20.01.2022
587

Hanafiy mazhabining yurtimizda tarqalishiga sababchi bo‘lgan olim Abu Hafs Kabir al-Buxoriy (767-832)

Abu Hanifa rahmatullohi alayh asos solgan hanafiylik mazhabi VIII asrning o‘rtalarida, keng tarqala boshlab, shu asrning oxirlarida uzoq-yaqin o‘lkalarga, jumladan Mavarounnahr yetib kelgan edi. Turli shaharlardagi hanafiy markazlarining shakllanishiga Iroq, Xuroson maktablarining ta’siri samoqli bo‘ldi. Muhammad ibn Hasan Shayboniy (vaf. 805 y.)ning shogirdi Abu Hafs Ahmad ibn Hafs al-Kabir al-Buxoriy (150/768 yili tug‘ilib, 216/832 yil vafot etgan) Buxoro maktabiga asos soldi.
Uning to‘liq ismi sharifi-Ahmad ibn Hafs ibn Zaburqon ibn Abdulloh ibn Buxoriy. U o‘z yurtida egallashi mumkin bo‘lgan barcha ilmlarni puxta o‘zlashtirgach, Bag‘dod sari yo‘l oladi. U yerda Imom Muhammad rahmatullohi alayhidan hanafiylik mazhabi fiqhini o‘zlashtirgach, yana o‘z yurtiga qaytib keladi. Shu bois, u hanafiylik ta’limotini birinchi bo‘lib Movarounnahrga olib kelgan shaxs sifatida ma’lum va mashhurdir.
Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy Buxorada ilmiy va diniy bilimlar rivojiga katta hissa qo‘shgan madrasaga asos soladi. Sharqshunos olim Anas Boqiyevich Xolidov butun arab saltanati hududida ilk bora Movarounnahr va Xurosonda madrasalar barpo etilganini zikr etib, birinchi madrasa Buxorodagi “Farjak” madrasasi degan fikrni ilgari suradi. Ushbu madrasa 937 yilgi yong‘in natijasida yonib ketgan. Shuningdek, Nojiy Ma’rufning tadqiqotiga tayangan holda “Nishopur, Buxoro, G’azna va Bushanjda Bog‘doddagi birinchi madrasa barpo etilgunga qadar 33 ta madrasa mavjud bo‘lgan”, degan ma’lumotni keltiradi. Buxorodagi Abu Hafs Kabir madrasasi o‘z zamonasida mashhur madrasalardan sanalgan. Tarixchi Vamberi o‘zining “Tarixi Buxoro” va as- Sa’diy “Tarix ad- duval”nomli asarlarida Imom Abu Hafs Kabir Buxoriyning madrasasi islom olamining turli o‘lkalaridagi olimlar va talabalar orzu qilgan eng yaxshi madrasa bo‘lganini ta’kidlashgan.
Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Kabir ustozlari silsilasi:
Ustozlari Bag‘dodlik alloma Imom Muhammad Hasan Shayboniy hisoblanadi. Abu Tohirxojaning “Samariya” kitobida bu sulola Abu Hanifa Nu’mon ibn Sobitdan boshlab Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamgacha tutashgani asoslab berilgan.
Imom Shofe’iyning Abu Hanifa va Abu Hafsga bergan ta’riflari: “Odamlar fiqhda u zotning boqimandalaridir” deganlaridek, Buxoroning barcha olimlari ham Abu Hafs Kabir oldilarida qarzdordirlar. Chunki buyuk muhaddis, hadis ilmining peshvosi Imom Buxoriy u kishining shogirdi bo‘lgan. Buxoroning aksar olimlari Abu Hafsdan tahsil olishgan. Abu Hafs Kabir, amir bo‘ladimi, oddiy fuqaro bo‘ladimi, qanday muammo bilan kelsa, hal qilib berar edi. Oldi-sotdi yoki ibodat masalalarini juda aniqlik bilan yechardi. Shu bois odamlar olimni “Hojatbaror imom” deb hurmatlashgan.
Ustozlari haqida ozroq ma’lumot berib o‘tsak.
Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Kabir shogirdlari:
Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Kabir rahmatullohi alayh ko‘pgina faqihlarni tarbiyalab kamolga yetishtirgan. Jumladan, o‘g‘li Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Hafs (Abu Hafs Sag‘ir), Abu Ja’far Rizvon ibn Salim Badokoriy, Abulhasan Muqotil ibn Said Baydariy, Muhammad ibn Hotam Subizug‘ukiy, Abu Zahhok Fazl ibn Hasson Sutikaniy, Abu Said Sulaymon ibn Dovud Sharg‘iy, Horis ibn Abdulvafo Buxoriy va Muhammad ibn Ahmad ibn Hafs Zaborqon (vaf.264/878y.) kabi ko‘plab shogirdlarni misol keltirish mumkin. Abu Solih Toyib ibn Muqotil al- Xunomatiy, Abu Hasan ibn Tolib al- G’ishatiylar u kishidan hadis rivoyat qilishgan. Abulkarim Sam’oniy “al- Ansob”nomli asarida keltirishicha, Abu Hafsning shogirdlari Xarojir degan qishloqda ko‘p bo‘lgan ekan. U tufayli Buxoro shahri Hanafiylikning markazlaridan biriga aylangan. O’sha zamonda Abu Hafs nomli ulamolar ko‘p bo‘lganligi sababli Axmad ibn Hafs hazratlarini Abu Hafs Kabir (ulug‘, katta) deb nomladilar.
Imom Buxoriy yoshliklarida Abu Hafs Kabirning oldilarida ilm olganlar. Imom Buxoriyni hadislarning sahihini to‘plashga undagan zot ham Abu Hafs Kabirdir. Abu Hafs Kabirning ustozlaridan biri Abul Hasan Nuriy sahih hadislarni to‘plashga kirishganlar, lekin oxiriga yetkaza olmaganlar.

Shundan so‘ng u kishining vasiyatlari bilan Abu Hafs rahmatullohi alayh ham sahihlarni jamlaydilar, lekin u zot Buxoroga kelgan davrda fiqhga ko‘proq e’tibor beradilar. Niyatlariga yetmaganliklari sababli o‘zlarining qobiliyatli shogirdlari Muhammad ibn Ismoil (Imom Buxoriy)ga shu ishni oxirigacha yetkazishni buyurdilar. Manbalarda Qayd qilinishicha, Abu Hafs Kabir Buxoriy Imom Buxoriyga dars berib, u kishidagi hadisga bo‘lgan muhabbatni bilgach, Imom Buxoriy Haqlarida duo qilib: «Kelajakda Bu kishidan ulug‘ muhaddis chiqadi!», deb karomat etganlar. Imom Abu Hafs Kabir zamonasining mujaddid olimi sifatida tan olingan. Bu zotning bizgacha yetib kelgan noyob asarlari bundan keyin ham musulmonlarga xizmat qilishi shubhasiz.
Islomshunos olim Ashirbek Mo‘minovning qayd etishicha, hanafiylik mazhabining Movarounnahrga kirib kelishi va yoyilishi asosan Buxoro orqali amalga oshirilgan.
Abu Hanifa (vaf. 150/767 y.) – Shayboniy (vaf. 189/804-805 y.) – Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Buxoriy (vaf. 217/832 y.) – u zoti sharifning o‘g‘li Abu Abdulloh Muhammad ibn Abu Hafs Buxoriy (vaf. 274/878 y.) – Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad ibn Ya’qub Subazmuniy Buxoriy (340/952) – Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Buxoriy (370/981) – Abu Ali Husayn ibn Xidr Nasafiy (vaf. 1032- 33 y.) – Shamsulaimma Abdulaziz ibn Ahmad Halvoniy (448/1056- 57).
Buxoroda faoliyat olib borgan “Sadrush- shari’a”lar va ularning oila a’zolari fiqh ilmini o‘z zamonasining mashhur olimlaridan olganlar. Bu silsila Abu Abdulloh ibn Abu Hafs Kabirga yetib boradi. Abu Hafs Kabirning shuhrati Buxoroga, qolaversa, butun islom olamiga tarqaldi. Olimlar uning ilmi fazlini baholab, Abu Hafs Kabirni “Muallimi Islom” ya’ni “Islom dinining muallimi”, uning sharofati bilan Buxoroni “Qubbatul islom” (“Islom dinining gumbazi”) va u kishi yashaydigan mahalla darvozasini “Haqroh” (“Haq yo‘l”)deb atashgan. Hatto, arab diyori olimlari biron- bir masalaning javobini topishda qiynalib qolishsa, Buxoraga Abu Hafs Kabirning oldiga bir kishini yuborib, o‘sha masalaning yechimini bilib olishar ekan.
Narshaxiyning yozishlaricha, Buxoro Abu Hafs Kabir tufayli «Qubbatul islom» nomini olgan. U kishining o‘g‘li Abu Abdullohni (Abu Hafsi Sag‘ir deb ham ataganlar) ilmlari shu darajaga yetganki, hojilar karvoni Ka’badan qaytayotganda, ularning ulamolari Xoja Imom Abu Hafs yonlariga borib, u kishidan muammo masalalarga javob so‘rar ekan.
Shunda Abu Hafs: «O’zing-ku Iroqdan kelyapsan, Nima uchun Iroq olimlaridan so‘ramading?» deganda, u olim: «Bu masalada Iroq Olimlari bilan munozara qildim, ular javob bera olmadilar va menga Buxoroga borganda bu muammoni Xoja Imom Abu Hafs yoki u kishining farzandlaridan so‘ra!» dedilar.
Buxorodan buyuk, zabardast olimlar chiqqan:
Yuqoridagi naqldan ma’lum bo‘lyaptiki, Imom Buxoriy, Abu Ishoq Gulobodiy Buxoriy, Ibn Sino, Abdulxoliq G’ijduvoniy kabi buyuk allomalarning Buxoroda o‘sib voyaga yetishi behikmat emas, balki Buxoroda allaqachon bunday allomalar uchun ilmu urfoniy zamin hozirlangan edi.
Abu Hafs Kabir r.a. yuqori mansab egalari oldida ham o‘ziga xos nufuzga ega bo‘lgan. Jumladan, sulton iltifotiga ham muyassar bo‘lgan. Zandavistiyning “Ravzatul -ulamo” (“Olimlar bo‘stoni”)nomli asrida keltirilishicha, sulton Abu Hafs Kabir Buxoriyga r.a. salla tortiq qilgan. Salla muhim iltifot qilingan kiyimlardan bo‘lib, odatda amirlar uni o‘zlari tanlagan va yaqin kishilariga sovg‘a qilganlar.
Buxoroda Muhamad ibn Tolut ismli bir amir bo‘lgan. Bir kuni u vaziri Xashuya unga: “Abu Hafsning oldiga borishing yaxshi emas, sen uning yaqiniga borganingda salobatidan hech bir so‘z aytolmay qolasan” – deb javob beradi. Amir esa “har nima bo‘lsa ham boraman”, deb vazir bilan birga imomning oldiga boradi. Abu Hafs masjidda peshin namozini tugatgandan so‘ng vazir imomning huzuriga kirib, undan: “Amirning kirishiga ruxsat bormi?”, – deb so‘raydi. Vazir rozilik javobini olgach, amirni ichkariga taklif etadi. Shunda amir kirib, unga salom beradi va boshqa biron- bir so‘z ayta olmaydi. Abu Hafs unga yuzlanib: “Nima ish bilan kelding?”, – deganda, amir gapirmoqchi bo‘lib har qancha o‘rinsa ham, lekin tili kalimaga kelmaydi.

Bu vaqeadan so‘ng Xashuya amirdan: “Xoja Abu Hafs qanday ekan?” – deb so‘raganda, amir unga: “Sen aytgandek ekan, uning huzurida hech gap gapira olmay hayronlikka tushib qoldim, necha marta hukmdorning huzuriga borib u bilan so‘zlashganman. Hukmdorning haybati meni so‘zlashishdan to‘xtata olmagan edi, bu yerda esa u kishining salobatidan so‘z aytolmay qoldim”, – deb javob bergan.
Olim fiqhning turli masalalariga doir ko‘p asarlar yozgan. Bulardan “Fatavoi Abu Hafs Kabir”, “Kitabul imon” ayniqsa mashhur bo‘lgan. Abdulkarim Sam’oniy aytishicha, Abu Amr Ahmad ibn Abu Bakr al-Xuzoiy al-Moxiy: “Men Abu Hafs Kabirning “Kitabul imon” kitoblaridan ta’lim olganman”, degan. Abu Hafs Kabirning fiqhga doir turli masalalar yoritilgan “Al-Ahvo’ val ixtilof” (“Havoiy gaplar va kelishmovchiliklar”), “Ar-Raddu alal lafziya” (“Yuzaki qarovchilarga raddiya”) kabi asarlari ham bor.
Abu Hafs Kabir rahmatulloh alayhning bergan fatvolari, uning asaridan olingan iqtiboslar keyingi davr ulamolarining fiqhiy asarlarida keng istifoda etilgan. Jumladan, uning fikrlari Alouddin Buxoriyning “Hayratul- fuqaho”, Mas’ud ibn Mahmud ibn Yusuf Samarqandiyning “Saloti Mas’udiy”, Burhoniddin Mahmudning “Muhitu-l- Burhoniy”, Abu Bakr ibn Mas’ud Kosoniyning “Badoyi’us- sanoyi’ fi tartibi-sh- sharoi’”, Abu Muzaffar Muhyiddin Muhammad Avrangzeb (vaf. 1118/1707 y.)ning buyrug‘i bilan Shayx Nizomiddin Balxiy boshchiligida 23 nafar faqih tomonidan yozilgan “Fatovoyi Olamgiriy”kabi qator asarlarda uchraydi. Ba’zi asarlarda Abu Hafs haqida alohida bob ajratilgan. Masalan, So‘fi Allohyorning “Maslakul- muttaqin” asarida “Hikoyati Xoja Abu Hafs Kabir Buxoriy”, “Bayonoti Abu Hafs Kabir” sarlavhalari ostida ikki bob ajratilgan. Birinchi masnaviy o‘ttiz olti misradan iborat.
Bundan tashqari, So‘fi Allohyor Abu Hafs Kabir asarlaridan foydalanib, “Farzanlarga nasihat” bobida yaxshi hulq, odob, yaxshi insoniy fazilatlar, haq-huquqini tanish, ota-ona, qarindosh, yor birodarlarga yordam qo‘lini cho‘zish, ularning xurmatini qozonish, mehnatni ulug‘lash kabi otaning nasihatlari bayon qilingan. Ahmad ibn Mahmudning “Mozoroti Buxoro” (“Tarixi Mullozoda”)nomli asarida ham olim haqida alohida bo‘lim ajratilgan. Ayrim adabiyotlarda boshqa mualliflarning asarlariga “Abu Hafsning asari”deb yanglish tarzda nisbat berilgan. Masalan, 2017 yilda nashr etilgan “Maslakul muttaqin”ning ilova qismida Abu Hafs kabirning “Kitob al- ahvo val- ihtilof” nomli kitobi ham bo‘lgan deyiladi. Yana islom ensiklopediyasida va O’zbekiston Milliy ensiklopediyalarida “Abu Hafs Kabir “Al- Ahvo’- val- ixtilof” (“Havoyi gaplar va kelishmovchiliklar”), “Ar- Raddu ala- lafziya” (“Yuzaki qarovchilarga raddiya”) kitoblarining muallifidir”, degan jumlalarni uchratish mumkin. Vaholanki, Umar Rizo Kahholaning “Mu’jamul- muallifiyn”, Sulton Muhammad ibn Qalandarshohning “Risolayi sultoniy” nomli asarlarida va yana bir qancha tabaqot janridagi kitoblarda bu asarning muallifi Abu Hafs Kabirning o‘g‘li Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Hafs deb keltiriladi. Abdulkarim Sam’oniy bu kitoblar bilan bir qatorda, Abu Hafs Sag‘irning “Kitobul- iymon”nomli asari ham borligini eslatib o‘tadi. Biroq, bundan u zotning o‘zi ta’lif qilgan biron-bir kitob yo‘q ekan-da, deb shoshilinch xulosa chiqarish kerak emas. Zotan, manbalarda Abu Hafs Kabir Buxoriyning qalamiga mansub “Kitobut- taxrij” nomli asarning bo‘lganligi qayt etilgan. Masalan, Toshken islom universitening “Manbalar xzinasi”da saqlanayotgan 72- ashyoviy raqamli qo‘lyozma va O’zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti (bundan keyin O’zFAShI – L,A)ning qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan Lutfulloh Nasafiyning (14 asr) “Fiqhi Kaydoniy” kitobiga Sa’duddin Taftazoniy (722/792 – 1322/1392) tomonidan yozilgan sharhning nushalarida bu haqda aniq ma’lumot berilgan: “…ustozning bir asarlari bor bo‘lib, Xoja Abu Hafs Kabir uni “Kitobut- taxrij” deb nomlaganlar. Va unda “Tasmiya”ning ma’nosini qo‘yidagi jumlalar bilan sharhlaganlar… .Biroq, biz tanishib chiqqan qo‘lyozma jamg‘armalarining kataloglarida “Kitobut- taxrij” uchramadi.

Ajab emas, kelajakda qo‘lyozma jamg‘armalari, arxiv va xususiy kutubxonalardan mazkur asarning biron- bir nusxasi yoki olimning qalamiga mansub bo‘lgan boshqa asar topilsa.
Abu Hafsning zehnlari bayoni:
Abu Hafs kabirning ijtimoiy hayoti to‘g‘risidagi turli hikoyalar manbalar orqali bizgacha yetib kelgan. Masalan, “Saloti Mas’udiy”da keltirilishicha, Xoja Abu Hafs Kabir Buxoriy, Xalaf Ayyub va Xoja Abu Sulaymon Jurjoniylar Muhammad Hasanning shogirdlaridan bo‘lganlar. Xalaf Ayyub va Jurjoniylar bir yilda yod olgan saboqlarini Abu Hafs bir oyda, ular bir haftada yod olgan narsalarini esa bir kunda yod olar ekanlar. Xoja Abu Hafs yod olgan narsalarini yozmas edilar. Ular nega kitob yozmaysiz degan savolga: “Man shul tariqa ilm o‘rganamankim, qog‘ozga yozmoqg‘a va kitobga hojat qolmagay, men ko‘krakka yozarman”, deb javob berardilar. Shunda ular: “To‘g‘ri aytasiz, ammo, agar sizga ajal yetsa, sizdan kitobat mo‘minlarga yodgor qolmaydi” – dedilar. Xoja esa ularga: “Mening yo‘limda daryo bor qo‘rqarmanki, mabodo kemaga suv kirib kitoblarimni ho‘l qilib nobud bo‘lg‘ay”, – deb javob berdilar. Axiri, ular Xojani kitob yozishga ko‘ndirdilar. Shundan so‘ng, Abu Hafs Kabir kitob yozdilar. Tahsil olib bo‘lganlaridag so‘ng, uchalovi ham fatvo berishga ijozat olib, o‘z yurtlariga qaytdilar. Xalaf Ayyub Balxga, Xoja Abu Sulaymon Jurjoniy Samarqandga va Xoja Abu Hafs Kabir kemaga o‘ltirib Buxoroga kettilar. Xoja karomat qilganlaridek, kemaga suv kirdi va barcha kitoblar tamom ho‘l bo‘lib, o‘qib bo‘lmaydigan darajaga yetdi. Abu Hafs yurtiga yaqinlashganda, Buxoroga odam yuborib, ahvolini ma’lum qilishni va u yerdan qalam, qog‘oz va siyoh keltirishini buyurdilar. Kerakli narsalar keltirilgandan so‘ng, barcha kitoblarni qaytadan xatosiz zehnlari samarasi bilan yozdilar. Faqat uch masalada (Bir rivoyatda esa, besh masalada) ixtilof voqe bo‘ldi, deya keltiriladi.
U kishining qahatchilikda qilgan tadbirlari bayoni: Yana shu kitobda keltirilishicha, Buxoroda bir yil qahatchilik bo‘lib bir xarvor bo‘g‘doyning bahosi 100 tangaga yetishgan ekan. Xoja xazinachilarini chaqirib hamma mollarni chiqarib sotib, puliga bug‘doy xarid qilishni buyuribdilar. Buxoro xalqi Xojaga ta’na qila boshladilar. Qahatchilikdan xalqqa tanglik yetishganda, Xoja xazinachiga omborlarni ochib bir xarvor bo‘g‘doyning bahosi 90 tangaga sotishni aytibdilar. Buxoro xalqi kelib bir xarvor bug‘doyni 90 tangadan xarid qilibdi, shu tariqa bir xarvor bug‘doyning bahosi 90 tangaga qaror topibdi. Xoja yana bug‘doy olib, omborlar to‘lgandan so‘ng 80 tangadan baho qo‘yib sotishga buyuradilar. Shu tariqa bug‘doyning bahosi 80 tangaga tushadi. Alqissa, shu tadbir bilan bug‘doy bahosini to o‘n tangaga keltiradilar. Keyin xoja xazinachini chaqirib unga: “Kel ko‘raylik, biz qancha foyda ko‘ribmiz”, – dedilar. Xazinachi: “Yuz tangalik bug‘doy o‘n tangaga tushdi ammo, xazina bo‘shab qoldi”, – dedi. Xoja: “Sen bilmabsan, oncha xazina oxirat xazinasidir. Biz oxirat xazinasini to‘ldirdik”, – dedilar. Bu Xojaning saxovatlaridan biri edi.
Abu Hafs al- Kabir Buxoriyning fazilatlari:
Abu Hafs al- Kabir Buxoriyning jufti haloli ham nihoyatda ilmli ayol bo‘lib, faqihga doim qimmatli maslahatlar berar va uning qarashlariga jiddiy munosabatlar bildirardi. Shu bois, bir kuni Abu Hafs ayoliga: “Ey zaifa, teshib o‘tadigan yoy otding”, – degan ekan. (Zandavistiy. Ravzatul ulamo. Qo‘lyozma. – V.14.). va bu hikoya maslakul – muttaqinda qo‘yidagicha keltirlgan. E’tibor bering! Bu u zotning taqvolari qanchalik darajada yuksakligini bildiradi va amalda bu sababdan katta foydalarga ega bo‘lganlariga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.
Hikoyat: Xoja Abu Hafs Kabir pirlari ijozat berib: “Buxoroga borib yo‘l ko‘rsating va pand nasihat qiling”, – dedilar. Xoja Abu Hafs Kabir xotinlariga maslahat qildilar. Zaifalari aytdilarki: “Yo imom, avval hech narsa egasidan be ijozat yedingizmi?” Xoja aytdi: “norasidalik vaqtimda bir kuni otash parastlarning kuchasidan borar edim. Bir gandoni piyozga o‘xshash ko‘kat bargini olib yedim. Seni so‘zing bilan u gunohim yodimga keldi”. Xotini aytdi: “Ey xoja, kishining haqqi sizda bordur, so‘zingiz haloyiqqa ta’sir qilmas. Bu gunohingiz bilan uyalmaysizmi Buxoroga borib va’z aytaman degani?” xoja bu so‘zni eshitib otashparastning ko‘chasiga yugurdi. Ko‘zidan yoshi oqdi.

Ul gandonaning egasini topib, oziroq yalindi, yolvordiki rozi bo‘lgin deb, rozi bo‘lmadi. Xoja aytdi: “Ey birodar, o‘sha gandona bargi uchun bir tanga berayin”. U qabul qilmadi. Oxiri Xoji: “Yuz tanga beray”, dedi. Shunda u kofir aytdi: “Ey Xoja, bu so‘zni senga kim aytdi?” Xoja: “Zaifam aytdi”, dedi. Kofir aytdi: “men ham bu kecha xotinim bilan maslahat qilib javobini aytaman”, dedi. Tarso uyiga borib, xotiniga bu so‘zlarni bayon qildi. Xotini: “bir bargi gandona uchun sendek kofirga bunchalik tavallo qilibdi demak uning dini haq ekan. U Xoja yana ertaga kelsa, uni diniga kiraylik”, dedi. Tarsoning ham ko‘ngli moyil bo‘ldi. Ertasi Xoja bordi. Ikkovlari Xojaning oldida iymon keltirdi. Ularni ko‘rib kofirning qarindoshlari hammasi musulmon bo‘ldi. Bu taqvolari hamma joyga tarqaldi va butun Buxoro xalqi ul zot bormaslaridan turib iymon keltirdilar.
Imom Abu Hafs aytdilar: “Tahoratim yo‘q holida qog‘oz bozoridan o‘tmadim”. Faqih Abu Lays Samarqandiy aytdilar: “Yuz tuyaning keynidagi tuyada Qur’on bo‘lsa, avvalgi tuyaning jilovini betahorat ushlamadim”.
Hikoyat: bir podshoh shikor qilib, shikoridan adashib bir qishloqqa kirdi. Anda bir uyga tushdi. U uyda tong otguncha rohat qilib uxlamadi. Subhda uy sohibi aytdi: “nima uchun uxlamadingiz?” Podshoh aytdi: “Men qanday rohat qilayki bu uyda kalomulloh bordir”. Uy sohibi aytdi: “Agar menga bildirsangiz o‘zga uyga olar edim”. Podshoh aytdi “Xup g‘aflat qilmoq uchun “Kalomullohni olg‘il”, deyishga sharm qildim. Agar unday desam jonimga jafo bo‘lar edi”.
Ey azizlar! Podshoh shunaqa taqvo qilsa, fuqorolari qachon xilof qilur!
Kalomullohni kunlik vazifa qilganlari bayoni: Imom Abu Hafs Kabir bir kecha-kunduzda Qur’on karimni ikki marta xatm qilar, odamlarga dars ham berar edi. Keksayib zaiflashgach, bir marta xatm qiladigan bo‘ldi. Yana ham zaiflashib qolgach, to dunyodan o‘tguniga qadar, bir kecha-kunduzda Kalomullohning yarmini o‘qiydigan bo‘ldi. Yetti yoshlarida Qur’oni karimni to‘liq yodlaganlar. Alloh taolo u zotni rahmatiga olsin.
Rivoyat qilishlaricha, Imom Abu Hafs Kabir Buxoroda hanafiy mazhabi asosida ta’lim beriladigan ilk madrasani qurdirgan. Bu madrasa hozirgi “Poyi Kalon” mavzeida bo‘lgan. Alloma uylaridan madrasaga borishda bozor orqali o‘tardilar. Shunda haybatlaridan bozorchilarning shovqin-suroni to‘xtab qolardi.
Rivoyat qilishlaricha, Yahyo ibn Nasr shunday degan: “Men Xoja Abu Hafsning xuzurida bo‘ldim. U ertalabki namozini o‘qib bo‘lib, qiblaga qarab o‘tirar va bir narsa o‘qir edi.
Kun chiqqach, orqasiga qaragan edi, u ilm o‘rgatadigan shogirdlari hali kelmagan ekan. O’rnidan turib to‘rt rakat namoz o‘qidi va mana shu to‘rt rakat namozida Qur’oni karimdan Baqara, Oli imron, Niso va Moida suralarini (Qur’ondan 127 betgacha ) qiroat qilib salom berganida ham jamoa hozir bo‘lmagan edi. U yana o‘rnidan turib, o‘n ikki rakat namoz o‘qidi va Ra’dgacha qiro’at qildi”. (Qur’ondan 249 betgacha).
Hazrat Abu Hafs ilmiyatidan foydalanib, “Chahor kitob”, Sufi Allohyorning “Maslakul muttaqin” kitoblari yuzaga kelganligi manbalarda takidlanadi.
Hazrati Abu Homid G’azzoliy “Mukoshafat-ul qulub” asarlaridagi “G’iybat-gap-so‘z-ig‘vo” bobida Abu Hafsning quyidagi gaplarini misol keltiradi: “Birovning ig‘vo qilishning gunohi bir Ramazon oyi ro‘za tutmaslikning gunohidan yomonroqdir”.(110-bet). Va faqih bu so‘zlariga ilova qilib o‘shbu so‘zni keltiradi:

Kim bir fiqh olimini ig‘vo qilsa, qiyomat kuni peshonasida “Bu Allohning rahmatidan umid uzuvchidir!” deb yozilgan holda keladi.

Anas ibn Molik rivoyat qiladi: Alloh rasuli aytdilar: – “Me’roj kechasi bir to‘da insonlarni ko‘rdim, tirnoqlari bilan yuzlarini timdalab va iflos narsalarni yeyardilar. Jabroildan: “Bular kim?” – deb so‘radim. Dediki: “Bular dunyoda insonlarning go‘shtini yeganlar, G’IYBAT qilganlardir!”. (“Mukoshafat-ul qulub” (1), 110-bet).
Ma’lumki, Buxoro Shahrida birinchi bo‘lib Qutayba ibn Muslim tomonidan 712 yil masjid bino qilingan. Shuni ta’kidlash lozimki, bu masjid o‘sha davrda ham maktab, ham madrasa vazifasini o‘tagan.

Imom Buxoriy to‘g‘ilmasdanoq Buxoro «Qubbatul islom» — islom dinining gumbazi degan nom bilan mashhur bo‘lgan. U zot hamma joyi makonni olimi zabardastlarga to‘ldirgan bir mahalda to‘g‘ilganlar.
Abu Bakr Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asarida yozilishicha, Imom Buxoriyning tug‘ilgan yillarida – hijriy sananing 194 yili ya’ni, (shavvol oyining 13 kuni) melodiy 810 yilda (20 iyul) kuniga to‘g‘ri keladi. Demak bu islom rivojlanishi u kishida katta bir maqsadlarni xosil qiladigan makonga aylangan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bu vaqtda Buxoro olimlaridan Xoja Imom Abu Hafs Kabirning dovrug‘i ham yetti iqlimga yetib borgan edi.

Xulosa o‘rnida:
U zoti sharif hanafiylikning haqiqiy tirik zabardast olimi va tarqatuvchisi edi u kishi tufayli barcha atrofidagi biror shahar boshqa mazhabga qaramasdilar. Chunki hamma mazhablarning asli Abu Hanifadan tarqash sabablarini ko‘rsatardi. Imom Shofe’iylar ham u kishining nevara shogirdi hisoblanishini o‘sha zamon vakili bo‘lib yaxshi tushuntiradilar. O’zlari Imom Shofe’iy bilan zamondosh va bir yilda ya’ni: 150 hijriy yilda to‘g‘ilganlar.
Buyuklar ahvolini buyuk kitoblar va buyuk ustozlarning qo‘lida ta’lim olganlarning e’tirofi ila tushunamiz. Aslida bu ta’rifni biz Sadrush shari’ani ta’rifi bilan yaxshi tushunsak bo‘ladi. U zoti sharif Imom Buxoriy rahmatullohi alayh haqlarida shunday deydi: U zoti sharif pirimiz, ustozimiz, maqomi va martabasi va fazilati tengi yo‘q muallimimiz, deb keyin u zotning haqqiga yaxshi duolarni qilib juda ham yumshoqlik va muloyimlik bilan hadis aytish qoidalariga to‘liq amal qilib, keyin hadisni o‘z masalalariga xujjat qilganlarini keltirib o‘tadilar. Lekin shuni o‘nitmaslik kerakki shunday buyuk muhaddis Ismoil Buxoriy r.a. Abu Hafs Kabir rahmatullohi alayhining buyuk shogirdlaridan hisoblanadi va u zotning buyuk duolari sharofatidan shu martaba va maqomni egallaganlar. Shak yo‘qki ulug‘lar duosi va sharofati bilan inson umuman yetib bo‘lmaydigan kirralarni bosib o‘tish mumkin. Imom Buxoriy rahimahulloh zamonida u kishidan o‘tadigan biror- bir kishi bo‘lmagan. U zot aytadilar menga tenglashadigan biror- bir kishi yo‘q bo‘lsa ham u zot palonchi ustozim mendan ko‘ra ilmda yuqori turadi, deb aytgan ekanlar. Bu gaplaridan so‘ng u ustozlaridan bu gapni so‘raganlarida ustozlari u aslida ilmda mendan yuqorilab ketgan lekin ayrim masalalarda men bilan tenglashganidan shunday, degan deb u zotni o‘z ustozlari buyukligini ta’riflagan ekan. Har bir zamonda olimlar ichida yetib bo‘lmaydigan maqom va martaba bo‘ladi, uni olimlar o‘zlari ham e’tirof qilib o‘z zamonasidagi olimlar bilan o‘zlarini taroziga solib kim maqomda qanday natijaga ega ekanliklarini har xil yo‘llar bilan aniqlashganlar. Bag‘dodlik alloma Imom Muhammad Hasan Shayboniy Abu Hafs Kabir rahimahullohga ijoza bergan. Abu Hafs Kabir hanafiy mazhabi asosida fiqh ilmining sir- sinoatlarini Movarounnahrda, O’rta Osiyoda birinchi marotaba tarqalishida jonbozlik ko‘rsatgan zotdir. Bu duoning sharofatidan butun Movarounnahr va qo‘shni davlatlarni ilm nuriga to‘ldirib tashladi. Bu zot kelmasdanoq taqvolarining natijasidanoq butun Buxora halqi taslim bo‘ldi. Bu zotning so‘zlari va irshodlari va ko‘rsatmalari orqali ular qalbiy kasallariga shifo topishdi. Butun qalbiy kasalliklardan forig‘ bo‘lganlar bu kishiga shogird to‘shardi. Bir o‘zlari 40 dan ortiq madrasa ta’sis etdi va dars halqalarini paydo qildi. Go‘yo u zotga kelgan shogirdlari ana endi haqiqiy hayotda yashayotganlarini aytishardi.
Vafotlari: Abu Hafs Kabir rahmatullohi alayh 216 hijriy yili (832 milodiy) Buxoroda vafot etadilar va hozirgi Hazrati Imom mazeiga dafn etildilar.

 

Yunusobod Oqtepa” jome masjidi imom

noibi Urol Nazar Mustofo tayyorladi

Manba:  oliymahad.uz

Qo‘shimcha malumot

Ortga surmang
Keyinga qoldirish shayton qo‘llagan yo‘l hisoblanib, u bu bilan musulmonni yo‘ldan ozdirishni maqsad qiladi. Chunki shayton mo‘minni dindan voz kechtirolmasligini,...
Hastimom Abu Bakr Qaffol Shoshiy – mehr-saxovat sohibi
Ko‘hna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom (Hastimom) ziyoratgohi poytaxtning bosh yodgorlik majmualaridan biri sanaladi. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy...
Sof e’tiqod dushmanlari
Tinchlik, millatlar va dinlararo bag‘rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi dinimiz nomiga dog‘ tushirgan, butun dunyo...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry