16.12.2021
609

“SALAF” VA “XALAF” SO’ZLARI NIMA MA’NONI BILDIRADI? SALAF VA XALAF OLIMLARI ORASIDAGI FARQ NIMALARDA NAMOYON BO’LADI?

“Salafiylik” tushunchasi arab tilidagi “salaf” so‘zidan olingan. “Salaf” so‘zi esa “ajdodlar”, “avval yashab o‘tganlar” degan ma’nolarni anglatadi.

“Salaf” so‘zi Qur’onda ham “avval yashab o‘tganlar”, “o‘tmish (kishilari)” ma’nolarida ishlatilgan (Zuxruf, 56).

“Salaf” so‘zi Payg‘ambar (alayhissalom)ning o‘zlariga hamda sahobiylariga nisbatan aynan lug‘atdagi ma’noda qo‘llanilganini qator hadislarda ko‘rishimiz mumkin. Rasululloh (alayhissalom) qizlari Fotima (r.a.)ga shunday deganlar: “Men sen uchun yaxshi salafman (ajdodman)”. Sahihi Muslim, 4614-hadis.

 Payg‘ambar (alayhissalom) bu bilan qizlaridan avval dunyoni tark etishlariga ishora qilganlar.

“Salaf” so‘zi diniy istilohda muayyan bir davr bilan bog‘liq ma’noni beradi. Payg‘ambar (alayhissalom) o‘z hadislarida “Eng yaxshi davr men yashagan davr, so‘ng undan keyingi va undan keyingi davrlardir” (Sahihi Buxoriy, 2537-hadis) deb, islomning ilk uch davrini madh etganlar. (Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy. As-Salafiyya marhala zamaniyya laa mazhab islamiy. – Damashq: Dor al-fikr, 2005. 9-bet).

Yuqoridagi hadisga asoslanib, islom ulamolari Muhammad (alayhissalom) zamonlarida va undan keyingi ikki davrda yashagan musulmonlarni “salaf solih”, ya’ni “solih ajdodlar” deb tavsiflaydilar. Ulardan keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan bu nomlar asarlarda qo‘llanilmaydi. (Qarang: Meliqo‘ziyev J. Halokat tuzog‘i. – Toshkent: TIU nashriyot-matbaa birlashmasi, 2010, 5-bet).

Ahli sunna va jamoa an’anasiga ko‘ra, salafi solihlar davridan keyin yashagan musulmonlar xalaflar, ya’ni “keyingilar” deb ataladi.

Shu o‘rinda salaf va xalaf davrlarining xususiyatlariga to‘xtalib o‘tsak. Salaf ulamolari davrida har bir masalaga yondashishda asosan Qur’on, hadis, ijmo’ va qiyosga asoslanib ish ko‘rilgan. Vaqt o‘tishi bilan islom dini tarqalgan hududlarning jadal kengayishi, musulmonlarning boshqa din va madaniyatlar bilan yuzlashishi natijasida yangi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning shakllanishi vaziyatni o‘zgartirib yubordi. Yangi sharoitlarda yuzaga kelgan masalalar yechimi uchun Qur’on va hadisdagi dalillar bilan bir qatorda aqliy dalillarga oldingidan ham ko‘proq ehtiyoj sezila boshladi.

Musulmon olimlari tomonidan salafi solihlarga hurmat bilan qaraladi. Shu bilan birga barcha olimlarga yuksak ehtirom ko‘rsatish kerakligi hadislarda zikr etilgan. Misol tarzida “Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir” (Sunani Termiziy, 2730-hadis) hadisini zikr etish mumkin. Salafi solihlar qarashlarining tadrijiy davomi Xalaf, ya’ni keyingi olimlarning yondashuvlarida namoyon bo‘ladi. Xalaf olimlari daraxt o‘z ildizidan oziqlangani kabi – salafi solihlarning qarashlari asosida shakllandilar.

Islom ulamolari salafi solihlar bilan ulardan keyin kelgan ulamolarni bir-birlariga qarshi qo‘yish, daraxtdan ildizni yoki aksincha ildizdan daraxtni ajratib olgan bilan barobar ekanini ta’kidlaydilar. Keyingi davrda yashab o‘tgan Xalaf olimlarining islom ilmlari rivojidagi o‘rni ham kamaytirilmagan. Zero, hadislarda xalaflar davri ham maqtalganligi rivoyat qilingan. Jumladan, Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: Rasululloh (alayhis-salom) maqbara oldiga kelib: «Ey, mo‘minlar diyori qavmi! Sizlarga salom bo‘lsin. Xudo xohlasa, bizlar ham sizlarga yo‘liqurmiz, qani biz birodarlarimizni ko‘rsak edi», deganlarida, sahobiylar: «Ey, Allohning rasuli! Biz sizning birodarlaringiz emasmizmi?», dedilar. Rasululloh (alayhis-salom): «Sizlar ashoblarimsiz. Birodarlarim esa, meni ko‘rmasdan menga imon keltirganlardir», – dedilar. Musnadi Imom Ahmad, 12382-hadis.

Ko‘rib turganimizdek, Payg‘ambar (alayhissalom) o‘zlaridan keyin keladigan musulmonlarni “birodarlarim”, deb e’tirof etib, eng xayrli davrda yashayotgan sahobiylar havas qiladigan darajada o‘zlariga yaqin bilganlar. Yana bir hadisi sharifda Rasululloh (alayhissalom) o‘zlarini ko‘rmay turib imon keltiradigan ummatlarini yaxshilik ila duo qildilar: “Meni ko‘rgan, menga imon keltirganlarga tubo bo‘lsin hamda meni ko‘rmay turib menga ishonganlarga tubo bo‘lsin, tubo bo‘lsin, tubo bo‘lsin!” dedilar. “Tubo nima, yo Rasululloh?” deb so‘radilar. Payg‘ambar (alayhissalom): “U jannatdagi daraxtdir, balandligi yuz yillik masofa, uning gulkosasidan jannat ahlining kiyimi chiqadi”, deb javob berdilar. Musnadi Imom Ahmad, 11500-hadis.

Bu kabi hadislardan xalaf (keyin keladigan) musulmonlarning ham darajalari yuqori ekanligi kelib chiqadi.

Manba: "Ilmdan boshqa najot yo‘q" kitobi

 

Qo‘shimcha malumot

Ortga surmang
Keyinga qoldirish shayton qo‘llagan yo‘l hisoblanib, u bu bilan musulmonni yo‘ldan ozdirishni maqsad qiladi. Chunki shayton mo‘minni dindan voz kechtirolmasligini,...
Hastimom Abu Bakr Qaffol Shoshiy – mehr-saxovat sohibi
Ko‘hna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom (Hastimom) ziyoratgohi poytaxtning bosh yodgorlik majmualaridan biri sanaladi. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy...
Sof e’tiqod dushmanlari
Tinchlik, millatlar va dinlararo bag‘rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi dinimiz nomiga dog‘ tushirgan, butun dunyo...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry