Indoneziya universiteti va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligi kengaymoqda
Indoneziyaning Mavlono Malik Ibrohim Samarqandiy davlat islom universiteti xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi doktor Isroq Najoh Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda Markaz faoliyati, uning asosiy yoʻnalishlari, amalga oshirilayotgan tadqiqotlar mavzulari haqida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, suhbat mavzusi Markazning boʻlimlari faoliyati, xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlar, shuningdek, mahalliy va xalqaro miqyosda erishilgan yutuq va natijalar haqida kechdi.
Muloqot chogʻida mehmonlar oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollarga atroflicha javob oldilar. Jumladan, Imom Moturidiy merosini oʻrganish, uning taʼlimotini bugungi kun yoshlariga yetkazish usullari, Markazning boshqa xalqaro ilmiy muassasalar bilan aloqalari va istiqboldagi qoʻshma loyihalar haqida fikr almashildi.
Markaz faoliyati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ular Markazning ilmiy salohiyati va olib borayotgan ishlarni yuqori baholadilar.
Tashrif yakunida mehmonlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
