladi.

Abu Mansur Moturidiy ilmiy muhitining shakllanishida Abu Nasr Iyodiy (vaf. 277/890 y.)ning xizmati ham katta. Movarounnahrning koʻpgina yirik olimlari Abu Nasr Iyodiy faoliyatini juda yuqori baholashadi, qomusiy ilmiga alohida urgʻu berishadi. Abul Mute’ Nasafiy olimni tavsiflab, Abu Nasr Iyodiy ilm sohasida tubsiz bahri ummonga monand edi, deb yozadi. Shuningdek, u yigirma yoshida tengdoshlaridan bilim borasida anchagina ilgarilab ketgan boʻlib, aqlu zakovatining oʻtkirligi, sabr-toqati, oʻta sinchkovligi bilan munozaraga kiruvchi har qanday odamni asosli javobi, Qurʼoni karimdan keltirgan dalillari bilan tang qoldirar edi, degan mazmundagi maʼlumot keltiriladi.

Abu Nasr Iyodiy buyuk alloma sifatida nafaqat oʻzining ustida muntazam ishladi, bilimlarini boyitdi, balki ilm tarqatish, shogirdlar tayyorlashga ham katta eʼtibor berdi. Abu Mansur Moturidiy bilan bir qatorda Hakim Samarqandiy, Abu Ahmad Nasr Iyodiy, Abu Bakr Muhammad Iyodiy kabi olimlar ham Abu Nasrning shogird, yaqin muxlislaridan boʻlgan. Abu Nasr Iyodiyning ilohiyot borasidagi faoliyatida bir necha muhim oʻrinlarni taʼkidlab oʻtish joiz. Olim oʻz davrida paydo boʻlgan turli oqimlarga nisbatan juda ehtiyotkor munosabatda boʻldi. Abu Nasr Iyodiy Muhammad alayhissalom va u zotning sahobalariga hurmat bilan qaradi va ularni turli boʻhtonlardan doimo himoya qildi. Hoji Xalifaning yozishicha, uning “Sayful maslul ala man sabba ashobar rasul” – “Paygʻambar sahobalarini haqorat qiluvchilarga qarshi yalangʻochlangan qilich” asari aynan ana shu maqsadni koʻzlab yozilgan. Shuningdek, Abu Nasr Iyodiy Allohning sifatlariga bagʻishlangan asar ham yaratdi. Unda turli yoʻnalishlar, jumladan, moʻtaziliylarning fikrini keskin muhokama qildi. Abu Nasr Iyodiy Movarounnahrdagi mavjud hanafiy mazhabiga xos kalom ilmi boʻyicha asar yaratgan ilk mualliflardan biri sanaladi. Chunki asar ilmiy risola tarzida boʻlib, unga qadar keng xalq ommasiga moʻljallanib yozilgan asarlardan farq qilgan. Va aynan Abu Mansur Moturidiy Abu Nasr Iyodiydan diniy, ilohiy masalalar borasida faqatgina tasavvurlarni berish bilangina kifoyalanmadi, balki bunday munozaralarda aqlu zakovatga ham suyanish lozimligini taʼkidlab, insondagi “afʼoli ixtiyoriyga” ishora qildi.

Moturidiy taʼlimotining shakllanishi, ilmiy jihatdan boyitilishi, keyingi avlodlar tomonidan eng hayotiy nizom sifatida qabul qilinishida alloma tarbiyalagan olim-shogirdlarining xizmatlari katta. Abu Mansur Moturidiy ilmiy мuҳитиning rivoji va uning boshqa hududlarga tarqalishiga ilmiy asarlari билан ijobiy taʼsir koʻrsatishdi.

Abu Mansur Moturidiyning dastlabki shogirdi mutakallim Abu Nasr Iyodiyning farzandi Abu Ahmad Nasr ibn Ahmad Iyodiydir. Abu Ahmad ilohiyot ilmini dastlab otasi, soʻng Abu Mansur Moturidiydan oʻrgandi. Kalom boʻyicha yuqori ilmiy salohiyati bilan olimlar orasida shuhratga sazovor boʻldi. Abu Hafs Buxoriyning maʼlumotiga koʻra, Abu Ahmad haqiqatgoʻyligi sabab hanafiy mazhabiga yod fikr va xulosalarning kiritilishiga yoʻl qoʻymadi. Shu tariqa mazhab sofligini saqlashga chin dildan xizmat qildi. Hakim Samarqandiy ham olimni taʼriflab, Abu Ahmad Xuroson hamda Movarounnahrdagi eng yetuk olimlardan edi, deb yozadi. Abu Ahmad muʼtaziylar bilan keskin bahslar olib bordi va uning bu boradagi fikrlari ustozi Abu Mansur Moturidiy qarashlari bilan hamohang edi. Abu Ahmadning hayoti, ilmiy merosi haqida Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla” kitobida muhim maʼlumotlar keltiradi.

Oʻrta asrlarga oid manbalarga koʻra, Abu Ahmad Abu Mansur Moturidiy taʼlimotining keyingi asrlardagi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Ustoz-shogirdlik anʼanasining uzviyligi ilohiy taʼlimotning rivojlanishi va keng tarqalishiga katta hissa qoʻshdi. Ayniqsa, Abu Ahmadning shogirdi Abu Salom Muhammad ibn Muhammad Samarqandiyning mazkur taʼlimot rivojlanishi va tarqalishida katta ulushi bor. Taxminan X asrda yashab ijod etgan bu olimning “Jumal usulid din” – “Din asoslari majmui” nomli asari davrimizga qadar yetib keldi. Mazkur asarning qoʻlyozmasi Istanbuldagi Sulaymoniya qoʻlyozmalar xazinasida saqlanadi. Qoʻlyozmaning matni 1989 yili Istanbulda nashr etilgan. Ulrix Rudolfning yozishicha, asar Moturidiydan soʻng Samarqandda bitilgan anʼanaviy ilohiy asarlar uslubidan farq qilsada, Abu Mansur Moturidiy gʻoyalariga toʻliq mos keladi. Abu Salom zamondoshi Abul Lays Samarqandiyning uslubi kabi hanafiy mazhabining anʼanaviy uslubini yangi pogʻonaga olib chiqdi hamda Moturidiy ilgari surgan gʻoyalarni rivojlantirdi. Aqidaviy maktabni ustozi uslubida davom ettirishga xizmat qildi. Shu sababli, uning “Jumal usulid din” asari moturidiylik anʼanalari davom ettirilgan, davrimizga qadar yetib kelgan eng dastlabki, ilk ilmiy manbalardan biri hisoblanadi.

Moturidiylik ilmiy muhitining rivojiga Abul Hasan Ali ibn Saʼid Rustugʻfoniy (vaf. 350/961 y.) ham katta hissa qoʻshdi. Olim Moturidiyning shogirdlaridan biri boʻlib, u Samarqand yaqinidagi mashhur Rustugʻfon qishlogʻida dunyoga keldi. U Moturidiyning eng koʻzga koʻringan, ilmiy bahslarda mustaqil, erkin fikrlari bilan faol ishtirok etadigan shogirdlaridan hisoblandi. Olimning nisbasi manbalarda Rustufgʻoniy, Rustugʻfoniy, Rustufagʻniy koʻrinishida uchraydi. U oʻz ustozi Abu Mansur Moturidiy bilan ayniqsa, ijtihod masalasida keskin bahslar olib bordi. Ibn Abul Vafoning “Javohirul mudiʼa fi tabaqotil hanafiya” asarida koʻrsatilishicha, Abul Hasan fiqh boʻyicha ham bilimdon olimlardan biri edi. Manbalar fiqh, ilohiyot ilmlarini mukammal egallagan Abul Hasan Rustugʻfoniyning toʻrt asar yozgani haqida xabar beradi. Birinchisi, olimning fatvolari yigʻindisi “Fatava Rustugʻfoniy” – “Rustugʻfoniy fatvolari”. Olimning turli ensiklopedik lugʻatlarda nomi keltirilgan ikkinchi asari “Kitobul xilof” – “Munozaralar kitobi” esa hozirga qadar topilmagan. 

    Kalom ilmiga bagʻishlangan eng asosiy hamda muhim asari “Kitob irshodul muhtadiy” – “Toʻgʻri yoʻldan yuruvchiga qoʻllanma” deb nomlanadi. Ibn Qutlubugʻaning “Tojut tarojim” – “Biografiyalar toji”, Muhammad Abdul Hayning “Favoyidul bahiya fi tarojimil hanafiya” asarlarida “Irshodul muhtadiy”ga katta eʼtibor berildi va yuqori baholandi. Abul Hasan oʻrta asr olimlariga ergashgan holda ularning ijodiga xos qomusiy asar yozish yoʻlidan borib, ilmlar tasnifigaбағишланgaн “Kitobuz zavoyid val favoyid” – “Qoʻshimchalar va foydalar kitobi” asarini yaratgan. Ushbu silsilaga Abu Zayd Balxiyning “Aqsomul ulum” – “Ilmlarning qismlari”, Ibn Farugʻning “Javomiul ulum” – “Ilmlarning jamlovchilari”, Xorazmiyning “Mafotihul ulum” – “Ilmlarning kalitlari” asarlarini kiritish mumkin. Bunday asarning hanafiy mazhabidagi olim, Moturidiyning shogirdi tomonidan yaratilishi uning har tomonlama yetukligidan dalolat beradi. Bu esa X asrda Moturidiy taʼlimoti va gʻoyalarining yoyilishi, shuningdek, hanafiy mazhabining Movarounnahrdagi rivojiga ulkan hissa qoʻshdi.

Abdul Karim Pazdaviy (vaf. 390/999) ham Abu Mansur Moturidiy ilmiy muhitining shakllanishiga sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Moturidiyning shogirdi sifatida Moturidiylik taʼlimoti hamda asarlarining yoyilishida katta ahamiyat kasb etdi. Abdul Karim Pazdaviyning hayoti va asarlari haqida juda kam maʼlumotlar yetib kelgan. Uning nomi “Kitobul olim val mutaallim” asarida uchraydi. Bu asar matnini Pazdaviy Muhammad Nasafiyga yetkazdi. Ibn Abul Vafo hamda Laknaviylarning taʼkidlashicha, Abdul Karim Pazdaviy Abu Mansur Moturidiyning yaqin shogirdlaridan hisoblanadi. Abdul Karim Pazdaviy oʻzidan keyin ilm maydoniga chiqqan ilohiyotchi olimlar sulolasi – Pazdaviylarga tamal toshini qoʻydi. Abu Mansur Moturidiyning izdoshlari nomini olgan mashhur Abul Yusr Pazdaviy (vaf. 493/1100 y.), Faxrul islom Abul Hasan Pazdaviy (vaf. 482/1089 y.) shular jumlasidan hisoblanadi. Ular moturudiya taʼlimotining davomchilari sifatida aqida ilmi rivojida muhim oʻrin egallashgan. Abul Yusr “Usulud din” – “Din asoslari” nomli asarida bobosi Abdul Karim Pazdaviyning nomini faxr bilan tilga oladi va Abu Mansur Moturidiy haqidagi maʼlumotlar oʻz oilasida avloddan avlodga oʻtib kelayotganini taʼkidlaydi. Shubhasiz, Abdul Karim Pazdaviy Movarounnahrdagi kalom sohasida mavjud ustoz va shogirdlik ilmiy muhiti anʼanasining rivojiga katta xizmat qildi.

Abu Mansur Moturidiy hayoti, ilmiy merosi, moturidiylik ilmiy muhitining shakllanishiga xizmat qilgan ustoz hamda shogirdlari haqidagi manbalarni izlab topish, ularni tarjima kilib ilmiy muomalaga kiritish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida ham ayni shu masalaga alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Madaniy meros agentligi zimmasiga xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotiga mansub allomalarning hayoti, ilmiy merosiga oid noyob qoʻlyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini Oʻzbekistonga olib kelish va tadqiq qilishni tizimli ravishda tashkil etish vazifasi yuklangan.

Zohidjon Islomov, 

filologiya fanlari doktori, 

professor, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi.

OʻzA

Yangiliklar

Yana oʻqing

Barcha yangiliklar
Yangiliklar

Parij Bosh masjidiga tashrif

9-oktyabr kuni Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari Parij Bosh masjidiga tashrif buyurib, uning…