17.01.2022
394

ABU NASR IYODIY ILMIY MЕROSI VA “DORUL IYODIYA” AQIDAVIY MAKTABI

Movarounnahrda hanafiya aqidasining tarqalishida oʻziga xos oʻrin tutgan olim Abu Nasr Iyodiy oʻsha davrdagi “Dorul Juzjoniya” maktabi vakilidir. Lekin koʻpgina manbalarda “Dorul Iyodiya” aqidaviy maktabini yanglish ravishda uning nomi bilan bogʻlaydilar. Aslida, “Dorul Juzjoniya”da Abu Nasr al-Iyodiydan avvalroq bir qancha olimlar faoliyat olib borganlar. Jumladan, Abu Sulaymon Muso ibn Sulaymon Juzjoniy (vaf. 816 y.) oʻz davrining mashhur faqihlari hisoblangan Abu Yusuf va Muhammad ibn Hasan Shayboniyning shogirdi boʻlgan. Abu Hanifaning “al-Fiqh al-akbar” va “ar-Risola ala Usmon al-Battiy” nomli asarlarini shu ikki ustozidan rivoyat qilgan. Shuningdek, u Muhammad Shayboniyning “al-Asl” (“al-Mabsut”) asarini rivoyat qilgan va oʻsha nusxa eng ishonchli deb eʼtirof etilgan. Oʻta taqvodor boʻlgani uchun Xalifa Maʼmun unga qilgan qozilik taklifini jahli tez ekanini bahona qilib rad etgan[1:104]. U “Dorul Juzjoniya” maktabining ilk ustozlaridan hisoblangan.

Shuningdek, Abu Bakr Ahmad ibn Isʼhoq ibn Subayh Juzjoniy (vaf. 864 y.) Abu Bakr Juzjoniy ham Muhammad Shayboniyning shogirdlaridan boʻlgan. Lekin asosiy taʼlimni Abu Sulaymon Juzjoniydan olgan. Usul al-fiqh va kalom ilmini mukammal bilgan. Abu Nasr Iyodiy va Abu Mansur Moturidiyning asosiy ustozi hisoblangan. Uning qalamiga mansub “al-Farq vat tamyiz” va “Kitob at-tavba” nomli asarlar oʻz davrining mashhur manbalari hisoblangan[7: I/356]. Abul Muin Nasafiy: “Abu Bakr Juzjoniyning asarlari bilan tanishgan kishi uning buyuk olim boʻlganiga iqror boʻladi”, deb uning ilmiy merosiga yuksak baho bergan[4: 269]. Manbalarda tugʻilgan yili haqida aniq maʼlumotlar berilmagan boʻlsa-da, Moturidiyga ustozlik qilgan vaqtiga qarab, IX asrning oʻrtalariga qadar yashagan, deb taxmin qilinadi[4: 269].

Endi maqolamiz qahramoniga qaytadigan boʻlsak, Abu Nasr Iyodiyning toʻliq ismi Ahmad ibn Abbos ibn Husayn ibn Jabala ibn Gʻolib ibn Jobir ibn Navfal ibn Iyod ibn Yahyo ibn Qays ibn Saʼd ibn Uboda Ansoriy (Saʼd ibn Uboda Ansoriy sahobalardan, Madinadagi hazraj qabilasining peshvosi sanalgan) [7: I/356] Faqih Samarqandiy. Abu Nasr Iyodiy fiqh ilmini Abu Bakr Ahmad ibn Isʼhoq Juzjoniydan oʻrgangan. Abu Nasrning ikki oʻgʻli – Abu Bakr Iyodiy bilan Abu Ahmad Iyodiy fiqh ilmini otasidan oʻrgangan. Abu Nasr Iyodiy “Dorul Juzjoniya”da Abu Bakr Juzjoniy bilan birga bosh mudarris boʻlib faoliyat olib borgan.

Tarixchi olim Idrisiy “Tarix as-Samarqand” asarida Abu Nasr Iyodiy haqida soʻz yuritib, u ilm ahlidan boʻlib, jiddu jahdi zoʻr olim edi, deb taʼkidlagan. U Nasr ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Asad ibn Somon davrida Turk diyorida dushmanlar tomonidan shafqatsizlarcha qatl etilgan[2: 101].

Moturidiya taʼlimotining mashhur vakili – Abul Muin Nasafiy ushbu olim haqida shunday taʼriflagan: “Movarounnahr diyorida Abu Nasrga oʻxshaydigan va unga ilmda, taqvoda, kitobatda, jasorat va bardoshda teng keladigan biror kishi boʻlmagan. Abu Nasr Iyodiy islom uchun boʻlgan kurashda bardavom edi. U oʻz zamonasining eng shijoatli, bosiq kishilaridan edi. Abu Nasr ilmda misli tubi koʻrinmas dengiz boʻlib, usulda va furuʼda barchaga imom edi. Uning “as-sifat” masalasiga oid bir kitobi boʻlgan. Ushbu kitobdan oʻrin olgan muʼtaziliya va najjoriya fikrlariga qarshi raddiyalari hamda ahli sunna val jamoa fikrlari sahihligi borasida keltirgan dalillari uning naqadar buyuk olim boʻlganidan dalolat beradi”[7: I/356-357].

Abul Qosim Hakim Samarqandiy Abu Nasr haqida shunday degan: “Faqih Abu Nasr Iyodiydan boshqa Qurʼon oyatlarini dalil qilib munozara va jadalda bidʼat ahllarini magʻlub qilgan faqihni koʻrmaganman. Uning ilmi orqali olim boʻlganlar soni qirqdan oshiq boʻlib, ularning eng yetakchisi Abu Mansur Moturidiy edi”[7: I/356].

Abu Nasr Iyodiy (vaf. 889 y.) Abu Bakr Juzjoniy vafotidan keyin “Dorul Juzjoniya”ning eng kuchli vakili sifatida eʼtirof etilgan. Juda zehnli va sabrli boʻlganidan yigirma yoshidanoq taʼlim ishlarida ulamolar rahbari lavozimida faoliyat olib borgan. Usul va furuʼ ilmida “oʻz davrining imomi” deb eʼtirof etilgan[8: 42, 6:160b]. Samarqandda bir qancha fikriy muxolifat vakillari bilan bahs-munozaralar olib borgan va hanafiya aqidasini muvaffaqiyatli himoya qila olgan[7: I/356-357].

 Shunisi ahamiyatliki, “Dorul Juzjoniya”da faoliyat olib borgan jamiki ulamolar rasmiy lavozimlardan yiroq yurganlar va Samarqand chekkasida oddiy xalq orasida yashab ijod qilganlar. Abu Nasr esa ustozlaridan farqli oʻlaroq, somoniylar amiri Nasr ibn Ahmad bilan juda yaqin aloqada boʻlgan. Shu tufayli u yigirma yoshida taʼlim ishlari boshligʻi va Samarqandga qozi etib tayinlangan[1: 106]. Abu Nasrning mansabga intilishi, uning somoniylar siyosatidan taʼsirlanganidan dalolat beradi. Chunki somoniylar 876 yilda tohariylar davlati tobeligidan ozod boʻladi. Somoniylar bevosita abbosiylarga tobe hisoblangan boʻlsalar-da, ammo oʻzlarining ichki ishlarida mustaqil bir davlat holiga kelgan edilar. Davlatning ilk amiri Nasr ibn Ahmad zohidona hayot kechirgan va hokimiyatni mustahkamlash uchun taʼlim ishlariga va ilmiy safarlarga katta ahamiyat bergan. Ushbu ishlarni bajarishda Abu Nasrning shijoatidan unumli foydalangan[6: 160b].

Abu Nasr Iyodiy bevosita Imom Moturidiyning eng asosiy ustozlaridan biri hisoblangan. Abul Muinning “Tabsirat al-adilla” asarida Moturidiy haqida keltirilgan yana bir rivoyat uning islom olamida ilmiy mavqei juda katta boʻlganidan dalolat beradi. Asarda taʼkidlanishicha, agar Abu Mansur Moturidiy ustozi Abu Nasr Iyodiyning darsida ayrim sabablarga koʻra ishtirok etmay qolsa yoki kechiksa, hatto, ustozi oʻz shogirdiga nisbatan cheksiz hurmati va muhabbatining izhori sifatida oʻsha darsda Moturidiy hozir boʻlmaguncha biror soʻz ham aytmas ekan. Agar u Moturidiyni uzoqdan boʻlsa-da, darsga kelayotganini koʻrib qolsa, xursandligidan taajjub bilan unga tikilib qolar va Qurʼondan Qasos surasi, 68-oyatni oyatni oʻqir edi[9: 84]:

Oyat maʼnosi: Rabbingiz Oʻzi xohlagan narsani yaratur va (xohlagan ishni) ixtiyor qilur… .

Manbalarda taʼkidlanishicha, Somoniy amirlarning chiqargan qonunlarini tatbiq qilish uchun Qozi Abu Nasr Iyodiy juma kuni yangi kiyim kiyib otga mingan holda ushbu qonunlarni oʻzi xalqqa jar solib yetkazgan. Bundan koʻrinib turibdiki, Abu Nasr somoniylar amiri bilan yaqin munosabatda boʻlgan.

Endi “Dorul Iyodiya” aqidaviy maktabi haqida toʻxtaladigan boʻlsak, ushbu  maktabning qanday tashkil etilgani haqida manbalarda maʼlumotlar uchramaydi. Lekin aksariyat tadqiqotchilar u X asrda tashkil topgan, degan taxminga kelganlar[8: 44, 1: 108]. “Dorul Iyodiya” Abu Nasr Iyodiyning oʻgʻli Abu Ahmad Iyodiy tomonidan Samarqandda tashkil etilgani maʼlumdir. Abu Mansur Moturidiy yashagan davrda hanafiylar orasida paydo boʻlgan iyodiya tarafdorlari mutashobih oyatlarni taʼvil qilishga hamda aqlning asosiy hujjat boʻlishiga keskin qarshi chiqqanlar[1: 108].

Shu orqali ular Abu Hanifadan boshlab saqlanib kelayotgan “Ahli raʼy”dan ajralib chiqadilar va “ahli hadis”ni qoʻllab-quvvatlaydilar. “Ahli hadis” gʻoyalarini maʼqullaganlar iyodiya tarafdorlari boʻlib, ularning eng mashhur vakili Abu Ahmad Iyodiy boʻlgan[8: 44].

Bu olim “Dorul Juzjoniya”da Imom Moturidiydan tahsil olgan va mashhur faqih darajasiga koʻtarilgan. Abul Muin Nasafiy “Tabsirat al-adilla” asarida Moturidiyning shogirdi Abu Ahmadni katta maqtovlar bilan tilga oladi. Nasafiyning taʼkidlashicha, Movarounnahr va Xurosonda “Sadr al-fuqaho” unvoniga ega boʻlgan olim Abu Hafs Ajaliy Buxoriy shunday degan: “Abu Hanifaning mazhabi toʻgʻri yoʻl ekanligiga yana bir isbot shuki, ushbu mazhabga Abu Ahmad Iyodiy eʼtiqod qilgan. Chunki Abu Ahmad Iyodiy botil mazhabga eʼtiqod qilishi mumkin emas edi» [7: I/357].

Lekin baʼzi olimlar Abu Ahmad haqida unga nisbatan biroz salbiy fikrlarni ham bildirganlar. Muhammad ibn Ibrohim Hosiriy (vaf. 1107 y.) “al-Haviy fil fatavo” nomli asarida Abu Ahmad haqida quyidagi rivoyatni keltiradi: Oʻsha davrdagi Samarqand qozisi Hakim Samarqandiy bir kuni Abu Ahmadni oʻz uyiga ziyofatga chaqiradi. Abu Ahmad taklifni qabul qilib, uning uyiga mehmonga boradi. Mehmondorchilik oldidan mezbon unga quyidagi fiqhiy savol bilan murojaat qiladi: “Bir idishdagi suv bilan ikki marta tahorat olish joizmi yoki joiz emasmi?”. Abu Ahmad: “Joiz emas”, deb javob beradi.

Shunda Hakim Samarqandiy unga qattiq tanbeh berib aytadi: “Ilm ham shundaydir. Undan dunyo uchun foydalanilsa, oxiratda foydadan bebahra qolinadi. Sen esa, ilmdan boylik va riyokorlik uchun foydalanding, oxiratdagi ajrdan benasib qolding”.

Abu Ahmad Iyodiy bunday ogʻir soʻzni Hakim Samarqandiydan kutmagan edi. Bu qadar qattiq tanbehni eshitgach, u dasturxonga ham oʻtirmay, Hakim as-Samarqandiy xonadonidan chiqib ketadi[10: 277b].

Hosiriy Abu Ahmad haqida yana bir rivoyat keltirgan: Abu Ahmad ziyofatda boʻlsa, avval taom unga, keyin boshqalarga tarqatilgan. Chunki Abu Ahmad namozni juda tez va yengil oʻqir edi. Bir kuni namoz vaqti kirgach, u taomdan turib darhol namozini oʻqib oladi. Yonidagilar undan, nima uchun namozingizni tez va yengil oʻqidingiz, deb soʻraganlarida, u: “namozni bunday oʻqish hukman joizdir”, deb javob beradi.

Lekin Hakim Samarqandiy Abu Ahmad Iyodiyning otasi Abu Nasr Iyodiyni qattiq hurmat qilgan va uni koʻkka koʻtarib maqtagan. Bunga misol tariqasida Abul Muin Nasafiyning “Tabsirat al-adilla” asarida Hakim Samarqandiy Abu Nasr Iyodiyni quyidagicha maqtov bilan tilga olganini misol keltirish mumkin: Shayx Abul Qosim Hakim Samarqandiyning rivoyat qilishicha, Abu Nasr Iyodiyning oldiga turli adashgan firqalarning vakillari oʻzlarining notoʻgʻri aqidalarini isbotlash uchun kelganlarida, albatta ular Iyodiyning kuchli dalil va isbotlaridan magʻlub boʻlib qaytar edilar[7: I/356].

 Ibn Zakariyo ham Hakim Samarqandiydan farqli oʻlaroq, Abu Ahmad Iyodiy haqida iliq fikrlarni bildirgan va uni ibodat masalasida mujtahid olim sifatida eʼtirof etgan[6: 160b-161b].

Shunday qilib, “Dorul Juzjoniya”da tanqidga uchragan Abu Ahmad ushbu maktabga muxolif ravishda “Dorul Iyodiya” nomli maktabni tashkil etadi. Lekin Abu Ahmad bunday yoʻl tutishi orqali “Dorul Juzjoniya”ning asosiy vakili hisoblangan ustozi Abu Mansur Moturidiydan tazyiqqa uchrashini hayoliga ham keltirmagan edi.

 Turk tadqiqotchisi Axmet Ak shunday xulosaga keladiki, “Dorul Iyodiya”ning vakillari somoniylar amiri bilan juda yaxshi munosabat oʻrnatganlar. Ushbu maktab vakillarining eng peshqadamlari sifatida Abu Ahmad Iyodiy va Hakim Samarqandiyni misol keltirish mumkin. Axmet Akning taʼkidlashicha, Hakim Samarqandiy somoniy amirining talabi bilan “as-Savod al-aʼzam” degan asar yozgan va unda movarounnahrlik olimlar haqida maʼlumotlar keltirsa-da, Moturidiy nomini tushirib qoldirgan. Axmet Ak ushbu maʼlumotga tayanib, Hakim Samarqandiy Moturidiyni tan olmagan, degan xulosaga keladi[1: 110].

Bizning fikrimizcha, Hakim Samarqandiyning Abu Mansur Moturidiy faoliyatiga befarq boʻlgani asossizdir. Chunki Abul Muin Nasafiy Hakim Samarqandiy Moturidiy vafotidan soʻng uning qabri ustiga quyidagi maqtov soʻzlarini yozdirishga buyruq berganini rivoyat qilgan: “Ushbu qabr ilmlarni oʻz nafaslarigacha qamrab olgan, uni tarqatishda koʻp zahmatlar chekkan, u qoldirgan meros koʻp madh qilingan va oʻzining umr daraxtidan koʻplab mevalar tera olgan ulugʻ zotning qabridir”[7: I/358].

Bizningcha, bu yerda ilmiy hurfikrlilik mavjud boʻlgan va barcha hanafiy ulamolar oʻrtasida katta gʻoyaviy raqobat koʻzga tashlanmagan. Ularning asosiy raqiblari esa muʼtaziliya, najjoriya, murjiiya kabi oqimlar boʻlgan.

Abu Nasr Iyodiyning Abu Ahmaddan tashqari yana Abu Bakr Iyodiy nomli oʻgʻli boʻlgan. U ham iyodiylar sulolasining vakili hisoblanib Abu Ahmad Iyodiyning ukasidir[6: 160a-161b]. Uning mashhur “al-Masoil al-ashriya” (“Oʻnta masala”) nomli asari boʻlgan[10: 251a-251b]. Adid ad-davla tomonidan rasmiy lavozimlarga koʻtarilgan va Moturidiydan soʻng[6:18b-19a], Abu Salama Samarqandiydan avval 971 yil vafot etgan[10:251b].

 Moturidiyning zamondoshi va Samarqandning mashhur olimlaridan boʻlgan va u mahalliy aholi orasida katta hurmat qozongan[6:161b].

Ibn Zakariyoning “Sharh jumal usul ad-din” asarida bir rivoyatda keltirilishicha, faqih Abdissamad ibn Ahmad Arbinjoniy Abu Mansur Moturidiy vafot etganda Abu Bakr Iyodiy quyidagi soʻzlarni aytganini keltiradi: “Diniy ilm va hukmlarni oʻrgatishda bu ummatning olimlari oʻtgan paygʻambarlar kabidir. Oʻtmishda bir paygʻambarning davri tugab, yechilishi kerak boʻlgan masalalar paydo boʻlsa va u masalalarni ochib beruvchi biron olim qolmasa, yangi bir paygʻambar yuborilganidek, bu ummatning ichida ham har asrda vafot etgan faqihlarning oʻrniga yo yangi olimlar keladi yoki qiyomat boshlanadi. Chunki Alloh oʻz bandalarini yoʻl koʻrsatuvchilardan mahrum qilmaydi”[6: 18b -19a].

 Boshqa bir olim Muhammad ibn Ibrohim Hosiriyning “al-Haviy fil fatavo” asarida keltirilgan rivoyatga koʻra, Abu Bakr Iyodiydan bir kishi oʻzining ahli sunna val jamoa mazhabida ekanini qanday anglashi mumkinligi haqida soʻraganida Abu Bakr unga shunday javob bergan: “Kimning ilmi ahli sunna val jamoaning ilmi, Allohning kitobi, Rasulining sunnati va salaf faqihlarning aytgan soʻzlariga muvofiq kelsa, u kishi ahli sunna val jamoa mazhabida boʻladi”[10: 252b-252a].

Yuqorida keltirilgan rivoyatlar Abu Bakr Iyodiyning Samarqand hanafiylari orasida yaxshi obroʻga ega boʻlganidan darak beradi. Shuning uchun ham Ibn Zakariyo Abu Bakr Iyodiyni “ahli sunna val jamoaning bayroqdori”[6: 160b] deb eʼtirof etgan. Shuningdek, uning Moturidiy taʼziyasida aytgan soʻzlari Samarqand maktabi ichida Abu Bakr Iyodiy va Abu Mansur Moturidiyning alohida mavqelari boʻlganidan dalolat beradi.

 Abu Bakr Iyodiy oʻzining ayrim aqidaviy qarashlarini oʻz ichiga olgan “al-Masoil al-ashriya al-iyodiya” asarini vafotiga yaqin yozib tugatgan va mahalliy aholining muʼtaziliylar aqidalaridan uzoq boʻlishlari uchun uni xalq orasida eʼlon qildirgan[7: I/357].

 Abu Bakr Iyodiy ushbu kitobida quyidagi oʻnta aqidaviy masalani yoritib bergan[10: 251a-251b]:

  1. Bandalarning feʼllarini yaratuvchi, shubhasiz, Allohdir. Ularning feʼllari Allohning qazosi va ma­shiati (xohishi) orqali paydo boʻladi.
  2. Alloh azaliy xoliqdir (yaratuvchi). Uning ilmi va sifatlari azaliydir. Bu sifatlar na Allohning oʻzi va boshqasidir.
  3. Idrok va ihota qilmasdan Allohni oxiratda koʻrib boʻlmaydi. Ammo Alloh (ruiyat) koʻrishni istagan bandasiga istagan shaklda oʻz jamolini lutf qiladi.
  4. Qurʼon Allohning kalomi boʻlib, u maxluq (yaratilgan) ham emas va muhdas (keyin paydo boʻlgan) ham emas.
  5. Katta gunoh sodir etgan moʻminlarning holati Allohning mashiatidir (xohishidadir). Alloh istasa, oʻz lutfi bilan ularni kechiradi, xohlasa, adolati bilan ularni oʻz gunohlariga yarasha jazoga tortadi. Oʻz jazosini olgan har qanday moʻmin oxir-oqibat jannatga kiradi.
  6. Bandalar uchun foydali (aslah) yoki foydasiz boʻlishidan qatʼiy nazar, Alloh istagan ishni istagan shaklda qilishga qodirdir. Alloh oʻz ishiga javobgar emas, bandalar esa javobgardir.
  7. Muhammadning (s.a.v) katta gunoh qilgan moʻminlarni oʻz shafoatlariga olishlari haqdir.
  8. Qabr azobi haqdir.
  9. Alloh, albatta, oʻz bandalarining duolarini qabul qiladi va bandaning duosida hikmat va foyda bordir.
  10. Har qanday qadar (taqdir), xoh u xayrli boʻlsin, xoh yomon boʻlsin, Allohdandir (Yaʼni, insonlarning yaxshi yoki yomon boʻlgan barcha feʼllarini taqdir qilgan Allohdir. Moturidiya aqidasiga koʻra, banda feʼlining xoliqi (yaratuvchi) Allohdir, foili (bajaruvchisi) esa, bandadir.

 Hosiriyning taʼkidlashicha, ushbu oʻnta masala oʻsha davrda Samarqand hanafiylarining asosiy eʼtiqodiy qoidalari sifatida eʼtirof etilgan va ularga ishonmaganlarni “sohib ash-sharr val bidʼat” (bidʼat va gunoh egalari) deb hisoblaganlar. Lekin Abu Bakr Iyodiy davrida uning ushbu asari ahli sunna val jamoa ulamolari orasida asosiy manba sifatida ahamiyatini saqlab qola olmagan. Chunki uning zamondoshi Abu Mansur Moturidiy yuqoridagi oʻnta masalalarni kengroq tarzda va boshqa eʼtiqodiy masalalarni ham yoritgan holda oʻzining “Kitob at-tavhid” asarini yozib qoldirgan edi. Shu tariqa Abu Mansur Moturidiy siymosi va uning asarlari IX-X asrlarda turli oqimlarga qarshi kurashda asosiy omil boʻlib xizmat qilgan. Lekin Moturidiy hayotlik davrida uning taʼlimoti alohida maktab sifatida eʼtirof etilmagan boʻlsa-da, aqidaviy qarashlari hanafiya taʼlimotining bir qismi sifatida tan olinar edi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, Abu Nasr Iyodiy Movarounnahrda hanafiya aqidasining shakllanishi va moturidiya taʼlimotining yuzaga kelishida katta xizmat qilgan. Manbalarda moturidiya kalom maktabi tarixi haqida soʻz ketganda, iyodiylar sulolasi alohida hurmat bilan tilga olinadi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

Ahmet Ak. Büyük Türk Âlimi Mâturîdî ve Mâturîdîlik / Monografiya. – Istanbul: Ìnönü Üniversitesi Ìlahiyat Fakültesi, 2008.

Ahmad ibn Avazulloh al-Hazbiy. Al-Moturidiya: dirosatan va taqviman. – Ar-Riyod: Dor as-samiiy, 2000.

Aydinli Osman. Fethinden Samanilerin Yikilişina Kadar Semerkant Tarihi, MÜSBE, İstanbul, 2001 (Doktora tezi).

Kutlu Sönmes. Turklerin Islamlaşma Suresinde Murçie ve tesirleri. – Ankara: 2000.

Ibn al-Asir. Al-Komil fit tarix. – Bayrut: Dor Bayrut nashriyoti. X jildli. 1968.

Ibn Zakariyo Yahyo ibn Isʼhoq. Sharh jumal usul ad-din li Abi Salama as-Samarqandiy. Qoʻlyozma. Turkiya. Sulaymoniya kutubxonasi. Raisulkuttob boʻlimi. Inv. 690.

Nasafiy Abul Muin Maymun ibn Muhammad. Tabsirat al-adilla fi usul ad-din. II jildli. K. Saloma nashrga tayyorlagan. – Damashq: 1990-1993.

Oqilov S. Abu Mansur al-Moturidiy ilmiy merosi va moturidiya taʼlimoti. Monografiya. – T.: Hilol-nashr nashriyoti, 2020.

Oqilov S. Abul Muin an-Nasafiy ilmiy merosi va moturidiya taʼlimoti. Monografiya. – T.: Nur-poligraf nashriyoti, 2008.

Hosiriy Muhammad ibn Ibrohim. Al-Haviy fil fatavo. Turkiya. Sulaymoniya kutubxonasi. Hakim oʻgʻli Ali Posha boʻlimi. Inv. 402.

Saidmuxtor OQILOV, O‘zbekiston Xalqaro Islom Akademiyasi tarix fanlari nomzodi,
Islomshunoslik va islom sivilizasiyasini o‘rganish ICESCO kafedrasi dosenti

Manba : bukhari.uz

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry