24.09.2021
497

ABDULHAMID KESHIY

Movarounnahrda tafsir ilmining keng rivoj topganini mahalliy mufassirlarning ilmiy merosi ham isbotlaydi. Bulardan biri “Abd ibn Humayd” nomi bilan mashhur bo‘lgan muhaddis Abu Muhammad Abdulhamid ibn Humayd ibn Nasr Keshiy (786-863). 

Bu alloma «Hofiz hadis (Hadislar bilimdoni), «Sohib musnad kabir» (Musnad kabir asarining muallifi») va «Sohib tafsir kabir» (Tafsir kabir asarining muallifi) kabi nomlari bilan mashhur bo‘lgan. Shuningdek, «Imom», «Hofiz» (hadislarni ko‘p yodlagan), «Hujjat», «Javvol» (ko‘p sayohat qilgan kishi) kabi yuksak laqablar bilan e’tirof etilgan. Abdulhamid Keshiy Movarounnahrdan yetishib chiqqan dastlabki ulug‘ muhaddis, mufassir, faqih va arab tili bo‘yicha boy asarlar qoldirgan allomalardan bo‘lgan. 

Abdulhamid Keshiyning otasi, bobosi ham o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan ilmli kishilaridan bo‘lganligi manbalarda qayd etilgan. Bobosi haqida Muhammad ibn Abddan shunday ma’lumot keltirilgan: «Bobom Humayd ibn Nasr har sohada: arab tili, aruz, nazm va boshqa ilmlar bobida bilimli kishi edi, shuningdek, u kishi adib, qori ham bo‘lgan. Qur’oni karimni g‘oyatda chiroyli qiroat qilar hamda odamlarga ham tilovat qilishdan ta’lim berar edi. Bobom Qur’oni karimni tunda bir marta va kunduzi bir marta xatm qilar edi. U kishi, taxminan, o‘ttiz yil davomida har kuni ro‘za tutgan, men uning faqat ikki hayit va hayitdan keyin uch kun, tashriq kunlari ovqatlanganligini ko‘rganman, xolos. Men uning tunda ham, kunduzi ham uxlagan hollarini ko‘rgan emasman. Agar uning ko‘zlariga uyqu g‘olib kelsa, yonboshlab olmasdan, o‘tirgan holida biroz mizg‘ib olardi. Uyga faqat bir zarurat ish yuzasidan yoki tahorat olish uchungina kirardi. Boshqa vaqtlarda uzluksiz masjidda bo‘lar edi. Nihoyatda taqvoli, parhezkor inson edi». 

Abd ibn Humayd Keshiy ilm talabida dunyoni kezib, yuzdan ortiq ustozlardan ta’lim olganligi, so‘ng o‘z ona yurti Movarounnahrga qaytib faoliyat olib boranligi, ko‘plab shogirdlar yetishtirganligi ma’lum.

Manbalarda uning hayoti va ilmiy faoliyati haqida ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan. Olim “Musnad kabir”, “Tafsir”, “Sulosiyot” kabi asarlar muallifi bo‘lib, u 55 dan ortiq shayxlardan hadis rivoyat qilgan. Eng mashhur ustozi Yazid ibn Horun, Abdurazzoq ibn Humom San’oniydir. Sharqshunos olim S.Prozorov uni “... asli Bag‘dodlik, Keshda yashagan muhaddis”, u Imom Buxoriyning ustozi bo‘lib, kunlarini masjidda ibodat bilan o‘tkazib, faqat tunda uni tark etishini aytib, o‘ta taqvodor bo‘lganligini qayd etib o‘tadi.

Abd ibn Humaydning Movarounnahr va Xuroson shaharlaridan chiqqan ko‘plab shogirdlari bo‘lgan, eng mashhur shogirlari Imom Muslim bo‘lib, Keshiydan 372 ta hadis rivoyat qilgan. Imom Termiziy 180 ta, shuningdek, Imom Buxoriy  ham undan bir necha hadis naql qilgan.

Abd ibn Humayd Keshiy tafsiri

Abd ibn Humayd Keshiy Movarounnahrdagi dastlabki muhaddislardan sanalgan va uning tafsiri ham asosan hadislardan iborat bo‘lgan bo‘lgan. Tafsirning bu turi tafsir ilmida “naqliy tafsir” deb ataladi. 

Ushbu tafsir kitobi 2004 yilda Maxlaf Banih tomonidan o‘rganilgan va “Qit’atun min tafsiril imom Abd ibn Humayd” (“Imom Abd ibn Humaydning tafsiridan bir parcha”) nomi bilan bir jildda, 137 sahifa holida, Dor Ibn Hazm nashriyotida chop etilgan. 

Tadqiqotchi Maxlaf Banihning ta’kidlashicha, Madina munavvaraga safar uyushtirgan paytida u yerdagi qo‘lyozma kitoblar orasida, Ibn Abu Hotam tafsirini topadi. Mazkur qo‘lyozma kitobi hoshiyasida esa, Abd Ibn Humayd Keshiyning tafsirini o‘rganadi va nashr ettiradi. Ushbu kitob hoshiyada yozilgani sababli ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolgan. 

Tafsir Oli Imron va Niso suralari sharhidan iborat. Buyuk ajdodimizning tafsirga bag‘ishlangan ushbu kitobini tarjima qilib, nashr etish ham mumkin bo‘ladi.

Hofiz ibn Hajar Asqaloniy o‘zining “Ajaib fi asbabin nuzul” kitobida Abd ibn Humayd Keshiy tafsirini 4 ta buyuk tafsir, ya’ni Ibn Jarir Tabariy, Ibn Munzir, Ibn Abi Hotam tafsirlari qatorida sanab o‘tadi. Bu to‘rt tafsir islom olamida ma’lum va mashhur bo‘lgan dastlabki asarlardan edi.

Abd Ibn Humayd Keshiy o‘z tafsirida Sai’d ibn Jubayrdan quyidagi  rivoyatni keltiradi: “Ka’baning atrofida 360 ta but bo‘lardi. Arab qabilalaridan buti yoki ikki butlari bo‘lardi. Alloh taolo: “Alloh adolat ila turib, albatta, Undan o‘zga iloh yo‘qligiga shohidlik berdi...”  oyatini nozil qildi. U dedi: “Shunda barcha but va sanamlar Ka’bada yuz tuban hollarida yiqildilar”.

Abd Humayd Keshiydan quyidagi rivoyatlar keltiriladi: Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytadilar: “Bolalaringizga odob beringizlar va odoblarini chiroyli qilingizlar!”. Farzandlarga chiroyli odob berish ota-onalar zimmasidagi mas’uliyat ekanligi ushbu hadisdan ko‘rinib turibdi. 

Yana bir rivoyatda Abdulhamid Keshiy Abu Hurayradan naql qiladi: «Abu Bakr Siddiq  Rasululloh (s.a.v.) bilan birga o‘tirgan edi. Bir kishi kelib, ularni haqorat qila boshladi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) jilmayib jim turdilar. Haqorat qilishda haddidan oshgach, Abu Bakr ham unga javob qaytarish va to‘xtatish uchun o‘rnidan turdi. Bundan keyin Rasululloh (s.a.v.) g‘azablanib o‘rnilaridan turib ketdilar. Abu Bakr: «Ey Rasululloh (s.a.v.)! U meni haqorat qilib turganda, siz tabassum qilib, jim turdingiz. Men uni to‘xtatish uchun turganimda g‘azablanib, o‘rningizdan turib ketdingiz», – dedi. Rasululloh (s.a.v.): “Farishtalar sizni o‘rningizdan javob berib turgan edi. Siz ham unga javob qaytarishni boshlaganingizda farishtalar ketib, o‘rniga shayton keldi. Men shayton bor joyda o‘tirmayman», – dedilar”. 

Niso surasi 10-oyatida “Albatta, yetimlarning molini zulm ila yeganlar...”, deyiladi. Ushbu oyatni tafsir qilishda Humayd Keshiy Bizga Yunus xabar berdi, u Shaybondan, u Qatoda (r.a)dan Albatta, yetimlarning molini zulm ila yeganlar...” oyati nozil bo‘ldi. Bizga Nabiy (a.s) shunday deganlari zikr qilindi: “Alloh taologa ikki zaifdan taqvo qiling. Ey, Allohning Rasuli Ikki zaif kim? dedilar. Nabiy (s.a.v): “Yetim va ayol kishidir. U yetim qoldirildi, unga meros qoldirildi. (Yetimlik bilan) u sinaldi. U (etim qolgan bilan) sinaldilar” dedi. Bu masalani insonlar o‘zlarining o‘sha bolalarini yetim qoldirib vafot etgan otaning o‘rniga qo‘yib ko‘rishlari bilan yetimlarning haqqidan qo‘rqishga chaqiradi.

Qur’oni karimni tushunish, oyatlar mazmuniga anglash, islomni sof holatida bilish insoniyatni kamolotga yetaklaydi. Bugungi zamonning  ko‘plab ijtimoiy-axloqiy muammolariga javob topishda Qur’oni karimning, xususan tafsirlarning ahamiyati beqiyosdir. Ayniqsa, naqlga asoslangan tafsirlar o‘zida ishonchli ma’lumotlarni jamlaganligi sababli insonlarning to‘g‘ri yo‘l topishlarida o‘ziga xos o‘ringa egadir. Qur’on va hadislar insonlarni go‘zal axloq va yuksak insoniy fazilatlarga chaqirishi, insonlarga o‘zaro hurmat, bir-birlarining haqlaridan ehtiyot bo‘lishlari, qarindosh-urug‘chilik, qo‘ni-qo‘shnichilik, do‘st-birodarlik rishtalarini mustahkam bog‘lashga chaqiruvchi hayotiy qo‘llanma sifatida bir necha ming yillardan beri foydalaniladi.

Qo‘shimcha malumot

ABUL BARAKOT NASAFIY
Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy o‘z davrida tafsir, aqida, fiqh va usul fiqh ilmlarining yetuk peshvosi sifatida...
YA’QUB CHARXIY
Ya’qub ibn Usmon ibn Muhammad Charxiy tasavvufning atoqli shayxlaridan, Bahouddin Naqshbandning to‘rtinchi xalifasi, Xoja Ahror Valiyning ustozi bo‘lgan. Milodiy 1363...
ALOUDDIN SAMARQANDIY
Islom dini Movarounnahrga kirib kela boshlagan davrdan boshlab turli diniy ta’limotlar, kalom maktablari o‘lkamizda tarqala boshladi. Ular orasida Abu Hanifa...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry