27.09.2021
860

Imom Buxoriyning buyuk olim bo‘lib yetishishida ota-onasining o‘rni va xizmatlari

Islom dinida farzand tarbiyasi ibodat darajasidagi amallar qatoriga kiradi. Shu sababli donishmand ota-bobolarimiz, oqila onalarimiz farzand tarbiyasiga alohida e’tibor berib kelgan. Tarixga nazar tashlasak, bunga juda ko‘p misollarni ko‘ramiz. Jumladan, muhaddislar sultoni Imom Buxoriyning buyuk olim bo‘lib yetishishida ota-onasining ulkan xizmatlari, uzoq yillik mashaqqatlari mujassamdir.
Imom Buxoriyning otasi Ismoil ibn Ibrohim o‘z davrining yetuk muhaddislaridan bo‘lib, Imom Molikning shogirdi va ashoblaridan sanalgan. Manbalarda uning Hammod ibn Zayd, Imom Molik ibn Anas va Abu Muoviya kabi yirik muhaddislardan hadislar rivoyat qilgani, Abdulloh ibn Muborakning suhbatida bo‘lib, u zotdan tarbiya topgani haqidagi ma’lumotlar qayd etilgan. Ahmad ibn Hafs, Nasr ibn Husayn kabi iroqlik bir qancha olimlar uning shogirdlaridan bo‘lgan. Alloma Ismoil ilm olish va uni tarqatish bilan bir qatorda tijorat ishlari bilan ham shug‘ullangan.
Manbalarda zikr qilinishicha, Ismoil Buxoriy o‘ta taqvodor, xudojo‘y, odil inson bo‘lgan. Tarixchi Ahiyd ibn Hafs: “Abu Muhammad (Imom Buxoriyning otasi) bandalikni bajo keltirayotgan mahal uni ziyorat qilishga borganimda, menga: “Bor molu dunyoimdan na harom yo‘l bilan, na shubhali, nopok yo‘l bilan topilgan bir dirhamni ham bilmayman”, deb iltijo qilganida nafasim bo‘g‘ilib, bor vujudim uning ulug‘vorligi oldida arzimas bir narsadek tuyuldi,” deb yozgan.
Shuningdek, manbalarda Imom Buxoriyning otasi Ismoilga xos bo‘lgan yana bir talay insoniy fazilatlar zikr etilib, bunday xususiyatlar o‘sha davrdagi kamdan-kam insonlarda uchragani haqida ham qayd qilinadi. Buyuk shoir va mutafakkir Abdurahmon Jomiy ham “Batho (Makka atrofidagi tepaliklar nomi) va Yasribda (Madinada) yasalgan tanganing sayqali Buxoroda kamoliga yetdi,” degan so‘zlari orqali mana shunday taqvo va ilm bilan ziynatlangan nasab ortidan Buxoroi sharifda buyuk muhaddis Imom Buxoriyning yetishib chiqqaniga ishora qiladi.
Buyuk muhaddisning onasi ham taqvodor, diyonatli va oqila ayol bo‘lganlar. Uning asl ismi manbalarda uchramaydi, chunki u taqvodorligi va ko‘p ibodat qilishi, ilmli va oqilaligi bilan tanilgani sababli el orasida asl ismi unutilib, karomat sohibasi sifatida “Duosi mustajob ayol” nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan. Imom Buxoriyning ulug‘ alloma bo‘lib yetishishida otasining taqvosi-yu onasining ixlos ila qilgan duo-yu ibodatlarini juda katta o‘rni bor.
Tug‘ilganida ota-onasi Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ismlaridan tabarrukan go‘dakning ismini Muhammad deb qo‘yyadi. Oradan bir necha yil o‘tib, yosh Muhammadning otasi Ismoil vafot etadi. Imom Buxoriy to‘rt yoshlar atrofida ko‘zi jarohatlanib, ko‘rish qobiliyatini yo‘qotadi va tabiblar harchand urinmasin, uni davolay olmaydi.
Shu o‘rinda Imom Buxoriyning onasi timsolida buyuk jasoratni hamda boshqa ayollarga yuksak namuna bo‘ladigan ulkan bir matonat namoyon bo‘ladi. Ham turmush o‘rtog‘idan ayrilgan, ham farzandiga yetgan bunday musibatdan yosh Muhammadning onasi o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Aksincha, kunduzlari o‘g‘lining ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanib, uni ilm olishga rag‘batlantirar, tunlarini ixlosu ibodat bilan bedor o‘tkazib, Yaratgandan o‘g‘lining ko‘z nurini qaytarishni tinmay iltijo qilib so‘rar edi.
Darhaqiqat, ota-bobolarimiz “Ona farzand uchun eng birinchi va oliy madrasadir,” deb to‘g‘ri aytgan. Oqila ayolning tarbiyasi bilan ko‘zi ojiz bo‘lishiga qaramasdan yosh Muhammadning ilmga, ayniqsa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislarini yod olishga rag‘bati kundan kun oshib bordi.
Kunlardan bir kuni onasi tushida Ibrohim alayhissalomni ko‘radi. U zoti sharif bu mushfiqa onaga qarab: “Ey volida! Sening behisob duolaring sharofatidan Alloh taolo o‘g‘lingga mukammal ko‘rish qobiliyatini qaytardi”, deya xushxabar aytadi. Uyqudan uyg‘onib o‘g‘lining qaroqlarida nur jilvalanib, ko‘zlariga olam qaytadan nurafshon bo‘lib turganini ko‘radi. Oqila ona Alloh taologa shukrona ibodatini qilib, farzandlari haqqiga uzundan uzun duolar qilib tong ottiradi.
Bu haqda Abu Ali G‘assoniy bunday deydi: “Muhammad ibn Ismoil yoshligida ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan. Onasi taqvodor ayol bo‘lib, tushida Ibrohim Halilullohni ko‘rganida, ul zot: “Behisob duolar qilib yig‘laganingdan Alloh taborak va taolo o‘g‘lingning ko‘zini qaytardi”, deydi. Ona: “Ertalab uyg‘onib Alloh o‘g‘limga ko‘zini qaytarganini ko‘rdim”, degan”.
Avval yashab o‘tgan ulug‘ donishmandlarimiz: “Har bir buyuk inson ortida bir ayol bor”, deb bejiz aytmagan. Darhaqiqat, Imom Buxoriyning buyuk alloma bo‘lib yetishishida onai mehribonining boshqa onalarga namuna bo‘ladigan darajadagi buyuk xizmatini alohida e’tirof etmoq va ismidan sifati mashhur bo‘lib ketgan bu muhtarama Ayolning hayot yo‘lini bugungi kun onalarga ibrat qilib ko‘rsatmoq kerak.
Muqaddas dinimiz ta’limoti asosida ta’lim-tarbiyani ibodat darajasidagi amal deb bilgan bir onaning beqiyos xizmati sababli bugun butun olam musulmonlari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislaridan, eng sahih rivoyatlardan bahramand bo‘lib kelmoqda. Bir zabardast, fidoyi ona sababli yetishib chiqqan Imom Buxoriydek farzandning qoldirgan bebaho 20dan ziyod asarlari asrlar osha, bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda. Alalxusus, bu muhaddis allomaning “Al-Jomi’ as-sahih” hadis to‘plami butun dunyo musulmonlari tomonidan hadis ilmi sohasida eng muhim manba sifatida e’tirof etilgan.


N.Qobilov,
Imom Buxoriy xalqaro
ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi.

[1] Al-Muborakfuriy. Siyrat, 6-bet

 

 


 

Qo‘shimcha malumot

Ortga surmang
Keyinga qoldirish shayton qo‘llagan yo‘l hisoblanib, u bu bilan musulmonni yo‘ldan ozdirishni maqsad qiladi. Chunki shayton mo‘minni dindan voz kechtirolmasligini,...
Hastimom Abu Bakr Qaffol Shoshiy – mehr-saxovat sohibi
Ko‘hna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom (Hastimom) ziyoratgohi poytaxtning bosh yodgorlik majmualaridan biri sanaladi. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy...
Sof e’tiqod dushmanlari
Tinchlik, millatlar va dinlararo bag‘rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi dinimiz nomiga dog‘ tushirgan, butun dunyo...

Izoh qoldirish

Izohlar

03.02.2024 22:53
Zoʻr ma'lumotlar ekan.Lekin keraklisini topolmadim
03.02.2024 22:52
👍👍🤲🤲
07.01.2024 17:31
👍
07.01.2024 17:28
👍🤲
Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry