24.09.2021
450

MAHMUD ZAMAXSHARIY

Tafsir ilmiga oid «Kashshof an haqoiq g‘avomiz tanzil va uyun aqovil fi vujuh ta’vil» («Qur’ondagi berk haqiqatlar ochkichi va ta’vil yo‘llari haqidagi rivoyatlar ko‘rsatkichi») nomli mashhur asar muallifi hijriy Abul Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Umar Xorazmiydir. Olim 467 yil Rajab oyining 27-kuni, milodiy 1075 yil 18 mart kuni Xorazmning Zamaxshar qishlog‘ida tavallud topgan.

Alloma haqidagi ma’lumotlardan ma’lumki, uning bir oyog‘i yog‘ochdan bo‘lib, tarixchilar bu haqda: «Bir oyog‘i yog‘ochdan edi va uzun yaktagini tushirib kiygani uchun ko‘rgan odam uni cho‘loq deb o‘ylardi» – deb yozganlar. Og‘ir illat tufayli u yoshligidan bir oyoq bo‘lib qolgan va shundan so‘ng otasi uni endi og‘ir mehnatga yaramaydi, deb kiyim tikuvchi ustaga shogirdlikka bermoqchi bo‘ladi. Biroq yoshligidan ilmga havasmand o‘sgan Mahmud otasidan o‘zini madrasaga o‘qishga yuborishni so‘raydi. O’g‘lidagi ilmga bo‘lgan zo‘r ishtiyoq va havasni sezgan otasi uni madrasaga beradi.

Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalari bilan qiziqib, tolibi ilmlar orasida zo‘r iste’dodini namoyon qila boshlaydi. U madrasada o‘qitiladigan ilmlarni, ayniqsa, arab tili va adabiyoti, diniy ilmlarni puxta egallashga kirishadi, o‘sha davrda ilm ahli orasida qadrlangan xattotlik san’atini ham mukammal egallab, o‘z tirikchiligini birqadar tuzatadi. So‘ng, arab tarixchisi va biografi ibn Xallikonning yozishicha, talabalik yoshiga yetgach, bilimini yanada oshirish, har tomonlama kamol toptirish maqsadida Buxoroga yo‘l oladi.

Imom Zamaxshariy tafsir, hadis, nahv, lug‘at, adabiyot, geografiya kabi ilmlarda katta shuhrat qozongan. Ushbu sohalarga oid uning 70 ta asari borligi va 40 dan ortiq asarining jahon qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgani aytiladi. 

Mahmud Zamaxshariy Buxoro, Marv, Nishopur, Isfahon, Damashq, Bag‘dod, Hijozga sayohat qiladi. Makkada Zamaxshariy “Kashshof” asarini nihoyalaydi. U bu tafsirni yozishdan avval Qur’oni karimga bag‘ishlab yaratilgan ko‘plab tafsirlarni o‘rgangan.

1118 yili Zamaxshariy og‘ir dardga chalinadi, bu kasallikdan tuzalgach esa hukmdorlar xizmatiyu mansab va mol-dunyo ta’masidan mutlaqo voz kechadi, qolgan umrini faqat ilm-fanga bag‘ishlashga, asarlar ta’lif etishga astoydil qaror qiladi. Olim 1143 yilda vafot etgan.

Adib ko‘p asarlarini Makkaligida yaratadi. O’z hayotida chuqur iz qoddirgan Makkada Zamaxshariy besh yilcha yashaydi. Shu boisdan u Jorulloh («Ollohning qo‘shnisi») degan sharafli laqabga muyassar bo‘ladi.
O’z davrining yirik olimi darajasiga ko‘tarilgan Zamaxshariyning Xorazmda ham, Sharqning boshqa ko‘pgina shaharlarida ham ko‘pdan-ko‘p shogirdlari bo‘lgan, alloma ko‘p vaqtini o‘shalarga bag‘ishlardi. U qarindosh-urug‘larining qiyin-qistovlariga qaramasdan, hayotida biror marta ham uylanmagan. Ilmiy asarlar yaratish va munosib shogirdlar tayyorlashni farzand o‘stirishdan a’lo deb hisoblagan.

“Kashshof” tafsiri

Allomaning mazkur tafsiri juda qimmatli asar sanaladi. Unda Qur’onning balog‘at, fasohat tomonlarini juda nozik uslubda nahv, sarf, lug‘at, she’r ilmlariga tayanib, so‘zlarning bir nechta ma’nolarini keltirib o‘tgan. Alloma shu tariqa oyat mazmunini zo‘r mahorat bilan ochib bergan. Asar o‘zidan keyingi ko‘plab tafsir kitoblariga manba vazifasini o‘tagan. 

«Kashshof» Zamaxshariy Makkada turgan paytida, uch yil davomida (1332–1334) yozilgan.

Zamaxshariy oyatlarni avval grammatik jihatdan tahlil etib, so‘ng yetti turdagi qiroatlardan foydalangan holda zaif qiroatlarni aniqlagan, o‘qilishiga ko‘ra so‘z ma’nosining o‘zgarishini ko‘rsatgan. Tafsirda olimning ham o‘z ijtihodini ishlatishini ko‘rish mumkin. 

U ko‘proq Ibn Abbos, Ibn Mas’ud, Anas ibn Molik, sahobalar so‘zlari va ularning qiroatlaridan, Mujohid, Abul Oliyalar kabi tobiinlar rivoyatlaridan istifoda etgan. 

Zamaxshariy fiqhiy masalalarni Abu Hanifa mazhabiga ko‘ra yechishi bilan birga ko‘pincha boshqa faqih mujtahidlarning so‘zlari, ijtihodlaridan keltirib o‘tadi.

U Ibrohim an-Naxa’iy, Omir Sha’biy kabi sahobiylardan keyin yashagan faqihlardan shuningdek, ulardan keyingi davr faqih, mujtahidlaridan Abu Hanifa Abu Yusuf, Shofe’iy, Molik, Avzo’iylarning so‘zlarini keltiradi. 

Ba’zan faqihlarning biror bir fiqhiy masala bo‘yicha turlicha qarashlarini ketma-ket keltirib o‘tadi. Oyatlarni sharhlash asnosida mavhumlikni ketkazish uchun ko‘plab savollar berib, keyin ularga o‘zi javob bergan. Shu tariqa unda savol-javob uslubi boshqa tafsirlarga nisbatan ko‘p qo‘llanilgan.

Demak, «Kashshof» Qur’on tafsirlari ichida arab tili imkoniyatlaridan kelib chiqib, eng puxta sharhlangan, balog‘at va fasohat qoidalari maromiga yetkazib berilgan, mukammal asar hisoblanadi. Unda ochiq uslubdagi savol-javoblar qo‘llanilgan. Hatto ushbu tafsir haqida ulamolar: «Kashshof» bo‘lmaganida Qur’oni karimning ma’nolari kashf bo‘lmay qolardi, deydilar.

«Kashshof»dan ko‘plab mufassirlar o‘z tafsirlarini yozishda foydalanganlar, jumladan Nasafiy, Bayzoviy kabilarni, shuningdek Xoja Muhammad Porsoni ham aytib o‘tish mumkin. 

Nemis sharqshunosi qarl Brokkelman dunyoning turli qo‘lyozma xazinalarida «Kashshof»ning yuzga yaqin qo‘lyozmalari va asarning o‘ziga bitilgan yigirmadan ortiq sharh va hoshiyalar borligi haqida yozishi Zamaxshariy asarining katta shuhratidan dalolat beradi.
Qohiradagi butun dunyoga mashhur Azhar diniy dorulfununining talabalari ham Zamaxshariyning «Kashshof» asari asosida Qur’onni o‘rganadilar.

Qo‘shimcha malumot

ABUL BARAKOT NASAFIY
Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy o‘z davrida tafsir, aqida, fiqh va usul fiqh ilmlarining yetuk peshvosi sifatida...
YA’QUB CHARXIY
Ya’qub ibn Usmon ibn Muhammad Charxiy tasavvufning atoqli shayxlaridan, Bahouddin Naqshbandning to‘rtinchi xalifasi, Xoja Ahror Valiyning ustozi bo‘lgan. Milodiy 1363...
ALOUDDIN SAMARQANDIY
Islom dini Movarounnahrga kirib kela boshlagan davrdan boshlab turli diniy ta’limotlar, kalom maktablari o‘lkamizda tarqala boshladi. Ular orasida Abu Hanifa...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry