23.03.2023
198

YOSHLARNI IJTIMOIY ILLATLARDAN ASRASH

Ma’lumki, bugungi kunda mafkuraviy tahdidlar aholining ma’lum bir qatlamlari, ayniqsa, yoshlarning qarashlarini o‘zlariga ma’qul bo‘lgan yo‘nalishda o‘zgartirish, ekstremizm, axloqsizlik kabi buzg‘unchi g‘oyalarni singdirishga uringan ko‘rinishlarda sodir bo‘lmoqda. Hozirgi tahlikali zamonda internet tarmog‘i orqali tarqatilayotgan g‘arazli ma’lumotlar, turli buzg‘unchi g‘oyalar, odob-axloqni yemiruvchi manfur illatlar har bir ongli kishini tashvishga solishi aniq. 

G‘alamis kimsalar yoshlarni o‘z tuzoqlariga ilintirishda internetdan ustalik bilan foydalanmoqda. O‘zlarini «yaqin do‘st» yoki «hidoyatga chorlovchi» sifatida tanitib, yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itmokda. Aslida, ularning din va shariat haqida umuman ilmlari yuq, faqatgina to‘da boshidan yodlab olganlarini takrorlashdan nariga o‘tmaydilar. Boshqa tomondan qaraganda, ular bu johilligi bilan boshqalarni ham jar yoqasiga tortayotgani va kimningdir nog‘orasiga uynayotganini bilmaydilar. Bundaylar avval dinu diyonat, ibodat, jannat haqida turli jozibali so‘zlarni gapirib, g‘o‘r yoshlarni yo‘ldan urib, oxir-oqibatda, razolat qurboniga aylantirmoqda.

Internetdan olingan narsa to‘g‘ri, ishonchli va zararsiz ekanini bilish kerak. Yaxshi-yomonning farqiga bormagan yoshlar internet orqali tarqatilgan har qanday ma’lumot-xabarlarni haqiqat deb qabul qilayotgani jiddiy xavotirga soladi.

Islom talimoti buzg‘unchilikni, odamlar qalbiga vahima, dushmanlik va fitna urug‘larini sochishni qattiq qoralaydi. Ma’lumki, so‘nggi yillarda dinni o‘zlariga niqob qilib olgan oqimlar, toifalar paydo bo‘ldi. Ular g‘arazli maqsadlari yo‘lida jamiyatda buzg‘unchilik, begunoh odamlar qonini nohaq to‘kish kabi jinoyatlarni avj oldirib, fuqarolar tinchligini buzib, xalq orasida nizo chiqarishga harakat qilishmoqda.

Sarhadsiz internet dunyosiga kirgan shaxs vaqt, umr g‘animat ekanini doimo yodda saqlamog‘i lozim. Zero, bu global tarmoq bepoyon hududlarga ega bo‘lib, unda inson adashib soatlab, kunlarini samarasiz o‘tkazib yuborishi mumkin.

Milliy kadriyatlarimiz yoshlarni barcha yomonliklardan saqlanadigan, yaxshi amallarni qilishga rag‘bat qiladigan, vijdonli, o‘ta sezgir, irodasi mustahkam, aqli sog‘lom, xulqi chiroyli, jismi baquvvat, jamiyatga naf keltiruvchi, oilasi, mahallasi, vatanini himoya qilib, yurtni obod etadigan bunyodkor, o‘ziga yuklatilgan ma’suliyatni mukammal ado etuvchi shaxs bo‘lib kamol topishga da’vat etadi. Ammo ijtimoiy hayotda qator illatlar mavjudki, ular insonni oilasi, jamiyat va davlat oldidagi burchi va mas’uliyatidan uzoqlashtirib qo‘yadi. 

Ijtimoiy illatlar:

  • Ommaviy madaniyatga ergashish, bilimsizlik, axloqsizlik, madaniyatsizlik va tartibsizlikni targ‘ib qilish;
  • jinoyatchilik yo‘liga kirish;;
  • kattalarga hurmatsizlik, axloqsizlik, jamoat joyida kiyinish madaniyatini buzgan holda yurish, milliy va diniy qadriyatlarga nisbatan hurmatsizlik;
  • spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish, kashandalik giyohvandlik;
  • o‘z joniga qasd qilish;

Ommaviy madaniyat – axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik, egotsentrizm g‘oyalarini tarqatish, shuning hisobidan boylik ortirish, boshqa xalqlarning an’ana va qadriyatlari, turmush tarzining ma’naviy negiziga bepisandlik bilan qarash, ularni qo‘porib tashlashga yo‘naltirilgan tahdidlar nazarda tutiladi.

Ommaviy madaniyat – axloqsizlikni madaniyat, deb bilish va aksincha, asl ma’naviy qadriyatlarni mensimasdan, eskilik sarqiti deb qarashni targ‘ib qiladi.

Giyohvandlik – vaqtincha eyforik kayfiyat (vaqtichog‘lik) paydo etib o‘z domiga botqoqqa tortganday tortib ketguvchi salbiy illat bo‘lib, u insonda tabiiy va sintetik moddalarga patalogik moyil bo‘lib qolishni anglatadi. U giyohvand vositalarini notibbiy ravishda iste’mol qilish natijasida yuzaga keladigan xastalikdir.

Kashandalik – chekuvchi yonida turish natijasida 200 mingdan 1 milliongacha bo‘lgan bolalarda astma kasalligi og‘ir shaklda kechadi. Kashandalar dastidan bir yilda salkam 700 tonna sinil kislota, 400 ming tonna ammiak, 600 ming tonna qoramoy va 100 ming tonna chekilgan sigaretadan atmosferaga nikotin tarqalar ekan.

Islom ta’limoti inson hayoti uchun foyda keltirmaydigan, aql-hushini karaxt qiladigan har qanday kayf beruvchi moddani zararli deb biladi va uni iste’mol qilishdan qaytaradi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu haqda marhamat qilib aytganlar: “Payg‘ambar (s.a.v.) har qanday mast qiluvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste’mol qilishdan qaytardilar”.

Inson hayoti ayniqsa, yoshlarimizning kelajagiga rahna solishi mumkin bo‘lgan giyohvandlik va ichkilikbozlikka qarshi kurashish Vatanimizning har bir ongli fuqarosining, qolaversa har birimizning muhim vazifalarimizdan biri bo‘lib hisoblanishi lozim. Zero, jamiyat hayotida mavjud bo‘lgan zararli illatni yo‘q qilish va uni oldini olish har bir fuqaroning sharafli burchidir

Xatarli ijtimoiy illatlardan yana biri bu o‘z joniga qasd qilishlik.

Islomda o‘zini o‘ldirish qat’iyan man etilgan: “Ey imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O’zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno. Shuningdek, o‘zlaringizni (bir-biringizni) o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shavqatlidir” (Niso surasi, 29-oyat). Ulamolar “o‘zlaringizni o‘ldirmangiz” jumlasini musulmonlar uchun bir-birlarini, shuningdek o‘z-o‘zini o‘ldirishni ta’qiq sifatida tafsir qiladilar.

Ko‘plab hadislarda ham inson o‘zini-o‘zi o‘ldirishi man etilgani ta’kidlanadi, masalan: “Sobit ibn az-Zahhok rivoyat qiladilar: “Rasululloh (s.a.v.) bunday dedilar: “… Kimki biror qurol bilan o‘zini o‘ldirsa, jahannamda o‘sha qurol bilan unga azob beriladi. Mo‘‘minni la’natlash uni o‘ldirish bilan barobardir”.

Yana bir illat borki, uning natijasida jamiyat parokanda bo‘lib, tarbiya butkul izdan chiqishi mumkin. Bu loqaydlikdir. Loqaydlik – jamiyatdagi bir illat hisoblanadi. Agar bir mevaga chirik tushsa tez orada chirik tushgan joyini kesib olib tashlamasa mevani hamma joyini egallaydi. Shuni yaxshi bilishimiz kerakki bugun biz loqayd beparvo bo‘ladigan bo‘lsak, bu illat butun tanamizga yoyiladi, tanamizdan boshqalarga o‘tadi, oxir oqibat biz ham meva singari chirindiga aylanib qolamiz. Bugun yurt tinchligi yo‘lida har bir inson kurashmog‘i kerak. Bizni vazifamiz shu yurtni obod qilish, farzandlarimizga nurli kelajak yaratib berishdir. Yosh avlod ma’naviy olamining daxlsizligini asrash yo‘llari:

  • mustaqil fikrga ega, sog‘lom negizda shakllangan dunyoqarash va mustahkam irodaga ega shaxslarni tarbiyalash;
  • yoshlar qalbi va ongida sog‘lom hayot tarzi, milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘usini bolalikdan shakllantirish;
  • mafkuraviy tahdidlarga qarshi doimo sergak, ogoh va hushyor bo‘lib yashash;
  • sharqona axloq me’yorlariga rioya qilish;
  • tahdidlarga qarshi har tomonlama chuqur o‘ylangan, puxta ilmiy asosda tashkil etilgan, muntazam va uzluksiz ravishda olib boriladigan ma’naviy tarbiya bilan javob berish.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, hozirgi globallashuv sharoitida yoshlarni turli ma’naviy va mafkuraviy tahdidlardan, zararli illarlardan himoyalash, ularda mafkuraviy immunitetni shakllantirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Buning uchun esa, yoshlarni mafkuraviy jihatdan qurollantirib borish, tahdidlar va tazyiqlar xususida ular xavf tug‘dirmasidan avval ma’lumotga ega bo‘lib borishlariga sharoit yaratish hamda doimo ogohlik, daxldorlik tuyg‘ularini qalblarimizda mujassam etib borishimiz lozim.

 

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry