04.03.2023
115

IMONGA BERILGAN TA’RIFLARDAGI NOZIK JIHATLAR

Tarixda “imon” tushunchasiga berilgan ta’riflardan kelib chiqib, kimning qaysi ta’limotga mansub ekanligi aniqlangan. Biroq bunda ayrim insonlar o‘z hissiyotiga erk bergan hamda chuqur  ilmiy tadqiq etmagan holda, mazhab, ta’limot va firqalar tomonidan ushbu tushunchaga berilgan ta’rifning tashqi jihatdan bir-biriga o‘xshashligidan kelib chiqib, falonchi mo‘‘taziliy, falonchi xorijiy yoki falonchi murjiiy, degan yanglish qarashlarni o‘rtaga tashlaganlar. Bunday sayoz qarashlar yuzaki o‘rganish natijasida chiqarilgan noto‘g‘ri xulosalar bo‘lib, ummatning parokanda bo‘lishiga hamda ummat orasida fitna urug‘ining keng yoyilishiga sabab bo‘lgan.

Bu mavzuni atroflicha o‘rganish uchun, avvalo, “imon” tushunchasiga qanday ta’riflar berilganini o‘rganib chiqish, shu asosda muayyan xulosaga kelish talab etiladi. Imonning istilohiy ta’rifi borasida tarixda turli xil qarashlar ilgari surilgan. Jumladan, Imom Molik, Imom Shofeiy, Imom Avzoiy, muhaddislardan Ahmad ibn Hanbal, Ishoq ibn Rohavayh, Sufyon Savriy, Dovud ibn Ali Isfahoniy, mutakallimlardan Horis ibn As’ad Muhosibiy, Abul Abbos Qalonisiy, Ibn Ali Saqafiy, Ibn Hazm Andalusiy kabi olimlar (Alloh ularni rahmat qilsin): “Imon – qalb tasdig‘i, til iqrori va a’zolar bilan amal qilish”, deganlar.

Ahli sunna val jamoadan ajralib chiqqan ilk oqimlardan xorijiylik hamda mo‘‘taziliylik namoyandalari ham: “Imon – qalb tasdig‘i, til iqrori va a’zolar bilan amal qilishdir”, deganlar.

E’tibor berilsa, Imom Shofeiy, Imom Molik, Ahmad ibn Hanbal va ahli hadislarning “imon” tushunchasiga bergan ta’riflari xorijiylar hamda mo‘‘taziliylarning unga bergan ta’riflari bilan mutlaqo o‘xshash ekanligini ko‘rish mumkin. Biroq ayrim fitnachi toifalar bu kabi o‘xshashlikdan ko‘z yumgan holda hanafiy mazhabi vakillarini imonga berilgan ta’rifidan kelib chiqib adashgan oqimlardan bo‘lgan murjiiylarga qiyos qilishga urinmoqdalar.

Ushbu fitna yuzaga kelishining tarixiy ildizlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, murjiiylarning “imon” tushunchasiga “imon qalb tasdig‘i”, deb ta’rif berganlarini ko‘ramiz. 

Hanafiy-moturidiylik va ash’ariylik ta’limotida imonga “Imon – til bilan iqror qilib, qalb bilan tasdiq qilishdir”, deb ta’rif berilgan. Moturidiylik ta’limotiga oid manbalarda imonning ta’rifi quyidagicha berilgan:

الإِيْمَانُ هُوَ الاِقْرَارُ وَالتَّصْدِيقُ 

“Imon iqror va tasdiqdir” (Abu Hanifa, Al-Fiqh al-akbar).

وَالاِيْمَانُ فِى الشَّرْعِ: هُوَ التَّصْدِيقُ بِمَا جَاءَ بِهِ مِنْ عِنْدِ اللَّهِ تَعَالَى وَالاِقْرَارُ بِهِ 

“Iymon shariatda: (Nabiy sollallohu alayhi vasallam) Alloh taolo huzuridan keltirgan narsani tasdiqlash va uni e’tirof etishdir” (Abu Hafs Nasafiy, Aqoid) deganlar.

والإيمان عبارة عن التصديق

“Imon – tasdiqdan iboratdir” (Abul Barakot Nasafiy, Umdatul aqoid).

Ayrim manbalarda qayd qilinishicha, Abu Hanifadan “Imon qalb tasdig‘i”, degan qarash ham rivoyat qilingan. Abul Muin Nasafiy o‘zining “Bahrul kalom” asarida quyidagilarni zikr qilgan: “Imom Moturidiy “Imon qalb tasdiqidir”, deb aytgan”. E’tibor berilsa, hanafiy-moturidiylar va ash’ariylarning imonga bergan ta’riflari murjiiylarning unga bergan ta’rifiga yuzaki jihatdan o‘xshaydi. Biroq imonning ta’rifi mohiyatida ikki tomon bir-biridan tubdan farq qiladi. Chunki, murjiiylarning imonga bergan ta’riflariga diqqat bilan e’tibor berilsa, ikki ta’limotning bir-biridan farq qilishi yaqqol seziladi. Murjiiylarning imonga bergan ta’riflarining to‘liq shakli shunday: “Imon faqat tasdiqdan iborat bo‘lib, imon bo‘lsa, ma’siyat ta’sir qilmaydi, xuddi kufr bo‘lsa, toat ta’sir qilmagani kabi” deganlar. Shuningdek, murjiiylar inson imon keltirganidan so‘ng, unga hech narsa farz bo‘lmasligi, shuningdek, taqiqlangan amallarga qo‘l ursa, gunohkor bo‘lmasligini ta’kidlaydilar. 

Hanafiy-moturidiylik ta’limotiga ko‘ra, kishi kichik gunohga qo‘l ursa, qilgan xayrli ishlari sababli ushbu gunohi kechiriladi. Biroq katta gunohga qo‘l ursa, ushbu gunoh tavbasiz mag‘firat etilmaydi, deydilar.

Bu yerda shuni yaxshilab tushunib olish kerakki, shofeiy va jumhur muhaddislar ilgari surgan imon borasidagi ta’rif ham zohiriy jihatdan mo‘‘taziliylar hamda xorijiylar tomonidan imonga berilgan ta’rifning ayni o‘zidir. Biroq bu lafziy o‘xshashlik xolos. Mohiyat jihatidan esa shofeiylarning qarashi mo‘‘taziliylar va xorijiylarning qarashidan tubdan farq qiladi. Chunki, mo‘‘taziliylar va xorijiylarda imonning mazkur uchta unsuridan biri topilmasa, kishi imonidan ajraladi. Zero, ularning qarashiga ko‘ra, amallarni tark qiluvchi kishi do‘zaxda abadiy qoladi. Bugungi kundagi “salafiylar”ning imonga bergan ta’riflari ham aynan xorijiy va mo‘‘taziliylarning ta’rifi bilan bir xil. “Salafiylar” tomonidan imonga berilgan ta’riflardagi o‘xshashlik asosida hanafiy mazhabi vakillarini murjiiylarga qiyoslanayotgan bo‘lsa, “salafiylar”ni ham o‘z ta’riflariga ko‘ra “xorijiy” yoki “mo‘‘taziliy” deb atash mumkin ekan-da!

Yana shuni yaxshilab bilib olish kerakki, hanafiy va jumhur mutakallim (moturidiy, ash’ariy)larning imonga bergan ta’rifi zohiriy jihatdan murjiiylar tomonidan unga berilgan ta’riflarga o‘xshaydi. Biroq, bu yerda ham lafziy o‘xshashlik bor xolos. Chunki, ikki qarash vakillarining aytgan so‘zlari mohiyatan o‘zaro tubdan farqlanadi. Zero, hanafiy va jumhur mutakallimlar amallarni zaruriy, deb bilib, amalni tark qiluvchi kishini fosiq, deb ataydilar. Murjiiylik ta’limotida esa, amalning hech qanday ahamiyati yo‘q, deyiladi.

Imonga berilgan ta’riflarning zohiriy o‘xshashligidan kelib chiqib, shofeiy va jumhur muhaddislarni xorijiylarga, mo‘‘taziliylarga o‘xshatish xato bo‘lganidek, hanafiy va jumhur mutakallimlarni ham murjiiylarga o‘xshatish zulm sanaladi. Zero, zulm – haqni o‘z o‘rniga qo‘ymaslik. Bu yerda alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan yana bir jihat shundan iboratki, Abu Hanifa rahmatullohi alayhga nisbatan murjiiylik nisbatini berish o‘ta ketgan insofsizlik hisoblanadi. Shunday ekan, imonga berilgan ta’riflarning zohiriy o‘xshashligidan kelib chiqib, shofeiylar, jumhur muhaddislar va bugungi kundagi “salafiylar”ni xorijiy va mo‘‘taziliylarga o‘xshatib bo‘lmaganidek, hanafiylarni ham murjiiylarga o‘xshatishdan tiyilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry