03.02.2023
333

SAYYID AMIR KULOL

“Amir Kalon”, ya’ni Sayyid Amir Kulol ibn Amir Hamza ibn Amir Ibrohim taxminan 1281-yili Buxoro atrofidagi Suxor (hozirgi Kogon tumani, Yangi hayot qishlog‘i) qishlog‘ida dunyoga kelgan. 

Rivoyatlarga ko‘ra, Sayyid Amir Kulol uzun bo‘yli, bug‘doyrang, yelkasi keng, qo‘llari uzun, chatmaqosh, soqoliga oq oralagan, baquvvat, pahlavon kelbatli kishi sifatida ta’riflanadi. U tabiatan juda kamtarin bo‘lib, e’tiroz va qaysarlik nimaligini bilmas edi. 

Otasi Amir Hamza Hijozning Madina shahridan bo‘lib, Movarounnahrga ko‘chib kelgach, Buxoro atrofida yashagan. Amir Hamza yassaviya shayxlaridan biri Sayyid Otaning do‘sti bo‘lgan. Sayyid Ota har safar Buxoroga kelganida Amir Hamza bilan uchrashardi. Sayyid Ota bir safar kelganida uning xonadonida butun jahonni o‘ziga xizmat qildiradigan bir buyuk o‘g‘lon dunyoga kelishini bashorat qilib, uning otini Amir Kalon deb qo‘yishni tavsiya qiladi.

Manbalarda keltirilishicha, volidasi: “U qornimdaligida shubhali taom yesam, qornim og‘rir, tavba qilmagunimcha og‘riqdan qutulmasdim. Bu hol bir necha marta takrorlangach, luqmaning halolligiga diqqatli bo‘ldim. Og‘riq ham yo‘qoldi”, deb eslagan. 

U kulolchilik hunarini puxta egallagani sababli “Amir Kulol” nomi bilan mashhur bo‘lgan, shu ishdan topgan daromadi evaziga oila tebratgan. Muridlariga ham halol luqma orqali umrguzaronlik qilishni tavsiya etgan. 

Aytishlaricha, Amir Kulol 15 yoshga to‘lguniga qadar kurash tushgan. Uning birinchi ustozi yassaviya tariqatining piri, turk mashoyixi Sayyid Otadir. 

“Rashahot”da keltirilgan rivoyatga ko‘ra, kunlarning birida Xoja Muhammad Bobo Samosiy yosh Amir Kulolning kurash tushayotgan yerdan o‘tayotib, uning kelajakda buyuk so‘fiy bo‘lib yetishishini sezadi va uni o‘z tariqatiga jalb etadi. Shu tariqa Amir Kulol 15 yoshidan xojagon tariqatining yirik namoyandalaridan Muhammad Bobo Samosiyga shogird tushib, 20 yil davomida undan Qur’oni karim, hadisi sharif, tasavvuf ilmlarini o‘rganib, o‘z zamonasida “sultonul-tariqat” (tariqat sultoni), “shayxush-shuyux” (shayxlarning shayxi), “murshidus-solikin” (haq yo‘lga kirganlarning piri), “sayyidul-orifin” (oriflar sayyidi) unvonlariga ega bo‘lgan. 

Sayyid Amir Kulol silsila omonatini Xoja Muhammad Bobo Samosiydan olib, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy asos solgan “Xojagon” tariqatining davomchisi sifatida faoliyat yuritgan. Alloma tasavvufda mo‘‘tadillik g‘oyalarining tarafdori edi. U xojagon silsilasining o‘zidan oldin o‘tgan pirlari ta’limotini targ‘ib etish, jumladan, Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy davridan boshlangan zikri jahriyni qo‘llashda davom etadi. 

Manbalarda uning muridlari soni bir yuz o‘n to‘rtta bo‘lib, ularning barchasi kamolga yetgani to‘g‘risida ma’lumot berilgan. Bahouddin Naqshband, Shamsiddin Kulol (Amir Temurning piri), Orif Deggaroniylar ularning eng mashhurlari sanalgan. “Maqomoti Amir Kulol” muallifi uning Markaziy Osiyoning Turkiston, Hijozning Makka va Madina shaharlari hamda Rum o‘lkasida ham ko‘plab muridlari bo‘lganini eslatadi. Uzoq umr ko‘rgan Sayyid Amir Kulol umrining asosiy qismini Suxor qishlog‘ida o‘tkazgan, so‘ngra o‘z ta’limotini yoyish maqsadida bir muddat Nasaf shahrida yashagan.

Sayyid Amir Kulolning Amir Burhon, Amir Shoh, Amir Hamza va Amir Umar nomli to‘rt o‘g‘li otasi izidan borib, so‘fiylik yo‘liga kirgan. Otasi o‘z xalifalariga ushbu to‘rt o‘g‘liga rahnamolik qilishni buyurarkan, Amir Burhon tarbiyasini Xoja Bahouddin Naqshbandga, Amir Shoh tarbiyasini Shayx Yodgorga, Amir Hamza tarbiyasini Xoja Orif Deggaroniyga va Amir Umar tarbiyasini Jamoliddin Deh Osyobiyga topshiradi.

Amir Kulol hayoti haqida ma’lumotlar uning nevarasi Shahobiddinning “Maqomoti Amir Kulol” asari va boshqa ko‘plab manoqiblarda mavjud. Rivoyatlarga ko‘ra, Hazrati Amir 25 yil davomida dushanba va juma kunlari shom namozini Suxorda, xufton namozini esa Samosda o‘qigan.  Qisqa vaqt ichida uzoq masofani bosib o‘tishi ham Amir Kulolning karomatlaridan biri bo‘lgan.

Bundan tashqari, u vahshiy hayvonlarni o‘ziga bo‘ysundirish qobiliyatiga ham ega bo‘lgan. 

Sayyid Amir Kulol 1370-yili Buxoroda o‘zi tug‘ilgan Suxor qishlog‘ida olamdan o‘tib, shu yerga dafn etiladi. Uning vasiyatiga binoan, Mavlono Orif Deggaroniy va Xoja Bahouddin Naqshband ustozining muborak jasadini tuproqqa qo‘yadilar.

1994-yilda “Sayyid Amir Kulol” jome masjidi hashar yo‘li bilan qayta qurilgan va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Buxoro viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan 1998-yil 10-avgustda qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Hozirgi kunga qadar masjid o‘z faoliyatini davom ettirib kelmoqda. 2007–2008 yillar davomida ta’mirlash ishlari olib borilganidan so‘ng ziyoratgoh yanada obodonlashdi, yangi maqbara bunyod etildi. 

2018–2019 yillar davomida yetti pir ziyoratgohlaridan biri bo‘lgan Sayyid Amir Kulol maqbarasi qayta ta’mirlanib, obod maskanga aylantirildi.

 

Xoja Sayyid Amir Kulol o‘gitlari

Aql sohibi nodon kishi suhbatidan yuz o‘girishi darkor, deb to‘g‘ri aytgan. Nodon odamning nafs daraxti chegarani bilmaydi, shuning uchun ham u bilan birga bo‘lish bosh og‘rig‘idan boshqa hech nimani keltirmaydi.

* * *

Ilm amal bilan bo‘lganidagina xazinaga aylanadi. Bilimsiz amaliyot ko‘p ranj keltiradi.

* * *

Qayerda bo‘lsangiz ham, ilm talabida bo‘ling. Bu yo‘lda olovli yoki suvli daryodan o‘tish zarurati tug‘ilsa, undan o‘ting-u, ilm egallang.

* * *

Rizqu ro‘zingizni halol kasbu hunar bilan toping, lekin uni isrof qilmang.

* * *

 Ko‘zingizni haromni ko‘rishdan, qulog‘ingizni haromni eshitishdan, qo‘lingizni harom ishdan va oyog‘ingizni harom yurishdan saqlang.

* * *

Nodonlar davrasida bo‘lish ularning ta’siriga tushishga olib kelishi mumkin. 

* * *

To taqvo (parhez)ni ro‘zg‘oringiz shiori etmasangiz, Alloh taolo sizga to‘g‘ri yo‘l eshigini ochmaydi.

* * *

Biror kishi sizlardan mazhabga doir savol so‘rasa-yu, javob berolmasangiz, bundan xunukroq ish bo‘lmaydi. Bu holat sizning g‘aflatda ekaningizni bildiradi. Olimlarga yaqinlashing, chunki ular ummatning mash’alidirlar.

 

Qo‘shimcha malumot

SHAYX NAJMIDDIN KUBRO
Najmiddin Kubro – tasavvufning mashhur shayxlaridan biri, kubraviya tariqatining asoschisi. Uning to‘liq ismi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy Xorazmiydir.Najmiddin...
XOJA MUHAMMAD PORSO
Xoja Muhammad Porso mutasavvif, ulug‘ alloma, valiyulloh bo‘lgan. Uning to‘liq ismi – Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hofiziddin Buxoriy bo‘lib,...
ALOUDDIN ATTOR
Alouddin Attor naqshbandiya tariqatining “Oltin silsila”sida o‘n yettinchi o‘rindan joy olgan bo‘lib, u Xoja Bahouddin Naqshbandning xalifasi edi. To‘liq ismi...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry