21.07.2022
976

Inson tabiati va nafs tarbiyasi

«Agar unga yomonlik yetsa, chidamsizdir. Va agar yaxshilik yetsa, ko‘p man qiluvchi (baxil)dir» (Maorij surasi, 20–21-oyatlar)
Ya’ni inson nafsi qo‘lidagi narsani (ehson, sadaqa qilib) chiqarishga rozi bo‘lmaydi. Demak, mazkur oyatda inson ana shunday ahvolda, ya’ni xasis, shoshqaloq va sabrsiz qilib yaratilgani xabar berilmoqda. Inson o‘ziga foydasi tegadigan narsani yaxshi ko‘radigan, yoqtirmaydigan va ozor beruvchi narsalarni yomon ko‘radigan qilib yaratilgandir. Alloh taoloning buyruqlarini to‘kis ado etgan kishilarga U Zot va’da qilgan ne’matlarni yodga olsa, bu narsa uni xayrli ishlarga shoshilishga, oxiratda va’da qilingan narsalarga yetishish uchun dunyoda yaxshi ko‘rgan narsasini tark qilishga undaydi. Chunki inson zoti aslida o‘zi lazzat oladigan narsalarni yaxshi ko‘radigan qilib yaratilgandir. 
Aslida baxillik, xasislik, shoshqaloqlik kabi qoralangan xulq-atvorlar insonning tabiatida bor va bular uning tug‘ma xususiyati bo‘lsa-da, insonga o‘z nafsini tarbiya qilish imkoni berilgan. U nafsini o‘sha qoralangan tabiatlardan xalos qilib, ularning aksi bo‘lgan maqtovli fe’l-atvor hamda yoqimli sifatlar doirasiga kiritishi mumkin. Shuning uchun inson o‘z nafsini tarbiya qilishi lozim bo‘ladi. Axir, inson yirtqich hayvonlarni qo‘lga o‘rgatib, ularni insonlardan qochish, itoat qilishdan bosh tortish kabi tabiiy xususiyatlaridan chiqarib olish imkoniga ega. Shu darajadaki, ular borib-borib odamlarga bo‘ysunib, itoat etadigan hayvonlarga aylanib qoladilar. Natijada odamlar ulardan doimiy ravishda foydalanishga muyassar bo‘ladilar. Xuddi shuningdek, inson o‘z nafsini ham tarbiya qilsa, uni o‘zining asl xilqatidan chiqarib, o‘ziga itoatkor qilib olishi mumkin. Ana shunda undan so‘ralgan narsani (yaxshiliklarni) chin ko‘ngildan ado etishi oson kechadi. Nafsni tarbiya qilish tufayli insonning og‘ir ishlarga bardosh qilishi yengil kechadi. 

Inson aslida lazzatlanadigan narsalarni yaxshi ko‘radigan va ozorga, azobga sabab bo‘ladigan narsalarni yomon ko‘radigan qilib yaratilgan bo‘lsa-da, unda o‘sha lazzatli narsani undan ham lazzatlirog‘i uchun tark qilish xususiyat ham mavjud. Shuningdek, (boshiga kelgan) aziyat va musibatdan ko‘ra kattaroq musibatdan qutulish maqsadida (nisbatan kichik aziyat va musibatga) bardosh beradigan va sabr-toqat qiladigan etib yaratilgan. Shunday ekan, inson dunyo ne’matlarini oxirat ne’matlari bilan, ikkita lazzatning yaqinroqdagisini uzoqdagisi bilan solishtiradigan bo‘lsa, oxirat lazzati buyukroq va abadiyroq ekanini ko‘radi. Shunda eng yaqin ikki lazzatni uzoqdagi ikki lazzat uchun tark qilishi yengil kechadi. Agar dunyo musibatini oxirat musibati bilan, dunyo azobini oxirat azobi bilan solishtirib ko‘radigan bo‘lsa, oxirat azobining qattiq va abadiy ekani ma’lum bo‘ladi.
(Hayotda) insonning kelajakdagi lazzatlar umidida naqd lazzatlarni tark qilishiga va shu tufayli qiyinchiliklar unga yengil kechishiga dalolat qiluvchi holatlar ko‘p. Gohida inson uchun safarga chiqib, olamni kezish, safar mashaqqatlariga sabr-toqat qilish, hayotini xavf va og‘ir vaziyatlar ostiga qo‘yish hamda lazzatlarni tark etish oson kechishi mumkinligini ko‘rasiz. Masalan, tijorat qilish, uning ortidan foyda va daromad qilish maqsadida o‘z yurtini qo‘yib, olis yurtlarga safar qilgan kishi safar davomida o‘ziga yetadigan qiyinchiliklar va mashaqqatlarga chidaydi, chunki u o‘zi tark qilib ketayotgan lazzatlardan ko‘ra kattarog‘iga erishishni umid qiladi. Shunga ko‘ra, inson oxirat ne’matlari haqida fikr yuritsa, undagi azoblar haqida (chuqur) tafakkur qilsa, dunyodagi naqd lazzatlardan voz kechishi oson bo‘ladi va qiyinchiliklarga bardosh berishi yengil kechadi. 
Oyatning yana bir ma’nosi shuki, inson tabiatan lazzatlarni yaxshi, qiyinchiliklarni esa yomon ko‘radigan qilib yaratilgani uchun o‘zi yaxshi ko‘rib turgan naqd narsani kelajak jannatga almashtirishga buyurilgan. Shundan kelib chiqib, u mudom kelajakda bo‘ladigan o‘sha ne’matlarga olib boradigan amallar bilan band bo‘ladi. Shuningdek, u kelajakda bo‘ladigan azoblardan qochishga buyurilgani uchun ulardan qutulib, najot topishiga sabab bo‘ladigan amallarga doimo jiddu jahd qilib yashaydi. Vallohu a’lam! 

 

"Ta’vilot"dan durdonalar 

Qo‘shimcha malumot

Siz farzandingizda qaysi xislatlarni shakillantiryapsiz!?
Agar farzand shijoatlantiruvchi muhitda yashasa, o‘ziga ishonchni ta’lim oladi.– Agar farzand maqtov muhitida yashasa, rozilik va muhabbatni ta’lim oladi.– Agar...
Insonlar ikki toifaga bo‘linadi
«Insonlar ikki toifaga bo‘linadilar, ular muhaddis va faqihlar bo‘lib, ular biridan ayri holda bo‘la olmaydilar. Ular bir-birlariga muhtojdirlar». Imom Xattobiy
Hadis
«Darhaqiqat, sizdan oldingilarni o‘zaro qon to‘kishga va taqiqlangan ishlarni mumkin deb olishlariga ularning dinda chuqur ketishlari sabab bo‘ldi». Imom Muslim...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry