24.09.2021
451

MUHAMMAD HAKIM TERMIZIY

Insoniyat tarixidagi o‘zgarmay saqlangan yagona kitob Qur’oni karimdir. Ana shunday ilohiy Kitobga yuzlab sharhlar yozilgan. Ulardan birinchilaridan Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali Hakim Termiziy (taxm. 820-932) tomonidan yozilgan tafsir kitobidir. 

U zot onasi va ona tomonidan bo‘lgan bobosidan hadis rivoyat qilishi oilaviy muhitining qanchalik ilmu irfonga yo‘g‘rilganligini namoyon etishga kifoya qiladi. Shuning uchun u zot yoshlik va yigitlik yillaridanoq Qur’oni karimga alohida muhabbat ruhida tarbiya topdi. 

Hakim Termiziy chamasi yigirma yetti yoshlarida haj safariga chiqqani haqida so‘zlar ekan, jumladan, quyidagilarni yozadi: “Hajdagi bu vaqtlarda multazam (Ka’baning hajarul asvadga yonma-yon bo‘lgan eshigi) oldida turib, Allohdan meni isloh qilishini va dunyoda zohid etishini hamda O’zining Kitobini yod olish bilan rizqlantirishini so‘radim. Shundan boshqa hojatlarimni so‘rolmasdim... Hajdan qaytdim. Batahqiq, menga yo‘lda Qur’onni hifz qilish shavqi beril. Shu sabab yo‘lda undan bir miqdorini yod oldim. Qachonki Vatanga yetganimda Alloh menga buni o‘z xayru saxovati bilan oson qildi, hatto bu ishni nihoyasiga yetkazdim. Endi Alloh Qur’on qiroati bilan meni tuni bilan qoyim qildi, men esa uning qiroatidan malollanmas edim. Nihoyat, men uning halovatini topdim”. 

Hakim Termiziy Qur’oni karimni nafaqat o‘qish, balki uni jismu joniga singdirib olishdek ulug‘ darajaga yetgan. Shuning uchun u zotning barcha asarlarida oyatlar va ularga berilgan izohlarni juda ko‘plab uchratish mumkin bo‘ladi. 

Demak, olim deyarli barcha asarlarida tafsirlardan keng foydalangan ekanlar. Shu ma’noda u zotning Qur’oni karimga aloqador asarlari sifatida quyidagilarni qayd etish mumkin:

1. “Tahsilu nazoir al-Qur’on” (Qur’ondagi so‘zlarning turlicha ma’nolarini o‘rganish) asari. Ushbu asarda Qur’ondagi 81 ta kalimaga batafsil to‘xtalgan. Kitob vujuh va nazoir, ya’ni Qur’ondagi bir so‘z turli o‘rinlarda har xil ma’noda qo‘llaniladi. Masalan, al-huda, ya’ni hidoyat so‘zi bir o‘rinda “duo”, boshqa bir o‘rinda esa “ma’rifat” deya tafsir qilinadi. Demak, nazoir bu bir lafz (so‘z)ning turli o‘rinlarda kelishi bo‘lsa, ushbu so‘zning har xil ma’noda ishlatilishi vujuh deyiladi. Shu ma’noda “hidoyat” so‘zining turli o‘rinda kelishi “nazoir” (o‘xshash), uning turlicha tafsirlari esa “vujuh”dir. Shu tariqa olim Qur’ondagi 81 so‘zga to‘xtalib o‘tgan. 

2.      “Al-Amsal minal kitab vas sunna” (Qur’on va Sunnatdagi masallar) asari. Bu asar  Qur’on ilmlarining muhim bir tarmog‘i bo‘lgan “Ilm al-amsal al-Qur’on” (Qur’ondagi misollar ilmi) yo‘nalishida bitilgan. Qur’oni karim ma’nolarini insonlar chuqurroq anglashlari uchun ular tushunadigan voqea-hodisalar yoxud narsalar orqali misollar keltirilgan va ularni o‘rganish alohida ilmiy yo‘nalish sifatida shakllangan. 

Termiziy bu masalalarda oyat va hadislarda kelgan misollardan ta’sirlangan va ularni asos qilib olgan holda, o‘z asarlarida tegishli mavzuni e’tibordan chetda qoldirmagan. Nomi keltirilgan asarida Termiziy misollar keltirish haqidagi oyatlardan namunalar keltiradi: “Alloh odamlarga misollarni keltirur. Alloh har bir narsani o‘ta bilguvchidir” (24/35), “Sizga misollar keltirmadikmi?” (14/45), “U (Alloh) sizga o‘zingizdan misol keltirdi” (30/28), “Ushbu misollarni odamlarga keltirurmiz, shoyadki ular fikr (tafakkur) yuritsalar” (59/21) va deydi: “So‘ngra bilginki, misollar keltirish ashyolar unga g‘oyib yoki yashirin holda bo‘lganlar (ya’ni, g‘aybiy va fahmiy masalalarni anglatish) uchundir. Kishilar ulardan ashyolar yashirin qolgani sababli misollar keltirilishiga muhtojdirlar. Ular o‘zlari uchun g‘ayb bo‘lgan narsalarni idrok etishlari uchun Alloh ularga o‘zining huzuridagi narsadan emas, balki o‘zlaridan va o‘zlarining huzurlaridagi narsalardan misollar keltirdi”, “zero, Alloh misoli yo‘q Zotdir” (“U zotga o‘xshash hech narsa yo‘qdir” (42/11), “Allohga zarbul masal keltirmanglar!” (16/74). “Misollar- ko‘zlar va quloqlardan g‘aybda bo‘lgan narsalar uchun keltiriladigan hikmat namunalari bo‘lib, jonlar o‘zlari idrok etgan narsalarini ko‘z bilan ko‘rib turgandek bo‘lishiga yo‘l topishi uchundir”. Qur’onda misollarni tushungan kishilar olimlar deyilgan (“Ushbu misollarni Biz odamlar uchun keltirurmiz. Lekin ularga olimlardan o‘zgalarning aqllari yetmas” (29/43). 

Misollar, shuningdek, qalblar va nafslar uchun oyna bo‘lib, u zohiriy-tashqi ko‘z va quloqlar bilan botiniy-ichki (qalbdagi) ko‘z va quloqlar orasini bog‘lovchi muhim vositadir hamda ushbu misollar nafsga ham yetib borishi, ya’ni, unga ta’sir ko‘rsatishi uchun kishi tarbiya bosqichlaridan o‘tishi lozim.

Hakim Termiziy ushbu asarida uch tur misollarni tahlil etgan. Qur’on oyatlarida kelgan masalalar birlamchi o‘rinda bo‘lsa, hadisi sharifdagi misollarga ham to‘xtalib o‘tilgan. Shuningdek, uchinchi turda yuqoridagi ikki manbadan ta’sirlangan holda o‘zi ham ayrim misollarni keltirishga keng o‘rin bergan. Chunki Alloh va Uning Rasuli bu ilmni ko‘rsatib berayaptimi, demak, unga ergashish hamda eng asosiysi: bilish va bildirish masalasida bu uslubni qo‘llash mumkin va kerak! 

Shu tariqa Hakim Termiziy misollar keltirish ilmiga asos soldi. Keyinchalik G’azzoliy ham o‘z ijodida bunga keng yo‘l ochdi.

3. Tafsir. Ushbu asar “Fotiha” surasining tafsirini to‘liq o‘z ichiga olgani holda “Baqara” surasi ham sharhlangan. Biroq ushbu sura tafsiri tugallanmay qolgan. 

Tafsirda oyatlari boshqa oyatlar, hadisi shariflar, o‘tgan olimlarning so‘zlari bilan ham tafsir qilingan. Unda ayrim adashgan firqalarga raddiyalar ham mavjud. Shuningdek, oyatlarning grammatik tahlili bilan birga tilshunoslik asoslari va hikmatlari ham mujassam. 

Hujviriy va Navoiy kabi mualliflarning ta’kidlashlaricha, Hakim Termiziyning ushbu asari umrining oxirida bitilgan bo‘lib, tugallanmay qolgan. Ushbu nodir asar dunyo tadqiqotchilari tomonidan bugungi kungacha “yo‘qolgan” deb kelinayotgan edi. Ammo izlanishlar davomida ushbu tafsir Turkiyaning Burdur shahridagi Milliy kutubxonadan topildi. U 70 varaq, 139 betdan iborat. Qo‘lyozma unvoni “Kitab fiyhi tafsir as-sura al-fatiha va oyat min suro al-baqara” (Fotiha va Baraqar surasining ayrimlarini o‘z ichiga olgan kitob) deb nomlangan. 

Ta’kidlash lozimki, ushbu asar Movarounnahr diyorida bitilgan ilk yozma tafsirlardan biri ekanligi bilan nihoyatda ulkan ahamiyat kasb etadi. U yurtimizda mukammal tafsir bitish va oyatlarni so‘zma-so‘z tafsir qilishni boshlab berish yo‘nalishi nuqtai nazaridan hozirgi kungacha bizga ma’lum bo‘lgan yozma tarzdagi ilk manba deyish ham mumkin.

O’z davrida mufassir olim Imom Qurtubiy (vaf. 1273) o‘zining “al-Jome’ li-ahkom al-Qur’on” tafsirida yuqoridagi kitobdan ko‘p foydalangan ekan. 

4. “Mushkil al-Qur’on” (Qur’onning nozik jihatlari) asari. Aynan Qurtubiy Hakim Termiziyning yana bir asari haqida ma’lumot beradiki, u ham bo‘lsa, bugungi kungacha Hakim Termiziy tadqiqotchilari bu olimning asarlari ichida qayd etmagan “Mushkil al-Qur’on” asaridir. Ushbu asar qo‘lyozmasi hozircha topilmagan bo‘lsa-da, uning nomidan asar Qur’ondagi ayrim nozik masalalarga bag‘ishlangan.

Aytish mumkinki, Muhammad Hakim Termiziy Movarounnahr tafsir maktabining shakllanishi va uslub jihatdan o‘z yo‘lini topishida alohida o‘rin tutuvchi shaxslardan biridir. Zero, Movarounnahr tafsir maktabi tafsir yo‘nalishida oyatlarni so‘zma-so‘z va islom ilmlar nuqtai nazaridan keng tahlil etishni boshlab bergan asosiy yo‘nalish sanaladi.

Qo‘shimcha malumot

ABUL BARAKOT NASAFIY
Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy o‘z davrida tafsir, aqida, fiqh va usul fiqh ilmlarining yetuk peshvosi sifatida...
YA’QUB CHARXIY
Ya’qub ibn Usmon ibn Muhammad Charxiy tasavvufning atoqli shayxlaridan, Bahouddin Naqshbandning to‘rtinchi xalifasi, Xoja Ahror Valiyning ustozi bo‘lgan. Milodiy 1363...
ALOUDDIN SAMARQANDIY
Islom dini Movarounnahrga kirib kela boshlagan davrdan boshlab turli diniy ta’limotlar, kalom maktablari o‘lkamizda tarqala boshladi. Ular orasida Abu Hanifa...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry