06.02.2023
556

MAHMUDXO‘JA BEHBUDIY ASARLARIDA ILMSIZLIK FOJIASINING YORITILISHI

Mahmudxo‘ja Behbudiy buyuk adabiyotshunos, ma’rifatparvar, shu bilan birga, o‘zbek adabiyoti tarixidagi birinchi dramaning muallifi hamdir. U butun umrini jaholat va zulmatni ilm yog‘dusi bilan yoritishga harakat qilib keldi. Behbudiy tufayli ko‘plab maktablar qurildi, gazeta va jurnallar nashr ettirila boshlandi. Shu bilan birgalikda Behbudiy o‘zining “Padarkush” dramasi orqali o‘zbek teatriga tamal toshini qo‘ydi. Behbudiyning “Padarkush” dramasi 1911-yilda yozilgan. Bu asarda u ilmsizlik, jaholatning qanday fojealarga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida aytib o‘tadi. Dramada boy, ziyoli, domla, boyning o‘g‘li Toshmurod va uning do‘stlari ishtirok etadi.

Ushbu dramaning dastlabki satrlaridanoq Toshmurodning naqadar tarbiyasiz ekanligi aniq sezilib turadi. Uning beadablarcha otasi va domla gaplashib o‘tirgan xonaga besalom kirib kelishi, otasini mensimay gapirishi ilmsizlik naqadar og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligining yaqqol namunasi­dir. Toshmurodning bunday ahvolga tushib qolishida boyning hissasi katta. Uning ilmga befarqligi, ilm ahlini kamsitishi, albatta, bizda boy haqida yaxshi taassurot qoldirmaydi. Uning bu harakatlari esa oxir-oqibat nodon o‘g‘li uning o‘limiga sabab bo‘lishiga olib keldi.

Asarda ilm olish zarurligi va uning foydalari domla hamda ziyoli obrazlari orqali yoritib berilgan. Domlaning “…o‘qimoq qarz va ilm sababi izzati dunyo va sharofati oxiratdir...” degan gapi ham buning yaqqol isbotidir. Chindan ham har doim o‘qigan, ilmli odamlar dunyoda izzat topishgan, ularning ilmi izzat qilingan. Boylarning izzati esa doim vaqtincha bo‘lgan. Chunki mol-dunyo doimiy emas, bir kun boy bo‘lgan odam ertasi kun kambag‘al bo‘lib qolishi ham hech gap emas. Boylarni faqat ularga ishi tushganlar hurmat qiladi. Boy hamma narsani boylik bilan o‘lchaydi, o‘g‘lini o‘qitishga bo‘lgan takliflar­ni rad etadi. Lekin hamma narsa moddiy dunyo bilan o‘lchanmasligini unutadi. 

Ziyoli ham boyga ilm olish zarurligini uqtiradi: “Bu zamonga ilm va hunarsiz xalqning boyligi, yeri va asbobi ham kundan kunga qo‘lidan ketgandek, axloq va obro‘yi ham qo‘ldan chiqar, hatto dini zaif bo‘lur…Vaholanki, dini sharifimiz har naflik ilm o‘qumoqni beshikdan mozorgacha bizga farz qilgandir”. Chindan ham o‘sha davrda xalqimiz ilm olishga e’tibor bermayotgan edi. Boylar ham o‘z mablag‘lari­ni maktablar uchun emas, balki behuda narsalarga sarflab yuborishardi. Behbudiy kabi jadidlar esa xalqni ilm olishga undab, xalqimizning birovga qaram bo‘lib qolmasligi uchun harakat qilishardi. Behbudiy ziyoli orqali olimi diniy va olimi zamoniyning farqlarini ham ko‘rsatib beradi. Olimi diniy-diniy ilmlarni mukammal o‘zlashtirgan, aholining diniy, axloqiy va ruhoniy ishlarini boshqaradigan mulla, muftiy, qozi, imom kabilardir. Olimi zamoniy esa o‘z mamlakati tilini mukammal biladigan, iqtisod, muallim­lik, sudyalik bilan shug‘ulanuvchi olimlardir. Boylar esa har doim ularni e’tiborsiz qoldirishi, ularning ilm olishlariga yordam berish uyoqda tursin, hatto o‘z farzandlarini o‘qitmasligi o‘sha davrdagi ayanchli holni ko‘rsatib beradi. Vaholanki, ular boydan hech qanday mablag‘ so‘rashmadi, shunchaki boyning foydasi uchun o‘g‘lini o‘qitish kerakligini aytishdi, xolos. 

Alifni kaltak deydigan nodon Toshmurod do‘st va dushmanning farqiga bormaydi. Oqibatda o‘z uyiga o‘g‘irlikka kirishga rozi bo‘ladi. Toshmurodning shunday yomon odamlar bilan do‘st tutinishi, ularning yomon yo‘llariga yurib, oxir-oqibatda padarkushga aylanishi uning ilm olmaganligi tufayli yuzaga keladi. Chunki ilm olgan kishi oq-u qorani taniydi, buzuq yo‘llarga kirib kishilar yostig‘ini quritmaydi. Toshmurodga o‘xshagan bolalar hozir ham ko‘p. Ularning ko‘pi ota molini barbod qiladi va oxir-oqibatda xor-u zor bo‘ladi. 

Bunga asosiy sabab esa ularning ota-onalari ularning kelajagini faqat moddiy boylik qoldirish orqali ta‘minladim deb o‘ylashadi. Lekin ularning farzandlarida ilm, mehr, tarbiya bilan to‘ldirilmagan bo‘shliq paydo bo‘ladi va bundan foydalangan Tangriqulga o‘xshash kimsalar o‘zlarining yo‘riqlariga yurgizishga harakat qilishadi. Chunki Behbudiy aytganidek: “Bizlarni xonavayron, bevatan va bandi qilg‘on tarbiyasizlik va jaholatdir, bevatanlik, darbadarlik, faqirlik… hammasi ilmsizlik va betarbiyalikning mevasi va natijasidir”. Behbudiy shu qisqa asar orqali ko‘pchilikning aql ko‘zini ochadi, xalq uchun kerakli mavzuni sahna asari tarzida yoritib beradi. Bu asar ilm-ma’rifatga targ‘ib qilishda juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega.

Behbudiy nafaqat “Padarkush” dramasida, balki o‘zining jurnallaridagi maqolalarida ham ilm olishga targ‘ib qiladi. O‘zining “Yoshlarg‘a murojaat” deb nomlangan maqolasida ilm olish naqadar muhim ekanligini aytib o‘tadi. Nafaqat diniy bilim, dunyoviy bilimlar ham biz uchun juda muhimdir. Chunki Behbudiy aytganidek: “Zotan islomiyat shunday bir dini matin va qobili taraqqiydurki, na qadar ilmi zamoniy ko‘b o‘qusa, insonni yana dini islomg‘a shuncha aqidasi mustahkam bo‘lur”. Buning asosiy sababi esa inson qanchalik o‘zi yashab turgan olam haqida ko‘p bilimlarga ega bo‘lsa, ularni diniy manbalar bilan bog‘lay oladi, mazmunini ko‘proq tushunadi va shuncha aqidasi ortib boradi. Behbudiy bu maqolasida odamlarning to‘yga atab qarzga botishlari to‘g‘ri emasligini aytib o‘tadi. Undan ko‘ra bu pullarni bolasining ta’lim olishiga sarflashga undaydi. Chunki o‘tkazilgan katta to‘yning egasiga ham, uning farzandlarigfa ham hech qanday foydasi yo‘q. Aksincha, katta miqdordagi qarzlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shu mablag‘ ilm olishga sarflansa, bola oqu qorani taniydi, kelajagi uchun yaxshi bir kasb egasi bo‘ladi, oilasini boqa oladigan holga keladi. Chunki ko‘plab oddiy ishchilarni ilmi bor odam boshqaradi, ularga vazifa beradi. Demak, ilm nafaqat dunyoni anglashga, balki aqidani ham mustahkamlashga xizmat qilar ekan.

Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zining “Ikki emas, to‘rt til lozim” nomli maqolasida yoshlarni til o‘rganishga chaqiradi. Hozirda ikki tilni bilish ham kamlik qilishini aytib o‘tadi. Uning fikricha biz o‘zbek, fors, arab va rus tillarini mukammal bilishimiz lozim. Avvalari hamma hujjatlarning adabiy nusxasi berilganligi uchun ham fors tilini bilish kerak bo‘lgan. Ammo hozir unday emas, hozir fors tilining o‘rnini ingliz tili bilan almashtirsak bo‘ladi. Hozirda ham shu to‘rt tilni bilish har birimiz uchun foydalidir. Zero, maqolada aytilganidek: “Hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladurki, janobi Payg’ambar o‘z sahobalaridan Zayd bin Sobit(g’a) yahudiy xatini o‘qub-o‘rganmoqg‘a buyurganlar. Va ul janob Umar hazrat nubuvvat panohi ila yahudiy xatini o‘rganib hazrat Payg‘ambarg‘a yahudiylardan kelaturg‘on xatlarni o‘qub berar ekanlar (Sahihi Buxoriy, juz 4, sahifa 156). Holbuki, ul zoti bobarokot payg‘ambarimiz quvvati hokima egasi edilar. Yahudiylar mahkum va tobe’ edi.”  Shunday ekan til o‘rganish har birimiz uchun muhimdir.

“Ehtiyoji millat” maqolasida ham ilm olishga alohida urg‘u beriladi. Zamonaviy ilm olish muhim­ligini ta’kidlab o‘tadi: “Boshimiz og‘risa duxturga boramiz, ammo dardimizni aytmoqga til yo‘q. O‘zimizdan duxtur yo‘q... Imorat qilmoqchi bo‘lsak, plon-loyihasi lozimki, injinerga muhtoj bo‘larmiz. Ammo biz hanuz “muhandis” ismini bilmaymiz. Kontur va rasmiy daftar tutib, kassa ko‘rib tijorat etmoq lozim. Ilmi tijorat bila turgan buxgalterlik hisobi yuritadurgon boylarimizga kerak, ul ham o‘zimizdan bir nafar topilmaydur”. Chindan ham jadidlar vaqtida o‘zimizda o‘qigan shifokorlar, injenerlar yo‘q edi. Boylar ham hisob-kitob ilmini bilganlari uchun emas, omadlari kelgani yoki tanishlari bo‘lgani uchun boy edilar. Ulardan ilm fan yo‘lida mablag‘ sarflaydiganlari juda oz edi, borlari ham hukumat tomonidan tayziqqa olingan edi. Boylikni ilmdan ustun qo‘yib, ilmga e’tibor berishmas edi. Ammo, hozir ilm-fanga katta e’tibor berilmoqda. 

Shuning uchun doimo ruhiy olam moddiy olamdan muhim ekanligini unutmasligimiz kerak. Zero, inson qadrini uning zaru oltinlari, kiyim-kechaklari emas, ilmi belgilaydi.

Abdulhamid Xurboyev,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

 talabasi

 

Aziza Turgunova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

o'qituvchisi

 

Foydalanilgan adabiyotlar

O‘zbekiston  milliy ensiklopediyasi. –Toshkent. 2000–2005.

Mahmudxo‘ja Behbudiy. “Padarkush” dramasi . –Toshkent. 1915.

Sh.Rizaev. “Padarkush yohud Samarqand tarixidan lavhalar”. –Toshkent: “Vatan” gazetasi, 1994, 

A.Aliev. Mahmudxoʻja Behbudiy. –Toshkent. 1994.

 

 

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry