22.11.2021
2132

Ota nidosi

Otaning haqqi, mehri, muruvvati onanikidan kam emas. Buni ota bo‘lgach bilamiz, farzandimiz bemor bo‘lgach, sezamiz. Bolalarimiz ochlikdan biroz qiynalganda, otani eslaymiz. Oila boshlig‘i bo‘lish mashaqqat ekanini ro‘zg‘or tashvishlari bo‘ynimizga tushgach, his etamiz. Ota bo‘lish ham sharaf, ham mas’uliyat, ham burchdir.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ota haqida bir go‘zal hadis aytganlar:“Ota jannatning o‘rta eshiklaridan. Xohlasang, uni ochib kirib ol, xohlasang, zoye qil, ya’ni yuzingga qarshi yopib ol”, dedilar(Imom Termiziy rivoyati).

Nabiyyi muhtaram sollallohu alayhi va sallam jannatda eng oliy darajadagi eshik o‘rta eshik ekani, shu bois otaning shu eshikka qiyoslayaptilar.Ota – aziz zot, bolasi uchun jonini berishga tayyor.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Saodat asrida bir yigit Payg‘ambarimiz alayhissalomga otasidan shikoyat qilib keldi. (Ajablanmang, azizlar. Afsuski, bugun otasidan shikoyat qiladiganlar ko‘payib qoldi. Bizning oldimizga ham ba’zan padaridan norozi nodonlar kelib turadi.)Shikoyatga qarang: “Yo Rasululloh, otam mentopgan hamma molimni ishlatib yuboryapti. Bunga uning haqqi bormi?” dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Otangni chaqirib kel”, dedilar. Ota bechora o‘g‘li  Rasulullohga shikoyat qilganini sezdi.(Tasavvur qiling-a, dunyolarga rahmat Payg‘ambarimiz alayhissalomga o‘g‘il otasidan shikoyat qilsa-ya?! Bu ota uchun  qanchalik or).

Otao‘g‘liga: “Sen ketaver, men ortingdan yetib boraman”, dedi. Ota shoirtabiat inson ekan. Yo‘l-yo‘lakay o‘g‘lidan qattiq ranjiganidan she’r to‘qidi. Lekin u farzandini ehtiyot qilib, she’rni tiliga ham chiqarmadi. Dilidan o‘tkazdi, xolos. Shu payt Jabroil alayhissalom Payg‘ambarimiz alayhissalomning oldilariga tushib: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam, sizga Alloh taolo salom aytdi. Hozir oldingizga bir mo‘ysafid odam kelyapti. Undan ichida to‘qigan, ammo tiliga chiqarmagan narsani aytib berishini so‘rang”, dedi.

Haligi odam kelgach, Payg‘ambarimiz alayhissalom undan: “O‘g‘lingiz shikoyat qilyapti, topgan molu dunyosini – pullarini ishlatib yuborar ekansiz”, dedilar. Ota: “Yo Rasululloh alayhissalom, o‘g‘limdan so‘rang-chi, uning topganlarini o‘zim uchun ishlatibmanmi? Hammasini opa-singlisiga, amma-xolasiga berdim-ku”, dedi.

Shu gapdan so‘ng Rasulimiz alayhissalom: “Mayli, qo‘yavering. Siz hozir kelayotganingizda, ichingizda to‘qib, tilingizga ham chiqarmagan narsani aytib bering”, dedilar. Haligi ota hayron qoldi. Payg‘ambarimiz alayhissalomga yana bir karra imon keltirib: “Siz haqiqiy Rasululloh ekansiz. Axir, buni men hatto tilimgayam ham chiqarmagan edim, qalbimdan o‘tkazgandim, xolos. Qayerdan bildingiz?” deb so‘radi. U zot: “Menga bildirildi”, dedilar.

Haligi odam she’rni aytib berdi (farzandi yoshligida ko‘p kasal bo‘lgan chog‘i, shuni esladi ota):
Boqdim seni jon bolam,

Qalbim sururga to‘lib,

Quvonchga to‘ldi olam,

Ulg‘ayding yigit bo‘lib.

 

Bo‘ldim kechalar bedor,

Senga yetganda alam,

Tanda qolmadi mador,

Yetdi ko‘klarga nolam.

 

Go‘yo edim men bemor,

Boshga yog‘ilib toshlar,

Qalbimga to‘ldi ozor,

Ko‘zdan to‘kildi yoshlar.

 

Firoq meni qo‘rqitdi,

Chang solib senga o‘lim,

Dardlar meni yiqitdi,

Ming titroq tutdi qo‘lim.

 

Do‘sting bo‘lib alp o‘g‘lon,

Kamolga yetib asta,

So‘zlaringdan yurak qon,

Bo‘ldim-ku bolam xasta.

 

Qilding menga qo‘pollik,

Qalbimga berib ozor,

Ko‘zlarimga boqding tik,

Mahzunlik bo‘ldi hazor.

 

Otamanmi, o‘g‘ilmi,

Bo‘lib qoldim men hayron,

Gʻamga to‘ldirding dilni,

Yurakni qilib vayron.

 

Aqli yo‘q, nodon, deding,

Shumi sendan ko‘rganim,

Kuchsiz bir ojiz, deding,

Ustimdan kuldi g‘anim.

 

Netay, menga dilbandsan,

Qilgum senga yaxshilik,

Axir, menga farzandsan,

Yuz burmayman dushmandek.

Bu she’rni eshitib, Nabiy alayhissalom yig‘lab yubordilar va: “Sen ham, molu dunyoing ham otangniki”, dedilar(Imom Abu Dovud rivoyati).

Butun borlig‘imiz, bisotimiz otamizniki. Yoshlar chuqur tafakkur qilishlari kerak. Ota farzandlarini boqish uchun ne kuylarga tushmaydi. Buni ota bo‘lib, jo‘jabirday bolalarini voyaga yetkazish uchun kechayu kunduz tinim bilmay tirishayotganotalar bilishadi.

Azizlar, ota – g‘animat. Ko‘pchiligimizning otalarimiz o‘tib ketishdi. Ular hozir qancha qidirsalar ham, otalarini topa olishmayapti. Davlatmand, boy odamlar dasta-dasta pullarni ko‘tarib olib, otasini axtarishadi. Xizmatini qilmoqchi bo‘lishadi. Lekin topa olmay, yig‘lab yuribdi. Otasi borlar esaoxirgi marta qachon qiblagohini ziyorat qilganini unutdilar.

Azizlar, ona – mehribon, mushtipar, bolasini yeru ko‘kka ishonmaydi, jonidan ortiq yaxshi ko‘radi. Uning peshonasidan o‘padi, boshini silaydi, erkalatadi. Otaba’zan qahri qattiq ko‘rinsa-da, lekin u farzandini onadan kam yaxshi ko‘rmaydi.

Yaqinda oldimga bir ota keldi. U bolasining buyragi qurib borayotganini, uni almashtirish zarurligini kuyinib gapirdi.Tibbiy amaliyotga, birovning buyragini sotib olishga puli yetmasligini, shu bois o‘zi o‘g‘liga buyragini bermoqchi ekanini aytdi. Ammo shifokorlar o‘zi bemor bo‘lsa-da, o‘g‘liga buyragiini tortiq qilayotgan otaga: “Siz jarrohlik amaliyotidan chiqmaysiz. O‘g‘lingizga buyragingizni olib qo‘yamiz, lekin siz yashamaysiz”, deyishayotgan ekan. Ota buyragidan ayrilishiga ham, amaliyotdan chiqmasligiga ham rozi. O‘g‘li yashasa bo‘ldi.

Ota:

– Hazrat, sizning oldingizga men o‘g‘limga buyragimni bersam, amaliyotdan chiqmasam, o‘z jonimga qasd qilib qolgan bo‘lmaymanmi? Qiyomatda Allohning huzurida gunohkor bo‘lib qolmaymanmi? – degan savollarga javob topish uchun keldim. O‘limdan qo‘rqmayman, bolam yashasin.

Yig‘idan o‘zimni to‘xta olmadim. Unga javob topib bera olmadim. O‘zini o‘zi o‘ldirgan bo‘lib qoladi desam, bolasi turibdi, “yo‘q” deyishni ham, “ha” deyishni ham bilmay qoldim. Faqat yig‘lab haqiga duo qildim. Biror donarni toping, o‘zingizni ehtiyot qiling, deyishdan nariga o‘tolmadim.

O‘sha kundan beri ichimda bir g‘alayon kezib yuribdi. Nahot otalar shunchalik mehribon bo‘lishsa, bolasi uchun jonidan ham kechsaya?!

Ammo, afsuski, hozir ko‘p yoshlar otasining qadriga yetmayapti. Ish bilan ovora bo‘lib, ziyoratidan ham uzoqlashib qolyapmiz. Ayniqsa, boshqa viloyatda, boshqa tumanlarda yashaydigan otangiz telefon qilib: “Bolam, yaxshimisan?” desa, bilingki, otangiz o‘sha kechasizni sog‘inib mijja qoqmay chiqadi. Oldida ukam, akamlarbor. Opa-singillarim holidan xabar olib turibdi, deb o‘ylashingiz mumkin.Har gulning o‘z hidi bor. Ota hamma bolasini sog‘inadi.

Birodar, otangizning oldiga boring, ajin tushgan yuzlariga qarang, sochlariga “yoqqan pag‘a-pag‘a qor”ni ko‘rib tafakkur qiling. U bu ko‘yga qanday tushib qolganini o‘ylang.  Ertaga qiyomatda otamiz biz uchun o‘zini fido qilganini aytganda, xijolat bo‘lib qolmaylik. Bizni boqaman, deb shu holga tushdi.

Azizlar, ota – g‘animat.Biz qiblagohlarimizni topa olmayapmiz. Oramizda otasi o‘tib ketganlar bor. Ular ming armon bilan: “Qaniydi otam hayot bo‘lsa, qo‘llarini o‘par edim”, deb orzu qilib o‘tirishibdi. Bugun otasi hayotlar, jannat darvozasi borlar, shu darvozadan kirib oling. Bu darvozani ertaga topa olmay qolishingiz mumkin.

Alloh taolo marhum otalarimizni rahmatiga olsin, makonlarni jannat aylasin. Hayotda yashayotganlarini salomat qilsin. Otalar – jannat darvozasi. Ular mana shu maqomga loyiqdirlar. Farzandlaringiz shu darvozadan kirib olishsin. Otaning qo‘lini ushlab, Ka’ba oldida u zotning duosini olish – farzand uchun dunyodagi eng katta baxt. Otani yelkasida ko‘tarib, Ka’batullohni tavof qildirish – chinakam saodat.

Bugun otasi borlar Ka’bada u zotning qo‘llarini ushlab, Arafotda yonlarida turib duolarini olsin. Bugun otasi yonida bo‘lishini orzu qilayotgan do‘stlarimizga Arafotda qiblagohi haqiga duo qilish nasib etsin.

Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

manba:muslim.uz

 

                                                                                                                                                                                                                                                          

Qo‘shimcha malumot

Ortga surmang
Keyinga qoldirish shayton qo‘llagan yo‘l hisoblanib, u bu bilan musulmonni yo‘ldan ozdirishni maqsad qiladi. Chunki shayton mo‘minni dindan voz kechtirolmasligini,...
Hastimom Abu Bakr Qaffol Shoshiy – mehr-saxovat sohibi
Ko‘hna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom (Hastimom) ziyoratgohi poytaxtning bosh yodgorlik majmualaridan biri sanaladi. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy...
Sof e’tiqod dushmanlari
Tinchlik, millatlar va dinlararo bag‘rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi dinimiz nomiga dog‘ tushirgan, butun dunyo...

Izoh qoldirish

Izohlar

09.04.2023 07:41
Juda zo'r hadislar bor ekan.
09.04.2023 07:40
Assalomu aleykum yig'lab yubordimku
Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry