04.03.2023
202

DINIY BAG‘RIKENGLIK – YUKSAK FAZILAT

Bag‘rikenglik eng go‘zal insoniy fazilatlardan bo‘lib, biror bir millat yoki dinga mansubligidan qat’i nazar barchaga birdek yaxshi munosabatda bo‘lish, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish, ezgu maqsad yo‘lida birlashish kabi yuksak axloqlarning yuzaga chiqishida namoyon bo‘ladi.

Diniy bag‘rikenglik haqida so‘z ketganida esa musulmon olamida sodir bo‘lgan uzoq va yaqin o‘tmish voqeliklari mazkur omilning naqadar ahamiyatli ekanini ko‘rsatib beradi.

Payg‘ambar alayhissalom davrida g‘ayridinlarga berilgan tinchlik va omonlik ahdlarining biror harfi o‘zgarmasdan bugungi kunga qadar yetib kelgan. Qolaversa, u zot muborak hadislarida musulmon yurtlarda omonlik berilgan g‘ayridin kishiga aziyat yetkazish go‘yo u zotga aziyat yetkazish bilan tenglashtirilgani bag‘rikenglikning eng yuksak namunasi hisoblanadi. U zotdan keyin iqtidorga kelgan davlat rahbarlari ham bu tamoyilga og‘ishmay amal qildilar.

O’rta asrlar taraqqiyotining eng yuksak darajasiga erishgan Andalus davlati (711–1492 yillar) dunyo tarixida misli ko‘rilmagan diniy bag‘rikenglik namunalarini jahonga taqdim etgan. Bu davlatda musulmon, nasroniy va yahudiy dinlariga mansub kishilar o‘zaro hamjihatlikda hayot kechirib, Andalus tamadduniga asos solishdi. Andalusda jahon tarixidagi yagona konvivensiya, ya’ni uch din vakillarining birgalikda farovon hayot kechirishi tajribasi kuzatildi.

Andalusda yashagan aholi turli dinlarga mansub bo‘lishi barobarida ularning millati ham turlicha edi. Xususan, bu yerda arablar, barbarlar, yahudiylar, vestgotlar, franklar, basklar, saqlabiylar kabi turli xalqlar yashab, o‘zaro hamjihatlikda farovon turmush kechirishgan. Andalusda tom ma’nodagi diniy erkinlik ta’minlangan. Nasroniylar cherkovga, yahudiylar sinagogaga emin-erkin qatnaydigan bo‘lgan. Musulmonlar barchaga teng munosabatda bo‘lib, jamiyatda insonlar o‘rtasida birodarlikning ajoyib namunasiga asos solindi. Jamiyatda boy va kambag‘al toifalar bo‘lishiga qaramay, ularning o‘rtasida ijtimoiy tafovut yo‘q edi. Barcha musulmonlar arab, barbar, ispan bo‘lib emas, aksincha, Andalus musulmonlari sifatida hayot kechirishdi. Bu holat o‘rta asrlar uchun diniy bag‘rikenglikning yuksak namunasi sifatida tarixga muhrlandi.

Diniy bag‘rikenglik Movarounnahr diyorida ham yuksak qadrlangan. Hatto, ajdodlarimiz dunyoning katta qismini boshqarayotgan davrlarda ham bag‘rikenglikka katta e’tibor qaratganlar. Xususan, Amir Temur saltanatida ham o‘z din vakillarining emin-erkin hayot kechirishlari hamda o‘z dinlariga e’tiqod qilishlari uchun sharoitlar ta’min etilgan. Sohibqiron Amir Temur bag‘rikenglikni islomning go‘zal fazilati deb bilgan. Aynan shu tushuncha sabab Amir Temur o‘z yeridagi boshqa din vakillariga imtiyozlar bergan. Bu orqali Amir Temur Yevropada ham shuhrat qozongan. 

Manbalarda Fransiya qiroli Karl VI ning Amir Temurga yozgan maktubidagi ushbu jumla alohida e’tirof etiladi: «Sizning g‘amxo‘rligingiz, fe’l-atvoringiz va ko‘plab nasroniylarga ko‘rsatgan yordamingiz uchun sizga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman». Qirol Karl VI o‘z maktubida Temurdagi bag‘rikenglik fazilatining ahamiyatini ajratib ko‘rsatib, unga minnaddorlik bildirgan.

Buyuk sarkarda Amir Temurning qo‘shini tarkibida g‘ayridin askarlarning ham xizmat qilishi yoki Sohibqironning o‘g‘illaridan Mironshoh o‘sha paytdagi Fransiya, Ispaniya va Angliya kabi davlatlar bilan diplomatik aloqalar uchun mas’ul etib tayinlangani saltanatda diniy bag‘rikenglikka berilgan e’tiborning bir ko‘rinishi edi.

Aslida, har bir oqil, diniy va dunyoviy ilmlarni mo‘‘tadil asoslarda o‘rgangan inson boshqalarga nisbatan bag‘rikeng bo‘lmasligi mumkin emas. Bunga diniy matnlar ham, tarixiy voqelik ham guvohlik beradi. Ammo diniy bag‘rikenglikdek yuksak fazilatga jaholat va taassub oynasidan qaragan ayrim toifalar Qur’on va hadislardagi zulm va dushmanlik qiluvchilarga qaratilgan matnlarni tinchlik-totuvlik va hamjihatlikda hayot kechirayotgan o‘zga din vakillariga nisbatan qo‘llash yo‘lini tutmoqdalar. Natijada yurtlar vayron bo‘lib, taraqqiyot yuzlab yillar ortga ketmoqda. Mazkur toifalar Alloh taoloning g‘ayridinlarga yaxshilik va adolat qilishdan qaytarmaganligi haqidagi oyatlar yohud asossiz ravishda ularga ozor bermaslik zarurligi haqidagi hadislardan ko‘z yumib oladilar. Masalaga bir tomonlama va xato mantiq bilan yondashadilar. Alloh taolo «Mumtahana» surasi 8-oyatida bunday marhamat qiladi: «Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas...».

Yurtimizda ham diniy bag‘rikenglik masalasiga g‘oyat xassos masala sifatida qaralib, mazkur tamoyilga hamohang keluvchi qonun-qoidalar amalga joriy etilgan. Qolaversa, aholiga diniy bag‘rikenglikning insonparvarlik mohiyatini anglatish borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, turli diniy konfessiyalar o‘rtasida muloqotni oshirish, bag‘rikenglikni targ‘ib qiluvchi videoroliklar, uning tarixiy ildizlari va jamiyat rivojidagi ahamiyatini yoritib beruvchi kitob va risolalarning salmog‘i fikrimizning dalilidir.

Xulosa qilib aytganda, islom dinining tinchlikparavar mohiyatini o‘zida namoyon qiluvchi bag‘rikenglik dunyodagi jamiki go‘zal xislatlarni jam qiluvchi, barqarorlik va taraqqiyotning muhim omili, boshqa e’tiqod va dunyoqarashdagi insonlar bilan baxtli yashash san’atidir. 

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry