12.10.2021
885

Mavlid va u haqida olimlarning fikrlari (batafsil)

“Mavlid” arabcha so‘z bo‘lib, tug‘ilish, tug‘ilgan joy va tug‘ilgan vaqt ma’nolarini anglatadi. Biz musulmonlar, mavlid deganda, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)­ning tug‘ilgan oylarini nazarda tutamiz.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning tug‘ilgan sanalarini Ibn Is’hoq “Fil” yilida Rabi’ul avval oyining 12 kuni, dushanba; Mahmud Posho Falakiy esa astronomik hisob bilan milodiy 571 yilning 9 rabi’ul avval, dushanba kuni deb ko‘rsatgan.

Mavlid sharif tarixi

Tarixchilarning ta’kidlashicha, mavlidni birinchi bo‘lib fotimiylar (909–1171) nishonlagan. Keyinroq Ayyubiylar davlatida Irbil shahri amiri Amir Muzaffariddin Abu Said Ko‘kbo‘ri ibn Zayniddin Ali ibn Tabuktekin (1153–1232) bayram qilib belgilagan. Amir Muzaffariddin mavlid bayramini o‘tkazish uchun alohida e’tibor qaratar hamda juda ham katta mablag‘ sarflar edi. Manbalarda kelishicha, amir tomonidan mavlid bayramini o‘tkazish uchun uch yuz ming dinor sarflangan. Bayramning nishonlash arafasida Irbil shahriga tutash bo‘lgan shaharlar, Bag‘dod, Mosul va boshqa joylardan faqihlar, tasavvuf olimlari, o‘tkir voizlar hamda shoirlar taklif qilinardi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)ning tug‘ilgan kunlari borasida ixtilof borligi uchun ham bayram asosan rabi’ul avval oyining sakkizinchi va o‘n ikkinchi kunlari bo‘lib o‘tgan[1].

Usmoniylar davlatida ham mavlid bayrami keng miqyosda nishonlangan. Tahtga Abdulhamid II saylanganidan keyin mavlid bayramini nishonlash faqatgina “Jome’ul Hamiydiy” deb nomlanadigan katta masjidda o‘takaziladigan bo‘ldi. Usmoniylar mavlidni Rabi’ul avval oyining o‘n ikkinchi kuni o‘tkazadilar. Davlat a’yonlari, ulamolar va boshqa joylardan taklif qilingan mehmonlar katta jome’ning oldida sultonni kutib turishar, Sulton jome’ga tashrif buyurganidan keyin barcha masjidga kirib, mavlid bayrami boshlanardi. Bayram Qur’on qiroati bilan boshlanib, so‘ngra Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ni dunyoga kelishlari borasida qissalar o‘qilar va undan keyin “Daloilul Xoyrot fi solati ‘alan Nabiy” nomli kitob yig‘ilganlarga o‘qib berilar edi. 

Mavlid bayrami Mag‘rib davlatida ham alohida e’tibor bilan tantana qilingan. Hijriy uninchi asr oxirlarida Mag‘rib davlatiga hukmdor bo‘lgan Sulton Ahmad Mansur tomonidan Rabi’ul avval oyi boshqa oylardan o‘zgacha kutib olinar va katta xursandchilik bilan nishonlanar edi. Bayram tantanalari Rabi’ul avval oyi kirishi bilan boshlanib, oyning yakunigacha ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlangan. Rabi’ul avval oyining o‘n ikkinchi kuni Sulton jome’ masjidda jamoat bilan namoz o‘qib, so‘ngra tahtiga o‘tirar edi. Barcha jam bo‘lganidan keyin, o‘tkir voizlardan biri chiqib, Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ning fazilatlari, mo‘jizalari va u zotning dunyoga kelishlari haqida yig‘ilganlarga so‘zlab berardi. Payg‘ambar (sollollohu alayhi vasallam)ni madh qiladigan turli-tuman she’r va salovatlar aytilgach, yig‘ilganlarga katta ziyofat dasturxoni uyushtirilar edi.

Hozirda ham musulmon yurtlarda mavlid asosan masjidlarda o‘tkazilib, unda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) madh etilgan qasidalar tinglanadi, siyratlari to‘g‘risida suhbatlar bo‘ladi, u Zot (sollallohu alayhi va sallam)ga salavotlar aytiladi.

Mavlid to‘g‘risida mutaqaddim olimlarining fikrlari

Mavlid sharifni o‘tkazish borasida ulamolar tomonidan turli xil fikrlar bildirilgan. Quyida ushbu fikrlardan misollar keltiramiz.

Imom Suyutiy: “Mening nazdimda, insonlar to‘planib, Qur’ondan imkon qadar tilovat qilib, Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ning hayotlari haqida hikoya qiluvchi va u zotning tug‘ilish kunlarida sodir bo‘lgan mo‘jizalar haqida so‘zlashishlari so‘ngra dasturxon tuzatib taomlardan tanovul qilishlari maqtalgan bid’atlardan bo‘lib, uni qilgan kishilar savob oladilar. Chunki bu ishlarda Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ni qadrlarini ulug‘lash va xursandchilikni zohir qilish hamda u zotning tug‘ilgan kunlari bilan xushxabar berish bordir[3].”

Hofiz ibn Hajar Asqaloniy: “Mavlidi sharifni o‘tkazish dastlabki uch asrda yashab o‘tgan salaf solihlardan naql qilinmagan. Biroq mavlidi sharifni qasd qilgan inson shariatda man qilingan ishlardan chetda bo‘lib, bu ishlarni amalga oshirsa maqtalgan bid’atni qilib, bu ishiga savob oladi[4].

Imom Saxoviy: Dastlabki uch asrda mavlidi sharifni salaf ulamolardan biror kishi nishonlamagan. Bu ishlar keyinchalik paydo bo‘lgan. Yer yuzidagi musulmonlar hanuzgacha bu ishlarda bardavom bo‘lib kelmoqdalar. Mavlidi sharif kechalarida bir-birlariga sadaqalar ulashishlari, mavlidi sharifga oid kitoblarni o‘qishlari yaxshi ishlardandir. Mavlidning barokotidan ularga ko‘pgina ijobiy ishlar zohir bo‘ladi[5].

Imom ibn al-Haaj al-Molikiy (rahmatullohi alayh): “Alloh taoloning bizga ato qilib bergan ulug‘ ne’matiga shukrona sifatida Rabi’ul avvval oyining o‘n ikkinchi dushanba kunida ibodat va xayrli ishlarni ko‘proq qilish lozim bo‘ladi. Chunki ne’matlarning eng ulug‘i Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) tug‘ilgan kunlaridir[6]”, boshqa bir so‘zlarida: “Mavlid o‘qish va Rasululloh tug‘ilgan kechada xursand bo‘lish u zotni hurmat qilishdan hisoblanadi.”

Ibn Obidin: “Bilginki, Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) tug‘ilgan oyda qilinadigan mavlidi sharif maqtalgan bid’at ishlardandir.” “Salovatlarning afzali va salomlarning mukammal sohibi bo‘lmish Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ning qissalaridan eshitish uchun jamlanish, o‘z ichiga ko‘pgina mo‘jiza va salovatlarni qamrab olganligi bois eng ulug‘ qurbatlardan hisoblanadi[7]. ”

Hofiz Abdurahim Iroqiy: “Albatta, valima qilish va insonlarga taom ulashish doimo maqtalgan ishlardan hisoblanadi. Agar bu fazilatli ishlarga Rasulullohning tavallud topgan muborak oydagi shodu xurramlik va xursandchilik qo‘shiladigan bo‘lsa, u qanday ham go‘zal bo‘ladi. Zero, mavlidni yangitdan paydo bo‘lgani, uning yomon ko‘rilgan ishlardan ekanligini bildirmaydi. Yangi paydo bo‘lgan mustahab bid’atlardan qanchalari borki, uni amalga oshirish vojib bo‘ladi[8].”

Abu Shoma (Imom Navaviyning uztozlari): “Bizning zamonamizda har yili Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) tug‘ilgan kunlariga muvofiq keladigan kunda sadaqalar qilish, xayrli ishlarni amalga oshirish, chiroyli liboslarni kiyib, xursandchilikni zohir qilish qanday ham go‘zal ishlardan hisoblanadi. Zero, ushbu ishni qiluvchi insonning qalbida Rasulullohga nisbatan ehtirom va muhabbati borligi hamda u zotni butun olamlarga rahmat qilib yuborgan Alloh taologa shukrona qiluvchiligiga ishora bordir[9].”

Shihob Ahmad Qastaloniy aytadi: “Muborak mavlid oyining kechalarini bayram qilgan insonga Alloh taolo rahm qilsin. Shoyadki, ushbu ishi uning qalbidagi kasallik va illatlarga davo bo‘lsa[10].”

Mutaaxxir ulamolarning fikrlari

Husayn Mahmud Maxluf (Azhar shayxi): “Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) dunyoga kelgan muborak ushbu oyning kechalarini tiriltirish, Allohga zikr aytish va ushbu ummatga maxluqotlarning eng afzali bo‘lgan zotni in’om qilib bergani uchun shukrona qilish bilan yuzaga chiqadi. Biroq, bu narsalarning barchasi shariat doirasida, odob, xushu’ va huzu’ bilan, turli xil ma’siyat va xurofotlardan yiroq holatda o‘tkaziladi. Rasulullohga bo‘lgan muhabbatning ko‘rinishi ushbu oyda muhtojlarga ehsonlar ulashib, ularni qalblarini xursand qilish, silai rahm bog‘lashdan iboratdir. Aslida bu ishlar u zotning zamonalari va salafi solihinlarning davrida bo‘lmasada, biroq uning zarari yo‘q. Bu amal chiroyli sunnat amallardan hisoblanadi[11].”

Shayx Muhammad Shoziliy Nayfar (Tunisdagi “Jome’ul a’zam” shayxi): “Ibn Hajar va Suyutiyning yuqorida aytgan so‘zlariga qo‘shimcha qilib shuni aytish mumkinki, Alloh taolo o‘zining muhabbatidan keyin Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ga muhabbat qo‘yishni bizlarga vojib qildi. Shu sababli Rasulullohga taalluqli bo‘ladigan barcha narsani ehtirom qilishimiz lozim bo‘ladi. Shariat ruxsat bergan tarzda mavlidi sharifni nishonlash ham u zotni ehtirom qilish hisoblanadi[12].”

Muhammad Mutavalli Sha’roviy: “Mavlidi sharifning ehtiromi uchun, har yili qalbimizdagi Nabiy (sollallohu alyhi vasallam)ga bo‘lgan sevikli xotira ila shodu xurramlik va xursandchilikni ko‘rsatishmiz haqli bo‘ladi. Zero, ushbu xursandchilik mavlidi sharifni nishonlash bilan bo‘ladi[13].”

Mubashshir Taroziy (Turkiston olimlaridan): “Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ning tavallud topgan kunlarini xotirlab bayram qilish hozirgi kundagi paydo bo‘layotgan turli xil bayramlarga qarshi turadigan asosiy nishonlanadigan bayramga aylanishi lozim bo‘ladi.”

Muhammad Alaviy Molikiy: “Biz mavlidi sharifni nishonlashni, insonlar yig‘ilib Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ning siyratlaridan eshitish, ushbu kunlarda muhtojlarga taom berish va insonlar qalbiga xursandchilik solishni joiz deb bilamiz[14].”

Doktor Yusuf Qarazoviy: “Biz inkor qiladigan bayramlar, ularga munkar narsalar aralashgan, shariatga muxolif bo‘lgan ishlar qo‘shilib ketgan va Alloh taolo buyurmagan narsalardan iboratdir. Ammo ushbu oyni g‘animat bilib, unda Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ning siyratlari va shaxsiyatlari naqadar buyukligini yodga olsak bunda qanday bid’at yoki zalolat bo‘lsin[15].”

Doktor Muhammad Said Ramazon Butiy: “Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ning tavallud kunlarini yodga olib, nishonlanadigan bayram undan yaxshilik umid qilinadigan ishlardan hisoblanadi. Bu xuddi oldinlari mavjud bo‘lmagan hozirgi zamonda o‘tkaziladigan diniy anjuman va yig‘inlarga o‘xshab ketadi. Shu sababli hozirgi kunda o‘tkaziladigan diniy anjuman va yig‘ilishlarga bid’at ta’rifini berib bo‘lmaganidek, mavlidi sharifni nishonlashga ham bid’at ta’rifini berish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Biroq ushbu nishonlash nomunosib ishlardan holi bo‘lmoqligi lozim bo‘ladi[16].”

Abdulloh ibn Bayya: “Bir so‘z bilan aytganda, kimki mavlidni nishonlasa, shar’iy tomondan gunoh bo‘ladigan ishlarni aralashtirmasdan Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) manoqiblarini yodga oladigan bo‘lsa, qiladigan ishini sunnat yoki vojibligini e’tiqod qilmasa, ushbu narsani faqatgina u zotga muhabbati borligi uchun qiladigan bo‘lsa, unda zarar yo‘q. Balki bu ishi uchun ajr oladi[17].”

Nuh al Quzot (Iordaniyaning sobiq muftiysi): “Shubhasiz, Nabiy (sollol-lohu alayhi vaslam)ning dunyoga kelishlari, Alloh taolo bizni u Zot bilan fazilatli qilib quygan eng ulug‘ ishlardan va bu ummatga tajalliy qilib bergan ne’matlarining eng mukammalidandir. Shu sababli u zotning mavlidlari bilan xursand bo‘lishimiz haqli bo‘ldi.[18]”

Doktor Ali Jum’a (Misr sobiq muftiysi): “Rasulullohning tavalludlarini yodga olib bayram qilish, eng afzal amallardan va ulug‘ qurbat hosil qilinadigan ishlardandir. Zero, bayram qilish u zotga nisbatan xursandchilik va muhabbatning ifodasidir. Aslida Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ga muhabbat qo‘yish, iymonning asllaridan bo‘lgan asl ishdir.[19]”

Doktor Vahba Zuhayliy: “Agar mavlidi sharif Qur’on tilovat qilishga, Nabiy (sollollohu alayhi vasallam) ahloqlarini eslashga, insonlarni islom dini ta’limotlarini va shar’iy odoblarni mustahkam tutishga chorlaydigan hamda maqtovda juda ham oshirib yubormaslikka chegaralangan bo‘lsa, ushbu shartlar topilganda mavlidni nishonlash bid’at amallardan hisoblanmaydi.[20]”

Shayx Muhammad Rotib Nabulusiy: “Mavlidni bayram qilish ibodat emas. Lekin kishilarni Allohga chorlashga kiradi. Yil davomida Rabi’ul avval va boshqa oylarda masjidlarda, honadonlarda mavlidni yodga olish bilan nishonlash joizdir.[21]”

Mavlid to‘g‘risida Imom Ja’far ibn Hasan Barzanjiy “Iqdul javhar fi mavlidin Nabiyyil azhar”, Ibn Dihya (633 h.y.) “At-tanvir fi mavlidil Bashirin Nazir”, Ibn Tug‘robek (670 h.y.), Ahmad Azliy (677 h.y.), Saxxoviy (902 h.y.) “Al-faxrul ulviy fil mavlidin Nabaviy”, Mulla Ali Qori (1014 h.y.) “Al-mavridur raviy fil mavlidin Nabaviy” nomli kitoblar yozishgan. Muhyiddin ibn Arabiy (638 h.), Ibn Kasir, Ibn Jazariy, Ibn Hajar Haysamiy, Xatib Shirbiniy va boshqalar ham mavlidga bag‘ishlab asarlar yozgan.

Mavlid Iroq, Jazoir, Marokash, Suriya, Misr, Liviya, Iordaniya, Tunis, Birlashgan Arab Amirliklari va Ummon sultonligida rasmiy bayram, dam olish kuni deb e’lon qilingan.

Muassasalar va fatvo hay’tlarining mavlid haqidagi fikrlari

Sudan ulamolari hay’ati – Fatvo doirasi – 146/2015 – raqamli fatvo

Nabiy (sallallohu alayhi vasallam) va u kishining mavlidlarini nishonlash shar’iy jihatdan yaxshi ishlardan hisoblanadi. Chunki u inson qalbida Nabiy (sallallohu alayhi vasallam) xotiralarini qayta jonlantiradi. Nabiy (sallallohu alayhi vasallam) bilan xursand bo‘lish Alloh taoloning ushbu qavliga ko‘ra buyurilgan ishlardan hisoblanadi:

 قُلْ بِفَضْلِ اللَّهِ وَبِرَحْمَتِهِ فَبِذَلِكَ فَلْيَفْرَحُوا هُوَ خَيْرٌ مِمَّا يَجْمَعُونَ 

Ayting: "Allohning fazli va rahmati bilan, bas, (albatta), shular sababli (mo‘minlar) shodlansinlar! U to‘plagan narsa (boylik)laridan yaxshiroqdir"

(Yunus surasi 58)

Abu Lahab ham Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) tug‘ilganlarida xursand bo‘lgan va shu sababdan har dushanba kuni uning azobi yengillashadi.

Ko‘pchilik ulamolar fikriga ko‘ra mavlidni nishonlashga hujjat bor, bulardan Alloma Ibn Hajar Asqaloniy, Imom Suyutiy, Shayx Zarvaq, ibn Hamdun, Ibn Abbod, Ibn Hajar Haytamiy va boshqalarni aytib o‘tish mumkin.

Misrdagi “Darul-fatvo” muassasasi, 140- raqamli fatvo, 1186 raqamli so‘rovnoma.

Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) tug‘ilganlari, ya’ni mavlidni bayram qilish, ul Zot (sallallohu alayhi vasallam) bilan xursand bo‘lish demakdir, Nabiy (sallallohu alayhi vasallam) bilan xursand bo‘lish esa qat’iy ravishda shar’iy ishdir. Chunki u (ya’ni Rasulullohni (sallallohu alayhi vasallam) tanish va u zot bilan xursand bo‘lish) asl ishlarning asli va tayanchidir. Alloh subhanahu va taolo o‘z Nabiysining (sallallohu alayhi vasallam) qadr-qimmatini biladi, uning ismi, payg‘ambarligi, maqomi, darajasi va bularning barcha-barchasini insoniyatga tanitdi. Borliqning bari Allohning nuri, uning yordami va olamlarga bergan ne’mati va hujjati bilan doim surur va quvonchda.

Bizning salaf solihlarimiz 4-5 asrdan buyon, Mavlid kechasida bedor bo‘lish, taomlar ulashish, Qur’on tilovati zikrlar she’rxonlik, Nabiyni (sallallohu alayhi vasallam) madh etish kabi amallar Nabiyning (sallallohu alayhi vasallam) mavlidlarini nishonlab kelmoqdalar, bunga bir qancha muarrixlar dalil keltirganlar, bulardan Hofiz ibn Javziy, ibn Kasir, Hofiz ibn Dihya Andalusiy, Hofiz ibn Hajar, Hofizlar so‘nggisi -Jaloliddin Suyutiy.

BAA Islom va vaqf ishlari bosh hay’ati 1489 raqamli fatvo

Aksar olimlar mavlidni nishonlash shar’iy ishlardan ekanini aytganlar, bu esa Alloh taoloning O‘z Payg‘ambarini yuborib bizlarga bergan ne’mati uchun unga shukr aytishning bir ko‘rinishidir.

Iordaniya fatvo idorasi. 653 raqamli fatvo

Nabiyning (sallallohu alayhi vasallam) mavlidlarini nishonlash bu Nabiy (sallallohu alayhi vasallam) ga muhabbat, U Zotning sarvarligi bilan faxrlanish, shariatlariga ergashishni izhor qilishning madaniy ko‘rinishidir, albatta u shari’atga xilof bo‘lgan amallardan uzoq bo‘lishi shart hamda unda Nabiy (sallallohu alayhi vasallam) ning muattar siyratlari va karamli shamoillarini yodga olish va dinni mahkam ushlashga targ‘ib kabi amallar bilan kifoyalanishi kerak.

Kuvayt vaqf va islomiy ishlar vazirligi 10528 – raqamli fatvo

Nabiy (sallallohu alayhi vasallam) ning mavlidlari munosabati bilan xursandchilik qilish har kuni bo‘lsa ham shar’iy ishdir, odamlar nishonlaydigan u zotning tug‘ilgan kunlari – mavlid kuni ham shunga kiradi. Lekin uni nishonlash, u zotning siyratlari, sifatlarini yodga olish, sunnatlariga ergashish bilan bo‘lishi lozim, unda ba’zi odamlar qilganidek musiqa bilan qo‘shiq aytib nishonlash bo‘lmasligi kerak. Mavlidni sahobalar nishonlamaganlar, lekin bu uning harom ekanini bildirmaydi, chunki bir ishni qilmaslik uning harom ekaniga dalil bo‘la olmaydi.

Falastin fatvo idorasi – 362 raqamli fatvo

Agar Nabiy (sallallohu alayhi vasallam) mavlidlarini nishonlash – ul zotning siyratlarini eslash, maqtovlar va salavotlar aytish, u zotga itoat etishga chaqirish, karamli sunnatlariga ergashish kabi amallardan iborat bo‘lsa bu – ish joiz.

1994 yil 10-sonli qaror.

Tunis Respublikasi fatvo devoni

Mavlidva Qadr kechasi kabi diniy munosabatlarni nishonlash muboh odatlardan hisoblanadi, ammo Arafa va Ashuro kunlari sunnat bo‘lib u kunlarda ro‘za tutiladi.

http://www.di.tn/DetailReponseFatwa.aspx%E2%80%A6

Bahrayn Qirolligi

Rabi’ul avval oyining 12-kuni – Mavlid kuni bayrami 1976 yilgi 23-raqamli qonun asosida qirollikdagi rasmiy ruxsat berilgan bayram sifatida belgilangan.

http://www.moj.gov.bh/Print_p86b3.html?printid=799

Osiyoda Mavlid nishonlanishi

Indoneziya

Indoneziya davlati Osiyoda musulmon jamoasi eng ko‘p bo‘lgan mamalakatlardan biridir. Indoneziyada din muhim ahamiyatga ega. Bu davlatning eng birinchi tamoyillaridan bo‘lgan “Pansiliya”, ya’ni “yagona va tanho Allohga ishonish” prinsipida yorqin namoyon bo‘ladi. Indoneziyada turli dinlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, aholining 86% islom diniga e’tiqod qiladi. Shu sababli, davlat diniy amallarni amalga oshirishga katta e’tibor qaratgan. Mavlid bayrami esa shunday e’tiborga loyiq bo‘lgan muhim voqealardan hisoblanadi. Bu kun butun mamlakat miqyosida dam olish kuni deb e’lon qilinadi. Barcha davlat idoralari va do‘konlar yopiladi, hech qanday gazeta va jurnallar nashr qilinmaydi. Musulmon jamoasi orasida Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning tavallud kunlari o‘tkazish yuzasidan katta hayajon va zavq hukm suradi. Misol uchun, Mavlid ayyomini nishonlash maqsadida Yava oroliga minglab musulmonlar yig‘iladilar. So‘nggi yillarda esa Mavlud ayyomida Indoneziya Prezidenti ham ishtirok etib kelmoqda.

Malayziya

Mavlidni nishonlaydigan yana bir katta Osiyo mamlakati bu Malayziyadir. Malayziyada Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning tavallud topgan kunlari har yili “Rabi’ul-avval” oyining 12 sanasida nishonlanadi. Ushbu kun Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) tavallud kunlarining eng aniq sanasi sifatida qaraladi. Mavlid ayyomi kuni Kuala-Lumpur shahriga 1.5 mingdan ortiq musulmon jamoasi ko‘chaga paradga chiqishadi. Bu parad butun shahar bo‘ylab bo‘lib o‘tadi.

Shodiev Jamshid, Mirsodiqov Ulug‘bek, Murodov Abdushukur

[1] Hasan Sandubiy. “Tarixul ihtifol bi mavlidin nabaviy min asril islomil avval ila asri foruqil avval”. 80-86 b. Matbaatul Istiqomat. Qohira. 1948.

[2] Jaloliddin Suyutiy. “Husnul maqsad fi amalil Mavlid”. 1/ 83-84.

[3] Jaloliddin Suyutiy. “Husnul maqsad fi amalil mavlid”. 4 bet.

[4] Jaloliddin Suyutiy. “Husnul maqsad fi amalil mavlid”. 10 bet.

[5] Ali ibn Burhoniddin Halabiy. “As-Siyratul Halabiyya”. 1/83-84, b.

[6] Ibn Al-Hojj. “Al-Madxal an ta’zimi shahri rabiul avval”. 1/361.

[7] Zarqoniy. “Sharh mavohibu laduniyya”.

[8] Abu Shoma. “ Al-Bois ala inkoril bida’ val havodis”. 13 b.

[9] Abu Shoma. “ Al-Bois ala inkoril bida’ val havodis”. 13 b.

[10] Zarqoniy. “Sharh mavohibu laduniyya”.1/148 b.

[11] Husayn Mahmud Maxluf. “Fatvo shar’iyyatu va buhusu islomiyya”. 1/131 b.

[12] Muhammad Shoziliy Nayfar. “ Maqolatu ixtifo vat tazkir. Sahifatur ro‘yil omm bi Tunis.” 1994 yilda chop qilingan. Nizor Hamodiy. “ Risolatu ixtifo vat tazkir.”

[13] Muhammad Mutavalli Sha’roviy. “Ala moidatil fikril islomiya”. 295 b.

[14] Muhammad Alaviy Molikiy.” Havlul ihtifol bi zikril mavlidin nabaviyish sharif”

[15] Yusuf Qarazoviy. “ Al-ihtifol bi mavlidin nabiy val munosabatul islomiyya”.

[16] Muhammad Said Ramazon Butiy. “Fatavo anil mavlidin nabaviy”.

[17] Abdulloh ibn Bayya. “Hukmul ihtifol bi iydil mavlidin nabaviy”.

[18] Dorul ifto Al-Urduniyya. “ Xutbatu jum’ati bi munosabati mavlidin nabaviy sharif ”.

[19] Ali Jum’a. “ Zehnlarni mashg‘ul qiladigan narsalarga tafsilot”. 1, jild.157 bet.

[20] Doktor Vahba Zuhayli. “Halqatu bid’a va majolatuha al-muosira”. Jazira.

[21] Shayx Muhammad Rotib Nabulusiy. “ Ihtifolu bi zikril mavlidin nabaviy sharif. Hal huva bid’atun, am maza”. 94-95 darslar.

 

Qo‘shimcha malumot

Kun hikmati
Hasan Basriy aytadi: "Kimda to‘rt narsa bo‘lsa, Alloh uni shaytondan saqlaydi va unga do‘zaxni harom qiladi: istak, qo‘rqinch, shahvat va...
Kun hikmati
Hazrat Umar roziyallohu anhu: “Men duoning ijobati tashvishini qilmayman, balki, duo qilish tashvishini qilaman. Chunki duo qilishga ilhom berilsa, albatta...
Kun hikmati
Ali ibn Abu Tolib raziyallohu anhu aytadilar: "Men Alloh taolodan biror narsani so‘rayman. Agar so‘ragan narsamni ato etsa, bir marta...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry